Yangiliklar. Dushanbe: Putin Alievdan yana uzr so‘radi, Ozarbayjon istagan narsani tan oldi, Mirziyoyev Tojikistondan qaytdi. Video

Aliev va Putin

Surat manbasi, RASMIY

Surat tagso‘zi, Xabarlar Rossiya-Ozarbayjon munosabatlari o‘zining eng quyi nuqtasida, deb ko‘rilayotgan bir paytda bo‘y ko‘rsatdi.
O'qilish vaqti: 6 daq

Ozarbayjon prezidenti matbuot xizmati Aliev-Putin uchrashuvini rasman tasdiqladi. Rasmiy xabarga ko‘ra, ikkovlon Tojikiston poytaxtida yakkama-yakka muloqot qilishgan.

So‘nggi bir yil ichida ilk bor uchrashishgan.

Rossiya prezidentining rasmiy veb-sayti uchrashuv tafsilotlarini so‘zma-so‘z keltirgan.

Ozarbayjon rahbariniki hozircha qisqa xabar va uchta surat bilan cheklangan.

Rossiya tomoniga ko‘ra, har ikki davlat rahbarlari o‘z so‘zlari kirishida bundan avval (shu yil sentyabr oyida - tahr.) qisqa bo‘lsa-da, yaqinda Pekinda ham uchrashganliklarini xosan tilga olishgan.

Orada bir-birlari bilan qo‘ng‘iroqlashganliklariga ham to‘xtalishgan.

Putin uchrashuvlarini eng nozik mavzu - osmonlarida sodir bo‘lgan avtohalokatdan boshlamoqchi ekanini aytgan.

Boku anchadan beri talab qilgan narsani - o‘tgan yilning dekabrida Ozarbayjon laynerining urib tushirilishiga Rossiyaning aloqadorligini tan olgan.

Hali o‘sha paytda nafaqat buning uchun uzr so‘ragani, balki-da, qurbonlarning oila a’zolariga ham samimiy hamdardlik bildirganini esga olgan.

Bularning barchasini yana takrorlash, yangidan aytishni istashini bildirgan.

Kelishilganidek, o‘zlarining tergovga har tomonlama yordam berayotganliklarini bayon qilgan.

Putin tergov nihoyasiga yetayotgani, endi bu fojianing, falokatning sabablarini, umuman olganda, muhokama qilishlari mumkinligini, buning bir nechta omilga bog‘liq ekanini aytgan.

Birinchi sababi o‘laroq o‘shanda osmonda Ukraina dronlari bo‘lganini, ikkinchisi o‘laroq Rossiya havo mudofaasi tizimidagi texnik nosozliklarni tilga olgan.

Uchirilgan ikkita raketa samolyotga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegmagani, undan bir necha metr uzoqlikda, taxminan 10 metr masofada portlagani, shuning uchun halokat sodir bo‘lganini aytgan.

Bu turdagi raketalar esa aynan shunday ishlaydi - ular nishonga yaqin joyda portlab, shrapnel bilan zarar yetkazadi.

"Ammo bizning burchimiz, takror aytaman va biz boshidan bu haqda kelishib olganimizdek, sodir bo‘lgan barcha voqealarga xolis baho berish va haqiqiy sabablarni aniqlashdir. Lekin bu vaqt talab etadi", - deya bayon qilgan Rossiya prezidenti.

"Lekin, shunga qaramay, ko‘plab sohalarda qiziqishlari, o‘zaro manfaatlari bir-biriga mos kelishi va juda yaqin ekanini ta’kidlashni istashi"ni aytgan. Buning eng avvalo savdo-iqtisodiy aloqalar bilan bog‘liq ekanini bildirgan.

Putin mintaqaviy va xalqaro maydonlarda o‘zlarining Tashqi ishlar vazirliklari doimo bir-biri bilan juda yaqin hamkorlik qilib kelganligini ham eslatgan.

Bu hamkorlik nafaqat tiklanishi, balki munosabatlari, ittifoqchilik ruhida davom etishiga umid bildirgan.

Agar, Rossiya tomoni rasmiy xabariga tayanilsa, Ilhom Aliev eng avvalo uchrashuv uchun o‘z minnatdorchiligini bildirishni istagan.

Imkoniyatdan foydalanib, Rossiya prezidentini yana bir bor tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.

O‘tgan yilning dekabr oyida yuz bergan fojea bilan bog‘liq ushbu batafsil ma’lumot uchun alohida rahmat aytgan.

Mazkur vaziyatni shaxsan o‘zi nazorat qilib turgani uchun Putinga minnatdorlik bildirish istagida ekanini bildirgan.

Joriy yilda nafaqat savdo-iqtisodiy, balki boshqa barcha sohalarda ham aloqalar muvaffaqiyatli rivojlanayotganini ta’kidlagan.

"Va, albatta, bugun kun tartibini yana bir bor ko‘rib chiqish uchun yaxshi imkoniyat ekani, uning juda keng va ijobiy" ekanini aytgan.

"Shunday ekan, ushbu ma’lumot uchun yana bir bor rahmat va ishonchim komilki, bugungi kunda jamiyatlarimizga yuborayotgan mujdalarimiz ham ijobiy qabul qilinadi", - degan.

Ammo Rossiya prezidentining rasmiy veb-saytida keltirilgan bu tafsilotlarning hech biri Ozarbayjon rahbarinikida hozircha ko‘zga tashlanmaydi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Nima gap?

Rossiya prezidenti Tojikistonga davlat tashrifini boshladi.

Uning poytaxt Dushanbeda Ozarbayjon prezidenti bilan uchrashishi tashrifi manzarasida aksariyat Rossiya nashrlari o‘zining e’tiborini qaratayotgan mavzulardan biriga aylandi.

Xabarlar Rossiya-Ozarbayjon munosabatlari o‘zining eng quyi nuqtasida, deb ko‘rilayotgan bir paytda bo‘y ko‘rsatdi.

Dushanbe "Markaziy Osiyo+Rossiya" sammitining ikkinchi sammitiga ham mezbonlik qiladi.

Tojikiston poytaxtida yana MDH davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi.

Har ikki tadbirda O‘zbekiston prezidentining ham ishtiroki rasman tasdiqlangan.

O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati kecha, chorshanba kuni Shavkat Mirziyoyevning 9-10 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan Tojikistonda bo‘lishini rasman tasdiqlagan.

Shu soatlarda uning ham Dushanbega jo‘nab ketgani rasman xabar berilgan.

Aloqador mavzular:

Putin-Aliev uchrashuvi?

Ikki davlat prezidentlarining uchrashuvlari haqida TASS axborot agentligi ham xabar bergan.

Axborot agentligi o‘z xabarida Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskovga tayangan.

Rossiya nashrlarida bo‘y ko‘rsatayotgan ayni mazmundagi xabarlarga hozircha rasmiy Boku munosabati imkonsiz.

Shu soatlarda Ozarbayjon prezidentining ham Tojikistonga borganiga oid xabarlar olingan.

Lekin 7 oktyabr kuni Ozarbayjon prezidenti Putinni tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan.

Xabarlarda ham ikkovlonning tug‘ilgan kundan tashqari, o‘zaro munosabatlarining buguni va istiqboli haqida gaplashib olishgani aytilgan.

Bu haqda Ozarbayjon prezidentining matbuot xizmati rasman xabar bergan.

Ammo rasmiy xabarda Ilhom Aliev Rossiya prezidentiga nimalar tilagani aytilmagan.

Faqat Putin uning "tabriklariga tashakkur" bildirgani aytilgan.

Ba’zi yetakchi Rossiya nashrlariga ko‘ra, Kremlda bu qo‘ng‘iroq muhim, deb atalgan.

Rossiyadagi ayrim Telegram kanallarining yozishlaricha, "muzokaralar 9 oktyabr, payshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

Kun tartibida Rossiya-Ozarbayjon munosabatlari bo‘ladi.

Uchrashuvning bo‘lib o‘tayotgani ikki davlat rahbarlarining barcha dolzarb masalalarni muhokama qilish niyatidan dalolat beradi.

Rossiya tomoni ijobiy kayfiyatda...".

Rossiya bilan o‘zaro munosabatlari sovuqlashgan bir manzarada Ozarbayjon prezidenti Vashingtonda AQSh Prezidenti Donald Tramp vositachiligida Armaniston bilan tinchlik bitimini imzolagan.

Kuni-kecha Daniyada, Yevropa siyosiy hamjamiyatining Kopengagendagi sammiti tegrasida Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan yuzma-yuz ko‘rishgan.

O‘shanda ikkovlonning ingliz tilida muloqot qilishgani ham postsovet makonida ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga qaratgan nuqtalardan biriga aylangandi.

Rossiyaga qarshi sud ishi va so‘nggi keskinliklar

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Aliev orada samolyot halokati yuzasidan Ozarbayjonning sabr-toqati cheklanmaganligini va adolat qaror topishi uchun "o‘n yil kutishga tayyor" ekanligini ta’kidlagan.

Shu yil iyulida Ozarbayjon o‘tgan yilning 25 dekabrida Kaspiy dengizida, Aqtau yaqinida sodir bo‘lgan AZAL 8243-reysining aviahalokati yuzasidan Rossiyaga qarshi xalqaro sudlarga murojaat qilishga tayyorlanayotgani xabar berilgan.

Halokatdan yetti oy o‘tgan bo‘lishiga qaramay, Alievning so‘zlariga ko‘ra, Boku Moskvadan "aniq javob" olmagan. Kreml voqea yuzasidan tekshiruv davom etayotganini ta’kidlab, Ozarbayjonning xalqaro sudga murojaat qilish huquqini tan olgan, ammo buning Rossiya uchun rasmiy oqibatlari bo‘lishini kutishini bildirgan.

Ozarbayjon Rossiyadan uchta asosiy talabni ilgari surmoqda:

  • Aybni tan olish.
  • Aybdorlarni javobgarlikka tortish.
  • Halok bo‘lganlarning oilalariga kompensatsiya to‘lash va AZALga yetkazilgan zararni qoplash.

Aliev Ozarbayjonning sabr-toqati cheklanmaganligini va adolat qaror topishi uchun "o‘n yil kutishga tayyor" ekanligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaziyat Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Kreml ham ikki davlat munosabatlarida "qiyin davr" boshlanganini tan olgan, ammo hamkorlikning o‘zaro foydali ekanligini ta’kidlab, vaziyatning o‘tishini umid qilishini bildirgan.

Samolyot halokatidan tashqari, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar 2024 yil oxiri va 2025 yil boshidan buyon bir qator boshqa voqealar tufayli ham keskinlashdi.

Xususan, 2025 yil iyun oyida Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Rossiya huquq-tartibot idoralari tomonidan ikki Ozarbayjon fuqarosining o‘ldirilishi va ularning qiynoqqa solinganligi haqidagi da’volar diplomatik janjalga sabab bo‘ldi.

Bunga javoban Ozarbayjon Rossiya homiyligidagi barcha madaniy tadbirlarni bekor qildi va Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchukning rejalashtirilgan tashrifini qoldirdi.

Shuningdek, Ozarbayjon rasmiylari bir nechta Rossiya fuqarosini, jumladan, "Sputnik" davlat ommaviy axborot vositalarining ikki jurnalistini hibsga oldi.

Rossiya tomoni Yekaterinburgdagi voqeani odatdagi politsiya operatsiyasi deb ta’riflab, bir kishining yurak kasalligidan vafot etganini da’vo qildi va etnik sabablarga ko‘ra ta’qib qilish yoki noto‘g‘ri xatti-harakatlarni inkor etdi.

Biroq bu hodisalar va samolyot halokati yuzasidan mas’uliyatni to‘liq tan olishdan bosh tortish Moskva va Boku o‘rtasidagi munosabatlarda sezilarli sovishga olib keldi.

Shuningdek, yaqin kunlarda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi (TIV) xorijda, xususan, Ozarbayjon va O‘zbekistonda rus tilini targ‘ib qilish bo‘yicha sotsiologik tadqiqot o‘tkazib, bu davlatlarda ham rus tilining mavjud mavqeini saqlab qolish uchun dasturlar ishlab chiqarish qarori haqidagi xabar ham chiqqan edi.

"Markaziy Osiyo+Rossiya"

Россия Президенти Владимир Путин
epa
Putin Xalqaro Jinoyat Mahkamasi a’zo bo‘lgan davlatdagi sammitda qatnashishning o‘rniga o‘ziga qarshi ayblovlarga yuz tutish uchun Gaagada bo‘lishi kerak.
Liz Evenson
Human Rights Watch ning xalqaro adliya bo‘yicha direktori (batafsil: bbc.com/uzbek da).

"Markaziy Osiyo+Rossiya" formatining 2022 yilgi ilk yig‘iniga Qozog‘iston poytaxti mezbonlik qilgan.

O‘shanda bugungi mezbon - Tojikiston prezidentining Putinga aytgan gaplari katta shov-shuvga sabab bo‘lgan.

Emomali Rahmon Ostonada Putinga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshkora murojaat qilgan, "+" sammitlarining samaradorligini savol ostiga olgan.

U Rossiya prezidentidan hurmatlariga yarasha hurmat, Sovet davridagidan farqli e’tibor va qo‘llov talab qilgan.

"Markaziy Osiyo davlatlariga sobiq Sovet Ittifoqidek qaramang...", deb aytgan.

Ularni Tojikistonning bor imkoniyatlariga yarasha sarmoya kiritishga ham chaqirgan.

E’tiroz, so‘rov va talablari esa mintaqaning siyosiy hayotida bo‘lmagan, degan baho va talqinlarga sabab bo‘lgan, shov-shuv uyg‘otgan.

Ukraina urushi fonida kuzatilgani bilan aksariyatning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortgan.

Imkonli bo‘lgan kadrlardan Putin bunga keskin munosabat bildirmaslikni ma’qul, deb topgani ko‘rilgan.

Afg‘onistonga chegaradosh Tojikistonda Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan.

Ayni formatning ikkinchi sammiti ham Rossiya Ukrainaga ochgan urush hanuz davom etayotgan bir manzarada bo‘lib o‘tadi.

Putinning Tojikistonga davlat tashrifi arafasida, kecha, 8 oktyabr kuni "Xyuman Rayts Votch" xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti murojaat bilan chiqqan.

Xalqaro tashkilot rasmiy Dushanbeni Rossiya prezidentini Tojikistonga kiritmaslik yoki Xalqaro Jinoyat Mahkamasining orderiga muvofiq hibsga olishni so‘ragandi.

Tojikiston 2002 yildan buyon Xalqaro Jinoyat Mahkamasining a’zosi sanalishi aytiladi.

"Xyuman Rayts Votch"ning ayni da’vatiga rasmiy Dushanbening munosabati hozircha imkonsiz, Xalqaro Jinoyat Mahkamasiniki ham...

Shu soatlarda olinayotgan rasmiy xabarlarga ko‘ra, poytaxt Dushanbeda Rossiya prezidentini tantanali kutib olib marosimi bo‘lib o‘tgan.

Emomali Rahmon Putin bilan tor doiradagi muzokaralarini ham tugatib bo‘lgan.

Rossiya prezidenti matbuot xizmatining rasman xabar berishicha, shu soatlarda ikki davlat hay’atlari o‘rtasida keng doiradagi muloqotlar boshlangan.

Tojikiston Rossiyaning Markaziy Osiyodagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri o‘laroq ko‘riladi.

Tojikiston, boshqa tomondan, yillarki, mintaqaning O‘zbekistondan keyin eng katta sondagi fuqarolari Rossiyada mehnat muhojirligida band davlati ham bo‘ladi.

Shu daqiqalarda olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Vladimir Putin "Markaziy Osiyo+Rossiya" sammitining ikkinchi yig‘iniga yetib kelgan.

Davlat rahbarlarining Rossiya va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, moliyaviy, sanoat, logistika, energetika va boshqa sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilishlari aytilmoqda.