Urg‘ochi gorillalar yillar davomida ko‘rishmasa ham, bir-birlarini izlaydi

Ruandadagi milliy bog‘ o‘rmonidagi o‘tloqda ikki urg‘ochi gorilla.

Surat manbasi, Dian Fossey Gorilla Fund

Surat tagso‘zi, Ma’lum bo‘lishicha, urg‘ochi gorillalar o‘zaro ijtimoiy munosabatini uzoq yillar mobaynida saqlaydilar
    • Author, Viktoriya Gill
    • Role, Bi-bi-si ilm-fan muxbiri
  • O'qilish vaqti: 3 daq

Ruandada olib borilgan yangi tadqiqotlar tog‘ gorillalarining urg‘ochilari o‘rtasida shakllanadigan munosabatlar ilgari o‘ylanimizdan ham muhimroq ekanini ko‘rsatdi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu ijtimoiy yirik maymunlardan biri yangi guruhga ko‘chganda, u avvaldan tanish bo‘lgan boshqa urg‘ochi gorillani topishga intiladi.

Olimlar tadqiqotni Ruandadagi Vulqonlar milliy bog‘ida yashaydigan bir necha gorilla jamoalaridagi 20 yillik mobaynida o‘tkazdi.

Aloqador mavzulanr

Natijada, ikki urg‘ochi gorilla uzoq yillar ko‘rishmagan bo‘lsa ham, yangi kelgan gorilla avval aloqasi bo‘lgan urg‘ochi gorilla bilan birga bo‘lishga harakat qilishi aniqlandi.

Qirollik jamiyatining "Proceedings B" jurnalida chop etilgan xulosalarga ko‘ra, ikki urg‘ochi gorilla o‘rtasidagi munosabat gorilla jamiyatida juda katta ahamiyatga ega.

Ruandadagi Vulqonlar milliy bog‘ida gorillalar guruhi

Surat manbasi, Dian Fossey Gorilla Fund

Surat tagso‘zi, Ba’zan gorillalarning turli ijtimoiy guruhlari bir joyga yig‘ilib qoladilar, bu esa urg‘ochi gorillalarga "dugonalik" munosabatini yo‘lga qo‘yishlariga imkoniyat yaratadi

"Ilmiy jihatdan 'do‘stlik' degan atamani ishlatish to‘g‘rimi – bilmayman," deydi tadqiqot rahbari, Syurix universiteti doktoranti Viktuar Martinyak. "Biroq biz bu yerda bir xil jins vakillari o‘rtasidagi munosabatlar chindan ham katta ahamiyatga ega ekanini ko‘rsatyapmiz."

Gorillalarda guruhdan guruhga ko‘chish ularning ijtimoiy tuzilishini shakllantiradigan muhim jarayon.

Bu ham erkak, ham ona gorillalarda kuzatiladi.

Ona gorillalar umri davomida bir necha bor guruh almashtirishi mumkin.

"Tabiatda bu juda muhim, – deydi Martinyak. – Biroq o‘rganish juda qiyin, chunki biror gorilla guruhni tark etganidan keyin uni izidan kuzatish oson emas."

Dian Fossey Gorilla Fund bilan hamkorlikda, 1967 yildan beri izchil kuzatib kelinayotgan maydonda, olimlar bu ko‘chish jarayonlarini tahlil qilish imkoniga ega bo‘ldilar.

Ular 56 urg‘ochi tog‘ gorillasining guruh almashtirish holatlarini o‘rganib, ularning qaysi guruhni tanlagani va nega shunday qilganini o‘rgandilar.

Ma’lum bo‘lishicha, gorillalar qarindosh bo‘lishi ehtimoli yuqori bo‘lgan erkaklar bor guruhlardan qochganlar.

Shu bilan birga, tanish urg‘ochi gorillaning mavjudligi ham katta ahamiyatga ega.

Ular ko‘pincha bolalikda birga o‘sgan urg‘ochi gorillalarni qidirishgan, hatto ajralib ketganiga ko‘p yil o‘tgan bo‘lsa ham.

Bir-birlarining ustida, o‘rmonda uxlayotgan urg‘ochi gorillalar

Surat manbasi, Dian Fossey Gorilla Fund

Surat tagso‘zi, Gorillalar jamiyatida urg‘ochi-urg‘ochi munosabati avval o‘ylanganidan ham muhimroq ekani ma’lum bo‘ldi

Shuningdek, yaqinda o‘zaro muloqot qilgan va ijtimoiy aloqa o‘rnatgan urg‘ochi gorillalar bilan birlashishga harakat qilishgan.

Martinyakning ta’kidlashicha, gorillalar uchun bu munosabatlar muhim, chunki ular ijtimoiy foyda keltiradi.

"Yangi kelganlar odatda ijtimoiy ierarxiyaning eng pastki pog‘onasidan boshlaydi. Mahalliy ona gorillalar esa ularga nisbatan ancha tajovuzkor bo‘lishi mumkin, chunki ular raqobatchi sifatida qabul qilinadi," deydi u.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Olimlar fikricha, guruhdan guruhga ko‘chish odamlar jamiyati shakllanishida ham muhim omil hisoblanadi.

Shu bois, uning boshqa yirik maymunlardagi ildizlarini o‘rganish inson evolyutsiyasini harakatlantirgan kuchlarni tushunishga yordam beradi.

"Ko‘chish – hayot tarzimizning juda katta qismi, – deydi Martinyak. – Biroq bunday qarorlar tarixda moddiy iz qoldirmaydi. Shuning uchun biz ularni eng yaqin evolyutsiyaviy qarindoshlarimizda o‘rganamiz."

Gorillalarning ijtimoiy hayoti haqidagi bu yangicha xulosa, qo‘shimcha qiladi u, "ayol-ayol munosabatlarini qanday tushunishimizga yangicha nazar bo‘ladi."

"Bu munosabatlar ilgari o‘ylaganimizdan ham muhim ekan."