Qozog‘iston parlamenti bolalarga "LGBT targ‘iboti"ni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Surat manbasi, Reuters
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 3 daq
Qozog‘iston parlamenti (Majlis) 12 noyabr kuni OAV va internetda "LGBT targ‘iboti"ni taqiqlovchi qonunni bir ovozda qabul qildi. Qonunni buzganlarga jarima solinadi, takror buzganlar esa 10 kungacha qamoq jazosi qo‘llanilishi mumkin.
"Bolalarni sog‘ligi va rivojiga zarar yetkazuvchi ma’lumotlardan himoya qilish maqsadida, pedofiliya va noan’anaviy jinsiy orientatsiyani targ‘ib etuvchi ma’lumotlarni jamoat joylarda, shuningdek, OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va onlayn platformalar orqali tarqatishni cheklovchi me’yorlar belgilandi", deyiladi hujjatda.
O‘zgarishlar to‘qqizta qonunga ta’sir qiladi. Taqiqni buzish eng kam oylik ish haqining 40 baravarigacha jarima(2025 yilda taxminan 157 ming tenge yoki 260 yevro) yoki 10 kungacha qamoq jazosiga olib keladi.
Qozog‘iston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Kochetovning aytishicha, noan’anaviy munosabatlarni targ‘ib qiluvchi" materiallarga 18+ belgisi qo‘yilishi shart. Qonunga zid mazmun bloklanadi.
Kochetovga ko‘ra, bu talablar hozircha asosan material tarqatuvchilarga nisbatan qo‘llaniladi. Agar voyaga yetmaganlar 18+ belgisi bor filmga kirsa, ota-onalar emas, balki teatr ma’muriyati jarimaga tortiladi.
"Masalan, agar ular [erkaklar] parkda qo‘l ushlashib yursa — bu targ‘ibot hisoblanmaydi. Bu ularning shaxsiy ishi va bunga shubha yo‘q", - deydi deputat Yelnur Beysenbaev.
2024 yil aprel oyida Majlis deputatlari dastlab "LGBT targ‘iboti"ni taqiqlash tashabbusi bilan chiqib, "Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartish kiritishni taklif qilgan edilar. Keyinroq ular bu targ‘ibot uchun jinoiy javobgarlik joriy etish va uni millatlararo, ijtimoiy yoki diniy adovat qo‘zg‘atishga tenglashtirishni taklif qilishdi.
Majlis deputatlari "LGBT targ‘iboti"ni taqiqlash masalasini muhokama qila boshlaganlarida E-Petition.kz portalida "Biz Qozog‘iston Respublikasida ochiq va yashirin LGBT targ‘ibotiga qarshimiz" nomli petitsiya paydo bo‘ldi. Bu mamlakatda hukumat ko‘rib chiqishi uchun zarur bo‘lgan 50 ming imzoni to‘plagan uchinchi petitsiya bo‘ldi.
Madaniyat va axborot vazirligi petitsiyadagi talablarning bir qismini — ya’ni "o‘smirlar va bolalarni jinsiy munosabatlar targ‘ibotidan himoya qilish" qismini qo‘llab-quvvatladi.
Natijada taqiq arxiv ishlariga oid qonun loyihasiga o‘zgartish sifatida taqdim qilindi.
An’anaviy qadriyatlar
Masalan, agar ular [erkaklar] parkda qo‘l ushlashib yursa — bu targ‘ibot hisoblanmaydi. Bu ularning shaxsiy ishi va bunga shubha yo‘q.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqaev so‘nggi oylarda bir necha bor "an’anaviy qadriyatlarni" himoya qilish zarurligi haqida bir necha bor gapirdi. Majlis qonunni qabul qilishidan bir kun oldin va Moskvaga tashrifi arafasida Toqaev "Rossiyskaya gazeta"da ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik haqida maqola yozdi.
"Bizni an’anaviy qadriyatlarga umumiy munosabat, zamonaviy hayotning dolzarb masalalariga mushtarak qarashlar va qardosh xalqlar farovonligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi ish birlashtiradi", - deb yozdi Toqaev.
Rossiyada voyaga yetmaganlar orasida "LGBT targ‘iboti"ni taqiqlovchi qonun dastlab 2011 yil Sankt-Peterburgda, keyin esa 2013 yilda federal darajada joriy etildi. 2023 yilda Rossiya hukumati "xalqaro LGBT harakati"ni ekstremistik deb e’lon qildi.
2025 yil iyuliga kelib, Human Rights Watch tashkiloti "xalqaro LGBT harakatida ishtirok etish" yoki shu harakat bilan bog‘liq ramzlarni namoyish qilgani uchun 100 dan ortiq ayblovchi hukmlarni qayd etdi.
Rossiyadan keyin Vengriya 2021 yilda, Gruziya esa 2024 yilda "LGBT targ‘iboti"ni taqiqladi.
Qozog‘istonda LGBTK+
Gomoseksuallik Qozog‘istonda amalda 1997 yilda, rasman esa 1998 yilda jinoyat deb hisoblanmay qo‘ygan. 2003 yildan beri transgenderlar rasmiy hujjatlarda o‘z jinsini o‘zgartirishi mumkin.
2021 yilda Los-Anjelesdagi Kaliforniya universiteti qoshidagi Uilyams institutining huquq maktabi jamiyatda LGBTK+ qabul qilinishi bo‘yicha Qozog‘istonni 175 mamlakat ichida 154-o‘ringa qo‘ygan. Mamlakat O‘zbekiston, Rossiya va Afg‘onistondan ham pastda ko‘rsatilgan.
Dunyo bo‘ylab jinsiy ozchiliklar huquqlarini o‘rganuvchi Equaldex onlayn platformasining yozishicha, "so‘nggi so‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, Qozog‘istonda LGBTK+ huquqlariga nisbatan kuchli qarshilik kuzatiladi".
Qozog‘istondagi "LGBT targ‘iboti"ga oid qonunni inson huquqlarini himoya qiluvchi ko‘plab tashkilotlar tanqid qiliyu chiqdi.
Human Rights Watch deputatlarni qonun loyihasini rad etishga chaqirdi. Nodavlat tashkilot fikricha, taklif etilgan tuzatishlar insonning asosiy huquqlarini buzadi va Qozog‘istondagi LGBTK+ jamoasi uchun xavfni kuchaytiradi.
Xalqaro lesbiyan, gey, biseksual, trans va interseks shaxslar uyushmasi (ILGA-Europe), Jahon qiynoqlarga qarshi tashkiloti va TGEU (Trans Yevropa va Markaziy Osiyo)lar qonunga qarshi qo‘shma bayonot bilan chiqdi.
Qozog‘istonning Queer.kz tashkiloti Majlis qarorini quyidagicha izohladi:
"Xat yozishda davom etamiz! Bizning tashkilot inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish uchun hamkorlarimiz bilan birga ishlashda davom etadi!"












