Zelenskiy: Rossiya muzokara o‘rniga ballistik raketalarni tanlayapti

Surat manbasi, Reuters
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy poytaxt Kievda kamida to‘rt bola doxil 15 inson o‘limiga, yana o‘nlab tinch fuqarolar yarador bo‘lishiga olib kelgan hujumni qoralarkan, Rossiya muzokara stoli o‘rniga ballistik raketani tanlayapti, dedi.
27 avgustdan 28 avgustga o‘tar kechasi Ukrainaning ko‘plab hududlari, shu jumladan, poytaxt Kiev ham Rossiyaning dron va raketalari hujumlariga tutildi.
Rasmiylarga ko‘ra, Kiev shahrining Darnitskiy tumanidagi uyga berilgan zarba oqibatida kamida 15 inson halok bo‘ldi.
Ularning to‘rt nafari bolalar: ikki yashar ikki bola, 14 va 17 yasharlar.
38 inson jarohatlangani, uyning butun boshli bir qismi vayron bo‘lgan.

Surat manbasi, Reuters
Hujum oqibatida Kievdagi Britaniya Kengashi va Yevropa Komissiyasining binolariga shikast yetgan.
Shuningdek, depoda turgan "Intersiti" yo‘lovchi poezdi ham shikastlangan.
Rossiyaning Mudofaa vazirligi o‘zining Telegram kanalida tungi zarbalar haqida hisobot berdi, zarbalarda uzoq masofaga mo‘ljallangan tovushdan tez "Kinjal" aeroballistik raketasidan ham foydalanilganini ma’lum qildi.
Kiev shahri hokimi Vitaliy Klichko 29 avgust kuni halok bo‘lganlar xotirasiga motam kuni e’lon etilishini, barcha ko‘ngilochar tadbirlar bekor qilinishini xabar qildi.
Ukraina rasmiylariga ko‘ra, shu tun Rossiya 629 dron va raketa bilan hujum qilgan.
Shundan, 598 tasi "Shahed" droni, ikkita "Kinjal" aeroballistik raketasi, to‘qqizta "Iskander" raketasi, 20 ta X-101 qanotli raketa bo‘lgani xabar qilindi.
"Kinjal"dan biri, "Iskander"dan yettitasi, qanotli raketadan 18 tasi urib tushirildi, deb xabar qildilar Ukraina harbiylari.

Surat manbasi, .
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyaning so‘nggi hujumlarini "haftalar va oylardan buyon otashkesimga va real diplomatiyaga chaqirib kelayotgan dunyodagi har bir insonga aniq javob" deb atadi.
"Rossiya muzokara stoli o‘rniga ballistik raketalarni tanlayapti. U urushni tugatish o‘rniga qotilliklarni davom ettirishni tanlayapti. Bu degani Rossiya hamon oqibatlaridan qo‘rqmaydi.
Biz dunyodagi tinchlikka chaqirayotgan, lekin hozir ko‘pincha sukut saqlab turgan hammadan printsipial mavqe’ tanlashlarini kutib qolamiz. Va bu Rossiya qilayotgan hamma narsa uchun yangi, yanada qattiqroq sanksiyalar vaqtidir.
Hamma yakuniy muhlatlar o‘tib bo‘ldi, o‘nlab diplomatiya imkoniyatlari qo‘ldan boy berildi. Rossiya har bir zarbasi uchun, urushning har bir kuni uchun javobgarlikni his qilishi lozim", deb yozdi Ukraina prezidenti o‘zining Telegram kanalida.
Shu kuni Ukraina Qurolli kuchlari Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi va Samara viloyatidagi neftni qayta ishlash zavodlariga dron hujumlari uyushtirganini xabar qildi.
Oqibatda Rossiya rasmiylari yong‘inlar kelib chiqqani, keyinroq o‘t o‘chirilganini ma’lum qildilar.
Shuningdek, Ukraina harbiylari Qrim yarim oroliga yaqin Azov dengizida "Kalibr" raketasi joylashtirilgan harbiy kemasini dron hujumiga tutganini xabar qildilar.
Hujum oqibatida kema shikastlangani va navbatchilik qilib turgan joyidan chekinishga majbur bo‘lganini yozdi Ukraina harbiy razvedkasi.
27 avgust. Rossiya armiyasi Ukrainaning muhim mintaqasiga kirdi
Pol Kirbi, Bi-bi-si muxbiri

Surat manbasi, Russian ministry of defence
Ukraina Rossiya armiyasi Dnepropetrovskning muhim hududiga kirganini tasdiqladi. Bu urushni to‘xtatishga qaratilgan harakatlar boshi berk ko‘chaga kirgan pallada ro‘y bermoqda.
Ukraina ilk bor Rossiya qo‘shinlari Dnepropetrovsk viloyatidagi aholi punktlarida jang qilayotganini tasdiqladi.
Moskva bu hududni rasman o‘z yerlari qatorida da’vo qilmagan edi.
Agar Rossiya haqiqatan ham ba’zi qishloqlarni egallagan bo‘lsa, bu kichik, ammo ramziy yutuq hisobladi. Kreml uchun muzokaralarda yana bir bosim vositasini beradi. Bu holat urushni tugatishga qaratilgan diplomatik muzokaralar to‘xtab qolgan bir paytda yuz berdi.
"Bu Dnepropetrovsk viloyatida shunday katta ko‘lamli birinchi hujum," dedi Dnepr Tezkor-strategik guruhidan Viktor Tregubov Bi-bi-siga. Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning ilgarilashi to‘xtatib qolingan.
Rossiya butun yoz davomida Donetskdan Ukraina hududiga chuqurroq kirishga urinar ekan, bu mintaqada kirganini da’vo qilib keldi.
Iyun oyi boshlarida Rossiya rasmiylari Dnepropetrovskda hujum boshlanganini aytgan, ammo Ukraina xabarlariga ko‘ra, ular hali hudud chegarasini ham deyarli buzmagan bo‘lgan.
Rossiyaning Dnepropetrovskka har qanday ko‘rinishda paydo bo‘lishi ukrainlarga ruhiy zarba bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, prezident Donald Trampning Alyaskada Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuviga qaramay, AQSh yetakchiligidagi diplomatik urinishlar kuchsizlanib borayotgan bir manzarada.
Ukrainadagi DeepState xarita loyihasi seshanba kuni Rossiya hozirda viloyat ichidagi ikki qishloq – Zaporojsk va Novogeorgievkani egallab olganini ko‘rsatdi.
Biroq Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi bu ma’lumotni rad etdi. Armiya bayonotida aytilishicha, "Zaporojsk hali ham nazoratda" va "Novogeorgievka atrofida ham faol janglar davom etmoqda".
Moskva Donetsk va Ukraina sharqidagi boshqa to‘rt viloyatdan farqli o‘laroq, Dnepropetrovskka hech qachon da’vo qilmagan. Ammo uning yirik shaharlariga, jumladan, viloyat markazi Dneprga hujum qilgan. Chorshanbaga o‘tar kechada Poltava viloyatidagi energetika sohasi ham nishonga olindi.

Urushdan oldin Dnepropetrovsk aholisi uch milliondan ortiq bo‘lib, Donbassdan keyin Ukrainadagi ikkinchi yirik sanoat markazi hisoblangan.
Rossiya armiyasi katta yo‘qotishlarga qaramay, hududlarni egallashda sekin ilgarilayotgan bo‘lsa-da, so‘nggi kunlarda Donetskda ayrim yutuqlarga erishdi.
Avgust oyi boshlarida kichik bir piyoda qismi Ukraina himoya chizig‘idan 10 km ichkariga kirib borgan, ammo so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning ilgarilashi to‘xtab qolgan.
Xabarlarga ko‘ra, Putin Trampga Ukraina Donetskda hali nazoratida saqlab turgan hududlarni topshirsa, urushni tugatishga tayyor ekanini aytgan. Ammo ko‘p ukrainaliklar Rossiya rahbarining boshqa rejalari borligiga ishonadi.
Kievda Prezident ma’muriyati rahbarining o‘rinbosari polkovnik Pavlo Palitsa iyun oyida AQShda jurnalistlarga Kremlning maqsadi Dnepr daryosidan sharqqacha bo‘lgan butun Ukrainani egallash ekanini aytgan.
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosati rahbari Kaya Kallas ham Ukraina hududlarini Rossiyaga berib tinchlik kelishuviga erishish "tuzoq" bo‘lishini ta’kidladi. "Rossiya biror marta yon bermagani va ular bu yerda tajovuzkor ekanligini unutib qo‘ymoqdamiz," dedi u Bi-bi-siga.
Alyaskada Putin bilan, keyin esa Vashingtonda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan uchrashganidan so‘ng, Tramp o‘tgan hafta ikki rahbar o‘rtasida sammit tashkil etish bo‘yicha ish boshlanganini ma’lum qildi.
Biroq hafta oxiriga kelib, bu borada umidlar so‘ndi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov "sammit kun tartibi umuman tayyor emas" dedi va hech qanday uchrashuv rejalashtirilmaganini bildirdi.
U shuningdek, Rossiya ishtirokisiz kelgusi xavfsizlik kafolatlari haqidagi har qanday muhokama "behuda" ekanini aytdi. Bu esa G‘arb uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmas holat hisoblanadi.
Seshanba kuni kechqurun AQSh vakili Stiv Uitkoff Fox Newsga Nyu-Yorkda hafta oxirida ukrain rasmiylari bilan uchrashishini va "ruslar bilan har kuni aloqada ekanini" ma’lum qildi.
Zelenskiy esa G‘arb hamkorlarini kelishuv bo‘lgan taqdirda ham kelgusi xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishda sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi.












