Lavrov Turkmanistonda, Tojikiston Isroil-Eron otashkesimini olqishladi

Lavrov

Surat manbasi, Reuters

O'qilish vaqti: 6 daq

Eronga qo‘shni mamlakat Turkmanistonga Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bordi.

"Uning(Lavrovning) 24-25 iyundagi ikki kunlik dasturi Ashxobod bilan Moskva o‘rtasidagi strategik muloqotni kuchaytirishda muhim bosqich bo‘lishi kutilayapti", deb yozdi Turkmanistondagi Orient.tm veb nashri.

"Rossiya TIV rahbarining ushbu tashrifi doirasida ikki tomonlama kun tartibining keng masalalari muhokama qilinadi, mintaqaviy muammolar va xalqaro vaziyat bo‘yicha fikr almashiladi", deb xabar qildi Orient.tm.

Aloqador mavzular

Sergey Lavrovni Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov qabul qilishi, Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan muzokaralar mo‘ljallangani xabar qilindi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Turkmanistonga Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining 23 iyundagi safari ortidan tashrif buyurdi.

25 iyun kuni AQSh Davlat kotibi Marko Rubio Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredovga qo‘ng‘iroq qilgani, Isroil-Eron nizosi kunlari Eronda bo‘lib turgan AQSh fuqarolarining Eronni tark etishlari uchun ular xavfsizligini ta’minlashda bergan yordami uchun Turkmanistonga minnatdorlik izhor etgani xabar qilindi.

Shuningdek, Buyuk Britaniya rasmiylari ham Turkmaniston rahbariyatiga britan fuqarolarining Eronni tark etishlariga ko‘rsatgan yordamlari uchun tashakkur bildirdilar.

16 iyun kuni Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi Eron hududidan chiqib ketmoqchi bo‘lgan xorijiy diplomatlar va ularning oilalariga, shuningdek, boshqa chet elliklarga o‘z hududidan foydalanishga ruxsat berganini xabar qildi.

"Bugungi kunda nazorat-o‘tkazish punktlari orqali Turkmaniston davlat chegarasini Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston, Ruminiya va boshqa mamlakatlarning 120 ga yaqin fuqarosi kesib o‘tdi", deyiladi Turkman TIV xabarida.

Pokistonga qaytgan Eronda tahsil olib kelayotgan pokistonlik talaba qizlar

Surat manbasi, EPA

Surat tagso‘zi, Eronda bo‘lgan ko‘plab xorijliklar qo‘shni mamlakatlar orqali chiqib ketishga majbur bo‘ldilar

10 iyunda Turkmaniston Prezident Trampning dunyodagi yetti mamlakat fuqarolariga, shu jumladan, Turkmanlarga ham AQShga kirishini taqiqlash qaroriga norozilik bildirdi, uni "shoshma-shoshar qadam" deb baholadi.

"Turkman tarafining chuqur ishonchiga ko‘ra, ushbu cheklovlarga o‘xshagan choralar xorijiy fuqarolar bo‘lib turgan mamlakatida qo‘pol qonun buzish hollarini sodir etgan vaqtlarida kiritiladi. Shu munosabat bilan shuni alohida ta’kidlash lozimki, xorijga, shu jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlariga chiqadigan Turkmaniston fuqarolari qonunga bo‘ysunishning yuqori darajasi bilan ajralib turadilar", deyildi Turkmaniston TIV bayonotida.

"Yuqoridagilardan kelib chiqib Turkmaniston Tashqi ishlar vazirligi yuqoridagi qarorni juda keng sohalardagi Turkman-Amerika hamkorligining oliy natijalari, shuningdek, migratsion siyosat singari muhim sohalardagi joriy ijobiy rivojlanish inobatga olinmagan shoshma-shoshar qadam deb hisoblaydi",

Tojikiston Isroil va Eron otashkesimini olqishladi

Eron Prezidenti Pezeshkiyon va Tojikiston Prezidenti Rahmon

Surat manbasi, AFP

Surat tagso‘zi, Tojikiston va Eron yaqin ittifoqchilar

Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil bilan Eron o‘t ochishni to‘xtatishga kelishganlarini olqishlab bayonot tarqatdi.

"Tojikiston ushbu kelishuv xalqaro qonunchilikning barcha normalarini poymol etib boshlangan urushga yakun yasaydi va Yaqin Sharqda uzoq davom etadigan va barqaror tinchlik yaratilishiga mustahkam zamin qo‘yadi deb umid qiladi", deyiladi bayonotda.

Tojikiston Eronning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi.

Tojikiston 22 iyundagi AQShning Eron yadroviy inshootlariga havo hujumlarini qoralagan yagona Markaziy Osiyo mamlakati bo‘ldi.

"Uzoqqa cho‘ziladigan urush dunyo uchun xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan" ogohlantirdi Tojikiston.

Bundan oldin Tojikiston Isroilning 13 iyundagi Eronga hujumlarini qoralagandi.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron va Isroil 24 iyun tongidan o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdilar deb e’lon qildi.

Kelishilgan vaqtdan bir soat o‘tib Isroil, Eron otashkesimni buzdi, raketa otdi, biz kuch bilan javob qaytaramiz, dedi.

Eron esa Isroilga qarata raketa otganini rad etdi.

Keyinroq esa Prezident Tramp ham Isroildan, ham Erondan g‘azabda ekanini so‘kish so‘zlarini ishlatib izhor qildi, ikki tomonni ham otashkesimga amal qilishga chaqirdi.

25 iyun kuni tomonlar bir-birini otashkesimni buzishda ayblaganlari yo‘q.

Qozog‘iston o‘z havo hududi Rossiyaga qarshi Ukrain dronlari uchun foydalanilayotganini rad etdi

Qozog‘iston hududida topilgan dron

Surat manbasi, AKHMEDIYAR & AKMARAL / YOUTUBE

Surat tagso‘zi, Bu yil Qozog‘iston g‘arbida bir necha dron topildi

Qozog‘iston o‘zining hududi 19-20 iyun kunlari Rossiyaga qarshi Ukraina uyushtirgan dron hujumlarida foydalanilgani haqidagi Moskva da’volarini rad etdi.

21 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibasi Mariya Zaxarova Kievni Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lgan mamlakatlar hududlarini Rossiyaga qarshi hujumlarda foydalanayotganlikda aybladi.

19 iyun kuni tarqalgan xabarlarga ko‘ra, Qozog‘iston janubi-g‘arbidagi cho‘lda qulagan harbiy dron topilgan, bu Qozog‘iston hududidagi shu yil mobaynidagi ilk hodisa emasligi aytildi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Kremlparast bloggerlar Qozog‘iston hududidan Rossiya va Xitoyga qarshi "terrorchilik xurujlari"ni sodir etishga qarshi zudlik bilan chora ko‘rishga chaqirdilar.

"Qozog‘iston hududidan go‘yoki Rossiya Federatsiyasi tomonga pilotsiz uchuvchi apparatlar uchirilgani haqida tarqatilayotgan axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi", dedi Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Aybek Smadiyarov.

Janob Smadiyarov so‘zlariga ko‘ra, bunga o‘xshagan hodisalar Qozog‘istonning tegishli mutasaddi organlari nazoratida va puxta o‘rganilayapti.

Qozog‘iston Rossiya va boshqa manfaatdor tomonlar bilan konstruktiv muloqotda, dedi Tashqi ishlar vazirligi vakili.

Bundan oldin dron go‘yo Qozog‘iston havo hududidan uchib o‘tgani haqida xabarlar tarqalgan.

19 iyun kuni Qozog‘istonning Turkmanistonga chegaradosh Mangistau viloyatida dron qulagan.

Lada.kz xususiy veb-sayti "harbiy dron" deb ko‘rilayotgan dron rasmlarini e’lon qilgan.

Ko‘rinishidan soz dron Mangistauning Qoraqiya tumanida Bolashak temir yo‘l stantsiyasi yaqinida qulagan.

Bu qanday dron ekani haqida savolga veb-sayt ham javob berolmagan.

23 iyun. Tojikiston Eronga hujumni qoraladi, Qozog‘iston yadro qurolini tarqatmaslik bitimiga chaqirdi

Tehrondagi aksilisroil bilbord

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Tehrondagi aksilisroil bilbord

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi yadro quroli tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadidagi shartnomani tezlik bilan ishlab chiqishga chaqirdi.

"AQShning Eronga qarshi so‘nggi harbiy harakatlari oqibatida dunyoning bizning qismimizdagi davlatlar xavfsizligiga xatarli oqibatlar olib kelishi mumkin bo‘lgan xalqaro vaziyatning shiddatli yomonlashishi ro‘y berayapti. Qozog‘iston Kaspiybo‘yi mamlakatlari guruhiga kiradi va Eron bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirib keladi", deyiladi Qozog‘iston Tashqi ishlaar vazirligi tarqatgan bayonotda.

Aloqador mavzular

— Bizning mamlakatimiz barcha kelishmovchiliklar, shu jumladan, yadro muammosiga bog‘liqlari ham BMT nizomi asosidagi muzokaralar yo‘li bilan hal etilmog‘i lozim deb hisoblaydi. Barcha manfaatdor mamlakatlarni zudlik bilan yadroviy qurolni tarqatmaslik maqsadidagi kelishuvni ishlab chiqishga va xalqaro nazorat ostida tarqatmaslik rejimiga bo‘ysunib kelayotgan mamlakatlarning xavfsizligi kafolatlarini ta’minlashga chaqiramiz, - deb bayonot berdi Qozog‘iston TIV.

Tojikiston keskin qoraladi

"Tojikiston Respublikasi 2025 yil 22 iyunida AQSh va Isroil harbiy-havo kuchlarining Eron Islom respublikasining yadroviy ob’ektlariga zarbalarini keskin qoralaydi va bizning mintaqamiz va butun dunyo uchun juda xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan uzoq urushga aylanadigan nizoning kengayishidan jiddiy xavotir bildiradi", deb bayonot berdi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi.

"Xalqaro huquq va normalarga sodiqligini tasdiqlaydigan Tojikiston Respublikasi Birlashgan Millatlar tashkilotini, MAGATE va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlarni zudlik bilan xalqaro huquq buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikning qat’iy choralarini ko‘rishni, ekologik halokat ro‘y berishi oldini olishni, shuningdek, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga chaqiradi", deyiladi Tojikiston bayonotida.

"Tojikiston yana bir bor mintaqadagi barcha qarama-qarshiliklar va nizolar faqat siyosiy-diplomatik usullar bilan, xalqaro huquq normalariga to‘la rioya qilish bilan hal etilishi lozimligini ta’kidlaydi va xalqaro hamjamiyatning Yaqin Sharqda taranglikni yumshatish va mustahkam tinchlikni qayta tiklash harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi", deyiladi Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda.