Tojikistonda 200 ayol joniga qasd qilishga uringan. Sabablar O‘zbekistonda ham bor

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Davron Hotam
- Role, BBC muxbiri, Qirg'iziston
- O'qilish vaqti: 4 daq
Tojikiston hukumati oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashda "usullarni o‘zgartirish" kerakligini tan olmoqda.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish va oilaviy nizolar soni yil sayin ortib bormoqda.
Ekspertlar esa muammo faqat qonunchilikda emas, balki jamiyatning eng ichiga singib ketgan stereotiplarda deydilar.
O‘z joniga qasd qilayotgan ayollar
O‘tgan yili Tojikistonda oilaviy zo‘ravonlik sabab 200 nafardan ortiq ayol o‘z joniga qasd qilishga uringan.
Ularning ba’zilari yaqinlari tomonidan qutqarib qolingan.
Bu haqda Tojikiston Ayollar qo‘mitasining yetakchisi Bunafsha Fayziddinzoda 5 fevralda o‘tgan matbuot anjumanida aytdi.
2025 yili huquq-tartibot organlariga oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha 3600 dan ortiq ariza tushgan, bu oldingi yilga solishtirganda 403 holatga ko‘p.
"Ammo shunga qaramay, Tojikiston qonunlarida oilaviy zo‘ravonlik uchun jinoiy jazo ko‘zda tutilmagan", - deb yozadi "Ozodlik"ning tojik xizmati.
Tojikistonda 2013 yilda maxsus qonun qabul qilingan bo‘lsa-da, oilaviy zo‘ravonlik haligacha Jinoyat kodeksiga kiritilmagan.
BMT va xalqaro tashkilotlar yillar davomida Dushanbeni bu qilmishni jinoiy javobgarlikka tortishga chaqirib keladi. Adliya vazirligi yangi islohotlar ustida ishlayotganini aytsa-da, hozircha aniq jazo choralari belgilanmagan.
Ekspertlar va xalqaro tashkilotlarning fikricha, Tojikiston kabi an’anaviy jamiyatlarda oilaviy zo‘ravonlikning oldini olishdagi muvaffaqiyatsizlikning asosiy sabablaridan biri — bu qilmishning haligacha jinoyat deb e’tirof etilmaganidir.
"Xonama-xona" targ‘ibot nega foyda bermayapti yoxud zo‘ravonlikning "ildizi" qaerda?

Tojikistonda rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yili oilaviy zo‘ravonlik bo‘yicha 3600 dan ortiq shikoyat tushgan. 8,5 mingdan ortiq er-xotinlar esa yil davomida ajrashgan. Mutasaddilar buning asosiy sababi sifatida qaynota-qaynona va boshqa qarindoshlarning yosh oila hayotiga aralashuvini ko‘rsatadilar.
Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Bunafsha Fayziddinzodaning matbuot anjumanida jurnalistlarga ma’lum qilishicha, ayollarning o‘z joniga qasdi qilishga urinishi ham asosan oiladagi tazyiq va zo‘ravonlik natijasidir.
Shu bilan birga u xotin-qizlar qo‘mitasi ushbu illatning oldini olish va kamaytirishda yetarlicha muvaffaqiyatga erisha olmaganini ochiq tan olgan.
"Afsuski, mana shunday omillar, kamchiliklar va muammolar bor. Menimcha, biz bu ishning uddasidan chiqa olmayapmiz. Odamlarga buni to‘liq tushuntirib bera olmayapmiz. Bizning vakillar mahalliy hokimiyat bilan birgalikda "xonama-xona", "qishloqma-qishloq" va "maktabma-maktab" yurib, tushuntirish ishlarini olib bormoqda, lekin afsuski, kamchiliklar hamon mavjud".
"Ish uslubini o‘zgartirish kerak"

Surat manbasi, Жамшеди Маъруф
Tojikistonlik jurnalist va jamoat faoli Go‘zal Mahkamova Bi-bi-si bilan suhbatda mavjud choralarning samarasizligi sabablarini ochiqladi. Uning fikricha, muammoning ildizi tizimli va madaniy qarashlarda:
"Rosti gap, bu mavzuni juda ko‘p gapirishgan, katta donorlar pul sarflagan, ammo nafaqat Tojikistonda, balki butun O‘rta Osiyo davlatlarida ham bu masala kamaymayapti. Nima uchun? Menimcha, ish metodini o‘zgartirishimiz kerak. Davlat tashkilotlari statistikani ko‘rsatmaslik uchun harakat qilishadi. Oilalarni yarashtirishga harakat qilishadi. Nodavlat tashkilotlar bo‘lsa ayollarning ustuvorliklari uchun ma’lumot berishga harakat qilishadi, huquqshunos va psixologlar tavsiyalar berishni yӯlga kӯyishadi. Ammo, 10 mln aholisi bor Tojikistonda bor-yo‘g‘i uchta shelter (ijtimoiy moslashuv markazi) bor xolos".
U yechimni faqat targ‘ibotda emas, balki tarbiya va ta’limda ko‘radi:
"Qiz bolani tug‘ilganidan oila xizmatiga tayyorlashadi, o‘qishga emas. Yosh qizchalarni faqat non pishirish va ovqat qilishga o‘rgatmasdan, ilm berish kerak. Yosh o‘g‘il bolalarga ayolga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirish uchun to‘g‘ri tarbiya berish lozim. Media mahsulotlarida, darsliklarda ayol va erkakning farqini emas, balki barobarligini ko‘rsatish kerak."
Uning fikricha, o‘g‘il bolalar oilada onasi va singlisining kamsitilayotganini ko‘rib ulg‘aysa, kelajakda o‘z xotiniga ham shunday munosabatda bo‘ladi.
"Ishqilib, bir yosh avlodni tarbiyasiga e’tibor bermasak, muammoning ildizi bilan ishlamasak, bu mavzu davom etaveradi", deya xulosa qiladi Go‘zal Mahkamova.
O‘zbekiston: Oilaviy zo‘ravonlikning surunkali zanjiri
Tojikistonda qayd etilgani kabi, oilaviy tazyiqlar sabab ayollarning o‘z joniga qasd qilishga urinishi O‘zbekistonda ham kuzatiladi.
Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan «Ayollar ovozi» tadqiqotida ma’lum qilingan.
«Ayollar ovozi: zo‘ravonlikdan reabilitatsiyagacha» deb atalgan ushbu tadqiqot doirasida jami 867 nafar ayol o‘rtasida so‘rov o‘tkazilgan.
So‘rovda ishtirok etgan ayollarning barchasi muqaddam zo‘ravonlikdan jabrlanib, ijtimoiy xizmatlarga yoki reabilitatsiya markazlariga murojaat qilgan shaxslar bo‘lgan.
Tadqiqot xulosasida yozilishicha, so‘rovda qatnashgan har beshinchi ayol oilaviy tazyiqlar tufayli o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylaganini bildirgan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, zo‘ravonlikka uchragan ayollarning 70 foizi uchun bu holat bir martalik voqea emas, balki muntazam takrorlanib turadigan jarayondir.
Bunday og‘ir muhit jabrlanuvchilarning ruhiy salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekistondagi oilaviy zo‘ravonlik holatlarida ham, Tojikiston xotin-qizlar qo‘mitasi tilga olgani kabi, "jamoaviy nazorat" va qaynonalarning roli katta ekani, tadqiqotda ko‘rsatib o‘tilgan.
Tadqiqotchilar buni «oilaviy-tuzilmaviy» zo‘ravonlik deb ataydilar.
Ya’ni, kelinga nisbatan bosim o‘tkazishda erning qarindoshlari ham ishtirok etadi.
Tadqiqot so‘rovida ishtirok etganlarning 25 yarim foizi oiladagi nizolar va zo‘ravonlikning kelib chiqishini bevosita qaynonaning aralashuvi bilan bog‘lagan.
Shuningdek, ayollarning telefonidan foydalanishini nazorat qilish yoki taqiqlash holatlarida ham nafaqat erlar, balki qaynonalarning ta’siri borligi qayd etilgan.
Ayollarning zo‘ravonlik muhitidan chiqib keta olmasligiga asosiy sabablardan biri sifatida ularning iqtisodiy jihatdan mustaqil emasligi ko‘rsatiladi.
Tadqiqotda qatnashgan, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollarning deyarli 27 foizi mutlaqo daromadga ega emas.
Tadqiqotchilar va ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun faqat huquqiy choralar yetarli emas.
"Zo‘ravonlikni kamaytirish uchun nafaqat qonunlarni ishlatish, balki jamiyatning eskirgan ijtimoiy qarashlarini tubdan o‘zgartirish zarur", deyiladi «Ayollar ovozi: zo‘ravonlikdan reabilitatsiyagacha» tadqiqot xulosasida.
































