"Bizda sening yalang‘och rasmlaring, hayotingni vayron qilish uchun hamma narsa bor"

- Author, Tir Dondi
- O'qilish vaqti: 7 daq
Amerikalik o‘smir Evan Boettler ijtimoiy tarmoqda ilgari yosh qiz deb o‘ylagan kimsadan dahshatli xabarni oldi. Bu "yosh qiz" aslida kiber firibgar edi.
Birinchi xabarni olgandan 90 daqiqa o‘tar-o‘tmay, 16 yoshli yigit o‘z joniga qasd qildi.
Seks shantajchilik – jinsiy tovlamachilik internetdagi eng tez o‘sib borayotgan jinoyatlardan biri. Jabrlanuvchilarni – ko‘pincha AQSh va Yevropadagi o‘smirlarni, aldov yo‘li bilan intim fotosuratlar yoki videolar yuborishga ko‘ndirishadi, so‘ng so‘ralgan pul to‘lanmasa, ularni boshqalarga tarqatish bilan tahdid qilishadi.
"O‘sha kechasi bizga uning o‘lganini aytishganda, bu hech qanday ma’noga ega emas edi. Oilamizda bunday hodisa bo‘lishini qabul qilolmayapman," deydi Evanning onasi Kari.
Missuri shtatidagi uyda u Evanning otasi Brad bilan birga yashaydi. Ular o‘g‘illarini baliq ovlashni, sport bilan shug‘ullanishni va ov qilishni yaxshi ko‘radigan aqlli, hazilkash o‘smir edi deb tasvirlaydilar.
Ularning aytishicha, 2024 yil yanvarь oyi boshlaridagi sovuq oqshomda Evan Snapchat orqali JennyTee60 ismli qiz deb o‘ylagan kimsa bilan bog‘langan. Lekin u Evan o‘ylaganchalik emas edi. Bir necha daqiqa ichida "Jenny" uni o‘zining intim suratlarini yuborishga ko‘ndirdi va darhol shafqatsizlarcha shantaj qila boshladi.
Deyarli ikki yil o‘tdi, ammo Boettlerlarning qayg‘usi hali-hanuz yangidek, javob izlashlari esa natijasiz qolmoqda. Meta kabi ijtimoiy media platformalari sud qarorisiz ma’lumotlarni berishdan bosh tortmoqda, sud qarori esa yo‘q. Federal tergov byurosini (FTB) harakatga keltirish uchun qilingan urinishlar bari behuda. Evan vafot etganidan beri o‘tgan yillar davomida huquq-tartibot idoralari deyarli tayinli ish qilmadi.
Biroq, bitta muhim iz bor edi – bir payt firibgar Evanning Facebook hisobiga kirish ma’lumotlarini talab qilgan va undan foydalanganda, IP-manzil qoldirgan.

Ushbu raqamli iz meni Nigeriyaning bir nechta joylariga, asosan uning eng gavjum shahri Lagosga yetakladi. U yerda javobgarni topishga umid qildim.
Dastlabki uchrashuvlarim meni "Yahoo Boys" nomi bilan tanilgan shaharning ko‘plab firibgarlari yashaydigan chekka ko‘chalariga olib bordi. Bu nom 2000-yillar boshlarida onlayn firibgarlik uchun ishlatilgan elektron pochta xizmatidan olingan.
Ko‘pincha 20 yoshlardagi bu yigitlar qashshoq hududlarda yashaydi, ammo sport mashinalari va oson topilgan pullarni orzu qiladi.
O‘sha yerda Ola bilan tanishdim. U seks shantajchilik mexanizmini bemalol tushuntirib berdi.
"Soxta generatorlardan olingan soxta ism bilan biror qiz nomidan akkaunt ochasiz, – deydi u. – Bu istalgan biror mamlakatdagi odamlar ismlarini olish mumkin bo‘lgan sayt."
Profil yaratilgach, nishonga olish boshlanadi. Ekranning narigi tomonidagi bolalar firibgarlar uchun shunchaki bir foydalanuvchi nomi, xolos. Ular kuniga yuzlab odamlarga xabar yuborib, birortasini qarmoqqa tushirib, pul undirishga umid qiladi.
Unga bu shafqatsizlik, kimningdir hayotini barbod qilishi mumkinligini aytganimda, u shunday javob berdi: "Menga farqi yo‘q, chunki menga pul kerak."
Aftidan, Ola britaniyalik yoki amerikalik o‘smirning pul to‘lay olmasligiga ishonishi qiyin edi. Uning fikricha, G‘arbda tug‘ilishning o‘zi imtiyoz edi.
Nima uchun ularni nishonga olganini so‘raganimda, uning javobi ham keskin bo‘ldi: "Chunki ularning jinsiy mayllari juda kuchli va bolalar rasmlari sinfdoshlariga, ota-onalari va do‘stlariga tarqatilishidan qo‘rqishadi."
Ola yolg‘iz ishlagan, ammo boshqa misollar shuni ko‘rsatadiki, Lagosdagi seks shantajchilik tobora uyushgan tarmoqli operatsiyalarga aylanmoqda – yetakchilar, foydani maksimal oshirish uchun birlashtirilgan resurslar bilan boshqariladigan guruhlar bor.
Oxir-oqibat, iz meni shaharning eng qashshoq tumanlaridan biri – Makoko suvloqlariga olib bordi. U yerda, Lagos ko‘rfazi qirg‘og‘ida yog‘och uylar ustunlar ustida qad ko‘tarib turardi.
Suratga olish uchun avval jamoa boshlig‘idan ruxsat so‘rashimiz kerak bo‘ldi. Bizni butun yo‘l davomida suv yo‘llari labirintidan qanday o‘tishni biladigan mahalliy yo‘l ko‘rsatuvchilar guruhi boshqardi.
Internetdan "qurbon" topish uchun qurbonlik

Menga "Hustle Kingdom" deb nomlangan operatsiyalar haqida aytishgandi – bu xonalarda telefonlar orqali firibgarlik bilan shug‘ullanuvchi yigitlar to‘dalari bo‘lardi. Ular juda kam hollarda suratga olingan. Ammo uzoq muzokaralardan so‘ng menga ruxsat berishdi.
Aynan mana shu "Hustle Kingdom" past qavatli binoning ikkinchi qavatida joylashgan edi. Kichkina xonada o‘nlab yigitlar tizzalarida noutbuklar bilan o‘tirishar, ularning telefonlari ehtimoliy qurbonlardan kelgan xabarlar bilan g‘uvillardi. Muhit koll-markazga o‘xshardi – ular soxta profillarni almashtirishar, stsenariylarni ayirboshlashar va yangi qurbonlar ismlarini tarqatishardi.
Har bir yigit o‘z rolini o‘ynardi, ammo barcha pullar ularning "Arvoh" laqabli rahbariga oqib kelardi. U yerda tajribali firibgarlar o‘z shogirdlariga ta’lim berardi.
Qiziqtiruvchi narsa tez pul topish edi, ammo ularning jasorati ortida yanada yirtqichroq hodisa yashirin edi – ilk o‘smirlik yillaridanoq o‘g‘il bolalar jinoyatga jalb qilingan edi.
Katta yoshli "ustozlar" o‘zlarining muvaffaqiyat hikoyalari va ijtimoiy mavqei bilan bolalarni yo‘ldan ozdiradi, ayni paytda, qarzdor qiladi va har bir firibgarlikdan ulush oladi, bu esa qutulishi qiyin bo‘lgan doirani paydo qiladi.
Bu odamlarning ishini kuzatib, ular yakka tartibdagi firibgarlardan qanchalik farq qilishini tushundim. Bu tashkillashtirilgan, samarali va shafqatsiz – imkon qadar ko‘proq pul undirish uchun yaratilgan tizim edi.
Evanning firibgari "Hustle Kingdom"ning bir qismi bo‘lganmi yoki yolg‘iz ishlaganmi? Rahbar "Arvoh" aytishicha, ular asosan moliyaviy firibgarlik, ko‘pincha romantik aloqa bilan shug‘ullanishgan, seks shantaj bilan emas, chunki u "Xudodan qo‘rqadigan odam" ekan. Uning aytishicha, bunday ishlarni faqat "qora qalbli" odamlar qiladi. "Hustle Kingdom"da seks shantaj uyat hisoblanadi.
Bu firibgarlar menga ko‘p "Yahoo boys" a’zolari ular "Yahoo Plus" deb atagan tomonga o‘tishayotganini aytishdi. Bunda ular mahalliy ruhoniylar oldiga borishadi va ular duo qilib, qurbonlar ko‘proq bo‘ysunuvchan bo‘lishini yoki firibgarlarni qo‘lga tushishdan asrashni tilaydi.
An’anaviy tabiblar Nigeriya madaniyatiga singib ketgan va bu yigitlarning ba’zilari uchun ularga murojaat qilish yangi sim-karta sotib olish kabi tabiiy edi.
Men yaqinda erkaklarni seks shantaj qilishni boshlagan 20 yoshli Ade bilan tanishdim. U menga ko‘proq pul topishga yordam berishi mumkin bo‘lgan "kiber-ruhoniy" oldiga birga borishga ruxsat berdi. Ziyoratgoh shahar chekkasidagi tor ko‘chada – o‘yma haykallar bilan to‘lgan pastak tomli xonada joylashgan edi.
Oq kaptarni olib chiqib qurbonlik qilishdi, uning qoni polga to‘kildi. Adega qurbonlikning bir qismini yeyish buyurildi – ruhoniyning aytishicha, bu marosim uni boylik va himoya bilan ta’minlar ekan. Bu qanchalik keng tarqalganini so‘raganimda, tabib kuniga olti-etti nafar "Yahoo" yigitini ko‘rishini aytdi. Ade uchun bu irim-sirim emas, balki biznes uchun xarajat edi.
Meni eng hayratga solgani eski va yangi o‘rtasidagi tafovut bo‘ldi. Bir lahzada men 20 yoshli yigitning asrlar davomida shakllangan e’tiqodlarga asoslangan marosimda ishtirok etayotganini ko‘rdim. Keyingi lahzada esa menga raqamli asr vositalari ko‘rsatildi.
Keyinchalik, men 21-asr sehrgarligi – dipfeyk texnologiyadan foydalanayotgan firibgarni topdim, u yollagan Reychel ismli ayol firibgarlikning yuzi sifatida xizmat qilardi. U menga noutbukidagi ilovani ko‘rsatdi – bu unga 3500 dollarga tushgan professional darajadagi yuzni almashtirish vositasi edi. Uning aytishicha, bu xarajat o‘zini oqlaydi.
Meta bunga nima deydi?
AQShda FTBga seks shantaj haqidagi murojaatlar so‘nggi uch yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2024 yilda 55 000 ga yetdi. Buyuk Britaniyada Milliy jinoyatchilikka qarshi kurash agentligiga har oyda 110 ta xabar kelib tushadi.
Ijtimoiy tarmoq kompaniyalari chora ko‘rayotganini aytmoqda, ammo ularning tanqidchilari yanada qat’iyroq aralashish mumkinligini ta’kidlashmoqda.
Janubiy Karolinada men shtat vakili Brendon Gaffi bilan uchrashdim, uning o‘g‘li Gevin 2022 yilda Instagram'da hujumga uchraganidan keyin o‘z joniga qasd qilgan. U 17 yoshda edi.
O‘g‘lining o‘limidan oldin Brendon Meta kompaniyasini uni kiber yirtqichlardan himoya qila olmaganlikda ayblab, sudga da’vo tayyorlayotgan edi. Uni shantaj qilgan akkauntlardan biri oxir-oqibat o‘chirildi, ammo boshqalari faol qoldi. Brendon uchun bu hol dahshatli edi.
Meta 2024 yilda Nigeriya bilan bog‘liq 63 000 ta seks shantaj akkauntini, shu jumladan, G‘arb o‘smirlariga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tarmoqning bir qismini tashkil etgan 2500 ta akkauntni yo‘q qilganini aytdi.
Biroq, tanqidchilar bu raqamlar muammo ko‘lamini shunchaki ko‘rsatishini aytishmoqda.
"Bolalar hali ham hujumga uchrayotgan bir paytda, ular buni piar uchun bir kungina amalga oshirishdimi? – deb so‘raydi Brendon, – Nega o‘shandan beri hech narsa qilishmadi?"
Meta vakili agar xohlasa, seks shantajni yo‘q qilishi mumkinligi haqidagi taklif "shunchaki noto‘g‘ri" ekanligini aytdi. Ularning ta’kidlashicha, kompaniya firibgarlar tarmoqlarini yo‘q qilish va bunda huquqni muhofaza qilish organlariga yordam berish uchun faol ishlagan.
"Butun dunyo bo‘ylab xavfsizlik va himoya bo‘yicha ishlaydigan 40 000 ga yaqin xodimimiz bor, so‘nggi o‘n yil ichida bu sohaga 30 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan, – dedi kompaniya vakili, – jumladan, o‘smirlarning akkaunti sozlamalari avtomatik ravishda eng qattiq himoya rejimiga o‘tkazilgan va ularga boshqa mamlakatda bo‘lishi mumkin bo‘lgan odam bilan suhbatlashayotganda xabar berish yo‘lga qo‘yilgan."
Metaga o‘smirlar kiberxavfsizligini ishonsa bo‘ladimi?
Motamsaro ota-onaning shubhalari Meta kompaniyasining o‘zida ham aks-sado bermoqda. Muhandislik direktoridan ma’lumot sizdiruvchiga aylangan Arturo Bejar 2023 yilda AQSh Kongressiga kompaniya rahbariyati bolalarga tahdid solayotgan xavflar haqidagi takroriy ogohlantirishlarga e’tibor bermaganini aytib guvohlik berdi.
U menga aytishicha, yosh foydalanuvchilarni himoya qilish uchun ishlab chiqilgan tizimlar tubdan nomukammal.
"Ular bolalar xavf ostida ekanligini bilishni ham, odamlar bu haqda bilishini ham istamaydilar... chunki ularga bunaqa muammo bilan shug‘ullanish kerak emas," dedi u.
Meta janob Bejar taklif qilgan ko‘plab choralar allaqachon amalga oshirilganini bildirdi. Shuningdek, o‘tgan yili Instagram'da o‘smirlar akkauntlariga himoya rejimi o‘rnatilganini, ya’ni ularga faqat allaqachon bog‘langan odamlargina xabar yuborishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.
Kompaniya vakili aytishicha, agar biror narsa spam deb xabar qilinsa va u jamiyat qoidalariga zid bo‘lsa, kompaniya tegishli choralar ko‘radi.
Evan Boettler voqeasiga to‘xtalar ekan, Snapchat "Boettlerlar oilasiga o‘zining chuqur hamdardligini" izhor etdi.
"Biz Snapchat'da jinsiy tovlamachilikka mutlaqo toqat qilmaymiz. Agar bunday faoliyatni aniqlasak, profilni darhol o‘chirish choralarini ko‘ramiz va huquqni muhofaza qilish organlarining aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz."
Bolangiz firibgarga rasm jo‘natgan bo‘lsa
Agar siz onlayn zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bo‘lsangiz, BBC Action Line orqali yordam manbalarini topishingiz mumkin.
Internet Watch Foundation (IWF) butun dunyo bo‘ylab voyaga yetmaganlar uchun o‘zining yalang‘och yoki jinsiy suratlari haqida maxfiy xabar qilish orqali ularni internetdan olib tashlash va qayta yuklanishi oldini olish imkonini beruvchi vosita yaratgan.
Kontent hali internetda paydo bo‘lmagan bo‘lsa ham, xayriya tashkiloti surat uchun raqamli izni yaratishi mumkin, bu esa uning internetda tarqalishi oldini oladi. Faqat WhatsApp kabi shifrlangan tarmoqlarda yoki kimningdir telefoni yoki kompyuterida saqlangan bo‘lsagina suratni o‘chirib bo‘lmaydi.
IWF bizga 2025 yilning dastlabki sakkiz oyida "Report Remove" xizmatidan kelgan 723 ta murojaat bo‘yicha chora ko‘rganini ma’lum qildi – ularning 224 tasi jinsiy tovlamachilik bilan bog‘liq edi.
Ammo Evanning ota-onasi uchun adolatga erishish yo‘lidagi to‘siqlar joyida turibdi. Meta va Snapchat ma’lumotlarni oshkor qila olmagach, Evanning hayotiga zomin bo‘lgan o‘sha firibgarni topishga bo‘lgan barcha umidlar IP-manzil bog‘liq bo‘lgan Nigeriyaning GloWorld provayderiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Bir necha oylik urinishlardan so‘ng, nihoyat yangi ma’lumot oldim. GloWorld foydalanuvchi ma’lumotlarini ikki yil davomida saqlashi kerak bo‘lsa-da, buni uddalay olmagan. Iz sovib bo‘lgan edi.
Boettlerlarga qo‘ng‘iroq qilganimda, ular minnatdorlik bildirib, sa’y-harakatlarim uchun tashakkur aytishdi. Bred avvalroq o‘g‘lini "ajoyib bola" deb ta’riflagan edi.
"Uni tarbiyalash qiyin bo‘lmagan, chunki u juda yaxshi bola edi, – deydi u. – Uni qanchalik sevishimni so‘z bilan ifodalab berolmayman."












