Suriya: Asad ketgach paydo bo‘lgan erkinliklar tezda yo‘qolishi mumkinmi?

Surat manbasi, Getty Images
- Author, Lina Sinjab
- Role, BBC muxbiri, Yaqin Sharq
- O'qilish vaqti: 9 daq
2024 yil 8 dekabrь kuni tongda Livan chegarasida nima bo‘lishini bilmay, o‘tish joyi ochilishi bilanoq Suriyaga kirishga umid qilib, xavotir bilan kutdim.
24 yil davomida prezidentlik qilgan Bashar Asad taxtdan ketdi. Isyonchilar Damashq tomon ilgarilab, Halab kabi yirik shaharlarni egalladilar. Ko‘rayotganlarimga ishonmayotgandim: Suriya ozod bo‘ldi.
Ko‘plab suriyaliklar singari men ham faqat Asad va uning otasi Hofiz hukmronligi ostidagi mamlakatni bilardim. Hofiz 1971 yildan 2000 yilgacha hokimiyat tepasida turgan edi. Asadlar hukmronligi 50 yildan ortiq vaqt davomida odamlarning g‘oyib bo‘lishi, qamoqqa olinishi va 2011 yilda boshlangan fuqarolar urushi yuz minglab suriyaliklarning hayotiga zomin bo‘lishi bilan kechdi.
O‘sha yili isyon boshlanganida, so‘ng yana bir necha marta qamoqqa olindim. Kaltaklanish uchun saf tortgan erkaklarni ko‘rdim, qiynoqqa solinayotganlarning dodlashini eshitdim. 2013 yilda mamlakatni tark etganimdan keyin ham xavfsizlik kuchlari Damashqdagi uyimga bostirib kirib, uni vayron qilganidan xabar topdim.
Vatanimni butunlay yo‘qotdim deb o‘ylagan edim, ammo o‘tgan yili to‘satdan diktatura bir haftadan sal ko‘proq vaqt ichida ag‘darildi. Chegaradan qamoqqa olinishdan qo‘rqmay o‘tib, isyonchi jangchilarning bayramona o‘q uzishlarini, odamlarning esa ko‘chalarda shodligini ko‘rar ekanman, bir vaqtda ham kulgim, ham yig‘lagim keldi.

Surat manbasi, Getty Images
Haftalar davomida Damashqning asosiy Umaviylar maydoni bayramlar markaziga aylandi. Yoshu qari siyosat haqida bemalol gaplashar, hamma joyda Suriyaning kelajagi ochiq muhokama qilinardi; ko‘cha sotuvchilari, taksi haydovchilari, poyabzal tozalayotgan bolalar ham. Bularning barchasi Asad davrida aqlga sig‘masdi, chunki suriyaliklar qo‘rqqanidan erkin norozilik bildira olmasdi.
Endilikda, oradan to‘rt oy o‘tib, vaziyat murakkablashmoqda. Ba’zi ijtimoiy erkinliklarni qo‘lga kiritishda katta yutuqlarga erishilgan bo‘lsa-da, demokratiya qanday shakllanishi va yangi tuzumda islomning roli haqida xavotirlar ortib bormoqda.
Xo‘sh, bu ijtimoiy erkinliklar qanchagacha saqlanib qolishi mumkin yoki ba’zilar qo‘rqqanidek, yangi qo‘lga kiritilgan erkinliklar muvaqqatmi?
Ko‘pchilik surgundan qaytmoqda
Damashq markazidagi "Ravza" qahvaxonasida, parlamentdan yo‘lning narigi tomonida, ziyolilar chilim chekish va madaniyatni muhokama qilish uchun uzun stollar atrofida to‘planishadi. Asad davrida bu yerda siyosiy faollar ushlangan va qamoqqa olingan edi. Ba’zi ofitsiantlar rejim ayg‘oqchilari ekanligi haqida mish-mishlar yurardi.

Bugun esa butunlay boshqacha manzara. Qahvaxonada suhbatlar o‘tkaziladi, musiqa yangraydi. Bir paytlar mamlakatdan qochgan taniqli shaxslar ham qaytib kelishdi – ko‘pchilikni katta nog‘ora bilan an’anaviy qo‘shiqlarni ijro etayotgan guruh kutib olmoqda.
Suriyalik jurnalist Muhammad G‘annam shulardan biri. U Asad hukmronligi davrida bir necha oy qamoqxonalarda o‘tirganini, keyin Frantsiyaga ko‘chib ketganini aytadi. Uning qaytganidan quvonchi shunday sezilib turibdi.
"Menimcha, qayta oladigan har bir kishi mamlakatni tiklash uchun qaytib kelishi kerak, – deydi u. – 2024 yil 8 dekabrgacha bo‘lgan davrga qaraganda, hozir istagan ishingizni qilish imkoniyati bor."
U o‘tmishga nazar tashlab, qo‘shimcha qiladi: "Hatto masjidlardagi voizlar ham ruxsat olishlari va nima haqida va’z qilishni oldindan bilishlari kerak edi. Hozir esa butunlay erkin. Juma namozida imom shaxsiy erkinligingiz boshqalarning erkinligiga daxl qilmasligi kerakligi haqida gapirdi."
Oradan bir necha oy o‘tdi, rejim hokimiyatni bo‘lishishga va boshqa siyosiy hamda ijtimoiy kuchlarga jamiyatda o‘z o‘rnini topishga imkon berishga tayyor emas.
Uday az-Zobi ham yaqinda 14 yildan so‘ng Suriyaga qaytdi. U o‘qish uchun ketganini, ammo shu paytgacha qayta olmaganini aytadi, chunki u rejim haqida ochiq gapirgan ekan.
"Bu yerda mening kitoblarim taqiqlangan edi, – deydi u menga. – Hozir senzura yo‘q, xohlagan narsangizni o‘qishingiz mumkin. Ko‘pchilik o‘qishni va ko‘proq bilishni istayotganidan juda hayratlandim."
"Bu katta o‘zgarish," deydi suriyalik hujjatli film muallifi va Suriyaning sobiq prezidenti Nuriddin al-Atassiyning o‘g‘li Ali al-Atassi. (Otasi Hofiz Asad tomonidan davlat to‘ntarishi natijasida hokimiyatdan ag‘darilgan edi.)
"Bu o‘yin qoidalarini o‘zgartirdi va mamlakat uchun ko‘plab istiqbollar ochdi."
San’at himoyasi
Suriyaning yorqin san’ati va madaniyati uzoq vaqtdan beri mamlakat faxri bo‘lib kelgan: Asadlar uni qo‘llab-quvvatlab, dunyoga boy madaniyatni ko‘rsatishni xohlashgan, ammo ba’zi rassomlar va yozuvchilar tuzumga qarshi qarashlari uchun o‘ldirilgan ham.
Hatto ba’zi kitoblarni olib yurish ham bir paytlar hibsga olishga sabab bo‘lardi. Bugun esa poytaxtdagi do‘konlarda har xil kitoblar, hatto siyosiy mavzudagilar ham qo‘yilgan. Kino klublarda ilgari taqiqlangan filmlar ham namoyish etilmoqda.

Asad qulaganidan keyin bir necha hafta davomida muvaqqat hukumat madaniyat vazirini tayinlamadi, ammo musiqachilar va san’atkorlar madaniyat sohasi himoyasi uchun birlashdi.
Endi esa yangi xavotirlar paydo bo‘lmoqda: Asad davrida Suriyada siyosiy munozaralar bostirilgan bo‘lsa, hozir mullalar dinga qarshi deb hisoblagan san’at turlari taqiqlanishidan qo‘rquvlar bor.
Bu haqda aniq dalillar yo‘q. Muvaqqat prezidentning ukasi doktor Maher Ash-Sharaa oilasi bilan shahardagi Opera teatrida ko‘rindi; Vivaldi asarlarini suriyalik musiqachilar ijro etdi. Oila dam olish kunlari madaniy tadbirga tashrif buyurgan har qanday zamonaviy oilaga o‘xshardi.
Asad hukumati qulashi ortidan Damashqning yahudiy mahallasi markazidagi tarixiy Bayt Farhi uyida kino, musiqa, teatr va tomoshalar haqida suhbatlar asosida madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi. Faqat ayollardan iborat orkestr inqiloblar va shahidlarni ulug‘lovchi qo‘shiqlarni ijro etdi. Tinglovchilarning ba’zilari ko‘z yoshlarini tiya olmadilar.

"Suriyada san’atni qanday himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash haqida o‘zaro fikr almashish imkoniyati paydo bo‘lgani juda yaxshi," deydi xoreograf Nura Murod.
Janob al-Atassi ham ijobiy fikrda: "Menimcha, suriyaliklar bu rejimga shaxsiy hayotlariga aralashishga, jamoat joylarida o‘zini tutish qoidalarini o‘rnatishga yo‘l qo‘ymaydilar."
Hokimiyat markazlashuvi
Asadni ag‘dargan isyonchilar hujumiga boshchilik qilgan Suriya prezidenti Ahmad ash-Sharaa 29 yanvarda harbiy kengash tomonidan tayinlanganida so‘zlagan nutqida ustuvor vazifa "hokimiyat bo‘shlig‘ini qonuniy va huquqiy yo‘l bilan to‘ldirish" ekanligini ta’kidladi.
Biroq oylar o‘tib, ba’zilar barqaror demokratiya qurish imkoniyati borasida xavotirga tusha boshlashdi. Doimiy konstitutsiya qabul qilinmagunicha va saylovlar o‘tkazilmagunicha mansabdor shaxslarni, jumladan prezidentni ham, javobgarlikka tortish tizimi mavjud emas.
"Oradan bir necha oy o‘tdi, rejim hokimiyatni bo‘lishishga va boshqa siyosiy hamda ijtimoiy kuchlarga jamiyatda o‘z o‘rnini topishga imkon berishga tayyor emas," deydi janob Al-Atassi. "Siyosiy maydonni boshqa kuchlarga ochmasdan, Sharaa Suriyani xalqaro hamjamiyatga qaytara oladi deb o‘ylamayman."

Surat manbasi, Getty Images
Fevral oyida Damashqdagi Xalq saroyida Suriyaning kelajagi haqida ikki kunlik milliy muloqotga yuzlab odamlar to‘plandi. Ba’zi tanqidchilar uchrashuv shoshilinch tashkil etilgani va barcha muhim mavzularni qamrab olish uchun juda qisqa bo‘lganini ta’kidlashdi.
Suriyalik huquqshunos, "Said va Said" yuridik firmasining boshqaruvchi hamkori Abdulhay Saidning fikricha, bu uchrashuv na vakillik xususiyatiga ega edi, na haqiqiy kelishuvni aks ettirardi.
"Suriya jamiyatining katta qatlamlari o‘zlarini chetlatilgan yoki vakillikka ega bo‘lmagan his qilishdi, – deydi u. – [Bu] keng qamrovli rozilikni sun’iy tarzda yaratish mexanizmi sifatida o‘ylab topilgan."
Biroq, "Bu yangi hokimiyatning maslahatlashuvlar doirasini kengaytirishga bo‘lgan ma’lum istaklarini aks ettiradi," deya tan oladi u.
Isyonchilar ittifoqida hukmronlik qilgan, "Al-Qoida"ning sobiq sho‘’basi va islomiy guruh "Hay’at Tahrir ash-Shom" (HTSh) yetakchisi bo‘lgan Sharaa "erkin va xolis saylovlar" o‘tkaziladigan davlat barpo etishga sodiqligini aniq aytgan.

Surat manbasi, Getty Images
Shuningdek, u Suriyaning besh yillik o‘tish davridagi kelajagini belgilab beruvchi konstitutsiyaviy deklaratsiya ustida ishlash uchun qo‘mita tayinladi. Biroq, keyingi deklaratsiyada hokimiyatning taqsimlanishi mustahkamlangani yo‘q.
"U barcha guruhlarning siyosiy ishtirokiga jiddiyroq qarayotganini ko‘rsatishi kerak," deydi janob Al-Atassi.
Bunga ba’zi misollar bor: nasroniy ayol ijtimoiy ishlar vaziri etib tayinlandi, "Oq dubulg‘a" fuqaro mudofaasi guruhi rahbari esa favqulodda vaziyatlar vaziri bo‘ldi. Ammo ba’zilar Sharaaning ukasi prezident devoni rahbari etib tayinlangani borasida savollar ko‘tarmoqda.
"Hozirda HTShning yuqori lavozimli sobiq a’zolari asosiy davlat lavozimlarini egallab turibdi," deya qo‘shimcha qiladi janob Said.
Shuningdek, janob Al-Atassining ta’kidlashicha, "xalqaro huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar Vazirlar Mahkamasiga jalb qilinmadi. Ular e’tibordan chetda qoldirildi."
Adliya vaziri shariat huquqi bo‘yicha ma’lumotga ega, biroq asosan frantsuz va usmonli huquqidan olingan Suriya Fuqarolik kodeksi bo‘yicha mutaxassis emas. Ko‘tarilayotgan savollardan biri – fuqarolik kodekslari o‘rniga shariatga asoslangan kodekslar qo‘llanishi mumkinmi?

Surat manbasi, Getty Images
"Yangi hokimiyat hozircha amaldagi kodekslarni shar’iy qonunlar bilan almashtirishga urinmadi," deydi janob Said. Biroq u qo‘shimcha qiladi: "bu biz diqqat bilan kuzatishda davom etayotgan soha bo‘lib qolmoqda."
"Eng dolzarb masala – sud mustaqilligi tiklanadimi va amalda ta’minlanadimi."
Ayollar va din erkinligi
Asad rejimi davrida ayollar nisbatan teng huquqlarga ega bo‘lib, 1950-yillardan beri parlamentda, shuningdek, jamiyatning barcha jabhalarida faoliyat yuritib kelgan edi. Hozirda bundan chekinishni ko‘rsatadigan yangi yozma qoidalar yo‘q, ammo ba’zi xavotirli belgilar ko‘zga tashlanmoqda.
Muvaqqat hukumat tarkibiga atigi bitta ayol kirdi. London universiteti kolleji va MakGill universiteti tadqiqotlariga ko‘ra, ayollar huquqlari himoyachilari HTShning islom huquqi talqinini qo‘llashi borasida xavotir bildirmoqda. Bu, xususan, ayollarning harakati, kiyinishi va jamoat ishlaridagi ishtirokini jiddiy cheklashi mumkin.

Surat manbasi, EPA
"Sudьyalar tarkibining taxminan 35-40 foizini tashkil etuvchi ayol sudьyalar chetlatilishi yoki ishdan bo‘shatilishiga duch kelish-kelmasligini kuzatish muhim, – deydi janob Said. – Hozircha bunday tendentsiya belgilarini ko‘rmadik, ammo hushyorlikni saqlab qolish zarur."
Diniy erkinliklarga kelsak, ijtimoiy hayotni cheklaydigan yangi qonunlar yoki qarorlar yo‘q, biroq ba’zi suriyaliklar islomiy boshqaruvni joriy etishga urinishlar bo‘layotganini aytishmoqda.
Adliya vazirligi erkaklar va ayollar uchun kirish joylarini alohidalashni boshladi. Bundan tashqari, erkaklar avtobuslarda va Damashqdagi Umaviylar masjidida ayollardan yuzlarini to‘liq yopib yurishni so‘rab varaqalar tarqatayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Poytaxtdagi nasroniy mahallalarda mashinalar ko‘chalarda ovoz kuchaytirgichlar orqali islomni targ‘ib qilayotgan voizlar bilan harakatlanayotgani tasvirga olingan. Eski shaharning nasroniy kvartalidagi bar va restoranlarni yopish to‘g‘risidagi buyruq jamoatchilik noroziligidan keyingina bekor qilindi.
Ba’zi diniy vaziyatni kuzatuvchilar menga tashvishlarini bildirdi. Damashq o‘zining bag‘rikengligi bilan mashhur, ammo ba’zi doiralarda yangi hokimiyatning ildizi salafiylik degan xavotirlar mavjud.
"Diniy qadriyatlarga qaytishga chaqiriqlar tobora kuchaymoqda, – deydi janob Said. – Bu hali ham demokratiya, qonun ustuvorligi va teng fuqarolikka ishonadiganlar uchun jiddiy sinovdir."
Sharaa ham islomiy, ham noislomiy siyosiy harakatlarga qarshi chiqadi va na islomiy davlat qurishni xohlaydi, na buning imkoniyatiga ishonadi.
"Ular buni istashmaydi ham, qila olishmaydi ham".
Hukumat qat’iy amaliyotlarni joriy etmoqchi bo‘lgan taqdirda ham, savol tug‘iladi: ular buni amalga oshira olarmidi? Damashqlik imom Alauddin as-Saik bunga shubha bildiradi. Uning fikricha, suriyaliklar bunday urinishlarni rad etadi.
"Bu mumkin emas, jamiyatimiz buni qabul qilmaydi, – deydi u menga. – Biz yillar davomida, hatto qiyin paytlarda ham turli mazhablar bilan hamjihatlikda yashab keldik. Qur’onda aniq aytilgan: dinda majburlash yo‘q."
Kelajak uchun raqobatdosh g‘oyalar
Bugungi kunda keskinlik ortib bormoqda: qirg‘oq bo‘yi shaharlaridagi zo‘ravonlik oqibatida 1400 dan ortiq odam halok bo‘ldi, ularning aksariyati alaviylar (Asadning ozchilik mazhabiga mansub odamlar). Bu Suriya xavfsizlik kuchlariga uyushtirilgan hujumlar uchun qasos ekani aytilmoqda.
Mamlakat shimoli-sharqidagi boshqa hududlarda, garchi kurdlar boshchiligidagi Suriya Demokratik Kuchlari (SDK) 2019 yilda IShID ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, lagerlarda hali ham 56 mingga yaqin odam saqlanmoqda. Ularning aksariyati "Islom davlati" guruhiga (IShID) aloqador shaxslarning oila a’zolaridir. Vaholanki jihodchilarning Suriyadagi hududiy mag‘lubiyatiga ham besh yildan oshdi.
Hozir mamlakat oldida turgan asosiy savol esa suriyaliklar o‘z kelajagini qanday tasavvur qilishida. Janob Jazmatiyning aytishicha, bu borada ba’zi ziddiyatlar mavjud bo‘lib, ular rahbariyat va HTSh o‘rtasidagi kelishmovchiliklarga aylanib ketgan.
Uning ta’kidlashicha, Sharaa rahbariyati "konservativ, iqtisodiy jihatdan liberal" davlat qurmoqchi bo‘lsa-da, "ular o‘zlarining ko‘plab a’zolarini – turli lavozimlarga tayinlangan va ishonchli deb hisoblangan shaxslarni – Suriyadagi ijtimoiy hayotni islomlashtirishga urinishdan to‘xtata olmayapti."
Xalqaro inqiroz guruhi tahlil markazi ham xuddi shunday tashvish bildirmoqda. Ularning fikricha, Suriya "qarzga olingan vaqt hisobiga yashamoqda."

Surat manbasi, EPA
"Muvaqqat hukumat mablag‘lari tugab bormoqda, xavfsizlik kuchlari haddan tashqari zo‘riqqan, qashshoqlik chuqurlashmoqda va chekka hududlarda qo‘zg‘olonlar avj olmoqda. Tashqi kuchlar aralashmoqda. G‘arb sanksiyalari mamlakatni qayta qurish uchun zarur resurslardan mahrum qilmoqda, shu bilan birga parchalanish yoki fuqarolar urushiga qaytishning oldini olmoqda."
Janob Al-Atassining aytishicha yechim oddiy: u Sharaa siyosiy maydonni ochishi kerak deb hisoblaydi. "Bugun Suriyada saylovlar yo‘q, faqat nomzodlar bor, – deydi u. – Bu juda xavfli vaziyat."
Biroz o‘ylanib, u qo‘shib qo‘yadi: "Yangi diktatura shakllanayotgan bo‘lishi mumkin, ammo men Suriya xalqi ellik yildan so‘ng yangi diktaturani qabul qilishga tayyor ekanligiga ishonmayman."
Barqaror demokratiya istiqboliga kelsak-chi? "Buni ko‘rish uchun kutish kerak, – deydi u. – Lekin men umuman optimist emasman."
Biroq, bu yerda kengroq masala ham bor. Ya’ni, mamlakatning yaqin o‘tmishini hisobga olgan holda, demokratiya g‘oyasining o‘ziga bo‘lgan ishonch yo‘qolishi mumkinmi?
Janob Said shunday deb o‘ylaydi: "Garchi Asad davridagi konstitutsiyalar siyosiy erkinliklarni rasman e’lon qilgan bo‘lsa-da, ammo bizning siyosiy zamonaviylik tajribamiz boshimizga snaryadlar yog‘ilishi, tanamiz esa qamoq lagerlarida xo‘rlanishi ko‘rinishida namoyon bo‘ldi," deydi u menga.
"Suriya aholisining katta qismi siyosiy zamonaviylik va’dalariga ishonchini yo‘qotdi."
Yangi rahbariyat oldida turgan ko‘plab muammolar bor. Ehtimol, Suriya kelajagi uchun yangi yo‘l belgilashda ular birinchi galda aynan shu masalani hal qilishlari maqsadga muvofiq bo‘lardi.












