"Havo ifloslanishini hukumat bilan bog‘lash noto‘g‘ri" - Video

Surat manbasi, gazeta.uz
O‘zbekistonliklar Internet ijtimoiy tarmoqlarida "Milliy Tiklanish" partiyasi rahbari Alisher Qodirovning bayonotini muhokama qilmoqdalar.
Alisher Qodirov o‘zining Telegram kanalida O‘zbekiston Gidrometereologiya markazining nega oxirgi kunlarda O‘zbekistonda havo ifloslangani haqida e’lon qilgan tushuntirishiga munosabat bildirdi.
"Havoda zararli zarralarni Hukumat bilan bog‘layotgan "ekspert"lar uchun yaxshi, lekin uch kunga kechikkan javob", deb yozdi Alisher Qodirov.
"Mutasaddilar, odamlarni chalg‘itadigan taxminlarni tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymasliklari zarur!
Dunyoda biron hukumat tabiatga buyruq berolmagan, berolmaydi ham. O‘zbek xalqi doimo Xudodan qo‘rqib, bandasiga andisha bilan, Vataniga maskun hayotini yashagan, yashayapti va yashaydi. Qudrat tafakkur, tartib va ahilligimizda.
Unutmang, bizning bezovtaligimiz kimlarningdir xotirjam bo‘lishi uchun juda kerak bo‘lib turibdi…", deb yozdi Alisher Qodirov.
O‘zbekiston Gidrometeoreologiya markaziga ko‘ra, nafaqat O‘zbekiston, balki boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlari poytaxt shaharlarida ham havo ifloslanishining bir necha sabablari bor.
"Birinchi omil – keskin harorat almashishi va inversiya. Joriy haftada havo harorati tez o‘zgardi. Issiq kunlardan sovuq kunlarga o‘tish davrida inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon yuzaga keladi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi. Shu bois mayda zarrachalar past havo qatlamida to‘planib, qisqa vaqtda kontsentratsiya keskin oshadi. Bu jarayon Toshkent, Olma-ota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabr–fevral oylarida kuzatiladi", deyiladi Hydromet.uz Telegram kanali tarqatgan tushuntirishda.
"Ikkinchi omil – yog‘ingarchilikning yo‘qligi. Sinoptiklarimiz ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshidan beri Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘madi, yog‘ingarchilik hajmi esa iqlimiy me’yordan ancha past bo‘ldi. Yog‘ingarchilik yo‘qligi havodagi mayda zarrachalarning tabiiy yuvilishini to‘xtatadi va ularning uzoq vaqt atmosferada saqlanib turishiga olib keladi.
Uchinchi omil – arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish. O‘zbekiston tabiiy jihatdan quruq va yarimquruq iqlim hududida joylashgan. BMT ekspertlari bu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng tez kechayotgan makonlardan biri sifatida qayd etgan. Arid jarayonlar, o‘simlik qoplamining kamayishi va iqlim isishining ta’siri ostida shamol ta’siridagi tabiiy changlanish oshadi. Shuning uchun bu yil changlanish odatdagidan ko‘proq namoyon bo‘ldi, hatto shamol past bo‘lgan kunlarda ham PM10 ko‘rsatkichining o‘sishiga turtki berdi.
Sinoptiklarimiz prognoziga ko‘ra, amalga oshgan inversiya jarayoni 24-noyabrgacha davom etishi mumkin. Shu vaqtgacha mayda zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy holdir.
Ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati o‘z-o‘zidan sezilarli yaxshilanadi", deydi O‘zGidromet.

Surat manbasi, .
Ijtimoiy tarmoqlarda uy havosini tozalaydigan uskunalar haqidagi, bu uskunalar Toshkent shahridagi xonadonlar ichidagi havo naqadar buzilganini ko‘rsatadigan videolar va postlar ko‘paydi.
Xuddi bir hafta oldin Hindiston rahbariyati poytaxt Dehlida e’lon qilganidek, yosh bolalar va salomatligida muammosi bor keksalarning imkoni bo‘lsa, tashqariga chiqmaslik maslahati poytaxt Toshkentda ham berildi.
Ammo Toshkentning Uchtepa tumanida "Salomatlik uchun 5000 qadam yurish marafoni" deb nomlangan tadbir tashkil qilingani ko‘pchilikni hayratlantirdi.
"Milliy tiklanish" partiyasi raisi Alisher Qodirovning "dunyoda biron hukumat tabiatga berolmaydi" degan gapiga faollar hukumat havo insonlarning salomatligiga zarar yetkazadigan darajagacha kelib qolmasligi uchun mas’ul ekanini eslatdilar.
"Albatta, dunyoda biron hukumat tabiatga buyruq berolmagan, berolmaydi ham. Lekin bugun yuz berayotgan jarayonlar dorisi o‘ylab topilgan kasal bilan og‘rishga o‘xshaydi. Ya’ni, tanqidlar bu mavzuda qaysidir harakat yuzasidan emas, harakatsizlik yuzasidan yangramoqda", deb yozdi jurnalist Bahodir Abdullaev o‘zining Telegram kanalida.
Mahalliy matbuot O‘zbekiston prezidentining Toshkent shahri havosini yaxshilash maqsadidagi qarori imzolangani xabarini tarqatdilar.
Prezident Mirziyoyev qaroriga ko‘ra, poytaxt havosi ifloslanishiga hissa qo‘shayotgan ishlab chiqarish korxonalari shahardan tashqariga olib chiqiladi.
Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalarni tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
2025 yil 1 dekabridan boshlab Toshkent AYoQShlarida AI-80 benzinini sotish to‘xtatiladi.
Tig‘iz vaqtlarda shaharda yuk mashinalarining harakatlanishi cheklanadi.
Qurilish ob’ektlariga havo sifatini o‘lchaaydigan stantsiya va kameralar o‘rnatiladi.
Bundan keyin Toshkentda binolarni qurish loyihalashtirilayotgan payti shamol yo‘nalishi va tezligini inobatga olish talabi qo‘yiladi.
"Yashil Toshkent" loyihasi uchun mas’ul respublika ishchi guruhi tuziladi.
Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligi tashkil etiladi.
Eng muhimi, bundan keyin Toshkent shahrida daraxt kesish qarori ovoz berish orqali qabul qilinadi.












