O‘zbek Internet foydalanuvchilari Bokuning Moskvaga itoatsizligini maqtayaptilar. Video

Surat manbasi, Ўзбекистон президенти матбуот хизмати
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Bokuga rasmiy tashrifi Internet ijtimoiy tarmoqlarida qo‘llab-quvvatlab turilgani kuzatilgan bir vaqtda o‘zbekistonlik sharhlovchilar Ozarbayjonning Rossiyadagi o‘z fuqarolari ta’qib qilinishiga qarshi qattiq turganini maqtadilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2025 yil 2 iyul kuni Bokuga tashrifi chog‘i o‘zbekistonlik siyosiy sharhlovchilar, tahlilchilar va ziyolilar Ozarbayjonning Rossiyaga nisbatan murosasiz yondashuvini yuqori baholadilar.
Prezidentning Mirziyoyev safari Rossiyadagi ozarbayjonliklarga nisbatan munosabatlar bois Moskva bilan Boku o‘rtasidagi vaziyat taranglashgan vaqtga to‘g‘ri keldi, onlayn kuzatuvchilarning O‘zbekiston ham Ozarbayjonga o‘xshab qat’iy tashqi siyosat yuritishi kerakmi-yo‘qmi, degan muhokamalarini keltirib chiqardi.
Ko‘plab o‘zbek tahlilchilar Ozarbayjonning so‘nggi hodisalardagi mavqe’ini Rossiya bilan munosabatlarni muvozanatlashtirish barobarida o‘z suverenitetini saqlab qolishga intilayotgan turkiy va Markaziy Osiyo davlatlari uchun namuna sifatida ko‘rmoqdalar.
Sharhlovchilar, xususan, Ozarbayjonning Moskva siyosatini ochiq tanqid qilishga tayyorligiga e’tibor qaratdilar, buni Markaziy Osiyo hukumatlarining ehtiyotkor diplomatik yondashuviga qiyosladilar.
Gazeta.uz veb nashri O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning strategik ahamiyatini ta’kidladi, prezident tashrifini oddiy qo‘shnichilik namoyishi emas, balki haqiqiy ittifoqchilikni mustahkamlashga qaratilgan harakat deb baholadi.
"Shavkat Mirziyoyevning Bokuga bo‘lajak tashrifi yangi bitimlar imzolanishi bilan birga kechadi. Biroq, aftidan, asosiy vazifa allaqachon mavjud bo‘lgan hamkorlik mexanizmlarini chuqurlashtirish bo‘ladi. O‘zbekiston va Ozarbayjon yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashda davom etmoqda va haqiqiy ittifoqchi bo‘lishga intilmoqda", deb yozdi gazeta.uz
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Ozarbayjon mustaqil siyosati

Surat manbasi, .
O‘zbekistonlik tarixchi va siyosiy sharhlovchi Anvar Nazir Rossiya va Ozarbayjon vaziyatida Ozarbayjonni qattiq dastaklashga chaqirdi:
"Shu kunlarda men Ozarbayjonni qo‘llab-quvvatlayman va qo‘llab-quvvatlashga barchangizni chaqiraman! "Rossiyada ozarbayjonlarning uyushgan jinoiy guruhi faoliyat yuritadi va Rossiya unga qarshi kurashyapti" degan gaplar soddalar uchun yaratilgan yolg‘on!", deb yozdi o‘zining Facebookdagi sahifasida Anvar Nazir.
Yozuvchi Nurilloh Muhammad Raufxon Ozarbayjonni qisqa, lo‘nda ifodaladi:
ZO‘RAVONLIKNI OQIBATI ShUNAQA BO‘LADI
OZARBAYJON YeLKASIDAGI QO‘RQUVNI ULOQTIRIB, QADDINI TIKLADI
O‘risiya orqaga bir odim otishga majbur bo‘ldi.
Yashavor, Ozarboyjon! Boshqalarga o‘rnak bo‘lding! Sharaf deb buni aytadilar!, deyiladi Feysbukda tarqatilgan postda.
Siyosiy sharhlovchi Alisher Ilhomov Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni batafsil tahlil qildi, so‘nggi hodisalar yanada keng mintaqaviy qudratlar dinamakasini namoyon etayapti, degan xulosa qildi.
Siyosiy tahlilchi nazarida Moskvaning Ozari migrantlarga nisbatan so‘nggi muomalasi Rossiya huquq-tartibot idoralarining odatiy reydidan ko‘ra ko‘poq siyosiy qasos bo‘lgan.
"Bu mahalliy kuchishlatarlarning shunchaki o‘zboshimchaligi emas, balki Putin oldida tom ma’noda tiz cho‘kadigan Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlaridan farqli o‘laroq, Kreml surnayiga raqs tushishni istamayotgan Ozarbayjon hukumatining ancha mustaqil o‘zini tutishi uchun siyosiy qasd edi", deb yozdi Alisher Ilhomov.
"Fayzbog‘" Telegram kanali muallifi Temur Malik shu bahona mintaqaviy integratsiya intilishlarini qattiq tanqidga tutdi:
"Mana shunaqa vaziyatlarda yangi integratsiya deya jar solinayotgan turkiy davlatlar birligi asli olganda qanchalik mo‘rt ekanligi ko‘rinib qoladi. Bittasi Rossiya bilan qarama-qarshi pozitsiyaga chiqib olsa, boshqalari mum tishlagandek jim bo‘lib qolishadi. Quruq tadbirvozligu balandparvoz shiorlar ortida qup-quruq fasaddan boshqa hech vaqo yo‘q".
Kuch diplomatiyasi
27 iyun kuni Rossiyaning Yekaterinburg shahrida Rosgvardiya, politsiya va Federal Xavfsizlik xizmati ozarbayjonliklarga qarshi reydlar o‘tkazdi. Huquq-tartibot organlari buyurtma asosida sodir etilgan qotilliklarda gumon qilingan shaxslarni qidirayotganini xabar qilgan.
Reydlar oqibatida ikki ozarbayjonlik halok bo‘lgan. Biri politsiya binosida, ikkinchisi esa huquqni muhofaza qiluvchi organlardan biriga tegishli xizmat mashinasida vafot etdi.
Rossiya Tergov qo‘mitasi halok bo‘lgan aka-ukalardan biri yurak yetishmovchiligi sababli vafot etgan, ikkinchisining o‘limi sababi o‘rganilayotgani xabarini tarqatdi. Jasadlar Ozarbayjonga topshirildi.
Ozarbayjonning Minval nashri jasadlar suratlari va sud-tibbiy ekspertiza natijalarini e’lon qildi.
Jasadni yorib ko‘rish xulosalariga ko‘ra, erkaklar ko‘plab olgan jarohatlari tufayli vafot etgan. Ozarbayjon Bosh prokuraturasi ular qiynoqlar oqibatida halok bo‘lganini ma’lum qildi va guruh bo‘lib qasddan odam o‘ldirish, xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilish va qiynoqlar moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.
Yekaterinburgda esa sud reyd paytida qo‘lga olingan to‘rt nafar shaxsni tergov hibsxonasiga jo‘natdi. politsiya idorasidan yana ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi. SOTAVision nashri ma’lum qilishicha, qo‘lga olinganlar tok bilan qiynoqqa solingan.
Ozarbayjon fuqarolari ehtimoliy zo‘ravonlik oqibatida halok bo‘lgani ma’lum bo‘lgach, mamlakat politsiyasi Boku shahridagi Rossiyaning propaganda agentligi — Sputnik ofisiga reyd uyushtirdi va uning yetti nafar xodimiga nisbatan firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va mulkni legallashtirish moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. «Sputnik Ozarbayjon» direktori Igorь Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousov tergov hibsxonasiga jo‘natildi.
1 iyul kuni ertalab Ozarbayjon politsiyasi Boku shahrida rossiyaliklarni qo‘lga olgani ma’lum bo‘ldi. Ozarbayjon rasmiylari sakkiz rossiyalikni "uyushgan jinoiy guruh" a’zolari deb e’lon qildi, ular Erondan giyohvand moddalar kontrabandasida ayblanayotgani xabar qilindi.
Shu kunning o‘zida Rossiyada ozarbayjonliklarga qarshi reydlar qayta boshlandi.
Boku va Moskva o‘rtasidagi bu mojaro so‘nggi bir yil ichida ikkinchi marta ro‘y berayapti.
2024 yil 25 dekabrda Boku — Grozniy yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qilgan AZAL aviakompaniyasiga tegishli samolyot Qozog‘istonda halokatga uchradi.
Ozarbayjon rasmiylariga ko‘ra, Checheniston poytaxtiga yaqinlashgan samolyotga havo mudofaa tizimlari tomonidan hujum qilingan. Uchuvchilar samolyotni Kaspiy dengizi ustidan olib o‘tib Qozog‘iston aeroportiga qo‘ndirishga harakat qilganlar, ammo u baribir qulagan. Oqibatda 38 kishi halok bo‘ldi.
Boku xalqaro sudga murojaat qilish niyatida ekanini bildirdi va bir necha bor Kremldan aybni tan olish va uzr so‘rashni talab qildi.
Shuningdek, Ozarbayjondagi "Rus Uyi" yopildi, xodimlari josuslikda ayblandi, Rossiya ekstraditsiyasini talab qilgan sobiq sudya Yelena Xaxaleva qamoqdan ozod etildi. Ozarbayjonda rossiyaliklarning mamlakatda bo‘lish muddati ham 90 kunga qisqartirildi.
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot bilan bog‘liq hodisa Rossiya hududida sodir bo‘lgani uchun uzr so‘radi, ammo halok bo‘lganlar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi.
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliev 9 maydagi Moskvadagi harbiy paradga bormadi.
Yekaterinburgda ikki ozarbayjonlik o‘limi uchun jinoyat ishi hozircha qo‘zg‘atilgani yo‘q.












