Turk dunyosini bog‘laydigan "Tramp yo‘lida" Bi-bi-si nimalarni ko‘rdi. Video

- Author, Grigor Atanesian
- Role, Armanistonning Syunik shahridagi BBC Rus xizmati yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 4 daq
Armaniston janubida sovet temir yo‘lidan faqat tashlandiq bekat, bir nechta zanglagan vagon va o‘nlab metr iz qolgan, xolos.
G‘alati tuyulishi mumkin, ammo Janubiy Kavkazdagi bu tashlandiq yo‘l AQSh prezidenti vositachiligida tinchlik ramziga aylantirilmoqda. U "Trampning Xalqaro tinchlik va farovonlik yo‘li" yoki qisqacha "Tripp" (Trump Route for International Peace and Prosperity) deb nomlandi.
Atrofda kommunistik bir qahramon haykali boshi bo‘laklari sochilib yotibdi. Ayol haykalining qo‘li yo‘q.
"Biz «Tinchlik chorrahasi», «Ipak yo‘li» va «Zangezur yo‘lagi» deb ham ataladigan Tramp yo‘nalishidamiz, – deydi mahalliy jurnalist Marut Vanyan. – Lekin hozircha bu yerda amerikacha hech narsa ko‘zga tashlanmaydi."
Bu Armaniston va uning azaliy dushmani Ozarbayjon o‘rtasidagi kelishuvdir. Tramp bu kelishuvga vositachilik qilish orqali "tuganmas" deb hisoblangan urushlardan birini yakunlaganini da’vo qildi.
Rejaga ko‘ra, AQSh kompaniyalari Armaniston hududida Eron bilan chegara bo‘ylab 43 kilometrlik marshrutni 99 yillik shartnoma asosida rivojlantiradi. Bu yo‘lak Ozarbayjonni uning eksklavi Naxichevan bilan bog‘laydi.
Temir yo‘l, avtomobil yo‘li va quvurlar qurilishi va’da qilinmoqda. Tramp kompaniyalar "uchala davlatga iqtisodiy foyda keltiradigan katta mablag‘ sarflayotgani" haqida gapirgan.
Bu vazifani bajarish uchun talay ish qilinishi kerakligi ko‘rinib turibdi. Bu transport aloqasini noldan qurishga to‘g‘ri keladi, ammo siyosiy to‘siqlar iqtisodiy muammolardan ancha chigalroq.
Trampning aralashuvi Rossiya o‘z tomorqasi deb qaraydigan mintaqa geosiyosatini o‘zgartirishi mumkin. Tehrondagi murosasiz kuchlar ham xavotirda va loyihani to‘xtatish bilan tahdid qilmoqda.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Kavkazda urush va tinchlik
"Tripp" taklifi Ozarbayjon hududidagi tarixan armanlar yashab kelgan Tog‘li Qorabog‘ tufayli Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida boshlangan mojaroni tugatish kalitidir.
2023 yilda Ozarbayjon bahsli hududni qaytarib oldi va deyarli butun arman aholisi o‘z uylarini tark etdi. Bu mojarodagi birinchi bunday ko‘chirishlar emas – 1990 yillarda 500 mingdan ortiq ozarbayjonlik ko‘chirilgan edi.
Jurnalist Vanyan 2023 yilda o‘z uyini tark etganlar orasida bo‘lgan.
Urush zonasidan qochib, u Armanistonning janubiy Syunik viloyatiga joylashdi. Ayni shu paytda bu viloyat ikki qo‘shni o‘rtasidagi yangi nizoli hududga aylandi.
Ozarbayjon Armanistondan ushbu mintaqaning bir qismini o‘zining eksklavi Naxichevanga "yo‘lak" sifatida berishni talab qildi. Mintaqa Zangezur nomi bilan ham tanilgan va yangi taklif "Zangezur yo‘lagi" deb nomlandi.
Ammo Armaniston talabni rad etgach, chegarada to‘qnashuvlar boshlandi va ko‘pchilik yangi urush boshlanishidan xavotirga tushib qoldi.
2025 yil avgustida esa Tramp kutilmaganda vaziyatni o‘zgartirdi. U Oq uyda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliev va Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanni qabul qilib, har ikki tomonni qoniqtiradigan yechim taklif qildi.

Trampning kelajakdagi yo‘nalishi Ozarbayjon uchun "to‘siqsiz aloqa" va Armaniston suverenitetini "to‘liq hurmat qilish"ni va’da qiladi. Yo‘nalish AQShning xususiy kompaniyasi tomonidan boshqariladi.
Har ikki davlat rahbarlari Vashingtondagi uchrashuv mintaqada tinchlikni tiklaganini aytmoqda va Trampning aralashuvini vaziyatni tubdan o‘zgartirgan omil sifatida olqishlamoqda.
Biroq ular imzolagan hujjat tafsilotlarga boy emas va "Tripp" qurilishi uchun aniq muddat ko‘rsatilmagan.
G‘arb, Rossiya va Eron manfaatlari chorrahasi
Rossiyaning Janubiy Kavkazdagi mavqei zaiflashgani AQSh vositachiligiga yo‘l ochdi.
Kreml yillar davomida hozir Amerika prezidenti nomi bilan atalayotgan yo‘nalishni qayta ochish ustida ishlagan edi.
Rossiyaning FSB chegara qo‘shinlari kelajakda mazkur yo‘lni qo‘riqlashi haqidagi taklifi rad etilgan bo‘lsa-da, ular hali ham Tramp yo‘nalishi uchun tanlangan Armaniston va Eron chegarasi bo‘ylab patrullik qilmoqda.
Bi-bi-si joylarda suratga olayotganda, oldimizga Rossiya FSB patrul mashinasi kelib to‘xtadi. Forma kiygan yigit bizdan chegarani yuqoridan suratga olayotgan dron haqida so‘radi. Biz u bizniki emasligini aytdik va rus patruli oldinga ketdi.
Armanistonning Syunik viloyati uning eksporti uchun ham muhim markaz bo‘lib, Erondan kelgan tadbirkorlar va yuk mashinalari bu yerda ko‘p. Eron qurilish kompaniyalari kelajakda "Tripp"ni kesib o‘tadigan yangi ko‘prik qurmoqda.
Islom Respublikasi va Armanistonni ajratib turuvchi Aras daryosi shu yo‘nalish bo‘ylab oqadi.
Yaqinda Isroil-Eron urushiga AQSh ham aralashganini hisobga olsak, AQSh va Eron kompaniyalari Armanistonda qanday hamkorlik qilishi noma’lum.
Eron oliy rahnamosining yaqin maslahatchisi "Tripp"ni "Donald Tramp yollanma askarlari uchun qabriston"ga aylantirish bilan tahdid qilgan bo‘lsa-da, Eron hukumati o‘zini ancha vazminroq tutdi.
Eron har ikkala Kavkaz davlatining do‘sti va qo‘shnisidir. Armaniston Tehronga ushbu loyiha uning manfaatlariga xavf tug‘dirmasligini aytmoqda.

Armaniston janubida Yevropa davlatlari ishtiroki ham kuchaymoqda.
Frantsiya yaqinda Yerevanga qurol-aslaha yetkazib berishni boshladi va Syunikda o‘z konsulligini ochdi. Mintaqada Yevropa Ittifoqining kuzatuv missiyasi faoliyat yuritmoqda. Ittifoq Trampning kelajakdagi bu yo‘nalishini Markaziy Osiyo va Xitoy bilan bog‘laydigan hamda Rossiyani chetlab o‘tadigan "o‘rta yo‘lak"ning bir qismi sifatida baholamoqda.
Turkiya ham Rossiya ta’siri susayishi natijasida yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalanishga intilmoqda.
Anqara munosabatlarni normallashtirish maqsadida Armaniston bilan muzokaralar olib bormoqda va Turkiyadan eksklav orqali Ozarbayjonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatadigan "Tripp"ni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Armaniston hukumati ham raqobatlashayotgan turli manfaatlarga nisbatan xotirjam munosabat saqlamoqda. U barcha mintaqaviy kuchlar hamkorlik qiladigan "Tinchlik chorrahasi"ga aylanishni istaydi.
"Ular hamma narsa yaxshi bo‘ladi, milliardlab yevrolik sarmoyalar kiritiladi, yangi yo‘llar quriladi, Eron, Amerika, Yevropa, Turkiya va Ozarbayjon bilan savdo aloqalari yo‘lga qo‘yiladi, deyishmoqda," deydi Marut Vanyan ishonqiramay jilmayib.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida rasmiy tinchlik shartnomasi hali imzolanmagan, biroq bir narsa aniq: Vashington uchrashuvidan buyon Armaniston-Ozarbayjon chegarasida bironta ham o‘q otilmadi.
Trampning aralashuvi yillar davomida yangi to‘qnashuvlardan qo‘rqib yashaganlarga vaqtincha bo‘lsa-da, xotirjamlik berdi.












