O‘zbekiston: Labubu jazavasi, Aydarko‘lda turizm markazi, Sea Breeze taqdirini endi kim hal qiladi?

Labubu

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 6 daq

So‘nggi ikki oy ichida O‘zbekistonda yangi trendga aylangan Labubu o‘yinchoqlari uchun aholi tomonidan katta miqdorda mablag‘ sarflangani ma’lum bo‘ldi.

Uzum Market platformasi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisi qisqa vaqt ichida ushbu o‘yinchoqlarga 110 ming dollar (taxminan 1,37 milliard so‘m) sarflashga ulgurgan. Bu raqam faqatgina birgina savdo platformasiga tegishli bo‘lib, butun mamlakat bo‘ylab sotuvlar hisobga olinsa, umumiy miqdor yanada ortishi mumkin.

Labubu o‘yinchoqlarini ishlab chiqaruvchi Pop Mart kompaniyasi bugungi kunda dunyodagi eng tez rivojlanayotgan global brendlardan biri hisoblanadi. Kompaniyaning aktsiyalari 2025-yilda 182 foizga o‘sib, bozor qiymati 43 milliard dollarga yetgani uning ulkan muvaffaqiyatidan dalolat beradi.

Labubu – bu Xitoyning Pop Mart kompaniyasi tomonidan yaratilgan "sirli quti" (blind box) tamoyiliga asoslangan kolleksion o‘yinchoqlar seriyasi.

Har bir quti ichida qaysi Labubu modeli borligi oldindan ma’lum bo‘lmaydi, bu esa xaridorlar orasida hayajon va qiziqish uyg‘otadi. Ushbu o‘yinchoqlar Pop Martning eng mashhur seriyalaridan biri bo‘lib, The Monsters seriyasiga tegishli. Ularni yaratuvchisi rassom Kasing Lung hisoblanadi.

Labubu o‘yinchoqlarining global mashhurligi ba’zan noxush holatlarga ham sabab bo‘lmoqda.

Masalan, Birlashgan Qirollikda mijozlar o‘rtasida ushbu o‘yinchoqlar uchun janjallar yuzaga kelgani haqidagi xabarlar tarqalgach, Pop Mart kompaniyasi Labubu o‘yinchoqlarini Buyuk Britaniyadagi 16 ta do‘konidan iyun oyiga qadar sotuvdan olib tashlashga majbur bo‘ldi. Kompaniya Bi-Bi-Siga bergan intervyusida bu qaror "har qanday potentsial xavfsizlik muammolarining oldini olish" maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi.

Bu voqea Labubuning naqadar katta talabga ega ekanligini va uning ishqibozlari orasida kuchli qiziqish borligini ko‘rsatadi.

"Aydar-Arnasoy" ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida zamonaviy turizm markazi barpo etiladi

Prezident

Surat manbasi, prezident.uz

"Aydar-Arnasoy" ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida zamonaviy turizm markazi barpo etiladi

Shavkat Mirziyoyevning Jizzahga qilgan tashrifida viloyatning qo‘shimcha imkoniyatlari muhokama qilinganligi xabar berilmoqda.

Bu tashrif davomida prezident viloyatda amalga oshirilishi kutilayotgan loyihalar taqdimotida bo‘lgan.

Shu paytgacha yo‘lga qo‘yilgan loyihalar qatorida, endi "Aydar-Arnasoy" ko‘llar tizimi qirg‘oq bo‘yida ham zamonaviy turizm markazi barpo etilishi aytilmoqda.

Shu paytgacha Jizzaxda "Zomin" turistik-rekreatsion zonasi, Zomin aeroporti va yangi yo‘llar qurilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yil 31 dekabrda Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish bo‘yicha Prezident qarori qabul qilingan edi. Unga ko‘ra, 2025 yilda 2 milliard dollar sarmoya jalb etish, eksportni 285 million dollarga yetkazish, 168 ming odamni ishli qilish chora-tadbirlari belgilangandi.

"Sea Breeze Uzbekistan" loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi

O‘tgan yil dekabrь oyida ozarbayjonlik tadbirkor Emin Agalarov Prezident Shavkat Mirziyoyevga "Sea Breeze Uzbekistan" nomli mavsumiy kurort qurish loyihasini taqdim etgan edi. Loyiha 500-700 gektar maydonni egallab, dam olish zonalari, plyajlar, sport maydonchalari, mehmonxonalar, kottejlar va turar-joy majmualari, shuningdek, do‘konlar, restoranlar, maktablar, akvapark va dam olish bog‘larini o‘z ichiga olishi kutilgan.

Iyul oyining o‘rtalarda ijtimoiy tarmoqlarda "Sea Breeze Uzbekistan" loyihasi jamoatchilikda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Faollar xalqqa suv sohilida dam olishning cheklanishi, infratuzilmaga yuklamaning ortishi, suv omborining ekologik muvozanatiga tahdid va shaffoflikning yetishmasligi kabi masalalardan xavotir bildirishgan.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishlari vaziri Aziz Abduhakimov 23 iyul kuni Chorvoq suv omboridagi "Sea Breeze Uzbekistan" loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida muhim bayonot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vazirlik hozirgacha loyiha bo‘yicha hech qanday rasmiy hujjat olmagan.

Vazir, loyihani "yo‘q" deb aytishdan oldin, u bilan tanishib chiqish zarurligini ta’kidladi va loyiha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini qo‘shimcha qildi. Bu esa loyihaning kelajagi bo‘yicha qarorlar qabul qilishda jamoatchilik fikri inobatga olinishini anglatadi.

23 iyul: O‘zbekiston dayjesti: Paxta yog‘i narxi raketa bo‘ldi, Qozog‘istondan 56% ortda, qishdan ham ko‘p elektr iste’moli

O‘simlik yog‘i

Surat manbasi, gazeta.uz

O‘zbekistonda bir yilda raketa bo‘lib osmonga o‘rlagan narxlar

O‘zbekiston Markaziy Banki taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, bir yil davomida eng qimmatlagan mahsulotlar - paxta yog‘i, poliz ekinlari va metan gazi bo‘ldi.

Bundan oldin Milliy Statistika qo‘mitasi O‘zbekistondagi yillik inflyatsiya 8,7 foizni tashkil etdi deb xabar qilgan.

Markaziy Bank narxlarning 2024 yil iyunidan 2025 yil iyunigacha bo‘lgan o‘zgarishi haqida ma’lumot berdi.

Bir yil davomida 30 foizdan ham qimmatlagan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar ro‘yxati keltirildi.

Tabiiy gaz O‘zbekistonda avtomobillar uchun eng ko‘p foydalaniladigan, aksar aholining qurbi yetadigan yoqilg‘i hamda uylarni isitish va elektr ishlab chiqarishning asosiy manbalaridan biridir.

Bir yil davomida metan 36,2 foiz qimmatlagan.

Aloqador mavzular

Oziq-ovqat mahsulotlari orasida eng qimmatlagani paxta yog‘i.

43,5% foiz bilan paxta yog‘i O‘zbekistonda eng qimmatlagan mahsulot bo‘ldi.

Karam +37.4%,

Kartoshka +36.5%,

Qo‘y go‘shti +32,

Mol go‘shti +30.5%,

Kungaboqar yog‘i +28.9% qimmatladi.

Ayni paytda uzum, bodring, olma, pomidor va guruch arzonlaganini qayd etdi Markaziy Bank.

Energetika rekordi

O‘zbekistondagi uydagi lampochka

Surat manbasi, BBC O'zbek

Surat tagso‘zi, O‘zbekistonda elektr iste’moli ortib borayapti

O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar qilishicha, mamlakatda bir sutkadagi elektr energiyasi iste’moli tarixda birinchi marta qishki iste’moldan oshdi.

"Milliy dispetcherlik markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil 16-iyuldan 21-iyulgacha bo‘lgan anomal issiq davrda O‘zbekiston energetika tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli va yuklamasi bo‘yicha yangi tarixiy rekordlar qayd etildi.

Xususan, birinchi marta elektr energiyasi iste’molida yozgi ko‘rsatkichlar qishki maksimal ko‘rsatkichlardan oshdi. Jumladan:

2025-yil 18-iyul kunlik iste’mol miqdori 272, 6 mln kVt•soat, bu qishki maksimumdan (271, 8 mln kVt•soat) va avvalgi yozgi rekorddan (253, 3 mln kVt•soat) oshib ketdi", deyiladi Energetika vazirligi xabarida.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Shu bilan birga, 21 iyul kuni O‘zbekiston energetika tizimining maksimal quvvati 13, 3 GVtga yetgan.

Bu O‘zbekistonda qishki faslda qayd etilgan rekorddan (12, 5 GVt) va 2024 yil iyul oyidagi ko‘rsatkichlardan (11, 8 GVt) yuqori.

Mamlakatda elektr iste’moli yildan-yilga oshib borayapti, bu iste’molni qondirishning turli an’anaviy va yangi yo‘llari izlanayapti.

Mavjud GESlar qatoriga mini GESlarni qo‘shish, issiqlik elektr stantsiyalarini kam gazga ishlaydigan qilish, quyosh va shamol quvvatlaridan foydalanish bilan birga Rossiya bilan birgalikda AES barpo etishga kirishilgan.

Mamlakat iqtisodi kattarayapti, odamlar daromadi o‘sishi esa sekinlashdi

AQSh dollari va O‘zbekiston so‘mi

Surat manbasi, BBC O'zbek

Surat tagso‘zi, Bugun odamlarda kredit qarzlari ko‘payib ketgani aytiladi

Milliy Statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida Yalpi Ichki mahsulot o‘sishi 7,2 foizni tashkil etgan.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarmida bu raqam 6,6% bo‘lgan.

Joriy yilning 1 iyul holatida O‘zbekiston aholisining soni 37 million 859 ming 700 kishini tashkil etgani xabar qilinadi.

Mamlakatda tug‘ilish kamayishi kuzatilayotgani qayd etiladi.

Yil boshidan buyon 405 ming chaqaloq tug‘ilgani, agar bu raqamni 2024 yil birinchi yarim yilligiga solishtirsa, 14 ming 400 nafarga kam ekani xabar qilinadi.

Milliy Statistik qo‘mita 5551 o‘zbekistonlik xorijga ko‘chib ketganini xabar qiladi.

2024 yil bu raqam 5066 ni, 2023 yili 9004 ni tashkil etgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida aholi daromadlarining o‘sishi pasaygan va 9,5 foizni tashkil etgan.

Bir yil oldin bu raqam 11,9% bo‘lganini ko‘rish mumkin.

O‘zbekiston Internet tezligi Qozog‘istondagidan 56% ortda

UzTelecom

Surat manbasi, UzTelecom

Surat tagso‘zi, UzTelecom 1000 Mbit/cekundli uy interneti xizmatini taklif qiladi

Speedtest Global Index so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston Internet tezligi bo‘yicha Mustaqil Davlatlar hamdo‘stligida eng peshqadami, deya xabar qiladi finprom.kz veb-nashri.

Qozog‘iston 101 mamlakat orasida 47-o‘rinni egallagan.

Qozog‘istonda o‘rtacha tezlik 87,27 Mbit/s ni tashkil etgan.

Internet tezligi bo‘yicha Qozog‘iston

  • Ozarbayjondan — 20% oldinda (55-o‘rin, 72,52 Mbit/s);
  • Armanistondan — 48% (67-o‘rin, 59,03 Mbit/s);
  • O‘zbekistondan — 56% (71-o‘rin, 55,78 Mbit/s);
  • Moldovadan — 61% (72-o‘rin, 54,25 Mbit/s);
  • Qirg‘izistondan — 61% (73-o‘rin, 54,07 Mbit/s);
  • Ukrainadan — 63% (74-o‘rin, 53,65 Mbit/s);
  • Rossidan — 2,3 marta (88-o‘rin, 37,61 Mbit/s);
  • Belarusdan — 4,9 marta 102-o‘rin, 17,97 Mbit/s).