O‘zbeklar va dunyo: Endi yana qachon Grin-karta o‘ynasa, Amerikaga ketsa bo‘ladi? Bu yil Grin-karta yutganlar-chi, nima qiladi?

Surat manbasi, Getty Images
Kechayotgan yilda aynan o‘zbekistonliklar eng ko‘p Green Card yutganlar orasida 1-o‘rinni egallashgandi. Amerikadan so‘nggi tafsilotlar.
Grin-karta taqdiri nima bo‘ladi?

Surat manbasi, Getty Images
Tramp so‘nggi bir necha haftaning o‘zida mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham ketma-ket katta sondagi o‘zbekistonliklarning e’tiborini o‘ziga qaratdi.
AQSh prezidenti navbatdagi kutilmagan qarori bilan ham o‘zbekistonliklar orasida javobsiz savol va tushunmovchiliklarni paydo qildi, tushkunlik, qo‘rquv va xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Tramp bu gal Braun universitetidagi o‘zbekistonlik bir talaba yigit ham qurbon bo‘lgan otishma ortidanoq Grin-karta lotereya sxemasini to‘xtatib qo‘ydi.
Bunga asli portugaliyalik gumondorning Amerika Qo‘shma Shtatlariga aynan shu dastar orqali, Grin-karta olib, kirgani sabab ekani aytildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyoning o‘zbekistonliklar eng ko‘p sanoqli davlatlari sirasiga kiradi.
Har yili yuz minglab o‘zbekistonlik borish ilinjida bo‘lgan mamlakat.
Shtatlarda o‘n minglab o‘zbekistonlik, yuz minglab o‘zbek yashashi aytilsa, ulardan aksariyatini ham aynan Grin-karta yordamida Amerikada yashash huquqini qo‘lga kiritganlari tashkil etishadi.
Agar, ayrim yetakchi G‘arb nashrlarida AQSh Davlat Departamentidan keltirilgan raqamlarga tayanilsa, har yili yarim millionga yaqin O‘zbekiston fuqarosi ularning Green Card lotereyasida o‘ynash uchun ariza topshiradi.
2018 yilda esa bu raqam hatto qariyb to‘rt barobar ko‘p bo‘lgani, mazkur lotereya orqali Amerika Qo‘shma Shtatlarida yashash huquqini qo‘lga kiritish ilinjida bo‘lgan o‘zbekistonliklar soni ikki milliondan ortgani ham aytilgan.
Dunyoning qolgan biror bir davlati misolida bu kabi holatning kuzatilmasligi ham o‘shanda, boshqa tomondan, O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar uchun Amerika Qo‘shma Shtatlarining ahamiyatini alohida urg‘ulovchi omil sifatida o‘rtaga chiqqan.
O‘zbekistonliklar kechayotgan yilda hatto eng ko‘p Grin-karta yutganlar soni bo‘yicha jahonda birinchi o‘rinni egallashgan, bu yangilik o‘shanda dunyo bo‘ylab sarlavhalarga ham chiqqan.
Dunyo bo‘ylab 55 ming kishiga beriladigan ushbu lotereya yutug‘ining 5,5 mingdan ziyodrog‘i o‘zbekistonliklar hisobiga to‘g‘ri kelgani aytilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi o‘zbekistonlik ayrim faollar esa, mamlakatda "nelegal" ekani aytiluvchi "11 milliondan ortiq" odam orasida ham O‘zbekiston fuqarolari kam emasligini taxmin etishadi.
Amerikada qonuniy yashab, mehnat qilayotgan o‘zbekistonliklar orasida yetakchi olimlar, ishbilarmonlar, bankirlar, turli xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari maqomida bo‘lganlari, nufuzli universitetlarida tahsil olayotganlari ham oz emas.
Green Card – Amerika Qo‘shma Shtatlarida doimiy yashash va ishlash huquqini beruvchi hujjatdir.
Mazkur hujjat 'Diversity Visa' orqali har yili dunyo bo‘yicha tanlab olinadigan cheklangan sondagi kishilarga beriladi, xolos.
Mintaqada aholisi eng katta bo‘lgan (rasman 37 milliondan ortuvchi – tahr.), ishsizlik hanuz anchayin og‘ir muammoligicha qolayotgan O‘zbekiston uchun tashqi mehnat migratsiyasi, ayniqsa, Rossiya Ukrainaga ochgan urush manzarasida alohida dolzarblik kasb etgan masala.
Chetda mehnat muhojirligida band millionlab sondagi fuqarolari har yili ortga yuborayotgan milliardlab dollarlik mablag‘lar ham O‘zbekiston hukumati uchun muhim, ular, yillarki, mamlakatdagi ijtimoiy, iqtisodiy muammolar ta’sirini yengillatib, har qanday ijtimoiy portlash xavfini yumshatib kelayotgan eng amaliy va samarali vositalardan biri bo‘lib keladi.
Boshqa tomondan, O‘zbekiston aholisining katta foizini yoshlar tashkil etadi.
Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, O‘zbekiston Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini kuchaytirish, o‘zaro munosabatlarini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish harakatida bo‘lgan bir paytda ham kuzatilgan.
Amerika Qo‘shma Shtatlari esa Xitoy bilan birga dunyoning ikkita iqtisodiy qudratidan bittasi.
Bu birinchisi emas...

Surat manbasi, Getty Images
Tramp bundan avval Vashingtonda Milliy gvardiya ikki askarining o‘qqa tutilib, ulardan birining olamdan o‘tishiga sabab bo‘lgan va hujumga mas’ullikda asli afg‘onistonlik shaxs gumon qilinishi ortidan "uchinchi dunyo davlatlaridan muhojiratni ham butkul to‘xtatish" niyatida ekanini aytgan.
Buning ortidan AQSh prezidenti qisman va to‘liq sayohat chekloviga yuz tutuvchi davlatlar ro‘yxatini ham kengaytirgan, ularning sonini 39 taga yetkazgan.
Donald Tramp bu galgi saylovoldi kampaniyasi chog‘ida ham noqonuniy mavqe’dagi muhojirlarni "ommaviy deportatsiya qilish"ga va’da bergan.
Ammo u bu galgisining Amerika tarixida "misli ko‘rilmagan" bo‘lishini aytgan va qayta prezidentlik vakolatini boshlashi bilanoq o‘z va’dasi ijrosiga kirishgan.
Qisqa vaqtning o‘zida Amerika Qo‘shma Shtatlaridan ortga deportatsiya qilingan va qilinayotgan noqonuniy mavqe’dagi o‘zbekistonliklarga oid xabarlarning soni ham ortgan.
Agar AQSh Ichki xavfsizlik vazirining eslatmasiga tayanilsa, bu Trampning Grin-karta lotereya sxemasini birinchi bor bekor qilish urinishi emas.
Vazir Kristi Noemning eslatishicha, Tramp O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan Sayfullo Soipov 2017 yilda Nyu-Yorkda yuk mashinasi yordamida uyushtirgan va 8 kishining umriga zomin bo‘lgan hujum ortidan ham bunga harakat qilgan.
Sayfullo Soipovning o‘zi esa hozir bir nechta umrbod qamoq jazosini o‘tayotgani aytiladi.
So‘nggi oylarda matbuotda Tramp "sayohat taqig‘i" ostida bo‘lgan davlatlar fuqarolari uchun Grin-karta qoidalarini qat’iylashtirish rejasida ekaniga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatdi.
Yaqinda AQSh Fuqaro va Migratsiya xizmati shunday taqiqqa uchragan Turkmaniston ilova dunyoning 19 davlatidan bo‘lgan muhojirlarning Grin-kartalari ko‘rib chiqilishini ham ma’lum qildi.
Voqealarning xuddi shu kabi rivoji manzarasida Tramp immigratsion vizalar uchun $1 million dollarlik "oltin karta" dasturini joriy qilganiga oid xabarlar ham olindi.
Shunday ekan, Grin-karta lotereya sxemasining taqdiri nima bo‘ladi? Bu sxema o‘zbekistonliklar uchun nega bunchalik muhim va bu yil Grin-karta yutganlar endi nima qilishadi, viza olib, Amerikaga keta olishadimi? BBC O‘zbek xizmati xuddi ana shunday savollar bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi asli o‘zbekistonlik sotsiolog Bahodir Fayzga murojaat qildi:
Tramp ma’muriyati vaqtinchalik chora sifatida dasturni to‘xtatish huquqiga ega, lekin qonular AQSH Kongressi tomonidan chiqariladi va tasdiqlanadi.
Bahodir Fayz: "Tramp administratsiyasi Diversity Visa (DV) lotereya dasturini to‘xtatib qo‘ydi.
Trampning saylovoldi kampaniyasi va doimiy ravishdagi chiqishlaridan bilamizki, u noqonuniy muhojirlikka, umaman olganda, o‘zi aytayotgan "uchinchi dunyo" mamlakatlaridan kelayotgan muhojirlarga qarshi.
Aslini olganda, Green Card lotereyasi Respublikachilar orasida ham bahsli masalalardan biri bo‘lib kelgan.
Tramp Braun Universitetidagi jinoyat bilan bog‘liq o‘laroq mazkur sxemani to‘xtatish uchun tezkor qaror chiqardi.
Bu qaror shu qadar tezlikda chiqdiki, hatto gumondorning shaxsi aniqlanishidan bir soat ham o‘tmay, Tramp televizon ekranlarda ko‘rinish berdi va dasturni bekor qilganligini e’lon qildi.
AQSh prezidentining bu harakatlarini uning muhojirlarga qarshi ko‘zqarashi manzarasida tushunish mumkin.
Lekin bugungi Tramp Amerikasi sekin-asta avtoritar xarakterlar ko‘rsatayotgan bo‘lsa ham, Amerika Qo‘shma Shtatlarida prezident e’lon qilayotgan hamma qarorlar ham qonun kuchiga ega emas.
Tramp ma’muriyati vaqtinchalik chora sifatida dasturni to‘xtatish huquqiga ega, lekin qonular AQSh Kongressi tomonidan chiqariladi va tasdiqlanadi.
Bu orada hozircha Tramp ma’muriyatiga amalda bog‘liq bo‘lgan muhojirlik bilan shug‘ullanuvchi idora – USCIS DV dasturi bo‘yicha umumiy murojaatlarni to‘xtatish qarorini oladi.
Hozirgi kungacha topshirilgan murojaatlarni, DV bilan bog‘liq hujjatlarni ham ko‘rib chiqish jarayonini vaqtinchalik to‘xtatadi.
Bu endi amalda lotereya butunlay bekor qilindi degani emas, albatta.
Lekin huquqiy tarafdan qaraydigan bo‘lsak, jarayonni ma’muriy ravishda "pause" (to‘xtatib turish) holati, deb aytishimiz mumkin.
Ya’ni, DV dasturi ham aslida AQSh Kongressi tomonidan "Immigration and Nationality Act" - "Immigratsiya va fuqarolik to‘g‘risidagi qonun" orqali belgilangan bir dasturdir.
Prezident yoki ma’muriyati bu dasturni bir ijroiy qaror bilan o‘zi taqiqlay olmaydi — bu yerda faqatgina vaqtincha oraliq choralar ko‘rilishi mumkin.
Tramp federal agentliklar orqali bu dasturni bekor qilishga urinishi mumkin, lekin uning bu qarorlari Kongress chiqargan qonundan yuqori huquqqa ega emas.
Demak, hozircha bu vaqtinchalik chora bo‘lib qolaveradi.
Albatta, Tramp prezidentlik davrida bu dasturni qayta tiklanishini kutish biroz nekbinlik bo‘lishi mumkin, lekin albatta shunday imkoniyat ham bor — chunki DV ni bekor qilish Kongress qonuni bilan amalga oshadi.
Balkim, dastur mexanizmini qayta ko‘rib chiqish, xavfsizlik tekshiruvini kuchaytirish kabi o‘zgartirishlardan keyin u yana davom etishi mumkin.

Surat manbasi, Getty Images
Bahodir Fayz: Endi Trampning mazkur qaroriga tanqid ko‘zi bilan qaraydiganlar, Demokratlar uni jinoyat voqeasi asosida millionlab qonuniy muhojirlarga zarar yetkazish, deb baholashmoqda.
Inson huquqlari himoyachilari, liberal huquqchilar, muhojirlarni himoya qiluvchi tashkilotlar bu qarordan asl maqsad Kongress huquqlarini cheklash va Amerikaga muhojirlikni tamoman to‘xtatish, deya uni tanqid qilishmoqda.
Albatta, Tramp tarafdorlari uning bu qarorini olqishlamoqdalar.
Ularning fikricha, bu Amerikaga muhojirlarning kelishini nazorat qilish uchun eng kerakli va amaliy qadam.
AQSh tarixida shunga o‘xshash holat bo‘lganmi? Mening bilganim, Trampning birinchi prezidentligi davrida Kovid pandemiyasi sabab ham DV dasturi va boshqa vizalar vaqtincha to‘xtatilgan edi. Bu jarayon ham o‘shanda vaqtinchalik choralar orqali amalga oshgan.
Ya’ni, xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hozircha to‘xtatilgan holat vaqtinchalik bo‘lishi mumkin, lekin u qancha davom etishi ham noma’lum.
Bu dasturni Kongress qarori bilan bekor bo‘lishi esa ancha murakkab jarayon.
Bu qaror Donald Trampning ko‘rsatmasi bilan USCIS tomonidan ham e’lon qilindi, darhol bu idoraning veb-sahifasida va ommaviy axborot vositalarida tarqatildi.
Grin-karta lotereyasi uchun ariza topshirmoqchi bo‘lganlar uchun bu dastur jarayoni hozircha vaqtincha "pauza" qilingan, to‘xtatilgan holatda.
Shuning uchun, yangi DV 2027 uchun ro‘yxatdan o‘tish hali ochilmagan yoki e’lon qilinmayapti.
Afsuski , dastur pauza qilingani sababli DV 2026 yoki DV 2027 tanlanganlari uchun rasmiy viza berilishi jarayoni ("issuance") borasida ham aniqlik mavjud emas.
Misol uchun, vatandoshlarimizga Green Card yutgan bo‘lsalar ham, endilikda ularga viza berilmasligi ham kuzatilishi mumkin.
AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem o‘zining rasmiy kanalida (X/Twitter) bu qaror Prezident Trampning ko‘rsatmasi bilan qabul qilinganini aytdi va DV dasturini darhol "to‘xtatib qo‘yish"ni buyurdi.

Surat manbasi, Getty Images
Bahodir Fayz: Ma’lumki, 4 may kuni Amerikada doimiy yashash uchun 2025 yilgi Grin-karta (DV 2025) g‘olibi davlatlar ro‘yxati e’lon qilingan edi.
O‘shanda 184 davlat ichida O‘zbekiston bu yil ham birinchilikni qo‘ldan bermadi.
Jamiyatning ayrim vakillari orasida demokratiya, G‘arb qadriyatlaridan ochiqcha nafratlanish hollari ham kuzatilsa-da, o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz orasida G‘arbda yashash orzusi hamon kuchli.
Buning sabablari aholisining yoshligi, iqtisodiy ahvol, ishsizlik, ijtimoiy tengsizlikda bo‘lishi mumkin.
Yana mamlakatda qonunlarga amal qilinmasligi, korruptsiya darajasi va ijtimoiy adolatsizlikda ham ko‘rilishi sir emas.
Yuqoridagi jihatlarni nazarga olganda, Grin-karta lotereyasi —o‘zbekistonliklar uchun Amerika Qo‘shma Shtatlariga qonuniy immigratsiya qilishning eng ochiq, amaliy va arzon yo‘li edi.
Bu dastur "elitaga" emas, balkim oddiy o‘zbekistonliklarga ham chet elga chiqish imkonini berib kelayotgandi.
Endi bu dastur to‘xtatilsa, albatta o‘zbekistonliklar uchun qonuniy immigratsiya yo‘llari keskin kamayadi, ayniqsa o‘rta va quyi qatlam vakillari uchun " Amerika orzusi" tugaydi.
Albatta, bu kabi bir vaziyat Tramp boshqaruvi manzarasida kutilgan bo‘lsa ham, yangilik vatandoshlarimiz tomonidan xavotir va tushkunlik bilan qarshi olindi.
Menimcha, albatta, noqonuniy yo‘nalishlar ortishi kuzatilishi mumkin.
Lotin Amerikasi orqali noqonuniy kirib kelish, soxta boshpana arizalari, odam savdosi yoki viza bilan kirib, qolib ketish holatlari ham bo‘lishi mumkin.
Bu holatlar esa, albatta, keyinchalik deportatsiya, hibsga olinish xavfini oshiradi.
Shu jihatdan qaralganda, o‘zbekistonliklar uchun DV dasturi — nafaqat qonuniy muhojirlik, balki noqonuniy migratsiyani kamaytiruvchi bir mexanizm ham edi.

Surat manbasi, Getty Images
Bahodir Fayz: Hozirgi kunda AQShda yashayotgan o‘zbekistonliklarning asosiy qismi aynan Grin-karta orqali kelganlar hisoblanadi.
Vatandoshlarimizning ko‘pchiligi turli sohalarda mehnat qilib, Amerika jamiyatiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishayapti.
Ya’ni, bu bizning diaspora vakillari Amerika jamiyatida mehnatkash qatlamni tashkil qiladi.
Endi vatandoshlarimiz ichida Trampning bu qarori ham har xil aks-sadolarga sabab bo‘ldi.
Diaspora ichida dastlabki reaktsiya, " Bu vaqtinchalik bo‘lsa kerak", "yana siyosiy o‘yin", balkim "keyinroq qayta ochilsa kerak", degan mazmunda bo‘ldi.
Bundan tashqari, "Endi navbat bizga kelmayaptimi?", degan xavotirlar, qo‘rquv ifodalarini ham eshitishimiz mumkin.
Shu bois, vatandoshlarimizda psixologik jihatdan o‘zini himoyasiz sezish hissi ham uyg‘onmoqda.
Yana bir xavotir: "Bizdan keyin keladiganlar-chi?" savoli, AQShdagi deyarli har bir o‘zbekistonlik oilada Amerikaga kelmoqchi bo‘lgan qarindoshlar bor. Ya’ni, oilaviy birlashuv ham hozir noaniqligicha qolmoqda.
Ko‘pchilik muhojirlar, jumladan vatandoshlarimiz orasidagi yana bir muhim xavotir, "Amerika o‘zgaryaptimi?" degan fikr.
Albatta bu hissiyot muhojirlarni o‘zlarini jamiyat hayotidan chetroqqa tortish, o‘zlarini "begona" his qilishlariga ta’sir qiladi.".











