Zelenskiy 20 bandlik tinchlik rejasini bayon qildi. Unda qanday yangiliklar bor?

Surat manbasi, Getty Images
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni tugatish bo‘yicha kelishuv loyihasini taqdim etdi.
So‘nggi haftalarda bu hujjat ustida Ukraina, AQSh va Yevropa vakillari ishlagan. Urushni yakunlashga doir asosiy hujjat 20 banddan iborat. Bundan tashqari, Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari va uni tiklash bo‘yicha hujjatlarning dastlabki loyihalari ham tayyorlangan.
Zelenskiyning aytishicha, Ukraina va AQSh tomonlari "hujjatlarni yakunlashga sezilarli darajada yaqinlashgan", biroq tinchlik rejasidagi ikki band bo‘yicha hali kelishuvga erishilmagan.
"Biz AQSh tomoni bilan Donetsk hududi va Zaporoje AES masalasida konsensusga kelmadik. Ammo qolgan ko‘plab pozitsiyalar bo‘yicha sezilarli darajada yaqinlashdik. Aslida, boshqa barcha masalalarda kelishuvga erishdik", — dedi u.
Prezident bu bahsli masalalarni Donald Tramp bilan uchrashuvda muhokama qilishni istayotganini bildirdi.
Hozircha Rossiyaning bu rejaga qanday munosabat bildirishi noma’lum, ammo Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Moskvaning reaktsiyasi aynan 24 dekabr kuni kutilmoqda.
Zelenskiy taqdim etgan tinchlik rejasida nimalar bor va nimalar yo‘q?
Yangi 20 band
1-band. Ukrainaning suvereniteti qayta tasdiqlanadi. "Biz, Ukraina suveren davlat ekanini ta’kidlab aytamizBiz qayd etamizki, va kelishuvni imzolagan barcha tomonlar o‘z imzolari bilan buni tasdiqlaydi", — dedi Zelenskiy.
2-band. Rossiya va Ukraina o‘rtasida hujum qilmaslik bo‘yicha kelishuv nazarda tutiladi. Zelenskiyning tushuntirishicha, to‘qnashuv chizig‘ida monitoring mexanizmi yaratiladi, jumladan, kosmik dronlar yordamida kuzatuv amalga oshiriladi.
3-band. Ukraina mustahkam xavfsizlik kafolatlarini oladi.
4-band. Tinchlik davrida, Ukraina Qurolli Kuchlari 800 000 harbiydan iborat bo‘ladi. 800 000 - bu Qurolli Kuchlarning amaldagi soni, ammo Mudofaa Kuchlariga kiruvchi Milliy gvardiya, Milliy politsiya, Chegara xizmati, Bosh razvedka boshqarmasi va Ukraina Xavfsizlik xizmati qismlarini o‘z ichiga olmaydi.
Rossiya 2022 yilda Ukraina armiyasi harbiylari sonini 85 000 dan oshirmaslikni talab qilgan edi. Noyabr oxirida e’lon qilingan 28 bandli Uytkoff-Dmitriev rejasida esa bu ko‘rsatkich 600 000 edi.
2022-yilda Ukraina armiyasi harbiylari sonini
85 000dan oshirmaslikni talab qilgan edi. Oxirgi kelishuvda Ukraina bu raqamni
800 000da qolishini ta’kidladi.
5-band. AQSh, NATO va Yevropa davlatlari Ukrainaga NATO Nizomining 5-moddasi asosida xavfsizlik kafolatlarini beradi. Bu bo‘limda shuningdek, agar Rossiya yana hujum qilsa, Moskva ustidan global sanksiyalar tiklanishi qayd etilgan.
Agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa yoki uning hududiga qurolli hujum qilsa, xavfsizlik kafolatlarini yo‘qotadi. Avval bu bandda AQShga xavfsizlik kafolatlari uchun kompensatsiya to‘lash sharti bor edi, ammo hozir bu o‘chirildi, dedi Zelenskiy.
Bundan tashqari, rejada Ukrainaning NATOga kirmasligi haqida band yo‘q. Rossiya Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga keskin qarshi, avvalgi kelishuvlarda bunday band mavjud edi. "Bu kelishuv - Amerika, Ukraina, Yevropa va Rossiya o‘rtasida. Bizningcha, Ukrainani qabul qilish NATO a’zolarining tanlovi. Biz esa o‘z tanlovimizni qildik", - dedi Zelenskiy.
6-band. Rossiya Yevropa va Ukrainaga nisbatan hujum qilmaslik siyosatini o‘z qonunchiligida mustahkamlaydi.
7-band. Ukraina Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi va qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqini oladi. Zelenskiyning aytishicha, Ukraina uchun Yevropa Ittifoqiga a’zolik xavfsizlik kafolatlaridan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Prezident a’zolik sanasini 2027 yoki 2028 yil deb belgilashni istaydi. Rossiya prezidenti Putin bir necha bor Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga kirishiga qarshi emasligini, ammo NATOga qo‘shilishiga qarshi ekanini aytgan.
8-band. Alohida investitsiya kelishuvida belgilanadigan global rivojlanish paketi Ukrainaga beriladi.
9-band. Rossiya tajovuzidan yetkazilgan zararni qoplash mexanizmi nazarda tutiladi. Ukrainani tiklash uchun bir nechta fondlar yaratiladi. "Maqsad - 800 milliard dollar jalb qilish", - dedi Zelenskiy. Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanish masalasi tilga olinmadi.
10-band. Kelishuv imzolangach, Ukraina AQSh bilan erkin savdo bo‘yicha so‘zlashmani tezlashtiradi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, AQSh urush tugagach Rossiya bilan ham erkin savdo kelishuvi tuzishni istaydi va sanksiyalarni bosqichma-bosqich bekor qilishga harakat qiladi.

Surat manbasi, Ukrainaning Zaporoje viloyatidagi Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati
11-band. Ukraina yadroviy qurol tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnoma asosida yadrosiz davlat bo‘lib qolishini tasdiqlaydi.
12-band. Zaporoje atom elektr stantsiyasining ishlashi - hal etilmagan ikki masaladan biri. AQShning taklifiga ko‘ra, stantsiya uch davlat - AQSh, Ukraina va Rossiya tomonidan birgalikda boshqarilishi kerak.
AQSh 33% ulushdan iborat umumiy boshqaruv mexanizmini taklif qilmoqda, shunda korxona dividendlarini uch davlat oladi. Bosh menejer amerikaliklar bo‘ladi. Zelenskiyning aytishicha, bu Ukraina uchun "muvaffaqiyatsiz va real emas" - Kiev Moskva bilan tijoriy hamkorlikni istamaydi.
Kievning murosaviy taklifi: ZAES AQSh va Ukraina qo‘shma korxonasi tomonidan boshqariladi. Ukraina ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 50 foizini oladi, qolgan 50 foizni AQSh o‘zi taqsimlaydi.
Zelenskiy qo‘shimcha qildi: stantsiyani tiklash, 2 milliard yevroga tushadigan to‘g‘onni qayta qurish va hududni demilitarizatsiya qilish kabi ko‘plab masalalar hamon ochiq. Alohida murakkab masala - bosib olingan Energodar. Kiev Rossiya qo‘shinlarini shaharni tark etishini talab qilmoqda, ammo bu borada kelishuv yo‘q.
13-band. Ukraina va Rossiya maktablarda turli madaniyatlarni tushunish va bag‘rikenglikni oshiruvchi ta’lim dasturlarini joriy etadi, irqchilik va kamsitishni bartaraf qiladi. Ukraina diniy bag‘rikenglik va ozchilik tillarini himoya qilish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qoidalarini tatbiq etadi.
14-band. Hududlar - ikkinchi bahsli va eng murakkab masala. Ukraina o‘t ochishni to‘xtatish kelishuv imzolangan paytdagi qo‘shinlar joylashgan chiziq bo‘yicha belgilanishini, hududiy o‘zgarishlarni tan olmasligini talab qilmoqda.
"Ammo amalda biz shunday vaziyatdamizki, rossiyaliklar bizning Donetsk viloyatidan chiqishimizni istaydi, amerikaliklar esa buni "chiqish emas" shaklida hal qilish yo‘lini izlamoqda - chunki biz bunga qarshimiz", - dedi Zelenskiy. AQSh murosaviy taklif sifatida Donetsk viloyatida demilitarizatsiya qilingan yoki erkin iqtisodiy zona yaratishni taklif qilmoqda.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina buni faqat referendum orqali qabul qilishi mumkin, uni tashkil etish uchun 60 kun va haqqoniy o‘t ochishni to‘xtatish zarur. Agar "turgan joyimizda qolamiz" formati bo‘yicha kelishuvga erishilsa, Ukraina urushni shu asosda tugatishi va ZAES masalasini "yakunlashi" mumkin. Aks holda - referendum.
Kelishuv kuchga kirishi uchun Rossiya Dnepropetrovsk, Sumsk, Xarkov va Nikolaev viloyatlaridan qo‘shinlarini olib chiqishi kerak. Hududlar va erkin iqtisodiy zonalar masalasi Zelenskiyning fikricha, faqat yetakchilar darajasida hal qilinadi.
Rossiya esa Kiev nazoratidagi butun Donbassdan Ukraina qo‘shinlarini chiqarishni istaydi. Putin 19 dekabrda yana bir bor, Moskva o‘tgan yili MIDAda aytilgan shartlar asosida mojaroni tugatishga tayyorligini bildirdi. Bu shartlar to‘rt viloyatdan Ukraina qo‘shinlarini chiqarishni nazarda tutadi.
15-band. Kelajakdagi hududiy kelishuvlar bo‘yicha Rossiya ham, Ukraina ham kuch ishlatib ularni o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.
16-band. Rossiya Ukrainaga Dnepr daryosi va Qora dengizdan tijorat faoliyati uchun foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi. Alohida dengiz kelishuvi va kirish shartnomasi tuziladi, bu o‘z ichiga erkin kemasozlik va tashishni oladi. Kinfurn qo‘ltig‘i demilitarizatsiya qilinadi.
17-band. Harbiy asirlar, fuqarolikda ushlanganlar va mojarodan jabrlanganlar masalasini hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tuziladi.
18-band. Ukraina kelishuv imzolangach imkon qadar tez saylov o‘tkazishi kerak.
Zelenskiyning aytishicha, prezidentlik saylovlari o‘t ochishni to‘xtatgandan keyin 60-90 kun ichida o‘tkazilishi mumkin. Harbiy holatni bekor qilmagan holda, parlament buni qonuniy jihatdan ta’minlaydi.
Harbiy holat bekor qilingach, parlament va mahalliy saylovlar o‘tkaziladi. Putin 19 dekabrda Rossiya Ukrainada saylovlar bo‘lgan kunda uning hududiga chuqur zarba bermaslikni "o‘ylab ko‘rishi mumkinligini" aytdi. Kreml Zelenskiyni qonuniy prezident deb hisoblamaydi, chunki urush tufayli navbatdagi prezidentlik saylovlari o‘tkazilmadi.
19-band. Kelishuvni bajarishni Tinchlik Kengashi nazorat qiladi, unga prezident Tramp raislik qiladi. Ukraina, Yevropa, NATO, Rossiya va AQSh ushbu mexanizmning bir qismi bo‘ladi. Qoidabuzarlik uchun sanksiyalar belgilanadi.
20-band. Barcha tomonlar kelishuvga rozi bo‘lgach, darhol to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kiradi.
Zelenskiyning aytishicha, Rossiya har qanday kelishuvga rozi bo‘lishi kerak, "chunki Moskva prezident Trampga biz tinchlikka qarshimiz deb ayta olmaydi".
Kelishuvni imzolash uchun aniq muddat belgilanmagan, ammo AQSh uni imkon qadar tez imzolashni istaydi. Zelenskiy shuningdek, hozircha tinchlik rejasidan tashqari yana uchta hujjat loyihasi borligini aytdi:
- uch tomonlama xavfsizlik kafolatlari hujjati (Ukraina, AQSh, Yevropa),
- ikki tomonlama hujjat - AQShdan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari,
- Ukrainani 2040 yilgacha tiklash va iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha AQSh ishlab chiqqan "yo‘l xaritasi".












