Ukraina Putin qarorgohiga dron hujumini rad etdi

Surat manbasi, EPA
- Author, Bi-bi-si Yangiliklar xizmati
- O'qilish vaqti: 5 daq
29 dekabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina 91 dron bilan Rossiya prezidentining "Valday" nomi bilan tanilgan Novgorod viloyatidagi qarorgohiga hujum qildi deb bayonot tarqatdi.
Shu kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSh Prezidenti Donald Tramp telefon orqali yana suhbatlashdilar, ushbu suhbat mobaynida Putin Trampga o‘zining qarorgohiga Ukraina dron hujumi uyushtirgani haqida ma’lum qilgan.
Rossiyaning davlat nazoratidagi TASS axborot agentligining Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovga tayanib xabar berishicha, bu xabar Trampni larzaga solgan.
"Bunday aqlsizlikni tasavvur ham qilolmayman, dedi", deya Trampdan iqtibos keltirgan Ushakov.
Putin Trampga "Kievning sodir etayotgan davlat terrorizmi tufayli Rossiya mavqe’si qayta ko‘rib chiqiladi, deya aniq aytdi", dedi Rossiya prezidenti yordamchisi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina dron hujumlaridan keyin "RF Qurolli kuchlarining javob zarbalari nishonlari va vaqtlari aniq belgilangani" haqida bayonot bergan.
Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy buni Rossiyaning "navbatdagi yolg‘oni" deya rad etdi.
Zelenskiyga ko‘ra, bu Rossiyaning Ukrainaga hujumlarini yanada davom ettirish uchun bir bahonadir.
"Rossiya o‘zining xavfli bayonotlari bilan bizning Prezident Tramp komandasi bilan birgalikdagi diplomatik harakatlarimiz yutuqlarini barbod etish uchun yana o‘zining eski hunariga qaytdi", deya X(sobiq Tvitter)dagi sahifasida post qoldirdi.
Zelenskiy: sulh rejasi Ukraina referendumiga qo‘yilishi kerak

Surat manbasi, Reuters
28 dekabr kuni AQSh Prezidenti Donald Tramp va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy urushni to‘xtatish rejasini uch soat muhokama qildilar. Ikki prezident Rossiya bilan tinchlikka erishish yo‘lida katta ilgari siljishga erishildi deb bayonot berdilar. Floridadagi muzokaralar ortidan jurnalistlarga gapirgan Prezident Zelenskiy AQShdagi 20 banddan iborat sulh rejasi referendumga qo‘yilishi kerak dedi.
Jurnalistlarning qayd etishlaricha, Tramp va Zelenskiy uchrashuvidan keyin tinchlikka erishish yo‘lidagi asosiy masala hal etilmaganicha qolgan.
Ya’ni, Rossiya to‘la qo‘lga kiritolmagan butun Donbass hududini o‘ziniki bo‘lishini xohlaydi.
Ukraina esa bu shartga rozi emas.
AQSh Prezidenti Tramp esa ana shu kelishuvga erishilishi kerak deb turib olgan.
Yakshanba kungi muzokaralar AQSh Prezidenti Donald Trampning Florida shtatidagi Mar-a-Lago xususiy qarorgohida uch soat davom etdi.
Uchrashuv yakunida Prezident Tramp aytishicha, muzokaralar "a’lo" bo‘lgan.
Bu "juda zo‘r suhbat" bo‘lgan va bu suhbat Rossiya-Ukraina urushini nihoyasiga yetkazishga ancha yaqinlashtirgan.
Tramp so‘zlariga ko‘ra, sulh rejasiga juda yaqin qoldi, tomonlar bitimda ko‘zda tutilgan 95 foiz shartlar bo‘yicha kelishuvga erishganlar.
Prezident Trampning o‘zi tan olishicha, hal etilmagan asosiy savol - Donbass hududi kimga tegishli bo‘lishi haqidagi savol qolgan.
Donbass hududi masalasini Prezident Tramp "juda muhim" masala deb atadi.
Uning fikricha, tomonlar hali bu "kelishuvga yaqinlashayaptilar".
Muzokaralar yakunida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Donbass masalasi hamon o‘ta dolzarb bo‘lib qolayotganiga ishora berdi, bu masala bo‘yicha "Ukrainaning mavqe’i aniq va Rossiya mavqe’sidan farq qiladi".
Prezident Zelenskiy aytishicha, Ukraina uchun asosiy masala hududiy masala emas, balki mamlakat xavfsizligi uchun kafolat masalasi "mustahkam tinchlikka erishish yo‘lidagi muhim bosqich"dir.
Prezident Zelenskiy so‘zlariga ko‘ra, Ukraina tomoni bitimning ushbu bandi bo‘yicha Yevropa siyosatchilari bilan ishlashni davom ettiradi, biroq u yerda "muhokama qilinayotgan hamma masalalarni tugatish" lozim bo‘ladi.
"Muhokama qilinayotgan hamma masalalarni tugatish"ga yaqin haftalar ichida erishish mumkin, dedi Ukraina prezidenti.

Floridadagi muzokaralar ortidan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida AQSh Prezidenti Donald Tramp, hududlar bo‘yicha bitimga imkoni boricha tezroq erishgan yaxshi, deb aytdi.
"Ukraina katta jasurlik ko‘rsatdi", "(dushmanga) ulkan talofat yetkazdi", biroq mojaroni "nihoyasiga yetkazish kerak", dedi Donald Tramp.
U tinchlik bitimiga erishish zarurligini tushuntirish maqsadida Ukraina parlamenti qarshisida so‘zlashga tayyorligini bildirdi.
Bunga javoban Ukraina Prezidenti Zelenskiy, "Sizni ko‘rishdan har doim xursandmiz", dedi.
Prezident Zelenskiy aytishicha, AQSh tomoni Ukrainaga 15 yillik xavfsizlik kafolatini va’da qilayapti.
Biroq u Prezident Tramp bilan muloqot payti AQShdan Ukraina xavfsizligi uchun 30-50 yillik xavfsizlik kafolatini so‘ragan.
Prezident Tramp bu haqda o‘ylab ko‘rishga va’da bergan.
Zelenskiy bilan uchrashuvi oldidan AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda so‘zlashgan.
Bu suhbatda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Donbass hududlarining kimga tegishli ekani masalasi o‘zlari uchun eng muhim masala ekanini yana bir marta ta’kidlagan.
Putin so‘zlariga ko‘ra, Prezident Tramp o‘zi bilan Alyaskaning Ankorijidagi avgust oyidagi erishilgan "tushunishga" tayangani ma’qul.
Ammo o‘shanda Ankorijda biror bir muhim kelishuvga erishilgani haqida xabar berilmagan edi.
Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov Rossiya tarafining asosiy talabini quyidagicha ifodaladi:
"Kiev... Donbassga taalluqli "jasur, mas’uliyatli siyosiy qaror qabul qilishi kerak".
Kreml rasmiylari Floridadagi muzokaralar ortidan AQSh Prezidenti Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin yana bir bor telefon orqali suhbatlashishga kelishganlari haqida xabar berdilar.
"Bu suhbat eng yaqin orada bo‘lishi kerak", deb aytdi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarning savoliga.
Tramp va Zelenskiy muloqoti qanday qabul qilinmoqda?

Surat manbasi, Getty Images
Matbuot anjumani payti Prezident Tramp AQSh, Rossiya va Ukrainaning uch tomonlama muzokaralari ehtimoli borligini aytdi, uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuv "vaqti kelsa, bo‘ladi".
Muxbirlarimizning yozishicha, Donald Tramp Rossiya-Ukraina urushini o‘zi shaxsan tugatgan dunyodagi urushlar ro‘yxatiga kiritishni juda xohlayapti, shuning uchun ham mabodo muzokaralar bir joyda depsinib qoladigan bo‘lsa, urush yana davom etaverishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Prezident Zelenskiy Ukraina hay’ati 2026 yil yanvarida Yevropa rahbarlari bilan birga yana Oq Uyda uchrashishlari mumkinligini aytdi.
Floridadagi uchrashuvdan Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen Prezident Tramp va Prezident Zelenskiy bilan video muloqot qilgan.
Muloqot ortidan Yevrokomissiya prezidenti "yaxshi progress"ni olqishladi, ayni vaqtda Ukraina uchun "temir xavfsizlik kafolatlari" zarurligini ta’kidladi.
Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron Kiev ittifoqchilari keyingi oy Parijda ko‘rishishlari mumkiligini, Ukraina xavfsizligi kafolatlarini muhokama etishlari mumkinligini aytdi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer matbuot xizmati xabar qilishicha, Kir Starmer va Yevropa rahbarlari "mustahkam xavfsizlik kafolatlari muhimligini urg‘uladilar va ushbu yovvoyi urushni imkoni boricha tez nihoyasiga yetkazish zarurligiga chaqirdilar.
Prezident Zelenskiy tinchlik rejasini Ukraina referendumiga qo‘yish uchun 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish talab qilinishini aytdi.
Ammo Rossiya otashkesimga rozi emas.
Bu narsa Prezident Tramp va Prezident Putin telefon so‘zlashuvida ham tilga olingan.
Prezident Tramp Prezident Putin urushni to‘xtatishni xohlayotganiga ishonishini aytdi.
Bu orada Ukrainaga Rossiya hujumlari to‘xtamagan.
Ukraina rasmiylari xabar qilishicha, Rossiya tunda Ukrainaga 25 havo zarbasi bergan, bu hujumlardan 21 tasi qaytarilgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaning 89 dronini urib tushirgani, ularning aksari Bryansk viloyati osmonida nishonga olinganini xabar berdi.












