O‘zbekiston: taftish.uz ishida aybsizlik prezumptsiyasi, Duginga O‘zbekiston munosabati, qurilishlarda ortgan baxtsiz hodisalar

    • Author, Bi-bi-si yangiliklar bo‘limi
  • O'qilish vaqti: 8 daq

O‘zbekiston hukumati xalqaro reytinglardagi imidjini yaxshilashga jon-jahdi bilan tirishayotgan bir vaqtda taftish.uz sayti xodimlarining hibsga olinishi O‘zbekiston huquq-tartibot organlarining o‘zi mamlakat Konstitutsiyasini buzayotganlari hodisasi sifatida o‘rtaga chiqdi: nega sudda aybdorligi isbotlanmagan O‘zbekiston fuqarosining aybsizlik prezumptsiyasi huquqi ta’minlanmayapti?

O‘zbekiston ommaviy axborot vositalari 16 yanvar kuni taftish.uz Internet nashrining xodimlari 1988 yilda tug‘ilgan G‘ayrat Aberaev, 1992 yili tug‘ilgan Azizjon Yuldashev, 2000 yili tug‘ilgan Sardor Hamidov, 2006 yili tug‘ilgan Marjona Eshquvvatova, 1998 yili tug‘ilgaan Dilshod Nishonov hibsga olinganlari xabarini tarqatdilar.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi xabar qilishicha, jurnalistlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 139-bandi (Tuhmat), 168-moddasi (Firibgarlik), 165-bandi (Tovlamachilik), 244−6-bandi (Yolg‘on axborot tarqatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar vazirligi hibs qilingan jurnalistlarni aybdor emas, gumonlanuvchilar deb ataydi, ular protsessual tartibda ushlanganini xabar qiladi.

Internetda qo‘lga olingan jurnalistlarning go‘yoki aybdor ekanliklari isbot-dalili deb tushunilishi maqsad qilingan videolar tarqaldi, "Taftish.uz bo‘yicha hatto bir nechta filmlar ishlab ham tashlashdi", deb yozdi jurnalist Anora Sodiq.

"Konstitutsiyada kafolatgangan aybsizlik prezumptsiyasini nima qilamiz?", deb savol qo‘ydi Jalilov.Qaydlar Telegram blogi.

"... Shu filmlardan birini tasodifan ko‘rib qoldim. Filmda gumonlanuvchilar ochiqdan-ochiq "jinoiy guruh a’zolari" deyilyapti va "jinoiy faoliyatini daromad manbayiga aylantirib olgani" haqida "hukm" o‘qilyapti.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra (28-modda):

Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.

Bu - aybsizlik prezumpiyasi deyiladi va bazaviy (asosiy) inson huquqlaridan biri hisoblanadi. Eng jirkanch jinoyatni sodir etishda aylanayotgan shaxs ham, uning aybi sudda o‘z isbotini topib, sudning hukmi qonuniy kuchga kirmaguncha aybsiz hisoblanadi. Hukmni esa faqat sud chiqaradi, ichki ishlar yoki prokuratura yoki boshqa organ emas. Bu mantiqdan kelib chiqsak, hali sud aybdor deb hukm chiqarmagan shaxslarni ommaga "jinoyatchi" yoki "jinoiy guruh a’zosi" deb e’lon qilish - Konstitutsiyadagi aybsizlik prezumptsiyasining buzilishi, chunki "jinoyatchi" - bu shunchali salbiy ma’no tashuvchi so‘z emas, yuridik termin. Va eng yomoni - qonunni aynan fuqarolarni qonuniy himoya qilishi kerak bo‘lgan organ buzayotgani.

Bir narsani unutmaslik kerak: agar bugun kimgadir nisbatan qonun (bo‘lib ham oliy yuridik kuchga ega Konstitutsiya) ishlamayotgani, buzilganini olqishlasak yoki jim qarab tursak, o‘sha Konstitutsiya yoki qonun ertaga bizni ham himoya qilishiga kafolat yo‘q", deb yozdi Jalilov.Qaydlar blogi.

Tramp Putinga sobiq SSSRni "berib qo‘ydi"mi?

Tramp hokimiyatga kelganidan keyin xalqaro qonunchilikni tan olmaydi, "dunyoning mana bu qismi meniki", "sobiq SSSR yerlari Rossiyaniki, shuning uchun u yerlarda "xo‘jayinlikni Putinga beradi", degan bashoratlar to‘g‘ri chiqayotganga o‘xshaydimi?

Kreml propagandachisi, teleboshlovchi Vladimir Solovyovning «Markaziy Osiyoga nisbatan «SVO» boshlash» haqidagi tahdidli chiqishidan so‘ng hovurlar bosilmay, «Rus dunyosi»ning mafkurachisi Aleksandr Dugin «...biz suveren Armaniston yoki suveren Gurjiston yoki suveren Ozarbayjon, suveren Qozog‘iston, suveren O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistonning mavjudligiga rozi bo‘la olmaymiz...» deb chiqish qildi, deb yozdi Vaqt.uz veb-nashri.

Vladimir Solovyov ham Trampning xalqaro qonunchilikka "tupurib qo‘yib", Grenlandiyani bosib olmoqchi bo‘layotganidan ruhlangan, uning bu chiqishi nafaqat O‘zbekistonda, boshqa qo‘shni mamlakatlarda ham noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Rossiya rahbariyatidan tushuntirish talab qilindi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarova, bu shaxsiy fikr, davlat OAVida emas, o‘zining shaxsiy kanalida bildirilgan fikr, deb bayonot berdi.

Aleksandr Dugin chiqishiga o‘zbekistonlik jurnalist Ilyos Safarov shunday munosabat bildirdi:

"Rossiyalik propagandachilarning ketma-ket chiqishlari tasodif emas, bu individual fikr ham emas — bu juda aniq xavfli, mafkuraviy signal. Kecha Solovyovning Markaziy Osiyoda «maxsus harbiy operatsiya» o‘tkazish haqidagi chaqirig‘i, bugun esa Dugin bergan mana bu bayonot Rossiya siyosiy doiralarida postimperial tafakkur hanuz tirik ekanini yana bir bor isbotlamoqda.

Bunday sharoitda "sodda, yumshoq diplomatiya" ishlamaydi, chunki kuch siyosatini targ‘ib qilayotgan tomon faqat kuchni va qat’iy pozitsiyani tan oladi. Ozarboyjon misolida buni ko‘rdik.

Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat rahbariyati tushunishi kerak: suverenitetimizning ochiq inkor etilishini javobsiz qoldirish xavfsizlik vakuumini yuzaga keltiradi. Doimiy sukut — betaraflik yoki bosiqlik emas, balki zaiflik sifatida qabul qilinadi.

Shu sabab, birinchi va eng tabiiy javob sifatida bunday chaqiriqlar bilan chiqqan shaxslarni "persona non grata" deb e’lon qilishni boshlang. Ortiq kutish mumkin emas.

Ikkinchi bosqichda esa urush va bosqinchilik mafkurasini targ‘ib qilayotgan Rossiya telekanallarini O‘zbekiston hududida bloklash kabi axborot xavfsizligi richaglarini ishga solaylik. Agar bu aniq choralar ham samara bermasa, keyingi bosqichda Markaziy Osiyo davlatlarining birlashgan, jamoaviy va ochiq siyosiy javobi kun tartibiga chiqishi lozim. Yumshoq diplomatiya emas, ongli, printsipial va izchil pozitsiya — mintaqaviy barqarorlikning yagona kafolati bo‘la oladi".

Qurilishlarda halok bo‘lganlarning soni ortib borayapti

O‘zbekiston Bandlik vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakatdagi qurilishlarda mehnat, texnika xavfsizligi bilan bog‘liq vaziyat ayanchli, ro‘y berayotgan baxtsiz hodisalar soni yildan-yilga ortayapti.

"Qurilish ob’ektlarida mehnat xavfsizligini ta’minlash masalasi yildan-yilga keskinlashib bormoqda", deydi Bandlik vazirligi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yili O‘zbekiston qurilishlarida 204 ta mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz ro‘y bergan.

Oqibatda o‘sha yili 71 inson hayotdan ko‘z yumgan.

2025 yili esa vaziyat yanada yomonlashgan.

Qurilishlarda ro‘y ber bergan baxtsiz hodisalarning soni 234 taga yetgan, halok bo‘lgan ishchilar soni 99 nafarni tashkil etgan.

Ya’ni, hodisalar soni ham, o‘lim bilan tugayotgan holatlar ham o‘sish tendentsiyasiga ega.

Bu narsalar qurilishda mehnat xavfsizligi bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjudligini yaqqol ko‘rsatadi.

Baxtsiz hodisalarning aksariyati quyidagi omillar bilan bog‘liq:

- mehnat xavfsizligi talablariga amal qilmaslik;

- ishchilarni shaxsiy himoya vositalari bilan to‘liq ta’minlamaslik;

- qurilish maydonlarida doimiy nazoratning yo‘qligi;

- tashkilot rahbarlarining shaxsiy javobgarlikni his qilmasliklari.

"Eng xavotirli jihat — ko‘plab hodisalar oldindan bashorat qilinadigan, oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ekanligidir.

Ayanchli savol: qurilish tashkilotlari rahbarlari mehnat xavfsizligiga jiddiy munosabatda bo‘lishi uchun yana qancha ishchi halok bo‘lishi kerak?

Nazorat organlari profilaktik ishlarni kuchaytirishi, jiddiy choralar ko‘rish uchun yana qancha oila otadan, o‘g‘ildan, oila boquvchisidan ayrilishi kerak?", deb savol qo‘yadi Bandlik vazirligi.

Vazirlik qurilishlarda profilaktik nazoratni kuchaytirishga, xavfli ob’ektlarni tizimli monitoring qilishga, qonun buzilishlariga nisbatan muqarrar javobgarlikni ta’minlashga, inson hayotiga befarq munosabatda bo‘lgan rahbarlarga qat’iy chora ko‘rishga chaqiradi.

13 yanvar. Retsept bo‘yicha tushunmovchiliklar, "qistir-qistir" vazir ustidan arz va taqiqlangan materiallar ro‘yxati (video)

Qistir-qistirni qabul qilgan vazir ustidan hukumatga shikoyat

Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovning to‘yda qo‘shiq ayta turib qistirilgan pullarni olgani aks etgan videosi ortidan hukumatga so‘rov yuborgani aytiladi.

Agentlikning telegram kanali va saytida bu haqida ma’lumot yo‘q, lekin kun.uz va gazeta.uz so‘rovlariga javob bergan ushbu tashkilot Nazarbekovni intizomiy javobgarlikka tortishni so‘rab hukumatga murojaat qilganini tasdiqlagan.

Antikorruptsiya agentligiga ko‘ra, vazir bilan bog‘liq to‘ydagi holatda davlat xizmati va odob-axloq to‘g‘risidagi qonunchilik normalari buzilgan.

«Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunning 13-moddasi, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 595-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat xizmatchilari odob-axloqi va xulq-atvorining namunaviy qoidalarining 13-bandi davlat xizmatchilarining pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishini taqiqlaydi.

"Bundan tashqari, davlat xizmatchilari ish vaqtida ham, ishdan tashqari vaqtda ham davlat xizmatining obro‘siga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan o‘zini tiyishi, axloq normalariga doimo rioya etishi shart", deyiladi agentlik so‘rovida.

Yil boshida ijtimoiy tarmoqlarda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov to‘yda qo‘shiq ijro etayotgani va unga qistirilgan pullarni qabul qilayotgani aks etgan video tarqaldi.

Skip Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz and continue readingIjtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz

Madaniyat vazirligining matbuot voizi chiqargan bayonotga ko‘ra, ushbu to‘y 2025 yil 25 oktyabr kuni, vazirlik xodimining nikoh to‘yida bo‘lgan. Vazirlik matbuot xizmati rahbari Sirojiddin O‘sarov videoda aks etgan holat qonunchilikka zid emasligini aytgan.

«Videoda vazir Ozodbek Nazarbekovga muxlislar tomonidan pul uzatilgani aks etgan. Shu bilan birga, vazir ushbu holatni oldindan rejalashtirmagani, yuzaga kelgan vaziyatda fuqarolarning xohish-irodasini rad etish ularni omma oldida noqulay ahvolga solib qo‘yishi, kamsitish yoki mensimaslik sifatida noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkinligi inobatga olingan holda, holatga ijobiy munosabat bildirilganini kuzatish mumkin. To‘y marosimlarida xonandalarga pul uzatish yoki uzatmaslik amaldagi qonunchilik bilan taqiqlanmagan bo‘lib, bu holat xalqimiz orasida asrlar davomida shakllangan milliy urf-odat va qadriyatlarning bir qismi hisoblanadi. O‘zbekona an’analarda bunday jarayonlar "orzu-havas" sifatida e’tirof etilib kelinadi», deyiladi matbuot kotibi izohida.

Ozodbek Nazarbekov avval ham yuqori davlat xizmatchisiga qonunan loyiq bo‘lmagan harakatlar, xususan, kiyim do‘koni va universitet reklamalarida ko‘rinish bergan. Vazirlik matbuot xizmati bu reklamalardan moddiy manfaat ko‘zlanmaganini aytgan, ammo qanday manfaat olinganini aniqlashtirmagan. Nazarbekovga bu reklamalar ortidan hukumat tomonidan qandaydir chora ko‘rilgani yo ko‘rilmagani haqida ma’lumot berilmadi.

Elektron retsept bo‘yicha tushunmovchiliklar

Sog‘liqni saqlash vazirligi aholi orasida elektron retsept tizimi bo‘yicha yuzaga kelgan savollarga aniqlik kiritdi.

Uning axborot xizmati ma’lum qilishicha, shu yilning 15 yanvaridan boshlab dorixonalarda antibiotiklar faqat elektron retsept orqali berilishi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqaldi.

Vazirlikka ko‘ra, o‘tgan yilning 15 dekabrida "Elektron retsept" tizimini joriy etishning keyingi bosqichma-bosqich tartibini belgilash bo‘yicha tegishli buyruq qabul qilingan.

Unga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlashni "bosqichma-bosqich" joriy etish belgilangan.

Vazirlikb u allaqachon ishga tushirilganini bildirdi.

«Dastlabki bosqichda antibiotiklar, tizimli ta’sir etuvchi sintetik antibakterial dori vositalari hamda tizimli ta’sir etuvchi gormonal dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash va dorixonalarda elektron retsept asosida berish tartibi belgilangan bo‘lib, hozirda mazkur dori vositalari amalda ushbu tartib asosida elektron retsept orqali berib kelinmoqda», deyiladi uning xabarida.

Ya’ni buyruq Adliya vazirligi tomonidan 2025 yil 15 dekabrda ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lib, ushbu tartib 2026 yilning 15 yanvaridan emas, balki buyruq kuchga kirgan 2025 yil 16 dekabrь sanasidan boshlab amalda ekanligi ma’lum qilindi.

Ammo, BBC bilan suhbatda Toshkent viloyatida yashovchi fuqaroli hanuz dorixonalarda retseptsiz antibiotiklar sotilayotganini bildirdi.

Taqiqlangan materiallar ro‘yxati

O‘zbekistonda internetdagi «diniy ekstremistik, terroristik va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan» deb topilgan manba va materiallar ro‘yxatini e’lon qilindi.

Oliy Sud 10 yanvarь holatiga deya tarqatgan ma’lumotda, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash, saqlash, tarqatish va namoyish etilishi taqiqlangani aytiladi.

Ushbu ro‘yxatdan 1600 ga yaqin kanal, sahifa va materiallar o‘rin olgan.

Xususan, undan Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi 249, Telegram messenjeridagi 790, Instagram`dagi 265, YouTube video platformasidagi 167, Odnoklassiki ijtimoiy tarmog‘idagi 36, TikTok`dagi 53 sahifa va kanallar, hamda veb-saytlar va ijtimoiy tarmoqlardagi audio, video va matn shaklidagi materiallar kiritilgan.

Bu ro‘yxat oxirgi to‘rt oy ichida ikkinchi marta to‘yintirilmoqda. Sentyabrdagi nashrida unga 1400 atrofida materiallar kiritilgandi.

O‘zbekistonda taqiqlangan materiallarga ega bo‘lish aybi bilan jazoga tortilish hollari ko‘p uchraydi. Ba’zi hollarda, materialga ega bo‘lish emas, unga layk bosish ham jinoyat deb topilgan.

O‘tgan yil sentyabrida surxondaryolik fuqaro olti yil avval taqiqlangan materialga «layk» bosgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

U 2019 yilda Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘ida Abdug‘ani Umarov (Abdulloh domla)ning aqidaparastlik g‘oyalari bor deb topilgan ma’ruzasiga «klass» bosish orqali virtual do‘stlariga tarqatgan.

Shov-shuvli ishlardan birida o‘tgan oktyabrda taniqli diniy olim Mubashshir Ahmad (asl ismi - Alisher Tursunov) jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, hamda diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, olib kirish yoki tarqatishda nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib 2,6 yilga qamalgan.