Moda-2026: Bu yil dunyoda qanday kiyimlar, ranglar va bichimlar urf bo‘ladi?

    • Author, Annabel Rakxem
    • Role, Madaniyat muxbiri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Agar yangi yilda bir xildagi uchta kiyimni almashtirib kiyishni to‘xtatishga qaror qilgan bo‘lsangiz (xavotir olmang, sizni tanqid qilmayapman), ayni joyini topdingiz.

Moda taqvimi qanday ishlashini bilganimiz uchun ushbu sanoatning eng zukkolari havo biroz isiganida nimalar kiyishimiz haqida bosh qotirayotganini bilamiz.

Brendlar kelayotgan bahor/yoz mavsumi uchun o‘z dizaynlarini bu yil boshida London, Parij, Milan va Nyu-Yorkdagi ko‘rgazmalarda namoyish etishdi.

Quyida 2026 yilda garderobingizga kiritishingiz mumkin bo‘lgan oltita eng mashhur yo‘nalishni keltiramiz.

Ajralib turing

Biz odatda bahorgi modani mayda gullar, sokin ranglar bilan tasavvur qilamiz, ammo bu mavsumning podiumlari faqat yorqin, ko‘zga tashlanar asosiy ranglardan iborat bo‘ldi.

Loewe, Dior va Fendi kabi yirik moda uylarining ko‘rgazmalari sariq, qizil va yashil rangdagi kamalak ranglarga to‘ldi, ba’zilari dramatik effekt qo‘shish uchun ranglarni aralashtirib moslashtirgan edi.

Belgiyalik dizayner Merill Roggening ko‘rgazmasida moviy rangdagi e’tibor tortar kiyimlar ham namoyish etildi.

Uslubiy maslahat: Agar siz bu uslubni sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, bitta yorqin rangdagi ko‘zga tashlanadigan, ajralib turadigan kiyimni kiyishga e’tibor qarating.

Ko‘zga tashlanuvchi liboslar

2025 yilning asosiy tendentsiyasi sokin hashamat edi – nafislik va soddalikka urg‘u berilgan, qayta-qayta kiysa bo‘ladigan sifatli matolardan tikilgan abadiy klassik kiyimlar edi.

Biroq, moda olami allaqachon bu uslubni ortda qoldirib, dabdabali hashamning yangi davrini boshlamoqqa chog‘langan ko‘rinadi.

Kelgusi mavsum uchun kiyimlar namoyishlarida maksimalizm yaqqol ko‘zga tashlandi – hajmdor ko‘ylaklar va yubkalar, hashamatli matolar hamda yirik taqinchoqlarga e’tibor qaratildi.

Sent-Loran modellari boshdan-oyoq qora charm kiygan bo‘lsa, Missoni modellari o‘ziga xos zigzagsimon naqshli kiyimlarda, yirik marjonlar bilan bezatilgan edi. Balenciaga va Chanel esa yorqin ranglar va teksturadagi parlarga urg‘u berdi.

Uslubiy maslahat: Agar siz bu qiyofani o‘zingizda sinab ko‘rmoqchi bo‘lsangiz, garderobingizdagi eng e’tibor tortar kiyimlarni olib, ularni bir-biriga moslab kiyish yo‘lini topishingiz kerak.

Popuklar va jiyaklar

Moda tanlovlari ko‘pincha atrofimizdagi olamda sodir bo‘layotgan voqealarni aks ettiradi. Trendlar bo‘yicha ba’zi bashoratchilar popukli sumkalar va jiyakli yubkalar kabi bezakdor buyumlar ko‘payishi global iqtisodiy noaniqlik bilan bog‘liqligini ta’kidlamoqda.

Moliyaviy notinchliklar paytida, dadil va ko‘zga tashlanadigan dizaynga ega sarmoyabop buyumlar oddiy kiyimga qo‘shimcha joziba berish usuli sifatida tanlanadi.

Avstraliyalik "Aje" brendining podiumida ajoyib jiyakli kiyimlari ko‘p edi, "Balmain" modellari esa katta zamshali sumkalar bilan yo‘lakka chiqdi.

Elie Saab va Louis Vuitton'ning neon jiyakli va popukli ko‘ylak hamda shimlari ham e’tibor tortdi.

Uslubiy maslahat: Ehtimol, sizda allaqachon bu tendentsiyaga mos keladigan biror narsa bordir, chunki bu moda tez-tez qaytalab turadi. Agar bo‘lmasa, jiyakli charm yoki zamsha sumkani ikkinchi qo‘l veb-saytlarida, vintaj do‘konlarida yoki xayriya do‘konlarida topish oson.

Teksturalar

Serbezaklik kelgusi bahor va yozning eng katta trendlaridan biri bo‘lib, ko‘plab podiumlarda hashamatli teksturali buyumlar ham ko‘zga tashlandi.

Chloe'ning nafis podiumida gulli korsajlar va nozik burmali ustki kiyimlar hamda ko‘ylaklar, Moschino modellarida esa bir-biriga zid ranglardagi burmali, sochoqli ikki qismli kiyimlar kiygan edi.

Zimmermann'da dramatik qatlamlar va jiyaklar namoyish etildi, Isabel Marant esa butunlay boshqacha yo‘nalish tanlab, qatlamli qisqa yubkalarni pomponlar bilan bezadi.

Uslubiy maslahat: Bu trendlarning jozibali tomoni shundaki, siz uni o‘zingizga moslashtira olasiz. Dizaynerlar turli xil rang va uslublarda sochoqlar, mato qatlamlari va burmalarni namoyish etdi. Bu esa kiyimlaringizga bu yerda ko‘rsatilgan turli-tuman uslublarga moslab qayta shakl berish imkonidir.

Belbog‘li plash yana modada

Trenchkot yoki plash ko‘pchilik uchun garderobning asosiy qismi bo‘lib, bahor va yoz, shuningdek, kuz va qish oralig‘ida juda qulay hisoblanadi.

Bu mavsumda plashlar hamma joyda ko‘zga tashlandi – asosan an’anaviy och jigarrangda, ammo ba’zi moda uylari, masalan Celine yorqin astarlar bilan, Saint Laurent esa turli xil mato va ranglar bilan yangicha yondashuvni taklif qildi.

Elie Saab ko‘rgazmasida belbog‘ bilan mahkam bog‘langan nozik plashlar namoyish etildi, Givenchy dizaynlari esa qalin qora tugma va to‘qalari bilan ochroq rangda taqdim etildi.

Uslubiy maslahat: Plashlar hech qachon modadan qolmaydi, shuning uchun ikkilanmay uni sotib olib, uzoq foydalanish mumkin.

Kundalik ish libosi

Bu mavsumning moda haftaliklarida maksimalizm, yorqin ranglar va teksturalar orasida korporativ moda muxlislari uchun ham nimadir bor edi.

Moda uylari ish kiyimini ham zamonaviy, ham qiziqarli ko‘rsatishga harakat qildi. Stella McCartney va Bottega Veneta 1980-yillardagi kiyinish uslubidan ilhomlanib, ayollar uchun klassik kostyumni qayta kashf etdi.

Ba’zi dizaynerlar ko‘ylaklar ustidan ko‘ylak va sviterlar kiydirib, ish kiyimi g‘oyasiga qiziqarli tus berdi.

Thom Browne bu g‘oyani yanada rivojlantirib, butunlay bo‘yinbog‘lardan tikilgan yubka taqdim etdi.

Uslubiy maslahat: Bu uslubda kiyinish aslida juda oson – ko‘ylak, sviter yoki nimcha toping va ofisga mos ko‘rinish uchun qavat-qavat kiyining.