You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
O‘zbekiston. Birinchi mushtdan 102 gacha: Zo‘ravonlikda yashayotgan ayollar himoya borligidan xabardormi? Video
Uzoq muddat oilaviy zo‘ravonlikka uchrab kelgan ayollarning dardini eshitganingizda siniq ovozidan bu zo‘ravonlik ularni nafaqat jismonan, balki ruhan ham ezib kelganini bilasiz.
Reabilitatsiya markazida biz suhbatlashgan Malika ham bundan mustasno emas. Oliy ma’lumotli bo‘lishiga qaramay, farzandlari va oilasiga g‘amxo‘rlik qilishni tanlab, uy bekasi bo‘lgan Malika 10 yil davomida - hatto homiladorlik davrida ham, eridan kaltak yeb kelgan. Farzandlari ham ushbu jismoniy zo‘ravonlikdan "nasiba" ola boshlaganlaridan so‘ng, Malika nihoyat 102 ga qo‘ng‘iroq qilishga qaror qiladi.
Unga birinchi yordam ko‘rsatilgach, ijtimoiy xodimlar tomonidan yo uyga qaytish yoki farzandlari bilan reabilitatsiya markaziga joylashish tanlovi beriladi. U reabilitatsiya markazini tanlaydi va bundan hech afsusda emas.
Mavzu tahlili "Diqqat, BBC" dasturining bu haftalik sonida - videoni tomosha qilish uchun ilova qilingan linkimizni bosing:
Oilaviy zo‘ravonlik nima?
Oilaviy zo‘ravonlik nafaqat patriarxal jamiyatlar balki butun dunyoda jiddiy ijtimoiy muammolardan biri hisoblanadi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning global miqyosdagi zarari mamlakat YaIMning 2 foizigacha yetishi mumkin. Bunda turmush o‘rtog‘i tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik asosiy qismni tashkil etadi.
Yevropa Ittifoqida gender asosidagi zo‘ravonlik xarajatlari yiliga 366 milliard yevro deb baholangan bo‘lib, shundan taxminan yarmi (174 milliard yevro) aynan turmush o‘rtog‘i tomonidan sodir etilgan zo‘ravonlik hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu xotin-qizlarga nisbatan jismoniy, ruhiy, jinsiy yoki iqtisodiy ta’sir o‘tkazish, shuningdek, bunday choralar bilan tahdid qilish orqali ularning hayoti, sog‘lig‘i, jinsiy daxlsizligi, sha’ni va qadr-qimmatiga tajovuz qiladigan g‘ayrihuquqiy harakatdir.
Aslida ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zo‘ravonlikka qarshi ham qonuniy himoya mavjud bo‘lsa-da, ko‘p ayollar faqat hayotiga xavf tug‘ilgandagina huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilishadi.
Nega ayollar zo‘ravon munosabatlarda qolishadi?
Psixologlarning ta’kidlashicha, bu savolning javobi biz o‘ylagandan ancha murakkab. Psixolog Lola Yusupovaning fikricha, asosiy muammo — ayollarning uyat hissi sababli haqiqiy vaziyatni yashirishidir. Bizning jamiyatda oilaviy muammolarni ko‘chaga olib chiqish ko‘p hollarda qoralanadi. Hatto jabrlangan ayolning yaqinlari ham uni "chidashga" undashadi.
Ko‘pgina ayollar o‘zlariga nisbatan bo‘layotgan munosabatni zo‘ravonlik deb ham bilishmaydi, balki "normal turmush" deb qabul qilishadi. Shu sababli ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirish va ularga o‘z huquqlarini tushuntirish juda muhimdir.
Qonunchilikdagi o‘zgarishlar
Tarixan ko‘plab mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham oilaviy zo‘ravonlik jinoiy ish emas, balki "shaxsiy masala" sifatida ko‘rilgan. Hatto Yevropada ham bu holat faqat o‘tgan asrning ikkinchi yarmidagina inson huquqlarining buzilishi sifatida talqin qilina boshlandi.
2023 yilda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga 126-1-modda (Oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) kiritilib, bu holat jinoyat sifatida belgilandi. Ekspert Abdurahmon Tashanovning ta’kidlashicha, bu masalani nazoratga olishda Saida Mirziyoyevaning tashabbuslari muhim ahamiyat ega.
Biroq muammolar hali ham mavjud. Masalan ayollarni o‘z joniga qasd qilish darajasiga olib kelganlarni (103-modda) jazoga tortish qiyinligicha qolmoqda, chunki dalillarni yig‘ish mexanizmi mukammal emas. Shuningdek, "oilani saqlab qolish" haqidagi yuqoridan beriladigan buyruqlar ham ayollarni zo‘ravon munosabatlarda qolishga majbur qilmoqda.
Katta va markazlashgan shaharlarda ayollarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan harakatlar faol bo‘lishi mumkin. Lekin chekka hududlarda bu ancha oqsaydi. Ayollar hatto zo‘ravonlikka uchraganda kimga va qanday murojaat qilishni ham bilishmaydi. Oila a’zolariga murojaat qilishadi, ulardan esa "chida" degan gapni eshitishadi. Jamiyatdagi bu boradagi qotib qolgan qarashlar ham ayollar o‘zlarining qonuniy huquqlaridan foydalanishlariga to‘siq bo‘ladi deydi Tashanov.
Militsiyadan oldin zo‘ravonlikni kim biladi?
Buyuk Britaniyadagi ijtimoiy himoya tizimini kuzatar ekanmiz, diqqatimizni bir muhim jihat tortdi: oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashda oddiy xalqni tushunarli tilda xabardor qilish ishlari juda tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Ayollar tez-tez tashrif buyuradigan maskanlar — poliklinika, dorixona, kutubxona va bolalar o‘yingohlarida oilaviy zo‘ravonlik haqida tushuncha beruvchi posterlar, oddiy va lo‘nda tushuntirilgan varaqa va rasmlar uchraydi.
Dastlab bu manzarani ko‘rib, ushbu davlatda oilaviy zo‘ravonlik haddan tashqari avj olgan ekan, degan xayolga borish mumkin. Biroq tizim bilan yaqindan tanishish jarayonida - xoh shifokor qabulida bo‘lsin, xoh homilador ayollarni kuzatish jarayonida - mutaxassislar oilaviy sharoit va turmush o‘rtoqning munosabati haqida juda ehtiyotkorlik bilan so‘rov o‘tkazishlariga guvoh bo‘ldik. Bundan anglashiladiki, Britaniyada oilaviy zo‘ravonlik masalasi qattiq nazorat ostida. Agar ayol kishi o‘zini himoya qilishga kuch topa olmasa, demak, unga yordam beradigan va uning taqdiriga befarq bo‘lmagan jamiyat borligini his qiladi.
Bu jarayonlarni kuzatish asnosida xayolimizdan O‘zbekistondagi voqelik o‘tdi. Bu yondashuv O‘zbekistondagi holat bilan taqqoslanganda yanada yaqqol ko‘rinadi. O‘zbekistonda ayollar, odatda, «hozir militsiya chaqirmasam, bu safar o‘ldirib qo‘yadi» degan so‘nggi nuqtaga kelmaguncha hech qayerga murojaat qilishmaydi. Atrofdagilar ham toki jiddiy xavf tug‘ilmaguncha «birovning oilasi» qabilida ish tutib, vaziyatga aralashishdan tiyiladilar. Vaholanki, ayolni o‘sha so‘nggi chorasizlik nuqtasiga yetib borguncha ham himoya qilish, fojialarning oldini olish uchun ko‘p narsa qilish mumkinligi ayon bo‘ldi.
"To‘rt devor orasida" qolsinmi?
Buyuk Britaniyada ayollarga, bolalarga yoki himoyaga muhtoj boshqa qatlam vakillariga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik alomatlarini payqagan har qanday shaxs tegishli organlarga xabar berish huquqiga ega. Agar bunday belgilarni o‘z xizmat vazifasini bajarish davomida shifokor, hamshira, o‘qituvchi yoki politsiya xodimi ko‘rib turib, befarqlik qilsa va mutasaddi idoralarni ogohlantirmasa, ular qonun oldida javobgarlikka tortiladi.
O‘zbekiston Ijtimoiy himoya milliy agentligi nizomida ham zo‘ravonlikning oldini olishga doir alohida bandlar mavjud. Biroq bu tizim amalda qanday ishlamoqda? Voqea ichki ishlar organlariga - militsiyaga yetib borgunga qadar, ayolning zo‘ravonlik muhitida yashayotganini kim aniqlashi kerak va bu qanday tekshiriladi? Bu savollarga ayollar huquqlari bo‘yicha faol Gulnoz Mamarasulova javob berdi.
Gulnoz Mamarasulovaning ta’kidlashicha, bu vazifa bilan bevosita mahalla tashkilotlari shug‘ullanishi belgilangan. Biroq ekspert o‘z tajribasidan kelib chiqib, tizimdagi jiddiy muammoni ochiqladi: Afsuski, bu tashkilotlarda zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan to‘g‘ri ishlash ko‘nikmasi yetishmaydi, - deydi Gulnoz Mamarasulova.
Ular ko‘pincha bor mas’uliyatni jabrlangan ayolning zimmasiga yuklab, uning o‘zini aybdor qilib ko‘rsatishga urinadilar. Bunday yondashuv esa, aslida, jabrlanuvchiga nisbatan qilinayotgan navbatdagi ruhiy zo‘ravonlikning o‘zginasidir.
Shuningdek, suhbatdoshimizning qayd etishicha, tizimdagi bunday kamchiliklar ayollarni himoya izlab murojaat qilishdan to‘xtatib qo‘yuvchi asosiy to‘siqlardan biri bo‘lib qolmoqda.
- Oila shifokorlari jabrlangan ayollarni aniqlash va ular bilan muloqot qilish bo‘yicha yetarli tayyorgarlikdan o‘tishmagan. Amaliyotda shunday hollar bo‘lganki, ayol tanasidagi jarohat izlari bilan boshqa bir sog‘liq muammosi bo‘yicha poliklinikaga chiqqanida, shifokor bu izlar zo‘ravonlik oqibati ekanini tushunib tursa-da, muammoni o‘rganmagan yoki tegishli joyga xabar bermagan.
Bizni yana bir jihat qiziqtirdi: O‘zbekistonda himoya orderi olish yoki reabilitatsiya markazlariga murojaat qilish tartibi ayollar uchun sodda va tushunarli tilda bayon etilganmi? Masalan, Britaniya tajribasidagi kabi, ayollar gavjum bo‘ladigan joylarda bu haqda ma’lumot beruvchi rasmli qo‘llanmalar va ko‘zga tashlanadigan posterlar mavjudmi yoki yo‘qmi — shu haqda ham suhbatdoshimizdan so‘radik.
Gulnoz Mamarasulova bu boradagi ahvol hali qoniqarli emasligini aniq raqamlar bilan asoslab berdi: Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalari ancha xavotirli, - deydi ekspert.
So‘rovda ishtirok etgan 1000 nafar ayolning 42 foizi himoya orderi olish bo‘yicha qonuniy huquqlari borligini umuman bilishmagan. Bu raqamlarning o‘ziyoq jamiyatda ma’lumot berish tizimi oqsayotganidan dalolat beradi.
Gulnoz Mamarasulovaning nazarida, ayollar uchun oson va tushunarli qo‘llanmalar yetarli emas. Ma’lumotlarni hatto ma’lumoti yoki savodi past bo‘lgan qatlam vakillari ham bir qarashda anglay oladigan sodda infografikalar shaklida taqdim etish zarur. Bu borada hali qilinadigan ishlar, afsuski, juda ko‘p, - deydi ekspert.
Malika taqdiri
Bugungi kunda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan reabilitatsiya markazlari va bir nechta ayollar boshpanalari og‘ir vaziyatga tushib qolgan ayollarga nafaqat boshpana, balki yangi hayot boshlash uchun imkoniyat taqdim etmoqda. Bu maskanlar kundalik oilaviy zo‘ravonlik doirasida yashashga majbur bo‘lgan ayollar uchun najot qal’asi bo‘lib, ularga ruhiy taskin va vaqtinchalik barqarorlik beradi.
Malika ortda qolgan azobli kunlardan so‘ng, uning nafaqat o‘zini o‘nglab olishi, balki yana mehnat qilish, kasbiga qaytish va jamiyatda o‘z o‘rnini topish haqidagi rejalari kishida kelajakka katta umid uyg‘otadi.