You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Ukraina lazer quroli yaratganini aytmoqda, u nimalarga qodir?
- Author, Oleg Chernish
- Role, BBC, Ukrain xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ukraina Qurolli kuchlari uchuvchisiz tizim kuchlari qo‘mondoni Vadim Suxarevskiy Ukarina o‘zining lazer quroliga ega bo‘lganini ma’lum qildi. Shu vaqtgacha ushbu qurilma borasida hech narsa ma’lum emasdi, jangavor lazerlarga ega bir necha davlat bor. "Trizub" lazer quroli o‘zi nima?
"Bugun Ukraina, adashmayotgan bo‘lsam, (jangavor) lazerga ega bo‘lgan beshinchi davlatga aylandi. Biz osmonda ikki chaqirimdan ortiq masofadagi samolyotlarni urib tushirishimiz mumkin", deya Suxarevskiydan iqtibos keltiradi Іnterfaks-Ukraїna nashri.
Suxarevskiy bu haqda 16 dekabr kuni gapirgan. Unga ko‘ra, Ukraina ishlab chiqarayotgan qurol "Trizub" deyiladi. Hozir uni loyihani kengaytirish va mustahkamlash ustida ishlar olib borilmoqda.
Suxarevskiyning qisqa bayonotidan ushbu qurol qanday ko‘rinishda bo‘lishi, uning xarakteristikasi va uni harbiy sharoitlarda sinab ko‘rishganini anglab bo‘lmadi.
Lazerli qurol nima?
Kuchli davlatlar jangavor lazerlarni ustida ishlashni 60-70 yillarda boshlagandi. Nisbatan arzon, to‘xtovsiz, universal, ko‘p marta qo‘llaniladigan va samarali qurol yaratish g‘oyasi o‘sha vaqtdagi qudratli SSSR va AQSh harbiy rahbariyatiga o‘ta qiziq edi.
Nazariy jihatdan, kuchli lazer nurlari bir necha soniya ichida dushman texnikasini yoqib yuborishi kerak edi. Bunday qurollardan ham mudofaa, ham hujumda foydalanish mumkin edi. Bu yo‘q qilishning ideal vositasi bo‘lib tuyuldi. Ammo amalda hammasi murakkabroq bo‘lib chiqdi.
Sovet va Amerika hukumatining raketalar va samolyotlarni lazer yordamida urib tushirish haqidagi balandparvoz bayonotlari amalda quruq so‘z bo‘lib chiqdi. Namunalar ishlab chiqildi, ammo keyinchalik moliyalashtirish va istiqboli yo‘qligi sababli ishlab chiqarish tezda to‘xtatildi.
Asosiy to‘siqlar - lazerni quvvatlantirish uchun kuchli energiya manbasiga bo‘lgan ehtiyoj va ishlatilgach uni sovutish, ob-havoga bog‘liqlik, bir vaqtning o‘zida bir nechta harakatlanuvchi nishonlarni urish bilan bog‘liq muammolar va komponentlarning narxi edi.
O‘tgan asrning oxirida qudratli davlatlar resurslarni mavjud "oddiy" qurol tizimlarini, ilk navbatda, uzoq masofaga uchadigan raketalarni takomillashtirishga jamlashga qaror qilishdi.
Ammo yangi chaqiriqlar, jumladan, Rossiya-Ukraina urushi jangovar lazer haqida gapirishga turtki berdi. Bu ushbu urushda deyarli asosiy ommaviy qurolga aylangan arzon dronlarga qarshi turishning arzon va qayta foydalansa bo‘ladigan usulini izlash bilan bog‘liq.
Ularga qarshi qimmatbaho zenit-raketalarni qo‘llash tejamkor emas va dronlarni yerdan pulemyot yordamida urib tushirishga urinishlar ko‘pincha muvaffaqiyatsiz bo‘ladi.
Dronlarni kuchli lazer nuri bilan yoqish, "arzimagan qiymat" bilan otish, mos yechim sifatida ko‘rinadi.
Kimlarda lazer quroli bor?
Lazer quroli borligini aytgan mamlakatlar soni ko‘p emas. Bu kabi texnologiya AQSh va Rossiyadan tashqari Xitoy, Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Isroilda bo‘lishi mumkin.
Amerika hukumati AQShda raketaga qarshi lazerli modullar, shuningdek, dengiz kuchlari va havo kuchlariga tizim ishlab chiqayotgani haqida gapirdi.
Xitoyga kelsak, xitoyliklarda lazerli zenit qurollari, shuningdek, xavfsizlik kuchlari tomonidan qo‘llaniladigan lazer miltiqlari bo‘lib, g‘alayon ishtirokchilarining kuyishiga sabab bo‘lganligi haqida ma’lumotlar bor.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:
Rossiya prezidenti Vladimir Putin bir necha yil oldin "Peresvet" nomli "nodir majmua" bilan maqtangandi. U go‘yoki hatto sun’iy yoo‘ldoshni ishdan chiqarishi mumkinligini aytgandi.
Isroil armiyasi shu kuzda Iron Beam (Temir nur) lazer tiziminining ilk qismini buyurtma qildi. U 2025 yil oxixiriga qadar harbiylar qo‘liga borib tushishi kerak. Ushbu zenit tizimi bir necha yuz metrdan bir necha kilometrgacha bo‘lgan kichik hajmdagi nishonni yo‘q qilishi mumkin.
Janubiy Koreya va Yaponiya dron hamda raketalarga qarshi o‘zlarining lazer tizimlarini allaqachon namoyish qilishgan.
Britaniya o‘zining DragonFire lazer tizimini 2027 yili harbiylarga yetkazib berishni maqsad qilgan. Gap 55 kVT quvvatga ega nurli lazer tizim haqida bormoqda. U 37 ta alohida kanaldan mo‘ljalga oladi. U bir chaqirimlik masofadagi metallni kuydirishi mumkin.
2024 yilning bahorida Britaniya hukumati DragonFire namunalarini jangovar sharoitlarda sinab ko‘rish uchun Ukrainaga berish ehtimoli borligi haqida aytgandi.
Ukraina lazer quroli nimalarga qodir?
Ukraina jangovar lazerining turi, xususiyati va ishlab chiqaruvchisi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Polkovnik Suxarevskiy o‘z bayonotida "Trizub" ikki chaqirim masofadagi samolyotlarni urib tushirishi mumkinligini aytdi.
Bu juda katta ko‘rsatgich. Britaniyaning DragonFire bir kilometr uzoqlikdagi nishonni urishi mumkin. Isroilning Iron Beam i ikki barobar ko‘proq masofadagini uradi, lazerining quvvati 100 kilovatt, britaniyaliklarniki esa 55.
Agar ukrainlarning "Trizub"i rostdan ham samolyotni urib tushira olsa, unda mo‘ljalga olish tizimi bor va harakatlanayotgan nishonga moslashishi mumkin. DragonFire bir kilometrlik uzoqlikdagi nishonni 23 mm.lik aniqlik bilan mo‘ljalga olishi mumkin.
Suxarevskiyning gaplaridan Ukraina qisqa vaqtning ichida samarali jangavor lazer quroli yasagani kelib chiqmoqda. Shu bilan birga uni axboriy jimlik sharoitida yaratishgan.
Qurollar bo‘yicha ukrainalik tahlilchi va "Ukraina mudofaa sanoati" kontsernining sobiq xodimi Oleg Katkov BBC bilan suhbatda shunday bo‘lishi mumkinligini aytdi.
Katkov bir necha dalillar keltiradi. Ularning eng birinchisi: so‘nggi yarim asrda lazer qurol yasash uchun ehtiyot qismlar va texnologiyani topish oson va qo‘l yetadigan bo‘lib qoldi.
Uning fikricha, shuning uchun Ukraina harbiylari, shuningdek, xususiy sektor ham jangovar lazer tizimi namunasini ishlab chiqqan bo‘lish ehtimoli bor.
"Ukraina mudofaasi 2022 yilgacha "
"Ukraina mudofaa sanoati 2022 yilgacha va hozir qanday ko‘rinishda bo‘lganligi o‘rtasida tafovut mavjud. Agar Ukrainada lazer qurollarini ishlab chiqish davlat ijorasi emas, balki qandaydir xususiy startapning tashabbusi va natijasi ekanligi ma’lum bo‘lsa, men hayron bo‘lmayman", - deydi Katkov.
Ammo bu qurollar qanchalik samarali degan savolga kelsak, Katkov eslatganidek, bu juda murakkab savol va javobi ko‘plab omillarga bog‘liq. Gap lazer nurini shakllantirish, uni kerakli masofaga yo‘naltirish va harakatlanayotgan nishonni mo‘ljalga olish texnologiyasini tanlash haqida bormoqda. Bundan tashqari, ob-havo sharoitlariga ham katta bog‘liqlik bor.
"Ko‘pgina mamlakatlarda sinov bosqichida lazer qurollari mavjud. Ammo ehtiyot bo‘lish uchun bir qator sabablar bor, jumladan, hali hech kim uni haqiqiy sharoitda sinab ko‘rmagan. Endi davlatlar buni amalda qanday qo‘llash ustida bosh qotirishmoqda", — deydi tahlilchi.
Uning fikricha, agar "Trizub" shunchaki eksperimental model emas, balki u jangovar sharoitlarda yuqori samaradorlikka ega seriyali mahsulotga aylansa, bu haqiqiy inqilob bo‘ladi.
Ammo hozircha bu haqda gapirishga erta.