O‘zbekiston 2030 yilgacha kambag‘allikni mutlaq yo‘qotmoqchi. Qanday qilib?

Prezident Shavkat Mirziyoyev

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Bu galgi "Kambag‘allikdan farovonlik sari" III Xalqaro kambag‘allikni qisqartirish forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030 yilga borib O‘zbekistonda kambag‘allik mutlaq yo‘qolishi haqida gapirdi.
O'qilish vaqti: 5 daq

Dunyoning rivoj topgan mamlakatlari bilan taqqoslaganda, iqtisodi unchalik kuchli bo‘lmagan O‘zbekistonda kambag‘allik – og‘riqli masalalardan biri.

Qudratga kelganiga qariyb 10 yil bo‘layotgan Mirziyoyev hukumati ayni mavzuga tez-tez qaytadi. Ushbu maqsadda turli ijtimoiy loyihalar o‘tkazish va hatto xalqaro forumlarga mezbonlik qilish an’anaga ham aylanib ulgurgandek.

Bu galgi "Kambag‘allikdan farovonlik sari" III Xalqaro kambag‘allikni qisqartirish forumida Prezident Shavkat Mirziyoyev 2030 yilga borib O‘zbekistonda kambag‘allik mutlaq yo‘qolishi haqida gapirdi.

Biroq, hukumat bunga qanday erishmoqchi? Aholining aksariyati hanuz o‘zini og‘ir sharoitda yashaydigan qatlam deb hisoblaydigan O‘zbekistonda rahbariyat kimni "kambag‘al" deb hisoblamoqda?

Aloqador mavzular:

Kambag‘al o‘zbekistonlik - u o‘zi kim?

17-18 sentyabr kunlari Namangan "Kambag‘allikdan farovonlik sari" 3-Xalqaro kambag‘allikni qisqartirish forumiga mezbonlik qildi. Ushbu forum kambag‘allik mavzusida o‘tkaziladigan odatiy davlat yig‘inlaridan yuqori martabali tashriflari bilan ajralib turdi, deyish mumkin.

700 ga yaqin mehmonni o‘ziga jalb qilgani xabar qilingan ayni tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birga Islom Taraqqiyot banki prezidenti Muhammad al-Jassir, Osiyo Taraqqiyot banki vitse-prezidenti Inmin Yang, Jahon Banki global direktori Luis Felipe Lopes-Kalva ham ishtirok etdi.

Forumni ochib bergan prezidentga ko‘ra, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekistonda inson haq-huquqini himoya qilish, munosib ish joyi bilan ta’minlash, daromadini oshirish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirilgan.

Prezident 7,5 million aholi kambag‘allikdan chiqarilib, kambag‘allik darajasi 2024 yilda 8,9 foizga tushirilganini, yil oxirigacha ayni trendni 6 foizgacha kamaytirish maqsad qilinganini alohida urg‘uladi.

O‘zbekistonning ayni jabhada erishgan yutuqlari haqida gapira turib, u, shuningdek, mamlakatda kambag‘allik yaqin yillarda butkul yo‘qolishi mumkinligiga umid bog‘lagan.

"Bir so‘z bilan aytganda, har bir mahallaga biznes muhiti, har bir oilaga farovonlik kirib borganini odamlar o‘z hayotida his etmoqda. Bunday keng ko‘lamli sa’y-harakatlarimiz hisobiga O‘zbekiston 2030 yilga qadar kambag‘allikni 2 karra qisqartirish bo‘yicha olgan majburiyatini barvaqt bajarishga harakat qilyapti. 2030 yilga borib, xalqaro mezonlarga ko‘ra, O‘zbekistonda mutlaq kambag‘allikka to‘liq barham berishga barcha imkoniyatimiz bor", - dedi Prezident Mirziyoyev.

Ushbu forum kambag‘allik mavzusida o‘tkaziladigan odatiy davlat yig‘inlaridan yuqori martabali tashriflari bilan ajralib turdi, deyish mumkin.

Surat manbasi, Расмий

Surat tagso‘zi, Ushbu forum kambag‘allik mavzusida o‘tkaziladigan odatiy davlat yig‘inlaridan yuqori martabali tashriflari bilan ajralib turdi, deyish mumkin.

Mirziyoyevning ushbu chiqishi ayrim kuzatuvchilar orasida turli savollarni keltirib chiqardi. Ba’zilar taqdim etilgan raqamlarga shubha bilan qaraydi. Ular mamlakatda kambag‘al aholi qatlami hanuz kengligini, hukumat e’lon qilayotgan hisobot esa yanglish bo‘lishi mumkinligini iddao qiladilar.

Biroq, iqtisodchi Behzod Hoshimovga ko‘ra, ayni masalada e’tiborni kambag‘al deganda odatiy inson o‘z sub’ektiv fikri bilan kimni tushunishiga emas, aksincha, O‘zbekiston kambag‘allikni o‘lchash uchun qo‘llayotgan talablarga qarash kerak.

"Kambag‘allik so‘zi turli insonlar uchun turlicha ma’no anglatadi. Qaysidir jamiyatlarda kambag‘allik yashash joyining maydoni kichikligi hisoblansa, ko‘p joylarda bolalarga ovqat yetarli emasligi kambag‘allik hisoblanadi. O‘zbekiston haqida fikrlaganda, umumiy maxrajga keltirish uchun bir necha turdagi kambag‘allik o‘lchovlarini ishlab chiqishayotgani, ularning qaysidiri bo‘yicha bir ko‘rsatkich, boshqasi bo‘yicha esa boshqa ko‘rsatkich qayd etilayotgani haqidagi mulohaza menga qiziq ko‘rindi. Men shu haqida ko‘proq gaplashishimiz kerak deb hisoblayman", — deydi u.

O‘zbekiston Jahon Banki va BMT institutlari bilan hamkorlikda ishlab chiqqani aytiladigan kambag‘allikning milliy mezonlariga ko‘ra, mamlakatda 669 ming so‘mdan kam pul topgan aholi qatlamigina kambag‘al hisoblanadi. Bu O‘zbekistondagi minimal iste’mol xarajatlaridan kelib chiqqan.

Ayollar bandligi

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Aholining qariyb yarmini tashkil qiladigan ayollar bandligi ham mamlakatda hanuz e’tiborga molik mavzulardan biri. Prezident Mirziyoyev esa ayni jabhada O‘zbekiston sezilarli siljish qilganini aytib o‘tgan.

Unga ko‘ra, xotin-qizlarga oliygohda o‘qish uchun foizsiz kredit ajratish, magistraturada bepul ta’lim olish tizimi joriy etilgan. Bugun talabalarning 53 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda, shu yilning o‘zida 1 million 700 ming ayol ishli bo‘lgan.

"Xotin-qizlar jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida o‘z o‘rnini topishiga ko‘maklashish doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Kelgusi yildan mehnat bozorida ayollar uchun teng sharoit yaratish maqsadida ijtimoiy sug‘urta tizimi qamrovini keskin oshiramiz. Bu ularning kambag‘allikka tushib qolmasligini kafolatlaydi", - degan u nutqi davomida.

Biroq, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturining kelgusi loyihalarda xotin-qizlar qanchalik qamrab olinishi, ular uchun alohida yengilliklar amalga oshirilishi yoki yo‘qligi xususida u to‘xtalib o‘tmagan.

Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi direktori Xurshid Zafari BBC jurnalistining ayni mazmundagi savoliga nisbatan dasturda qamrab olinishi reja qilingan xotin-qizlar bo‘yicha aniq raqamlar mavjud emasligini ta’kidlab o‘tdi.

Xurshid Zafariga ko‘ra, hozirda ayollarning ishlash va mehnat huquqlarini himoya qilish uchun onalik ta’tili pullarini barcha ayollar uchun imkonli qilish ustida ish olib borilmoqda.

"Hozir ijtimoiy sug‘urta tizimi takomillashtirilyapti. Unga ko‘ra, dekret pullarini hozirgi vaqtda davlat tashkilotida ishlayotgan yoki xususiy sektorda ishlaydigan juda ha kam sonli ayollar olishi mumkin. Biz shu tizimni takomillashtirish orqali ayollarning ham mehnat qilish huqularini ta’minalshni ko‘zda tutyapmiz. Ya’ni, endi ishlaydigan joyidan qat’i nazar ayollar dekret pulini olishga va ijtimoiy sug‘urtalangan bo‘lishga haqlidirlar", - deydi u.

Xurshid Zafari
BBC.COM/UZBEK
Endi ishlaydigan joyidan qat’iy nazar ayollar "dekret" pulini olishga va ijtimoiy sug‘urtalangan bo‘lishga haqlidirlar.
Xurshid Zafari
Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi direktori

Islom moliyasi

Forum doirasida muhokama etilgan yo‘nalishlardan yana bir bu islomiy moliya tizimidir. Avvalroq, 16 sentyabr kuni Markaziy Bank va banklar qoshida islomiy moliya kengashlari tashkil etilishi xabar qilingan edi.

Loyihada ularning vazifalari va funktsiyalari belgilanadi. Regulyatorga kredit muassasalari uchun islomiy moliya standartlarini tasdiqlash, banklarning islomiy moliya kengashi va uning a’zolarini baholash vakolati beriladi.

Bank va mikromoliyaviy tashkilotlarning notarial harakatlari islomiy moliya standartlariga muvofiq mijozga berilgan mol-mulkka bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda davlat bojidan ozod etiladi. Shuningdek, O‘zbekistonda islomiy moliyaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda alohida soliq rejimi joriy etilishi mumkin.

Ma’lumki, O‘zbekiston aholisining aksariyatini musulmonlar tashkil etadi. Biroq, ularning qanchasi aynan diniy sabablar bilan mavjud bank tizimini noqulay deb topishi borasida statistik raqamlar mavjud emas.

Markaziy Bank matbuot xizmatining BBCga ma’lum qilishicha, bu borada, albatta, o‘rganish olib borilgan bo‘lishi kerak. Ammo maqola nashrga tayyorlanayotgan muddatda o‘tkazilgani ehtimoliy bo‘lgan ayni tadqiqot natijalari BBCga ma’lum emas edi.

Forum doirasida muhokama etilgan yo‘nalishlardan yana bir bu islomiy moliya tizimidir.

Surat manbasi, Расмий

Surat tagso‘zi, Forum doirasida muhokama etilgan yo‘nalishlardan yana bir bu islomiy moliya tizimidir.

Hukumat endi nima qilmoqchi?

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan Fiskal Strategiyaga ko‘ra, "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsadlari uchun 2026-yilda Davlat byudjetidan 3,6 trln so‘m mablag‘ ajratilishi reja qilingan.

Shu jumladan: tanlab olingan tuman va shaharlarni jadal kompleks rivojlantirish uchun 1,1 trln so‘m;

tuman va shaharlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda xizmat ko‘rsatish sohalarida tadbirkorlikni rivojlanishiga turtki beruvchi "drayver" loyihalar uchun zarur infratuzilmani yaratishga 1 trln so‘m;

eng og‘ir ahvoldagi 1 000 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 1,5 trln so‘m mablag‘lar ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Kambag‘allikdan chiqarish dasturi doirasida "Nuroniy" jamg‘armasiga 0,3 trln so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Behzod Hoshimov
BBC.COM/UZBEK
O‘zbekiston yoki ixtiyoriy boshqa jamiyatda kambag‘allikni kamaytirishning yagona samarali usuli iqtisodiyot o‘sish uchun yetarli imkoniyatlarni yaratishdir.
Behzod Hoshimov
Iqtisodchi

Iqtisodchi Behzod Hoshimov qaysidir jamiyatlarda, qaysidir zamon va makonda qilingan kichik eksperimental aralashuvlar u yerdagi insonlarning hayotiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkinligini, lekin bunday yondashuvlar uzoq muddatda yaxshi ta’sirga ega bo‘lmasligini aytadi.

Uning ta’kidlashicha, kambag‘allikka qarshi kurashda eng samarali usul iqtisodiy o‘sish hisoblanadi.

"Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika mamlakatlari va Hindistonda sog‘liqni saqlash hamda ta’limga doir har xil interventsiyalar orqali nimanidir o‘zgartirishga harakat qilib ko‘rishgan. Lekin tadqiqotlar bunday interventsiyalar uzoq muddatda yaxshi ta’sirga ega emasligini ko‘rsatmoqda. Hatto jamiyatdagi pul tarqatilishi masalasi ham shunga yaqinroq", — deydi u.

Iqtisodchining ta’kidlashicha, O‘zbekiston yoki ixtiyoriy boshqa jamiyatda kambag‘allikni kamaytirishning yagona samarali usuli iqtisodiyot o‘sishi uchun yetarli va erkin imkoniyatlarni yaratishdir.