Suriya diktaturasi bolalarni "o‘g‘irlash" uchun xalqaro bolalar xayriya tashkilotidan qanday foydalangan?

- Author, Haya Al Badarneh va Jess Kelli
- O'qilish vaqti: 8 daq
Rim al-Kari va uning amakivachchasi Lama stol ustiga yoyilgan o‘nlab bolalar suratlarini birma-bir ko‘zdan kechirardi. Lama suratlardan birida Rimning bedarak yo‘qolgan o‘g‘li Karimga o‘xshashini ko‘rgandek bo‘ldi.
Rim al-Kari va uning amakivachchasi Lama stol ustiga yoyilgan o‘nlab bolalar suratlarini birma-bir ko‘zdan kechirardi. Lama suratlardan birida Rimning bedarak yo‘qolgan o‘g‘li Karimga o‘xshash birini ko‘rgandek bo‘ldi.
Karim 2013 yil, Suriyadagi fuqarolik urushi avjida bo‘lgan bir paytda, otasi bilan birga ish bilan chiqqanida bedarak yo‘qolgan. O‘shanda u ikki yarim yoshda edi. U bugungacha yo‘qolgan 3 700 dan ortiq bolalardan biri. Asad diktaturasi ag‘darilganiga 10 oy bo‘ldi. Agar Karim topilsa, u bugun 15 yoshda bo‘lardi.
– Ko‘zlari ko‘kmidi? – deb so‘raydi stol ortida o‘tirgan erkak. U 2013 yilda sobiq birinchi xonim Asma al-Asad yordamida tashkil etilgan va suriyaliklar boshqaradigan "Lahan al-Hayot" bolalar boshpanasining yangi rahbari edi. U ayollar ko‘rsatgan suratni ikki yoshli Karim surati bilan taqqoslardi.
– Ha, – deb javob beradi ular. – Soch o‘sish chizig‘i… – erkak biroz o‘ylanib qoladi. – O‘xshashlik bor, lekin… – uning ovozi birdan so‘ndi. Vazifa ulkan va og‘ir edi.

Surat manbasi, Jess Kelly / BBC
"Lahan al-Hayot" fuqarolik urushi yillarida hibsga olingan ota-onalarning farzandlari saqlangan muassasalardan biri edi. Bolalar qarindoshlariga qaytarilmas, bog‘chalarda asirdek ushlab turilar va siyosiy qurol sifatida ishlatilardi. Ayrim hollarda ular yolg‘ondan "etim" sifatida ro‘yxatga olingan yoki shaxsiy ma’lumotlari o‘zgartirilgan. Bu esa ularni topishni yanada qiyinlashtirgan.
Asad tuzumi dekabr oyida kutilmaganda ag‘darilgandan so‘ng, jurnalistlar, faollar va oilalar oldin mutlaqo yopiq bo‘lgan manbalar, hujjatlar va joylarga kirish imkoniga ega bo‘ldi. Bi-bi-si Jahon xizmati "Lighthouse Reports" surishtiruvchi mediatashkiloti va yana besh nashr bilan hamkorlikda Suriya rejimi yetimxonalar tarmog‘ida qarindoshlaridan yashirgan 323 bola haqida ma’lumotlar bazasini tuzdi. Buning uchun minglab sizdirilgan va yig‘ilgan hujjatlar o‘rganildi hamda haqiqiyligi tekshirildi.
Tahlillardan ma’lum bo‘lishicha, eng ko‘p bolani qabul qilgan muassasalarni Avstriyada joylashgan SOS Children's Villages International xayriya tashkiloti boshqargan. SOS 130 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi va yiliga taxminan $1,9 milliard mablag‘ to‘playdi. Mablag‘ning bir qismi BMT, Yevropa hukumatlari va shaxsiy xayriyalar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Biz SOSning 50 dan ziyod xodimi bilan suhbatlashdik. Bir nechta manbaning aytishicha, Suriyadagi SOS rahbar lavozimlari ko‘pincha Asadlar saroyi tomonidan tayinlangan, Asma al-Asad esa tashkilot faoliyatida muhim rol o‘ynagan. Uning o‘zi ham, turmush o‘rtog‘i Bashar al-Asad kabi, inson huquqlarini buzgani uchun YeI va Buyuk Britaniya sanksiyalariga uchragan.
Shuningdek, bizga aytishlaricha, xayriya tashkiloti ko‘proq mablag‘ olish maqsadida "har qanday bolani qabul qilavergan".
SOS esa "Biz bolalar sonini ko‘paytirganlarga mukofot bermaymiz", deb javob berdi va Asadlar oilasi bilan rasmiy aloqasi borligini rad etdi.

Surat manbasi, Getty Image
SOS ichki tekshiruvdan so‘ng 2013–2018 yillarda hujjatlari to‘liq bo‘lmagan 140 bola qabul qilinganini tan oldi. Ulardan 104 nafari keyinroq Suriya maxsus xizmatlari yoki Ijtimoiy ishlar vazirligiga topshirilgan, ularning taqdiri haqida hozir SOSda ma’lumot yo‘q.
Tashkilot shuningdek, 2018 yildan so‘ng siyosiy mahbuslarning farzandlarini qabul qilishni to‘xtatganini aytdi. Biroq biz 2022 yilgacha bolalar SOSga topshirilganini ko‘rsatuvchi hujjatlarni qo‘lga kiritdik.
Tekshiruvlar ko‘rsatishicha, SOS Suriya bo‘limi quyidagicha ishlagan:
Asad hukumati yoki maxsus xizmatlar talab qilganda bola keyin kimga topshirilishini tekshirmagan;
Shaxsiy ma’lumotlari o‘zgartirilgan bolalarni qabul qilgan, hatto bir holatda bolaga rasmiy boshqa ism bergan;
Maxsus xizmatlar ko‘rsatmasiga muvofiq qarindoshlarga bolani ko‘rish yoki olib ketish huquqi berilmagan, ma’lumot ham taqdim etilmagan;
Xodimlarga bolalarga oila suratlarini ko‘rsatish yoki ular haqida gapirish taqiqlangan;
Rejim ag‘darilgandan keyin ham farzandlarini izlayotgan onalar bilan ma’lumot almashishda sustkashlik qilgan yoki umuman javob bermagan.
SOS International bizga shunday javob berdi: "Biz bolalar oilalaridan majburan ajratilgani va oilalar yillar davomida farzandlari qaerda ekanini bilmaganidan chuqur afsusdamiz. Bunday holat hech qachon sodir bo‘lmasligi kerak edi. Biz mustaqil tekshiruvlardan saboq olishga va kelajakda yanada yaxshiroq ishlashga intilamiz."
SOSning muvaqqat rahbari Benua Pio esa biz bilan suhbatda tashkilot Asad davrida "terror tizimi" bo‘lgan Suriya hukumati buyruqlariga amal qilganini ta’kidladi.
SOS Children's Villages Britaniya bo‘limi esa payshanba kuni ushbu surishtiruv natijalari e’lon qilingach, "Suriyada SOS Children's Villages'ga nisbatan aytilgan ayblovlar ko‘lamini eshitib qattiq tashvishga tushdik", deb bayonot chiqardi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ko‘plab ota-onalar hali ham farzandlariga nima bo‘lganini bilmaydi. Suriyada bedarak yo‘qolgan bolalarga oid soxtalashtirilgan yoki yo‘qolgan hujjatlar ichidan bolasini izlab onalar va otalar bir muassasadan ikkinchisiga sarson yuribdi.
Ular orasida Rim ham bor – u o‘g‘li Karimni izlamoqda.
Karim SOSga olib borilganmi yoki mahbuslar bolalarini qabul qilgan boshqa muassasalarga olib ketilganmi, aniqlashning iloji yo‘q. Biroq Rimning fikricha, turmush o‘rtog‘i boyligi tufayli (moliyaviy tanqislikka botgan Asad tuzumi uchun xavf sifatida ko‘rilgan) va 2016 yilda uni qamoqxonada ko‘rishganidan, ehtimol hibsga olingan. Shu bois, o‘g‘lini yetimxonaga yuborishgan bo‘lishi mumkin.

Surat manbasi, Reem al-Kari
"Lahan al-Hayot"dan javob olmay turib, Rim avval Suriyaning Ijtimoiy ishlar vazirligiga murojaat qildi. U yerda unga vazir xorijda, bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha mas’ul rahbar esa ta’tilda ekani aytildi. Keyin esa bolalarga oid ishlar vazirlikning beshinchi qavatidagi xavfsizlik idorasiga o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Rim Bi-bi-si tasvirga olish guruhi hamrohligida yuqoriga ko‘tarildi. Bizda suratga olish ruxsatnomasi bo‘lishiga qaramay, darhol tasvirga olishni to‘xtatishga buyruq berildi va vazirlik Rimga yordam ko‘rsatishdan bosh tortdi.
May oyida vazirlik ag‘darilgan tuzum davridagi bolalar taqdiri bo‘yicha yangi tekshiruv boshlanganini e’lon qildi. Ammo u yerda xodim va resurslar juda cheklangan edi: minglab hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun faqat bir nechta ko‘ngilli jalb etilgan, natijalar esa hali e’lon qilinmagan.
Shundan so‘ng Rim o‘g‘lining yoshidagi o‘g‘il bolalarni qabul qilishi bilan mashhur bo‘lgan boshqa yetimxonaga bordi. U telefondan o‘g‘lining suratini chiqarib, muassasa direktoriga ko‘rsatdi. Ayol bosh chayqadi. Rimning ko‘zlari yoshga to‘ldi.
Nihoyat, u SOS Suriya bo‘limiga bordi. Bu muassasaga yaqingacha Asadning yaqin yordamchilaridan birining qizi Samar Daabul rahbarlik qilgan. Daabul xonim oilaviy aloqalari uning ishiga ta’sir qilmaganini aytib keladi.
Rimdan Karimning tug‘ilgan sanasini so‘rashdi. Biroq u xodimlarga bunday ma’lumot ko‘p hollarda o‘zgartirilgani uchun unchalik foyda bermasligini aytdi. Uning o‘rniga SOSga qabul qilingan bolalar suratlarini ko‘rsatishni so‘radi. Ammo bu rad etildi, sabab sifatida bolalar xavfsizligi va daxlsizligi keltirildi.
Bir necha haftadan so‘ng Rim SOS International'dan elektron maktub oldi. Unda tashkilot olti oy ichida javob berishini aytgan va unga SOS'ning Suriya bo‘limiga – u yaqinda borgan muassasaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishni tavsiya qilgan.
Biz bilan suhbatlashgan boshqa ota-onalar ham SOSga murojaat qilganiga oylar bo‘lsa-da, hali ham javob kutayotganini aytishdi.
Biz SOS Children's Villages International'ning muvaqqat rahbari Benua Piodan nega Ijtimoiy ishlar vazirligi hujjatlarida 2022 yilgacha bolalar SOSga o‘tkazilgani qayd etilganini so‘radik. Venadagilar bundan "xabarsiz" ekanini aytdi.
Shu bilan birga, boshlangan tashqi tekshiruv "SOSga majburan joylashtirilgan bolalar" haqida haqiqatni ochib berishi mumkinligini va SOS bu topilmalarni qayd etib, o‘rganishini bildirdi.
Biz SOS hozir ham inson huquqlarini buzuvchi davlatlarda faoliyat yuritayotganini eslatdik. Janob Pio esa SOS International o‘z a’zolariga quyidagicha maslahat berishini urg‘uladi:
«Agar bola nomaqbul sabab bilan oilasidan ajratilgan bo‘lsa, qabul qilmang».
Biz dasturimizga qabul qilinayotgan bolalar xalqaro standartlarga to‘la javob berishini ta’minlayapmiz, – dedi u.

Surat manbasi, Jess Kelly / BBC
SOSning 50 dan ziyod sobiq va hozirgi xodimlari – jumladan, Venadagi bosh ofisdan to‘rt nafar yuqori rahbar – Bi-bi-si va uning surishtiruv hamkorlariga intervyu berdi. Ular SOS Suriya bo‘limida mahbuslar farzandlari qabul qilingani haqidagi ogohlantirishlarga xayriya tashkiloti sekin yoki umuman chora ko‘rmaganini tasdiqlashdi.
SOS Suriya bo‘limi bu masalalarni bosh ofisga yetkazganda, – dedi SOS International'ning sobiq rahbarlaridan biri, – yuqori rahbariyat batafsil ma’lumotni eshitishni istamadi, aniq harakat va mas’uliyatdan qochdi.
SOS International'ning yana bir yuqori lavozimli xodimi esa "bolalar xavfsizligini ta’minlash va muvaffaqiyatsizliklarga chora ko‘rish"ga bosim "pastdan yuqoriga" bo‘lishi kerakligini aytdi.
SOS Children's Villages'da qoidalar va tartiblar ko‘p, ammo xalqaro darajada ularni tekshirish va ijrosini nazorat qilish uchun resurs yetarli emas, – dedi u.
SOS Suriya bo‘limi yetimxonalaridan biri sobiq rahbari aytishicha, qaysi bolalarni qabul qilish qarori ko‘pincha moliyaviy maqsadlar ta’sirida qabul qilingan.
Xavfsizlik jamoasi, qabul qilish va topshirish jamoalari standartlari past edi. SOS International'ning donorlar topish bo‘yicha umumiy reja bor edi. Avvaliga bu reja amalga oshmadi, shu bois raqamlarni to‘ldirish va mablag‘ni saqlab qolish uchun har qanday bolani qabul qila boshlashdi, – dedi u.
Rimdan farqli ravishda, Omama G‘beyis farzandlarini topdi. Ammo aytishicha, akasining gumanitar faoliyati sababli hibsga olinib, qamoqda o‘tkazgan uch yilning dastlabki ikki yili davomida qizlari qaerdaligidan xabarsiz bo‘lgan.
Qizlari Laylo va Layan SOS Suriya bo‘limiga olib ketilgan – o‘sha paytda ular to‘rt va sakkiz yosh bo‘lishgan.
Omamaning aytishicha, u bolalari boshidan kechirgan kechmish uchun SOSni kechirolmaydi. Bunday shikoyatlarni biz bilan gaplashgan boshqa oilalar ham aytishdi.

Surat manbasi, Ghbeis family
Uning so‘zlariga ko‘ra, qarindoshlari qizlari bilan bog‘lanishga uringan, ammo bu "taqiqlangan" degan javob olishgan. Qizlariga oila haqida gapirish yoki suratlarni ko‘rishga ruxsat berishmagan. Layloning aytishicha, u oilasini juda sog‘inib qolganida, bir SOS xodimi unga Facebook'dan suratlar ko‘rsatgan, ammo bu rasman "taqiqlangan" edi.
Onasiga qaytarilgandan keyin qizlar xayriya tashkiloti ularning ismlarini ham o‘zgartirib yuborganini aytgan.
"Layla menga, agar kimdir so‘rasa, o‘zini Layla Mossab deb tanishtirishi kerak bo‘lganini aytgan edi," — deydi Omama.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ikkinchi qiziga ham boshqa ism berilgan .
Ular Layanni "Layal" deb chaqirishardi. Layal Mus’ab, – deydi Omama.
Men buni hech qachon shunchaki xatolik deb hisoblamayman.
Bi-bi-si va uning hamkorlari o‘tkazgan surishtiruv natijasida Layan Suriya razvedkasi hujjatlarida Layal Mus’ab nomi bilan qayd etilgani tasdiqlandi.
Qizlar onasi bilan qamoqxonada ilk bor faqat ikki yildan keyin ko‘rishishiga ruxsat berildi. Bu ularning asirlar almashuvi orqali ozod etilishi arafasida bo‘lishi kerak edi, ammo jarayon amalga oshmadi. Shu vaqtga kelib, Layan onasini butunlay unutib yuborgan, deydi Omama, uchrashganda qizi undan o‘zini tortgan.
"Hatto qamoqxona qo‘riqchilari ham yig‘lab yuborishgan edi", deydi Omama.
Oila nihoyat uch yillik ayriliqdan so‘ng qayta birlashganida, uzoq ayriliq ular orasida sovuqlik qoldirganini qo‘shimcha qiladi u.
"Har birimiz go‘yo turli dunyodan kelgandek edik".
Omama SOS Suriya bo‘limining o‘z qizlariga bu asnoda tutgan yo‘lidan qattiq g‘azabda.
"Men SOS xalqaro tashkilot ekanini, xorijdan moliya olishini bilaman. Demak, u kuchli. Bu rejim tuzgan tashkilot emas. Shu holda ham mahbuslarning bolalari yo‘qolishiga sheriklik qilishi… kechirilmas", deydi u.
Rim esa hamon Karimni izlamoqda.

Surat manbasi, Jess Kelly / BBC
"Rejim qulaganiga olti oy o‘tdi, ammo bolalarini qidirayotgan onalar uchun haligacha aniq yo‘l yo‘q", deydi u.
"Bolalarning qamoqqa olingani jamoatchilik e’tiboriga tushganidan beri uning aksariyat donorlari SOS Suriya uchun moliyalashtirishni to‘xtatganiga qaramay, biz SOS Suriyani kelgusi ko‘p yillar davomida ishlashini ta’minlashni va hozirda bizning qaramog‘imizdagi bolalar uchun muhim xizmatlar uzluksizligini ta’minlash ustida ishlamoqdamiz", - deya ta’kidlaydi SOS Children's Villages International.
Tashkilot shuningdek, Asma al-Asad bilan qandaydir norasmiy aloqa bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini tekshirayotganini, ammo rasmiy aloqalar bo‘lmaganini bildirdi.
SOS Suriya bo‘limi boshqaruv kengashining sobiq raisi Samar Daabul 2025 yil may oyida iste’foga chiqqan. U rejim bilan oilaviy aloqalari bu yerdagi ishiga ta’sir qilmaganini ta’kidlab, Asma al-Asad SOS'ga faqat bir marta tashrif buyurganini aytdi.
U o‘z ishini "har doim halollik va professionallik, bolaning manfaatlariga xizmat qilish" bilan ajralib turishini ta’kidlaydi.
Suriya Ijtimoiy ishlar va mehnat vazirligi jamoamiz izoh berishni so‘raganida, hech qanday fikr bildirmadi.
May oyida u Assadlar hukmronligi davrida bolalar bilan nima sodir bo‘lganini tekshirish uchun yangi qo‘shma vazirlik qo‘mitasi tashkil etilganini e’lon qildi.
Rejim qulagandan so‘ng Rossiyaga qochgan Asadlar oilasi ham izoh berish haqidagi so‘rovimizga javob qaytarmadi.












