O‘zbekiston rasman tan olmagan Tolibon hukumati bilan harbiy hamkorlik qilmoqchi. Rossiya armiyasi safidagi o‘zbekistonlik sudlandi. Toshkent Moskvadan nimani so‘radi?

Surat manbasi, president.uz
O‘zbekiston hanuz rasman tan olmagan, ammo aloqalarni mustahkamlayotgan Tolibon hukumati bilan harbiy hamkorlik yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda. Rossiya armiyasi safida Ukrainaga qarshi urushga yollangan farg‘onalik erkak ustidan sud hukmi o‘qildi. Toshkent Rossiyaga o‘zbekistonlik migrantlar huquqi borasida talab qo‘ydi.
O‘zbekiston hukumati 2026 yildan boshlab Afg‘oniston bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Toshkent Afg‘onistonda qudratga kelgan Tolibon hukumatini rasman tan olmagan.
Harbiy hamkorlik haqida prezident farmoni loyihasida bayon etilgan. Hujjat mamlakatning xavfsizlik strategiyasidagi yangi yo‘nalishlarni belgilab beradi.
Loyihaga ko‘ra, Toshkent mintaqada ishonch choralarini mustahkamlash, Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va Afg‘oniston bilan aloqalarni institutsional darajaga olib chiqishni maqsad qilgan.
Harbiy hamkorlik rejasi nima deydi?
Farmon loyihasida belgilangan vaqt jadvaliga ko‘ra:
2026 yil iyun — Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan Afg‘oniston bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlik bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi va Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashiga taqdim etiladi.
2026 yil sentyabr — O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi orqali Afg‘oniston tomoniga rasmiy hamkorlik taklifi yuboriladi.
2026 yil oktyabrь–dekabrь — Afg‘onistondan ijobiy javob olinsa, amaliy tadbirlar boshlanadi.
Hujjatda bu qadamlar O‘zbekistonning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va mintaqadagi murakkab geosiyosiy sharoitga moslashish maqsadida amalga oshirilayotgani ta’kidlanadi.
O‘zbekiston Afg‘onistondagi amaldagi hokimiyat — Tolibon bilan amaliy muloqot olib boradi, ammo hukumatni legitim deb e’tirof etmagan.
So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston Tolibon tayinlagan elchini qabul qilgan. Termizdagi logistika markazi orqali gumanitar va savdo yo‘nalishlarini ochiq saqlagan. Elektr energiyasi va temir yo‘l loyihalari bo‘yicha muzokaralarni davom ettirgan.
Biroq bu rasman tan olish sifatida baholanmasligi aytiladi.
Rossiya armiyasi safida qatnashgan o‘zbekistonlikka hukm o‘qildi

Surat manbasi, REUTERS/Yulia Morozova
Farg‘onalik erkak Rossiya Qurolli kuchlari safida yollanma askar sifatida Ukraina hududidagi urush harakatlarida qatnashgani uchun sudlandi.
Sud hujjatlarini o‘rgangan Daryo.uz nashrining yozishicha, 1997 yilda Rishton tumanida tug‘ilgan A.A. 2024 yil noyabrь oyida ishlash maqsadida Moskva shahriga borgan. U yerdagi oshxonalardan birida onasi bilan birga ishlagan. 2025 yil yanvar oyi oxirida esa onasining sog‘ligi yomonlashgani sababli qarz olib uni O‘zbekistonga qaytargan.
Oradan ko‘p o‘tmay, ish joyidagi mojaro ortidan u ishdan bo‘shagan. Keyingi kunlarda ish qidirib yurgan paytida politsiya xodimlari tomonidan ushlangan. Sudda keltirilgan ko‘rsatmalarda aytilishicha, u jarima to‘lay olmagani sabab ichki ishlar bo‘limida ushlab turilgan.
Sud materiallariga ko‘ra, politsiya bo‘limida unga yaxshi maoshli ish taklif qilingan va hujjatlar rasmiylashtirib berilishi aytilgan. Oradan ikki kun o‘tib, A.A. ko‘rsatilgan manzilga borgan va u yerda harbiy qismda oshpaz yordamchisi sifatida xizmat qilishi taklif etilgan.
Sudlanuvchi ko‘rsatuvida qarzlar, onasining kasalligi va deportatsiya qilinishi xavfi uni bu taklifga rozi bo‘lishga undaganini aytgan.
Shundan so‘ng u Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tasarrufidagi harbiy qismga yuborilgan. Sud hujjatlarida qayd etilishicha, u Voronej viloyatida joylashgan harbiy qismda ikki hafta davomida jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Keyin u boshqa harbiy xizmatchilar bilan birga Ukraina hududiga olib kirilgan.
Urush harakatlari vaqtida kasseta raketalari portlashi natijasida u jarohat olgan va bir oy davomida harbiy gospitalda davolangan. Keyinroq u oziq-ovqat yetkazib berish ishlariga jalb qilingan.
2025 yil iyul oyida u ta’til ruxsatnomasi bilan O‘zbekistonga qaytgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Farg‘ona viloyati ichki ishlar organlari tomonidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona tuman sudi 2026 yil yanvarь oyida A.A.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish), 1-qismi (Yollanish, ya’ni nizolashayotgan davlatning fuqarosi yoki harbiy xizmatchisi hisoblanmagan yoxud nazorat qilinib turgan nizolashayotgan davlat hududida doimiy yashamaydigan yoki hech qanday davlat tomonidan qurolli kuchlar tarkibida rasmiy topshiriqni bajarish vakolati berilmagan shaxsning moddiy manfaatdorlik yoki boshqa biron shaxsiy manfaatni ko‘zlab, o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib qurolli to‘qnashuvda yoxud harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanishi) bo‘yicha aybdor deb topdi va unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Jinoyat kodeksi bo‘yicha, ushbu modda bo‘yicha 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish ko‘rsatilgan.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning chet davlatlar harbiy xizmatlariga yollanishi taqiqlangan. Qonunga binoan, harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
So‘nggi vaqtlarda Rossiya armiyasi safida turib jang qilgan O‘zbekiston fuqarolarini jazoga tortish ko‘paygan.
Toshkent Rossiyadan fuqarolarining huquqlarini himoya qilishni so‘radi

Surat manbasi, Ўзбекистон ТИВ
O‘zbekiston rasmiylari Rossiya hududida o‘tkazilayotgan migratsiya reydlari chog‘ida mamlakat fuqarolarining huquq va qadr-qimmati ta’minlanishi kerakligini ta’kidladi.
26 yanvarь kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullaev Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi Aleksey Yerxov bilan uchrashuv o‘tkazgan. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda Rossiyada mehnat migratsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga oid masalalar muhokama qilingan.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
TIV ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralarda Rossiya hududlarida faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston bosh konsullari, Rossiya elchixonasining konsullik bo‘limi rahbariyati, migratsiya masalalari bo‘yicha mas’ul xodimlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etgan.
"O‘zbekiston tomoni migratsiya tekshiruvlari va reyd tadbirlari o‘tkazilayotgan jarayonda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining — ham qonunga rioya qilayotgan, ham migratsiya qonunchiligini buzgan fuqarolarning — huquqlari va insoniy qadr-qimmatini kamsitishning har qanday shakliga yo‘l qo‘yilmasligi printsipial ahamiyatga ega ekanini alohida ta’kidladi", — deyiladi rasmiy xabarda.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlar migratsiya jarayonlarini tartibga solish va Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining qonuniy mehnat faoliyatini amalga oshirishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari yuzasidan fikr almashgan.
Tomonlar o‘zaro hurmat va pragmatik yondashuvga asoslangan muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirgan. Bundan tashqari, amaliy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida muntazam konsullik maslahatlashuvlari va ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazib borish zarurligi ta’kidlangan.
Rossiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari masalasi ikki davlat munosabatlarida doimiy muhokama qilib kelinayotgan mavzulardan biri hisoblanadi. Oxirgi oylarda ayrim hududlarda migratsiya nazorati kuchaytirilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.












