Yo‘lbarsni ham o‘ldirgan qush tumovi odamlarga ne qadar katta xavf?

Surat manbasi, Tribune News Service via Getty Images
- Author, Soutik Bisvas
- Role, VVS, Dehli
- O'qilish vaqti: 5 daq
Ko‘p yillar davomida olimlar H5N1 deya ilmiy nom berilgan qush grippi odamlarga o‘tib, global sog‘liq inqirozini keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirib kelgan.
Grippning bir turi sanalmish qush grippi Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda keng tarqalgan va 1990-yillar oxirida Xitoyda paydo bo‘lganidan beri vaqti-vaqti bilan odamlarga yuqib kelmoqda. 2003 yildan 2025 yil avgustigacha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 25 mamlakatda 990 nafar odamda H5N1 grippi qayd etilgani va ulardan 475 nafari odamdan o‘tgani (o‘lim ko‘rsatkichi 48%) haqida ma’lumot berdi.
Birgina AQShda virus 180 milliondan ortiq parrandani zararlagan, 18 shtatdagi 1000 dan ortiq chorvaga tarqalgan va kamida 70 kishiga – asosan fermer xo‘jaliklari ishchilariga o‘tgan. Ulardan ko‘plari kasalxonaga yotqizilgan va bir kishi vafot etgan. 2024 yil yanvarida Hindistonning Nagpur shahridagi yovvoyi hayvonlarni qutqarish markazida uchta yo‘lbars va bir qoplon odatda qushlarga yuqadigan virusdan nobud bo‘ldi.
Bu grippning odamlardagi alomatlari og‘ir turdagi grippga o‘xshaydi: yuqori harorat, yo‘tal, tomoq og‘rig‘i, mushak og‘rig‘i va ba’zida kon’yunktivit kuzatiladi. Ba’zi odamlarda hech qanday alomatlar kuzatilmaydi. Odamlar uchun xavf pastligicha qolmoqda, ammo mutaxassislar H5N1ning oson va tez tarqalishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday o‘zgarishni diqqat bilan kuzatmoqda.
Aynan shu xavotir bois, hindistonlik tadqiqotchilar Filipp Cherian va Ashoka universiteti tadqiqotchisi Gautam Menon H5N1 epidemiyasi odamlarda qanday rivojlanishi va qanday dastlabki choralar uning tarqalishini to‘xtata olishini modellashtirdilar. Bu modelni ekspertlar ko‘rib chiqdi.
Insonlarda qush grippi pandemiyasi xavfi jiddiy, ammo uni yaxshiroq nazorat va sog‘liqni saqlash tizimining tezkor choralari orqali oldini olishga umid qilishimiz mumkin.
Boshqacha aytganda, BMC Public Health jurnalida chop etilgan mazkur model real dunyo ma’lumotlari va kompyuter simulyatsiyalaridan foydalanib, epidemiya real hayotda qanday tarqalishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.
"Insonlarda H5N1 pandemiyasi xavfi jiddiy, ammo biz uni yaxshiroq nazorat va sog‘liqni saqlash tizimining tezkor choralari orqali oldini olishga umid qilishimiz mumkin," deydi Menon Bi-bi-si bilan suhbatda.
Tadqiqotchilarning aytishicha, qush grippi pandemiyasi sezdirmay boshlanadi: bitta kasallangan qush virusni odamga, masalan, fermerga, go‘sht sotuvchiga yoki parranda bilan ishlaydigan biror kishiga yuqtiradi. Bundan kelib chiqadiki, xavf birinchi yuqishda emas, balki keyingi bosqichda: odamdan-odamga uzluksiz yuqishida.
Haqiqiy epidemiyalar cheklangan, tartibsiz ma’lumotlar bilan boshlanadi. Shu sababli, tadqiqotchilar dastlab Kovid-19ni modellashtirish uchun yaratilgan, ammo boshqa kasalliklarni o‘rganish uchun yetarlicha moslashuvchan ochiq kodli simulyatsiya platformasi BharatSim'dan foydalanishdi.
Asosiy xulosa shuki, epidemiyani jilovlash uchun vaqt juda qisqa bo‘lishi mumkin, deydi tadqiqotchilar.

Surat manbasi, Hindustan Times via Getty Images
Maqolada taxmin qilinishicha, kasallanish holatlari taxminan ikkitadan 10 tagacha yetgach, kasallik birlamchi va ikkilamchi aloqalardan tashqariga ham tarqalishi mumkin.
Birlamchi aloqalar – kasallangan odam bilan bevosita, yaqin munosabatda bo‘lgan odamlar, masalan, oila a’zolari, g‘amxo‘rlik qiluvchilar yoki yaqin hamkasblar. Ikkilamchi aloqalar – kasallangan odam bilan uchrashmagan, ammo birlamchi aloqada bo‘lganlar bilan yaqin munosabatda bo‘lganlar.
Agar birlamchi aloqada bo‘lgan oilalar atigi ikkita holat aniqlanganda karantinga olinsa, epidemiyani deyarli to‘xtatish mumkin, deyiladi tadqiqotda.
Ammo 10 ta holat aniqlanguncha, infektsiya allaqachon aholiga tarqalgan bo‘lishi ehtimoli juda yuqori, shuning uchun uning rivojlanish yo‘nalishi ertaroq chora ko‘rilmagan holatdan deyarli farq qilmaydi.
Tadqiqotni real sharoitlarga asoslanib olib borish uchun olimlar Hindistonning parrandachilik markazining markazi bo‘lgan Tamil Nadu shtatining Namakkal tumanidagi bitta qishloq modelini tanladilar.
Namakkalda 1600 dan ortiq parrandachilik fermalari va 70 millionga yaqin tovuq mavjud bo‘lib, u yerda kuniga 60 milliondan ortiq tuxum ishlab chiqariladi.
9667 kishidan iborat qishloq sun’iy jamoa – uy xo‘jaliklari, ish joylari, bozor maydonlaridan foydalangan holda yaratilgan va real hayotga o‘xshatish uchun kasallangan qushlar bilan to‘ldirilgan. (Sun’iy jamoa – kompyuter tomonidan yaratilgan populyatsiya bo‘lib, u haqiqiy aholining xususiyatlari va xatti-harakatlariga taqlid qiladi.)
Simulyatsiyada virus bitta ish joyida – o‘rtacha kattalikdagi fermada yoki dehqon bozorda chiqadi, dastlab u yerdagi odamlarga (birlamchi aloqalar) tarqaladi, keyin esa uylar, maktablar va boshqa ish joylari orqali ular bilan muloqot qiladigan boshqalarga (ikkilamchi aloqalar) o‘tadi. Uylar, maktablar va ish joylari doimiy tarmoqni tashkil etgan.
Birlamchi va ikkilamchi yuqishlarni kuzatish orqali tadqiqotchilar asosiy tarqalish ko‘rsatkichlarini, jumladan, asosiy reproduktiv sonni (R0) – bitta kasallangan odam o‘rtacha qancha odamga virus yuqtirishi ko‘rsatkichini aniqladilar. Haqiqiy pandemiya bo‘lmagani sababli, tadqiqotchilar buning o‘rniga bir qator ehtimoliy yuqish tezliklarini modellashtirdilar.
Keyin ular turli xil choralar – qushlarni yo‘q qilish, yaqin aloqada bo‘lganlarni karantinga olish va maqsadli emlash boshlanganda nima bo‘lishini sinab ko‘rdilar.
Natijalar aniq edi.
Qushlarni yo‘q qilish samarali chora, ammo sharti shu – virus odamga yuqishidan oldin amalga oshirilishi kerak.

Surat manbasi, Bloomberg via Getty Images
Tadqiqotchilar aniqlashicha, agar kasallik odamga o‘tsa, vaqt hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.
Kasallangan odamlarni izolyatsiya qilish va oilalarni karantinga olish virusni ikkilamchi bosqichda to‘xtatishi mumkin. Biroq, uchinchi darajali yuqishlar – do‘stlarning do‘stlari yoki aloqada bo‘lganlarning aloqalari paydo bo‘lgach, agar hokimiyat organlari karantin kabi qattiqroq choralar qo‘llamasa, epidemiya nazoratdan chiqib ketadi.
Maqsadli emlash virusning o‘zini saqlab qolishi mumkin bo‘lgan chegarani ko‘tarish orqali yordam beradi, ammo u oilalardagi bevosita xavfni deyarli o‘zgartirmaydi.
Simulyatsiyalar, shuningdek, noqulay muammoni ham aniqladi.
Juda erta joriy etilgan karantin oilalarni uzoq vaqt davomida birga saqlaydi, natijada kasallangan odamlarning virusni birga yashaydigan kishilarga yuqtirishi ehtimoli oshadi. Juda kech karantin esa epidemiyani umuman sekinlashtirmaydi.
Tadqiqotchilar modelning kamchiliklari borligini ta’kidlamoqda.
Model bitta sun’iy qishloqqa asoslangan bo‘lib, unda oila hajmi, ish joylari va kundalik harakatlanish tartiblari belgilangan. U ko‘chmanchi qushlar yoki parranda fermalari tarmoqlari orqali bir vaqtda paydo bo‘ladigan epidemiyalarni hisobga olmaydi. Shuningdek, u odamlar qushlar o‘layotganini bilgach yuzaga keladigan xatti-harakatlardagi o‘zgarishlarni, masalan, niqob taqishni ham hisobga olmaydi.
Atlantadagi Emori universiteti virusologi Sima Lakdavala yana bir kamchilikni qo‘shadi: ushbu simulyatsion model "gripp viruslarining juda samarali tarqalishini nazarda tutadi."
"Yuqish jarayoni murakkab va har bir shtamm turli darajada yuquvchan," deydi u va olimlar mavsumiy gripp bilan kasallanganlarning barchasi ham virusni bir xil darajada tarqatmasligini endi tushuna boshlaganini qo‘shimcha qiladi.
Uning aytishicha, yangi tadqiqotlar ko‘rsatishicha, faqat "gripp bilan kasallangan odamlarning bir qismigina haqiqatan ham yuqumli gripp virusini havoga chiqaradi."
Bu Kovid-19 da kuzatilgan super-tarqatuvchi hodisasiga o‘xshaydi, ammo bu gripp borasida yaxshi o‘rganilmagan. Ana shu jihat virusning odamlar orasida tarqalishiga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Agar H5N1 insondan insonga oson yuqsa, nima bo‘ladi?
Doktor Lakdavalaning fikricha, bu "Kovid-19 dan ko‘ra ko‘proq 2009 yilgi [cho‘chqa grippi] pandemiyasiga o‘xshash bo‘ladi."
"Chunki biz gripp pandemiyasiga ko‘proq tayyormiz. Bizda H5N1 shtammlariga qarshi litsenziyalangan samarali antiviruslar va qisqa muddatda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan H5 nomzod vaktsinalari bor."
Ammo xotirjamlikka berilish xato bo‘lardi. Doktor Lakdavalaning aytishicha, agar H5N1 odamlarda o‘rnashib qolsa, u mavjud shtammlar bilan qorishishi mumkin, bu esa uning sog‘liqqa ta’sirini kuchaytiradi. Bunday aralashuv mavsumiy grippni o‘zgartirib, "tartibsiz va oldindan aytib bo‘lmaydigan mavsumiy epidemiyalar"ni keltirib chiqarishi mumkin.
Hindistonlik modelchilarning aytishicha, simulyatsiyalarni real vaqt rejimida ishga tushirish va ma’lumotlar kelishi bilan yangilash mumkin.
Xabar berishdagi kechikishlar, simptomsiz holatlar hisobga olinsa, ular epidemiyaning dastlabki soatlarida sog‘liqni saqlash xodimlariga bebaho ma’lumot berishi mumkin.












