BBC 100 Ayol loyihasi va O‘zbekiston: Nimaga aynan Dilorom Yo‘ldosheva tanlandi?

Dilorom Yo'ldosheva BBC yuz ayol loyihasi uchun suratda
Surat tagso‘zi, Dilorom Yo‘ldosheva
O'qilish vaqti: 4 daq

Dunyoni ayollar boshqarganida uning bugungi ahvoli qanday bo‘lar edi? Tinchroq, adolatliroq, balki shafqatsizliklardan xoli?

Endi,tasavvur qilishdan to‘xtang! Chunki ayollar allaqachon, turfa yo‘llar bilan dunyoni boshqarmoqda. Ular innovatsion tadqiqotlar olib borishmoqda, kuchli harakatlarga yetakchilik qilishmoqda, yangi biznes g‘oyalari asosida atrofdagilarning hayotlarini o‘zgartirishmoqda va o‘zlarining jasorati va matonati bilan millionlab odamlarga ilhom baxsh etishmoqda.

Mana 10 yildan ziyod, BBC esa har yili kelajagimizni shakllantirayotgan 100 ta ajoyib ayolni e’tirof etadi. Bu ayolar BBCning 100 Ayol ro‘yxatida keltirilgan yo‘lboshchilar, fikr yetakchilari va taraqqiyot himoyachilaridir.

Ushbu loyihaning bu yilgi ro‘yxatiga Surxondaryodan Dilorom Yo‘ldosheva ham kirdi.

Dilorom Yo‘ldosheva yangi ish joyida
Surat tagso‘zi, Dilorom Yo‘ldosheva yangi ish joyida

Diloromning hayot hikoyasi bilan sizni avallaroq tanishtirgan edik.

Ba’zan qiyinchiliklardan shikoyat qilib, ruhan tushkunlikka tushib qolish insonga xos. Shunday paytlarda ayollik kuchi va irodasiga tayanish kerakligini Dilorom kabi ayollar isbotlaydi. Ularning hayot hikoyalarini sizlar bilan bo‘lishadigan 100 ayol loyihasidan hamkasbim Rebeka Torn bilan oldinroq suhbatlashdim.

BBC 100 ayol loyihasidan Rebeka Torn bilan
Surat tagso‘zi, BBC 100 ayol loyihasidan Rebeka Torn bilan

BBC 100 ayol loyihasi har doim turfa qatlamlardan bo‘lgan ilhom beruvchi ayollar ro‘yxatini taqdim etadi. Ro‘yxatga saralash jarayoni va mezonlari haqida biroz gapirib bersangiz. Butun boshli bir millat ayollariga xos qadriyatlarni tamsil qiluvchi bir kishini tanlashda adolatli bo‘lishni ta’minlashda nimaga tayanasiz?

Rebeka: Jarayon shundan iboratki, bu loyiha ustida ishlash uchun bir qancha prodyuserlar yig‘ilib, yil sarhisobini qilishadi. Dunyoda ijobiy o‘zgarishlarga o‘z ta’sirini o‘tqazgan ayollar haqida ma’lumotlar yig‘ishni boshlaymiz. Xoh o‘zlarining kichik jamoalarida, xoh butun dunyoda bo‘lsin, ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layotgan ayollarning juda uzun ro‘yxatini tuzishdan boshlaymiz. Saralash davomida bu ro‘yxat ilk bosqichda yuzlarga tushishni boshlaydi. Jarayonining oziga xosligi esa BBC Jahon Xizmatida 41 mamlakatning mahalliy tili va qadriyatlarni yaxshi tushunadigan mutaxassislarning mavjudligidadir. Bizlar ulardan o‘zlari yoritadigan mamlakatdan qoyilmaqom ishlar qilayotgan ayollarni tavsiya qilishlarini so‘raymiz. Bu loyiha BBC 100 ayol jamoasi va BBC Jahon Xizmati hamkorligida bir oylik qattiq mehnat natijasida yuzaga keladi. Biz ayollarni tanlar ekanmiz, butun mintaqalarni qamrab olishga, ayollarning kelib chiqishi, yoshi,diniy va siyosiy qarashlardagi turfaxillikka intilamiz. Bular biz uchun muhim mezonlardir. Dunyoda ulkan ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘layotgan turfa xil qatlamlardagi ayollarni taqdim etamiz.

BBC 100 ayol dunyo bo‘ylab e’tirof etilgan va o‘bro‘ga ega loyiha. Xoh,ayollarga xos muammolarga diqqatni qaratish bo‘lsin, xoh boshqa ayollarni ilhomlantirish bo‘lsin, Ushbu loyiha yaratadigan ijobiy natijalar sarhisobini qay tarzda amalga oshirasiz?

Rebeka: Bu loyiha yaratadigan ijobiy ta’sirlarni kuzatish usullarimizdan biri, ro‘yxatni e’lon qilganimizdan keyin unga kiritilgan ayollar dunyo bo‘ylab BBC dan boshqa yangiliklar sarlavhalaridan qanchalik o‘rin olganligini kuzatish. Yana muhim bir mezon, ro‘yxatga kiritilgan ayollardan keladigan fikr-mulohazalar. Biz ulardan bu ayollar alaloqibat ovozlari eshitilganligini, e’tirof etilganliklarini, mukofotlarga loyiq topilganliklarini eshitamiz. Bu loyihaning asl maqsadi ham, odatda media orqali ommaga tanitilmagan va aslida jamiyat uchun juda foydali ishlar qilgan ayollarni tanitish. Oxirgi bayonotlarga ko‘ra, mediada ko‘riladigan, eshitiladigan va o‘qiladigan xabarlar qahramonlarining atigi 25 foizini ayollar tashkil qiladi. Hayron qolarlisi, hali ham ayollarning juda kam sonda tamsil qilinishi. Bizning vazifamiz esa, aynan ayollarni ko‘proq mediada tamsil qilish va ularning hayotiy hikoyalariga o‘rin berish.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Ushbu loyihada bir qancha muddat ishlab kelar ekansiz, shubhasiz ko‘plab juda kuchli ayollarning hikoyalari bilan tanishgansiz. Aynan sizga ta’sir qilgan, qalbingizdan joy olgan ayol hikoyasi bormi?

Rebeka: Mening qalbimga yaqin bo‘lgan ayol, Sudanlik shifokor- akusher Safa Ali. Yaqinda Sudanda avj olgan urush sabab, uning ko‘pchilik hamkasblari o‘z xavfsizliklarini o‘ylab, mamlakatni tark etishgan. Safa esa homiladorligi sabab Sudandan chiqib keta olmayotgan ayollarni tashlab keta olmagan. Bu ayollar uning yordamiga muhtojliklarini his qilib, ularga g‘amxo‘rlik qilishda, tug‘ruqlarni qabul qilishda davom etgan. Hatto shifoxona o‘qqa tutilganida ham ularni tashlab ketmay, aksincha evakuatsiya qilishga ham erishgan. Hayratlanarlisi, boshqa ayollarning hayoti uchun, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘ygan. Men uchun bu ayollar ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan iroda va matonatning yaqqol ko‘rinishidir. Shuningdek bu ro‘yxatda bo‘lgan ayollarning barining ajoyib faoliyatlari, fidokorligi, boshqalarning hayotini yaxshilash uchun qiladigan sa’y-harakatlari yuksak hurmatga loyiq.

O‘zbekistondan tanlangan ayol, Dilorom mahalliy mediada ham katta e’tibor topdi. Bu ayolni aynan qaysi jihatlari sizning ro‘yxatingizdan joy olishiga sabab bo‘ldi?

Rebeka: Dilorom iroda va matonat sohibi ayol sifatida diqqatimizni tortdi. Biz qidirayotgan xislatlarning bari unda mujassam edi. Yig‘im-terimi paytida yuz bergan baxtsiz hodisada oyoqlarini yo‘qotganiga qaramay, hayotdan yuz o‘girmagan. Tikuvchilik qilishni boshlagan. Faqatgina tikuvchilik qilib qolmay, tadbirkorlik ham boshlagan. Resurslarni boshqarish, boshqa ayollarga sarmoya kiritishni yo‘lga qo‘ygan. Kengayib borayotgan biznesi bilan, nafaqat o‘zining, balki boshqa ayollarning ham hayotlarini yaxshilab kelyapti. Bunday baxtsiz hodisalarda insonlar hayotlarini o‘nglab olishga ham qiynalar ekan, Diloromning o‘zidan boshqa ayollarga va jamiyatiga katta foydasi tekkani bizni lol qoldirdi.

Bu yil davomida dunyoda bo‘layotgan ziddiyatlar sabab, ayollarning ruhiy sog‘lig‘iga juda katta putur yetdi. Depressiya, qayg‘ular, jismoniy sog‘liqqa bo‘lgan tahdidlarga qaramay bunday ayollar irodasi va matonati sabab eng katta qiyinchiliklarni yengib o‘tib, nafaqat o‘zlarining balki atrofdagilarning ham hayotlarini ijobiy o‘zgartirishmoqda. O‘zlari misolida, butun jamiyatning muammosini hal qilishga, harakat qilishmoqda.

Sizda ham aslida kengroq yoritilishi kerak bo‘lgan, lekin faqat ayollarga xos deb bilingani uchun yetarlicha e’tiborga olinmayotgan mavzular haqida fikrlaringiz bo‘lsa, bizga yozing.