Farg‘onada portlash: qurbonlar soni ortmoqda, O‘zbek issiqxonachilari Rossiya sabab qiyin ahvoldami, o‘zbekistonlik otalarga qisqa ta’til

Surat manbasi, Ижтимоий тармоқ
Farg‘onadagi propan gaz quyish shoxobchasidagi portlashda qurbonlar soni rasman 4 nafarga yetgani ma’lum qilindi. Holat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, 5 kishi qamoqqa olindi.
Farg‘ona viloyat ichki ishlar boshqarmasi xabar berishicha, portlash oqibatida shifoxonaga yotqizilgan bemorlardan 3 nafari vafot etdi.
Oldinroq kuchli portlash sabab bir kishi vafot etgani va to‘rt kishi jarohatlangani xabar qilingandi.
Rasmiy xabarda aytilishicha, Petrolium propan gaz quyish shoxobchasida 5 metr kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqqan. Oqibatda gaz moddasi tashqariga sizib chiqqan, so‘ngra portlash va yong‘in sodir bo‘lgan.
"Natijada, 1 nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan, shu hududda bo‘lgan bir nechta fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan", deyiladi Farg‘ona IIB xabarida.
Hodisa 17 dekabrь mahalliy vaqt bilan soat 13:45 larda sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar yonayotgan odamni o‘chirish uchun o‘t o‘chirgichdan foydalanayotgani va yonayotgan mashinalar aks etgan surat va videolar tarqalgandi.
Rossiya sabab O‘zbekiston va Turkmaniston issiqxonachilari qiyin ahvolga tushdi

Surat manbasi, kun.uz
Qishloq xo‘jaligi xabarlari tahlili bilan shug‘ullanuvchi EastFruit tahlichilarining yozishicha, Turkmaniston katta miqyosda, O‘zbekiston esa hozircha kichik darajada issikxona sabzavotlarini sotishda katta qiynchiliklarga duch kelmoqda. Hozirgi paytda garchi mavsum bo‘lsa-la, issiqxona pomidorlarini sotish katta muammoga duch kelgan.
Talabning tushib ketishiga asosiy sabab – Rossiyalik xaridorlarning xarid qobiliyati pasayishi.
Bugungi kunga kelib, turkmanistonlik issiqxonada mahsulot yetkazuvchi dehqonlar 1 kilo pomidorni 1 dollardan o‘tkazishda ham qiyinchiliklarga uchrayotganini aytishmoqda.
Ular mahsulotlariga Rossiyada talab keskin tushib ketganidan nolishmoqda. Bu narxga ta’sir qilgan.
Rubl qadrining tushib ketishi va Rossiya moliya bozoridagi beqarorlik ushbu mamlakatga issiqxona mahsulotlarini eksport qilish istiqbolini tushirib yubormoqda.
Nashrning yozishicha, Turkmaniston so‘nggi yillarda issiqxonalarni kengaytirmoqda va pomidor yetishtirish ko‘lami ortgan.
Pomidorlar O‘zbekistonda ham unchalik qimmat emas. Narxlar o‘tgan yil bilan solishtirganda 32%ga tushib ketgan.
Bundan tashqari issiqxona pomidorlari AQSh dollari bilan hisoblaganda so‘nggi 5 yilda eng past bo‘lib turibdi.
Ayni damda kichik ulgurji hajmdagi dumaloq qizil issiqxona pomidorlarining bir kilosini 1.17 dollardan sotib olish mumkin. Eksportga yo‘naltirilgan yirik partiyalar uchun esa narxlar Turkmanistonniki bilan bir xil.
Biroq sifatdagi farq tufayli narxlar mahalliy bozorlardagiga nisbatan qimmatroq. Chunki o‘zbekistonlik eksportchilar sifatli pomidorlarni chetga sotishni afzal bilishadi.
O‘zbekistonlik tahlilchilarga ko‘ra, rubl qadrining tushib ketishi va Rossiya moliya bozoridagi beqarorlik ushbu mamlakatga issiqxona mahsulotlarini eksport qilish istiqbolini tushirib yubormoqda.
Farzandli bo‘lgan otalarga 5 kunlik ta’til beriladimi?
O‘zbekistonda erkaklar farzandli bo‘lganda, turmush o‘rtog‘iga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqishni qonuniylashtirish taklif etilmoqda.
Deputatlar "O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi muhokama qilishdi.
Deputat Nodir Tilavoldievning ta’kidlashicha, loyihada ishlayotgan erkaklar farzandli bo‘lganda, turmush o‘rtog‘iga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun 5 kunlik ta’tilga chiqishi bilan bog‘liq me’yorlar taklif etilmoqda.
Bunda xodimning ish haqi to‘liq saqlab qolinadi.
Gazeta.uzning yozishicha, shu kunga qadar milliy qonunchilikda bunday ta’til nazarda tutilmagan.
Deputat qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgartirishlar mehnat jamoalarida zo‘ravonlik va tazyiqning oldini olishini qo‘shimcha qilgan.












