You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
AQSh, Xitoy va Rossiya raqobatda: 'Kuch, zo‘rlik va qudratga asoslangan' dunyoda qaysi biri hukmronlik qiladi?
- Author, Entoni Surker
- Role, Shimoliy Amerika bo‘yicha muxbir
- O'qilish vaqti: 7 daq
Dunyoning bu uch global yadroviy qudrati nafaqat qo‘shni, balki uzoqdagi davlatlarga ham ta’sir o‘tkazish uchun harbiy, iqtisodiy va siyosiy vositalardan qanday foydalanmoqda - BBC tahlili.
"Amerikaning G‘arbiy yarimshardagi hukmronligi endi hech qachon shubha ostiga olinmaydi", deya e’lon qildi prezident Donald Tramp Venesuela rahbari Nikolas Maduro qo‘lga olinganidan so‘ng.
U tomonda Tramp Vashingtonning qudratini ta’kidlab turganda, bu tomonda Xitoy va Rossiya o‘z ta’sir doiralarini mustahkamlash va kengaytirishga intilmoqda.
Ko‘plab tahlilchilar fikricha, uchala davlat Yevropa va boshqa mintaqaviy kuchlarga ta’sir ko‘rsatadigan yangi global tartib o‘rnatishga harakat qilmoqda.
Quyida AQSh, Xitoy va Rossiya nafaqat qo‘shni, balki uzoqdagi davlatlarga ham ta’sir o‘tkazish uchun harbiy, iqtisodiy va siyosiy vositalardan qanday foydalanayotganini tahlil qilamiz.
"Kuch bilan boshqariladigan" dunyo
Tramp ma’muriyati davrida Qo‘shma Shtatlar g‘arbiy yarimsharga e’tibor qaratgan holda o‘z tashqi siyosati va milliy xavfsizlik strategiyalarini qayta belgilamoqda.
Bu har ikki partiyadan saylangan oxirgi prezidentlarning AQSh qudrati va nufuziga nisbatan global yondashuvidan sezilarli farq qiladi.
Tramp ma’muriyati vakillari ta’kidlashicha, bu Amerika fuqarolari hayotiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan immigratsiya, jinoyatchilik va giyohvand moddalar savdosi kabi masalalarga urg‘u beradigan "Avvalo Amerika" tashqi siyosatining amaliy ifodasidir.
Trampning yuqori lavozimli maslahatchisi Stiven Millerning "kuch bilan, zo‘rlik bilan idora qilinadigan, qudrat bilan boshqariladigan" dunyo haqidagi so‘nggi fikrlari Henri Kissinjer va Richard Niksonning 1960-1970-yillardagi pragmatik, g‘ayriidealistik tashqi siyosatini yodga solishi mumkin. Biroq, yaqqol o‘xshashlik XX asr boshida prezidentlar Uilyam Mak-Kinli va Teddi Ruzveltning Amerika imperiyasini qurish borasidagi sa’y-harakatlarida ko‘rinadi.
G‘arbiy yarimshar Yevropa aralashuvidan xoli bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi 1823 yilgi "Monro doktrinasi"ni rivojlantirib, Ruzvelt AQSh Amerikaning barcha qit’alarini nazorat qilish va xavfsizligini ta’minlashda faol rol o‘ynashi kerakligini ta’kidlagan edi.
AQSh o‘sha davrda Venesuela va Dominikan Respublikasi kabi davlatlarga moliyaviy yordam ko‘rsatgan, Haiti va Nikaraguaga o‘z askarlarini yuborgan edi.
Donald Tramp ikkinchi muddati boshidan beri AQShning bevosita geografik mintaqasidagi hududlar va muammolarga katta qiziqish bildirmoqda.
Uning Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish bo‘yicha harbiy operatsiyasi buning yorqin misolidir. Bu esa AQShning Karib dengizida narkotijorat bilan shug‘ullangan kemalarga zarbalari, Lotin Amerikasi davlatlariga bosim o‘tkazish uchun tarif choralari, milliy saylovlarda ma’lum nomzodlar va partiyalarni qo‘llab-quvvatlashlar hamda Panama kanali, Grenlandiya va butun Kanadani qo‘shib olishga chaqiriqlar ortidan yuz berdi.
"Qo‘shma Shtatlar bizning xavfsizligimiz va farovonligimiz sharti sifatida g‘arbiy yarimsharda ustun bo‘lishi shart – bu bizga mintaqada qaerda va qachon kerak bo‘lsa, o‘z irodamizni ishonch bilan namoyon etish imkonini beradi", deyiladi Oq uyning yaqinda e’lon qilingan Milliy xavfsizlik strategiyasida.
Ushbu yangi strategiya xorijiy kuchlarning, ayniqsa, Xitoyning Amerikaning mintaqaviy qo‘shnilariga ta’sir o‘tkazishga urinishlarini rad etadi. Aynan shu yerda Amerikaning yarimshar ta’sir doirasiga bo‘lgan yangi e’tibori global siyosiy muammolarga duch kelishi mumkin.
Bundan tashqari, Tramp butun dunyo bo‘ylab tinchlik kelishuvlarini tuzishga qiziqmoqda, Saudiya Arabistoni, Qatar va Birlashgan Arab Amirliklari kabi arab davlatlari bilan iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
U va uning yaqin maslahatchilari, shu jumladan, Miller AQSh G‘arb tamaddunini uning madaniyati va an’analarini yo‘q qilishga urinayotganlardan himoya qiluvchi kuch ekanligini ta’kidlagan edi.
Bularning bari shuni ko‘rsatadiki, Amerika tashqi siyosatining strategik asoslari "Avvalo Amerika" tamoyiliga tayangan bo‘lsa-da, Trampning shaxsiy qarashlari va manfaatlari AQShning xalqaro kun tartibini belgilashda davom etaveradi.
Amerikaning 250 yillik tarixi davomida uning tashqi siyosati izolyatsionizmdan tashqi aralashuvlargacha, idealizm va pragmatizmning turlicha uyg‘unligiga o‘zgarib turgan – bularning barchasi Amerikaning harbiy qudrati, xalq va uning rahbarlari manfaatlariga bog‘liq bo‘lgan.
Trampning ikkinchi prezidentligi davrida vaziyat sezilarli o‘zgarayotganga o‘xshasa-da, uzoq muddatli istiqbolda Amerika tashqi siyosatidagi bu davriy o‘zgarishlar va siljishlar tugaganini ko‘rsatuvchi hech qanday dalil yo‘q.
AQSh: Tramp to‘xtamaydimi - qo‘rquv va xavotirlar kuchaydi - quyida ilova qilingan linkimizni bosib, videosini ham tomosha qiling.
Xitoyning "buyuk tiklanishi"
Xitoyning global ta’siri faqat biror "soha" yoki mintaqa bilan cheklanmaydi. Pekin hozirda Tinch okeani janubidan Janubiy va Markaziy Osiyogacha, kengroq Yaqin Sharq, Lotin Amerikasi va ular orasidagi hududlargacha, dunyoning har bir burchagida o‘z mavjudligini his qildirmoqda.
Global hukmronlikka intilishda Xitoy o‘zining asosiy mahorati – ishlab chiqarishdan foydalandi. Dunyoda ishlab chiqariladigan barcha tovarlarning deyarli uchdan bir qismi Xitoyda tayyorlanadi – cho‘ntaklarimizdagi gadjetlar, garderobimizdagi kiyimlar va hatto televizor ko‘rib o‘tirganimiz kursilarimizgacha shular jumlasidandir.
Pekin dunyodagi noyob yer minerallari zaxirasining eng katta ulushiga ega bo‘lish uchun qulay imkoniyatlarga ega. Bu elementlar smartfonlar, elektromobillar, shamol turbinalari va harbiy qurollar kabi texnologiyalarni ishlab chiqarish uchun zarur.
Xitoy dunyodagi noyob yer minerallarining 90 foizini qayta ishlaydi va yaqinda bu ustunligidan Donald Trampga qarshi foydalandi – o‘tgan yilgi AQSh bilan bo‘lgan savdo urushi paytida eksportni cheklab qo‘ydi. Ehtimol, Vashingtonning Grenlandiya va boshqa joylardagi foydali qazilmalarni izlashi shu bilan bog‘liqdir. Ikki davlat resurslar uchun raqobatlashayotgan ko‘rinadi.
Bu 2000 yilda AQSh hukmronlik qilgan dunyoda ikkinchi darajali o‘yinchi bo‘lgan Xitoy Xalq Respublikasi uchun katta o‘zgarish. 2026 yilga kelib, Prezident Si Szinpin o‘sib borayotgan armiya qo‘llab-quvvatlaydigan, savdo, texnologiyalar va investitsiyalar orqali ta’sir ko‘rsatadigan global yetakchiga aylandi.
Xitoyning qashshoq mamlakatlardan biridan yirik sanoat va texnologik kuchga aylanishi ko‘plab rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga o‘xshaydi. Ular buni g‘arblashuvsiz modernizatsiya deb bilishadi – bunda davlatlar G‘arb siyosiy andazalari yoki tashqi siyosat yo‘nalishlarini qabul qilmasdan ham iqtisodiy o‘sishga erishishi mumkin.
Bu samarali strategiya bo‘lib chiqdi. 2001 yilda davlatlarning 80 foizdan ortig‘i Xitoyga qaraganda AQSh bilan ikki tomonlama savdo qilardi. Hozir esa dunyo mamlakatlarining 70 foizga yaqini Amerikaga qaraganda Xitoy bilan ko‘proq savdo-sotiq qiladi.
Pekin, shuningdek, rivojlanishga e’tibor qaratdi va "Bir makon, bir yo‘l" tashabbusi doirasida rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga katta sarmoya kiritdi. Bu Osiyo, Yevropa va Afrikani quruqlik va dengiz yo‘llari orqali bog‘lashga qaratilgan ulkan global infratuzilma loyihasi bo‘lib, portlar, temir yo‘llar, avtomobil yo‘llari va energetika loyihalariga Xitoyning keng ko‘lamli sarmoyalari jalb qilinadi.
Bu bir qator davlatlarning Pekindan qarzdor bo‘lib qolishiga olib keldi.
Donald Trampning Venesueladagi operatsiyasidan keyin eng katta savollardan biri shu: Xitoy ham Tayvanga bostirib kirib, AQShdek yo‘l tutarmikan? Ammo Xitoy Tayvan masalasini o‘z ichki ishi – bir kun kelib qaytariladigan ajralib chiqqan viloyat sifatida ko‘radi.
Agar janob Si orolga bostirib kirishga qaror qilsa, bu AQSh pretsedent yaratgani uchun emas. Ko‘pchilik tahlilchilar fikricha, Xitoy Tayvan xalqini muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash maqsadida holdan toydirguncha majburlash strategiyasini davom ettiradi.
Si Szinpinning maqsadi har doim Xitoy millatining "buyuk tiklanishi" bo‘lgan. O‘tgan yilgi harbiy paradda u o‘z qo‘shinlariga qaragan ayvonda turib, Xitoyning yuksalishini "to‘xtatib bo‘lmasligini" aytdi. U Pekinga hurmat bilan qaraydigan va undan hayratlanadigan dunyoni xohlaydi va Donald Tramp davridagi hozirgi global beqarorlikni "o‘zgarish" davri sifatida talqin qiladi.
U buni imkoniyat deb biladi. Uning fikricha, dunyo chorrahada turibdi va u Xitoy yo‘lboshchilik qilish uchun eng qulay vaziyatda ekaniga ishonadi.
Rossiyaning "yaqin xoriji"
Vladimir Putin Sovet Ittifoqining parchalanishini "XX asrning eng katta geosiyosiy halokati" deb atagani mashhur.
Bu uning ruslar ko‘pincha "yaqin xorij" deb ataydigan, 1990-yillarda mustaqillikka erishgan sobiq Sovet respublikalari haqidagi qarashlarini tushunishga yordam beradi.
Ko‘pchilik uchun bu atama ularning "uzoq xorijdagi" davlatlarga qaraganda mustaqil davlat bo‘lishga kamroq huquqi borligini anglatadi.
Kreml mafkurasining asosini tashkil etuvchi ushbu fikrga ko‘ra, Rossiya bu mamlakatlarda qonuniy manfaatlarga ega va ularni himoya qilishga haqli.
Uning ta’sir doirasi chegaralari aniq emas va Kreml uning chegaralari qaerda joylashganini atay noaniq qoldirgan.
Prezident Putin bir paytlar "Rossiya chegaralari hech qachon tugamaydi" degan edi va uning kengayish siyosatining ba’zi tarafdorlariga ko‘ra, Rossiyaning ta’sir doirasiga tarixan Rossiya imperiyasiga tegishli bo‘lgan barcha yerlar, hatto undan ham ko‘proq hududlar kiradi. Moskva Ukrainaning anneksiya qilingan hududlarini "tarixiy hududlar" deb atashi sabablaridan biri ham shu.
Kreml sobiq Sovet respublikalari va "manfaatlari bor" degan boshqa davlatlar suverenitetini qog‘ozdagina hurmat qiladi. Biroq, amalda u sobiq ittifoqdosh davlatlarga nisbatan iqtisodiy va harbiy bosim o‘tkazish tajribasiga ega, zero ular ham Rossiya ta’sir doirasidan chiqishga urina boshlagan.
Ukraina buni qiyin yo‘l bilan o‘rgandi. SSSR parchalanganidan keyin o‘n yildan ortiq vaqt davomida uning hukumati Kreml maqsadlariga ko‘p jihatdan mos keladigan siyosat olib bordi va Qrimda, Qora dengizda Rossiyaning yirik harbiy-dengiz bazasini joylashtirdi.
Ukraina islohotchi g‘arbparast prezident Viktor Yushenkoni saylagunga qadar Kreml munosabatlardan mamnun edi. Uning davrida Rossiya 2006 va 2009 yillarda gaz yetkazib berishni ikki marta to‘xtatib qo‘ydi.
Iqtisodiy bosim va siyosiy aralashuvlar natija bermagach, Rossiya 2014 yilda Qrimga bostirib kirib, mintaqani o‘z nazoratiga oldi va 2022 yilda Ukrainaga keng ko‘lamli hujum boshladi.
Xuddi shunday, Rossiya 2008 yilda islohotchi prezident Mixail Saakashvili boshchiligidagi Gruziyaga qarshi urush ochdi. Bu Gruziya hududining taxminan 20 foizi ustidan Rossiya nazoratini mustahkamladi va kengaytirdi. O‘shandan beri Rossiya qo‘shinlari Gruziya hududiga chegara ustunlari va tikanli simlarni tobora chuqurroq surib bormoqda. Bu amaliyotni mahalliy aholi "o‘rmalovchi ishg‘ol", deb ataydi.
Rossiyaning 2008 yilda Gruziyaga va 2014 yilda Ukrainaga bostirib kirishiga G‘arb tomonidan jiddiy javob berilmagani Putinning "yaqin xorij" o‘ziniki degan ishonchini yanada mustahkamladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Ukraina va Gruziya Moskvaning siyosiy hukmronligiga qarshilik ko‘rsatib, harbiy hujumga duchor bo‘lgan bo‘lsa-da, ba’zi sobiq ittifoq respublikalari Rossiya bilan hamohang qolaverdi. Ulardan beshtasi – Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Armaniston hukumatlari hamon o‘z hududlarida Rossiya qo‘shinlarini saqlab kelmoqda.
Ukraina va Gruziya uchun muammolar ular demokratik islohotlarni amalga oshirib, G‘arb bilan yaqinroq aloqalarni rivojlantirish orqali Rossiyaning ta’sir doirasidan chiqishga uringan hukumatlarni saylagach boshlandi.
Keyingi voqealar mutlaqo yangi emas edi. Tarix o‘z manfaatlarini himoya qilish va etnik ozchilikni himoya qilish bahonasida boshlangan urushlar bilan to‘la.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng va Sovuq urushdan keyin jahon hamjamiyatini, davlatlarning kattaligi va harbiy salohiyatidan qat’i nazar, tenglar hamjamiyatiga aylantirish uchun ko‘p kuch sarflandi. Ammo ta’sir doiralarini qayta tiklash g‘oyasi barchamizni o‘tmishdagi ancha qorong‘i davrga qaytarishi mumkin.