“Bu tug‘ish kabi dahshatli”: Rossiya dronlarini urib tushirayotgan ayollar

"Bucha jodugarlari" - Bucha hududiy mudofaasining faqat ayollardan tarkib topgan ko‘ngillilar bo‘limi

Surat manbasi, BBC/James Cheyne

Surat tagso‘zi, "Bucha jodugarlari" - Bucha hududiy mudofaasining faqat ayollardan tarkib topgan ko‘ngillilar bo‘limi
    • Author, Sara Reynsford, Bucha atrofi
    • Role, Bi-bi-si muxbiri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Tun kirib, qorong‘ilik cho‘kishi bilan Buchada “jodugarlar” paydo bo‘ladi, chunki ayni shu paytda Rossiya hujum dronlari uchib kelishni boshlaydi.

O‘zlarini "Bucha jodugarlari" deb ataydigan bu ayollar guruhi ko‘ngilli havo mudofaa bo‘linmasidir va deyarli to‘liq ayollardan tashkil topgan. Tobora ko‘proq erkaklar frontga yuborilar ekan, Ukraina osmonini himoya qilish mas’uliyatini ayollar o‘z zimmasiga olmoqda.

Hali urib tushirilishi kerak bo‘lgan juda ko‘p dronlar bor: ko‘pincha ular Rossiyadan to‘lqin-to‘lqin qilib uchiriladi, bu esa raketa zarbasidan oldin asosiy mudofaaga bosim o‘tkazadi.

Kechki smenalar o‘qituvchi, shifokor va hatto manikyurchilardan iborat bu ayollar guruhiga ham kunduzgi ishlarini, ham mamlakatni himoya qilish vazifasini birgalikda ado etish imkonini beradi. Ko‘plab ayollar uchun bu ular Rossiya qo‘shinlari Buchani bosib olganida his qilgan ojizlikni engishning bir usuli. O‘sha haftalardagi o‘ldirish, qiynoq va o‘g‘irlash kabi dahshatli voqealar Ukraina kuchlari 2022 yil mart oxirida hududni ozod qilganidan keyingina oshkor bo‘la boshlagandi.

Havo hujumlari va qadimgi qurollar

“Yoshim 51 da, vaznim esa 100 kilogramm, ustiga-ustak yugura olmayman. Ular meni qabul qilmaydi deb o‘ylovdim, lekin meni jamoaga olishdi! ” — deydi shu yozda dronlarga qarshi urushga qo‘shilgan va “qo‘ng‘iroq Valkiriya” nomi bilan tanilgan veterinar Valentina.

U oldingi safga yuborilgan do‘stlari va jangda halok bo‘lganlar haqida gapiradi, bu uni ushbu manzilga olib kelgan sabablarning bir qismi, xolos.

"Valkiriya" laqabli Valentina jangovar mashqda

Surat manbasi, BBC/James Cheyne

Surat tagso‘zi, 51 yashar Valentina shu yoz ko‘ngillilar guruhiga qo‘shildi

“Men bu ishni qila olaman. Jihozlar og‘ir, lekin biz ayollar buni uddalay olamiz. ”

Oradan bir necha soat o‘tib, butun hudud bo‘ylab havo hujumidan ogohlantirish ovozlari yangraganida Valentina gaplarining isboti o‘laroq bo‘y ko‘rsatadi.

Uning bo‘linmasi o‘rmondagi bazalaridan yugurib chiqadi. Biz esa ularning yuk mashinasiga ergashib, qorong‘ulikda dala o‘rtasiga tomon yuramiz. To‘rt kishilik jamoa mashinadan sakrab tushib, o‘z qurollarini joylashtirishni boshlaydi.

Bu pulemyotlar hozirgi zamonga tegishli emas: ikkita 1939 yilda ishlab chiqarilgan "Maksim". O‘qlari qutisi ustiga Sovet davridagi qizil yulduz muhrlari urilgan. Guruhdagi yagona erkak Serhiyga pulemyot ustiga qo‘li bilan suv quyib sovutish vazifasi yuklangan.

Ularda bor jamiki narsa shu, xolos: eng yaxshi qurollar frontda foylanilmoqda va Ukraina doimiy ravishda ittifoqchilaridan yanada ko‘proq qurollarni so‘rayapti.

Lekin bu qurollar eski bo‘lsa-da, ancha yaxshi holatda saqlangan va "jodugar"lar yozdan beri uchta dronni urib tushirganliklarini aytishadi.

"Jodugarlar" va ularning erkak safdoshi Serhiy pikap ustiga o‘rnatilgan pulemyot bilan

Surat manbasi, BBC/James Cheyne

Surat tagso‘zi, Ayollar va ularning yagona erkak safdoshi Serhiy pikap mashina ustiga o‘rnatilgan pulemyot bilan dron "ovlaydilar".

“Mening vazifam tinglashdir, — deya tushuntiradi Valentina — Bu asabiy jarayon. Ammo biz diqqatni jamlashimiz kerak, juda past tovushni ham eshitishimiz zarur. ”

Dugonasi Innaning ham yoshi 50 lardan o‘tgan va bugun u ilk jangovar amaliyotga chiqdi.

“Qo‘rqinchli. Lekin tug‘ruq ham dahshatli-ku. Men buni uch marta uddalaganman", - deb kuladi Inna o‘zining chaqiruv nomi “Gilos” ekanligini ayta turib: “Bu nom mashinamning rangidan olingan, pomidorga aloqasi yo‘q".

Inna matematika o‘qituvchisi va ba’zida dars o‘tish uchun o‘rmonzordan maktabga shoshilib qaytishiga to‘g‘ri keladi.

“Mashinada kiyimlarim, poshnalarim bor. Ozgina lab bo‘yog‘ini surtib, darsni boshlayveraman. Keyin yana mashinaga qaytib, tezda kiyimimni almashtirib, yo‘lga otlanaman”.

“Yigitlar ketishdi, lekin biz shu erdamiz. Ukrainalik ayollarning qo‘lidan nima kelmaydi? Biz hammasini uddalay olamiz. ”

"Gilos" laqabli Inna

Surat manbasi, BBC/James Cheyne

Surat tagso‘zi, “Qo‘rqinchli. Lekin tug‘ish ham dahshatli-ku", deydi matematika o‘qituvchisi Inna.

Shu payt osmondagi xavfni izlayotgan boshqa bir guruh chirog‘ining nuri ko‘rinadi.

Ko‘ngillilar bo‘linmalarining umumiy soni yoki ayollar soni haqida hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q. Lekin Rossiya deyarli har kuni kechasi portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan dronlarni uchirayotgan bir paytda, bu ayollar katta shaharlarga qo‘shimcha qalqon bo‘lib xizmat qilishmoqda.

Yuliya "Jodugar"larning daladagi joyida turib o‘z planshetida ikkita dron harakatini kuzatmoqda. Ular qo‘shni hududda, shu sababdan Bucha uchun hozircha hech qanday xavf yo‘q, lekin pulemyotlar ogohlantirish tugamaguncha o‘z joyida qoladilar.

Erkaklar qolmadi

Ko‘ngillilarning qo‘mondoni Andriy Verlatiy janglar eng keskin kechayotgan sharqiy Donbass mintaqasidagi Pokrovskdan yaqindagina qaytib kelgan.

“U erda otishmalar tinmaydi, ” - deydi u jilmayib, jang manzarasini tasvirlar ekan.

U Bucha viloyatida harakatlanuvchi havo mudofaa bo‘linmalarini boshqarish va kechki komendantlik soati paytida patrullik qilish uchun ko‘pchiligi to‘liq harbiy xizmatga yaroqsiz bo‘lgan taxminan 200 ta erkakni boshqargan.

So‘ngra Ukraina o‘z harbiy safarbarlik qonunini qayta ko‘rib chiqdi va ko‘proq askarga ehtiyoj tug‘ilganini e’lon qildi. Shunda zobitning jamoasidan ko‘pchilik to‘satdan jabha chizig‘iga chaqirildi.

Bucha Ko‘ngillilar bo‘linmasi qo‘mondoni polkovnik Andriy Verlatiy

Surat manbasi, BBC/James Cheyne

Surat tagso‘zi, Polkovnik Andriy Verlatiy, "avval qurolli kuchlarda ayollarga ishonishmasdi, lekin vaqt o‘tishi bilan munosabat o‘zgardi", deydi

“Yigitlarimning taxminan 90 foizi urushga kirdi, yana 10 foizi esa kalamushday tarqalib ketdi. Biz odamsiz qoldik, ” — deya ochig‘ini aytadi polkovnik Verlatiy. “Faqat oyoqsiz yoki boshining yarmi yo‘q odamlar qoldi, xolos. ”

Uning oldida ikki yo‘l bor edi: yo safarbarlik yoshidan kichik erkaklarni yollash yoki ayollarni qabul qilish.

“Avvaliga bu hazilga o‘xshardi: Ayollarni olaylik! Qurolli kuchlarda ularga ko‘p ham ishonishmagan. Ammo bu narsa haqiqatan o‘zgardi, ” — deydi u.

Nazoratni qayta qo‘lga olish

"Jodugar"lar dam olish kunlarini kengroq harbiy mashg‘ulotlarda o‘tkazishadi. Biz tashrif buyurgan kunda ular binoni shturmlash bo‘yicha birinchi darslarini o‘tayotgan edilar. Ular fermada vayronaga aylangan binoda mashq qilishadi, bo‘sh eshiklardan miltiqlarini chiqarib, ehtiyotkorlik bilan o‘tishadi.

Ba’zilari boshqalariga qaraganda ishonchliroq ko‘rinadi, lekin ayollarning qat’iyati va diqqat markazida ekanligi yaqqol ko‘zga tashlanadi — chunki ularning buni qilish sabablari chuqur va shaxsiydir.

“Men bosqinning ilk davrini eslayman. Men dahshatni eslayman. Men o‘z farzandimning qichqirig‘ini eslayman, ” — deydi Valentina xotirjam nafas olib. “Biz qochayotganimizda murdalarni, yondirilgan tanklarni va o‘ldirilgan askarlarni ko‘rganimni eslayman. ”

U oilasi bilan Buchadan qochib ketar ekan, yo‘lda kuygan tanklar, halok bo‘lgan askarlar va tinch aholining jasadlarini ko‘rgan. Bir rossiyalik askar ularni mashinasining derazasini ochishga majburlagan, so‘ng uning o‘g‘lining boshiga to‘pponcha qadagan.

Shu voqealardan buyon Valentina ich-ichidan nafratni his qiladi.

To‘liq miqyosdagi urushning qariyb 1000 kuni o‘tibdiki, butun mamlakatni egallagan g‘am-g‘ussaga qaramay, Valentina Ukrainaning g‘alabasiga ishonishdan to‘xtamaydi.

Valentina hayotning o‘zgarganini, barcha rejalarining buzilganini aytadi. Lekin u urushni tezroq tugatishga yordam berish uchun shu erda ekanligini ta’kidlaydi: “Qizlarimiz aytganidek, bu urush bizsiz tugamaydi. ”

Bucha hududiy mudofaa bo‘linmasining ko‘ngillilari

Surat manbasi, BBC/James Cheyne

Surat tagso‘zi, Ukrainaliklarning rossiyalik bosqinchilarni mag‘lub etish istaklari qat’iy

Armiya etiklarida singan shisha va vayronalar ustidan yurib borayotgan, miltiq ushlagan "jodugar" 52 yoshli ofis menejeri Anyadir. U harbiy tayyorgarlik o‘ziga kuch bag‘ishlaganini aytadi.

“Bosqin boshlanishi bilan men hayotimning mutlaq befoydaligini his qildim. Men na boshqalarga yordam bera olardim, na o‘zimni himoya qila olardim. Men nimagadir foydam tegishini istadim va qurol ishlatishni o‘rganishga qaror qildim. ”

Murabbiylar bilan tez-tez hazillar bo‘lib turadi: ayollar o‘zlarini xursand qilishga intiladilar. Lekin o‘sha kecha o‘rmon bazalarida ulardan biri qo‘rqinchli voqeani aytib berdi.

Buchani bosib olganlaridan keyin rus harbiylari uyma-uy yurishni boshlashgan. Zo‘rlashgan va o‘ldirishgan. Keyin bir kuni bir mish-mish tarqaldi: bosqinchilar bolalarni o‘ldirishga kelishayotgan emish.

“O‘sha kuni qabul qilgan qarorim uchun hech qachon ruslarni kechirmayman, ” — deya sirini ochadi bu ayol.

U aytgan qarorning tafsilotlarini oshkor qilmayman — bu qanchalik og‘ir bo‘lishidan qat’i nazar, askarlar hech qachon kelmagan va u o‘z qarorini amalga oshirishiga to‘g‘ri kelmagan.

Ammo bu ayol o‘sha lahzadan beri, gunoh hissidan qiynalib keladi. Birinchi marta engillikni u o‘zini, oilasini va mamlakatini himoya qilishni o‘rganganida his qilgan.

“Bu erga kelish menga juda yordam berdi, ” — deydi u shivirlab. “Chunki men endi hech qachon bir burchakda qurbondek biqinib o‘tirmayman. ”

BBC.COM/UZBEK

Telegramda bog'lanish raqami +44 7858860002