O‘zbekistonda suyultirilgan gaz muammosi. Qish kelsa hamma qo‘rqadigan bo‘lib koldimi?

Surat manbasi, Buxoro viloyat hokimligi
- Author, Yulduz Abdurashidova
- Role, Mustaqil jurnalist
- O'qilish vaqti: 4 daq
“Iyunь oyida yangi mashina olib, 6 mln so‘m sarflab, propan [suyultirilgan gaz] uskuna o‘rnatganimda AGQShlarda “propan”ning 1 litri narxi 3600–3800 so‘m edi. Mazza qilib, arzon yoqilg‘ida yurishni niyat qilgandim. Chuchvarani xom sanabman”, deydi ta’lim bo‘yicha ekspert Shokir Tursun.
Aslida haydovchilar benzin qimmat, metan xavfli bo‘lgani uchun avtomobiliga suyultirilgan gaz quyishardi. Qolaversa, aholining aksar qismi tabiiy gaz yo‘qligi uchun oshxonasida suyultirilgan gazdan foydalanadi. So‘nggi kunlarda aholi choy-ovqatini pechkaga qilmoqda, avtomilini esa metan yoki benzinda harakatlantiryapti. Sabab, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shahobchalaridan ayni yoqilg‘i yo topilmaydi yoki qimmat.
“Propan” bir marta 9 ming bo‘lib ketdi, hozir quyganimiz yo‘q. Undan ko‘ra benzin ishlatgan yaxshi-ku. O‘tgan kun “gaz zapravka”da propan yo‘q edi. Hozir bor, 8 mingga yaqin ekan. Lekin 7 ming ham qimmat aslida. “Propan” aytilgan masofagacha yetmaydi baribir”, deydi haydovchilardan biri.
Bir necha hafta oldin birja savdolarida suyultirilgan gaz avvalgi kunlarga nisbatan 200 tonnaga kamaytirilgan bo‘lishiga qaramasdan narx qimmatlab, 9,5 ming so‘mga yetgan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjaga chiqarilayotgan mazkur gaz uchun boshlang‘ich narxga nisbatan 20 foizlik cheklov o‘rnatilishi natijasida suyultirilgan gazning o‘rtacha narxlari tonnasiga 1,2 mln so‘mdan ko‘proqqa pasayib, 8,9 mln so‘mgacha tushdi.
Suyultirilgan gazdan boshqa hech narsa 5 oyda 2 barobar oshmagan
Qiziq jarayonlardan biri aholi suyultirilgan gaz izlab, topishda qiynalayotgan yoki umuman topa olmagan kunlarda ham birja savdolariga chiqarilgan 8 180 tonna mahsulot sotilmay qolgan. Iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov bunga e’tibor qaratib, shunday deydi.
“Narx potirab oshgan sari "sotilmay qolgan “propan" ham oshib borganiga e’tibor qiling. Minglab tonna “propan”ning "sotilmasligi" bilan bog‘liq o‘yinlarning absurdligi shundaki, erkin bozor sharoitida mavjud tovar sotilmasa, ertasiga arzonroq narxda sotuvga qo‘yilishi kerak”, deydi u.
Propan” bir marta 9 ming bo‘lib ketdi, hozir quyganimiz yo‘q. Undan ko‘ra benzin ishlatgan yaxshi-ku. O‘tgan kun “gaz zapravka”da propan yo‘q edi.
Birjada “propan” sotilmay qolgan kunlar ham, ertasiga boshlang‘ich narx tushish o‘rniga yana oshgan.
Shokir Tursun Samarqand shahri ichkarisida suyultirilgan gazning bir litri narxi 7200 so‘m ekanini yozgan. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda ayni mahsulotdandan bo‘lak hech narsaning narxi 5 oyda 2 barobar oshgani yo‘q.
“Anglashilyaptiki, ko‘rilgan zudtar choralardan so‘ng “propan”ning bir litri uchun o‘rtacha narxi 5520 so‘m bo‘larkan. Hali buni AGQShga keltirish xarajatlari, ustiga qo‘yiladigan pul, soliqlar, balo-battarlar bor. Yana narx o‘sha 7000 so‘m atrofida bo‘ladi”, deya yozgan u.
Buni o‘qigan Otabek Bakirov esa “iste’molchi Shokirjonov birjada tonnalab “propan” sotilmay qaytayotgani haqidagi qaynoq loflarga ishonmayapti”, deya izoh qoldirdi.
"Qozoqlar yashasin"
Facebook’da mavjud haydovchilar guruhida ayni shu mavzuda so‘rovnoma o‘tkazdim. Ular quyidagicha fikrlar qoldirishdi.
Mebel Sentr: “Hozir propan quygandan ko‘ra 92 da yurganim tinchroq”.
Saidazimxon Abdusayifiev: “Propandan ko‘ra benzin yaxshirok. Shaharda kup joyda propan yuk”.
Abror Uralov: “Hammasiga o‘zimiz aybdor, ya’ni xalq ko‘p propan sotib olmokda”.
Anvar Abdurafikovich Hakimov; “Qozoqlar yashasin propan bizning so‘mimizda qariyb 2000 so‘m”.
End of Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating
Bektemur Ashurbekov: “Monapol qurt tushgan tashkilotlar yo‘qolsa, shunda benzin, propan arzonlashadi, lekin buni iloji yo‘qdek ko‘rinadi. Tepadagilar og‘ziga talqon solgandek jim”.
Kuuanыshbay Aliev: “2-3 kun yuqolib qoldi. Boriga shukur deb quyyapmiz 7200 dan”.
Davronbek Hoji: “7-8 yil oldin xech qanaqa muammo bo‘lmagan edi: metan xam, propan xam, benzin xam. Endi qish kelsa hamma qo‘rqadigan bo‘lib koldi. Xar 4-5 oyda 2 barobar oshyapti”
Bobur Karimov: “Propanda yurardim, ohirgi paytda benzinda yuribman, juda qimmat bo‘lib ketdi. Narxni tushirish bo‘yicha mas’ullar shug‘ullanishi kerak”.
Akmal Akbarov: “Yaxshiyam gazni o‘zimizdan kazib oladi. Agar boshka davlatdan sotib olganimizda bormi”
Nodirjon Mominov: “Qimmat bo‘lib qoldi: propan benzindan ham qimmat tushyapti kamiga navbat bo‘lib qoldi. 8 mingdan 9 mingacha Farg‘onada yaxshisi 92 benzin lekin taksi kilib yuradiganlarga koplamay koldi”
Ibn Muborak: “Bizku mayli, Toshkentdamiz. Faqat mashina uchun propan quyamiz. Qishloqlarda-chi? Tabiiy gaz umuman yo‘q. Odamlar ovqat uchun propan yoqishadi. Ayrim hollarda propan yoqib, uyni ham isitishga majbur bo‘lishadi. Elektr tokiga limit o‘rnatishgan, yoqsa u ham qimmat”.
Ha hozir, qishloqlarda odamlar oshxonasi uchun suyultirilgan gazdan foydalanishadi. Aslida har 30-45 kunda tarqatilishi kerak bo‘lgan gaz ikki oyda bir keladi. Bitta gaz ballondagi gaz har doim ham keyingi kelishigacha yetavermaydi. Odamlar gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalaridan maxsus gaz balonlarini to‘ldirib kelishadi.
“Tugaganiga ancha bo‘ldi. Propan qimmatligi uchun hamma gaz izlab qolgan. Biz ham to‘ldirib kelganimiz yo‘q. Uyga pechka yoqamiz, shunga ovqat qilmoqdamiz”, dedi qishloqlik suhbatdoshim.

Surat manbasi, Energetika vazirligi
Xaridori topilmagan “propan” baribir qimmat
E’tiborli tomoni birjaga qo‘yilgan va "sotilmay qolgan" suyultirilgan gaz hajmi go‘yoki oshib borganiga qaramay, amalda sotilgan mahsulot hajmi haligacha aprel oyi darajasiga chiqmagan.
“Aynan amalda sotilgan “propan” hajmi defitsit sun’iy ravishda uyushtirilganini yaqqon namoyon etadi. Nima deb o‘ylaysiz, narxni sun’iy oshirish bilan bog‘liq bu g‘irrom o‘yinlar bo‘yicha oligarx va monopolistlarga qarshi "propan ishi" ochiladimi yo yana hammasi "o‘raga sichqon tushdi, guldur gup" bo‘lib yopiladimi?”, deydi iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov.
Noyabrь oyida AI-80 benzinining birja narxi bir tonna uchun 10 mln so‘mdan oshib ketdi. Hozirgi kunda yoqilg‘i taxminan shu narx doirasida sotilmoqda, taklif esa barqaror ravishda 2,2 ming tonnadan yuqori bo‘lib turibdi.
Benzin bozorida nima gap?
Raqobat qo‘mitasi tovar-xomashyo birjasida AI-80 avtomobil benzini narxining yuqori chegarasini belgiladi. AI-80 benzini narxining sotuvchining boshlang‘ich narxiga nisbatan 5% miqdorida o‘sishiga cheklov joriy etildi. Bundan tashqari, bitta qo‘lga 4 tonna benzin sotish cheklovi ham saqlab qolingan.
“Narx poygasiga 92 benzin ham qo‘shilgan. Kechagi savdolarda 92 benzinning tonnasi o‘rtacha 11 978,5 ming so‘mga yetgan. Maksimumlarda tonnasi 12,2 mln so‘mdan qimmatga sotilgan. Eslatib o‘tamiz, monopolist “O‘zbekneftegaz” AI-92 rusumli benzin narxini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari olib borilayotganini e’lon qilgandi. Amalda birjada ham, shoxobchalarda ham 92 benzin narxi ko‘tarilishda davom etmoqda”, deydi iqtisodchi Bakirov.












