O‘zbekiston va Qozog‘iston endi kuchayadimi, Ostona yanada qattiq ketadimi, Ozarbayjon Rossiyaning qaroridan 'qattiq hayrat'dayu Moskvaga 'jiddiy savollari' bormi – nima gap?

O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Aynan O‘zbekiston va Qozog‘iston Tramp qudratga qaytgan bir yilning o‘zida, so‘nggi oylarda va Rossiya Ukrainaga ochgan urush fonida Amerika tomoni bilan qiymati milliardlab dollarlik turli kelishuv, bitim va shartnomalar imzolagan, o‘z qarorlari bilan dunyoda sarlavhalarga chiqqan ikki Markaziy Osiyo davlati bo‘lishadi.
O'qilish vaqti: 9 daq

Hafta dayjesti - bunaqasi bo‘lmagan...

Mintaqada yana gap...

Шавкат Мирзиёев
rasmiy
Bunday murakkab vaziyatda...mutanosib ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatimimizni davom ettiramiz.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Prezidenti (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Kechayotgan haftada Donald Tramp dunyoning e’tiborini yana Markaziy Osiyoga qaratdi.

AQSh prezidenti O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarini yirik yigirmalik - G20 ning kelasi yilgi sammitiga mehmon sifatida taklif qilish niyatida ekanliklarini ma’lum qildi.

Donald Trampning posti uning har ikki davlat prezidentlari bilan telefon muloqoti ortidan bo‘y ko‘rsatdi.

AQSh prezidenti o‘zining postida bo‘lajak sammitni "o‘ta muhim tadbir", deb atadi, ammo nega ekani sababini ochiqlamadi, lekin uning Mayamida bo‘lib o‘tishini aytdi.

Bu ikki Markaziy Osiyo davlatining yirik yigirmalikka kirmasligi esa, mazkur xabarning ahamiyatini yanada bo‘rttirdi.

Tramp, bundan tashqari, bu ishni yirik yigirmalikning bunday niyatda bo‘lgan birinchi prezident davlati rahbari sifatida qildi.

AQSh prezidentining telefon muloqotiga oid rasmiy xabarlar va posti yana besh Markaziy Osiyo davlati prezidentlarining barchasi birdek ishtirok etgan MDH davlatlari liderlarining Sankt-Peterburgdagi norasmiy sammiti ortidan bo‘y ko‘rsatgani bilan ham o‘ziga xos e’tibor tortdi.

Rossiyaning ikkinchi yirik bu shahri 21 dekabr kuni sammit barobarida YevroOsiyo Iqtisodiy Oliy Kengashining bu yil hisobidan so‘nggi yig‘iniga ham mezbonlik qildi.

Mazkur sammit tegrasida Putin bilan uchrashgan Qozog‘iston prezidenti Rossiya bilan strategik hamkorlikni yana bir bor yuksak baholagani ham e’tiborga tushgan voqe’lik bo‘ldi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyoning ikki yirik davlati sanalishadi.

Mintaqaning o‘zi ham geostrategik jihatdan muhim, Qozog‘iston misolida aynan Rossiyaga, yana Xitoy va Eronga ham chegaradosh, so‘nggi ikki asrda Rossiyaning ta’sir doirasida, deb bilingan hudud, tobora strategik ahamiyat kasb etib borayotgan tabiiy minerallarga boy.

Aynan O‘zbekiston va Qozog‘iston so‘nggi oylarda, Tramp qudratga qaytgan bir yilning o‘zida va Rossiya Ukrainaga ochgan urush fonida Amerika tomoni bilan qiymati milliardlab dollarlik turli kelishuv, bitim va shartnomalar imzolagan, o‘z qarorlari bilan dunyoda sarlavhalarga chiqqan ikki Markaziy Osiyo davlati bo‘lishadi.

Agar, shu yil sentyabr oyidagi xabarlarga tayanilsa, Shavkat Mirziyoyev va AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor uchrashuvida turli sohalarda $100 mlrd. dollardan ziyod shartnoma va loyihalar portfeli shakllantirilgan.

Rasmiy Toshkent bahosicha, O‘zbekiston dunyoning eng yirik harbiy va iqtisodiy qudrati bo‘lgan Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘targan.

AQSh rahbari bilan kengaytirilgan strategik sheriklikning ustivor yo‘nalishlarini ham muhokama qilib olgan.

Bularning barchasi postsovet makonida ham o‘ziga e’tibor tortgan, "Rossiya endi o‘tmishi bilan faxrlana olmasligi, mintaqaga Boeing taklif eta olmasligi, Markaziy Osiyo buyog‘iga Sharq bilan G‘arbdan birini tanlamasligi, balki ularning manfaatlarini uyg‘unlashtirib, geosiyosiy raqobatni o‘z taraqqiyoti uchun "yoqilg‘i"ga aylantirishi"ga oid xabarlarga ham zamin yaratgan.

Ayniqsa, aholisi mintaqada eng yirigi sanaluvchi, ishsizlik va kambag‘allik nisbatan dolzarb muammo sifatida ko‘riluvchi O‘zbekiston uchun dunyoning iqtisodiy rivojlangan davlatlari bilan munosabatlarini mustahkamlash va mamlakatga ko‘proq xorijiy sarmoya jalb etish ustivor masalalardan biri sifatida ko‘riladi.

Putin va Markaziy Osiyo davlatlari liderlari

Surat manbasi, Getty Images

Rossiya shu orada Markaziy Osiyo bilan o‘tkazishga ulgurgan ikkinchi "+" formatidagi sammiti esa, Kremlning mintaqada o‘zining o‘rnini tiklash, ta’sirini yanada kuchaytirish harakati sifatida baho topgan.

Agar, xuddi shu sammit ortidan ayrim mintaqaviy nashrlarda bo‘y ko‘rsatgan tahlillarga tayanilsa, Putin yig‘indan "nafaqat iqtisodiy integratsiya sur’atlaridan noroziligini bildirish, balki Markaziy Osiyo davlatlarini, uning ta’biri bilan aytganda, o‘zaro savdodagi faolliklari yetarlicha emasligi uchun tanqid qilishda minbar sifatida ham foydalangan."

Vashington 6 noyabr kuni mezbonlik qilgan sammitga Markaziy Osiyo liderlarini yana shaxsan AQSh Prezidenti Donald Trampning o‘zi taklif qilgan.

Bu ham Kreml tarafdori bo‘lgan sharhlovchilarning e’tiboridan chetda qolmagan, ular buni mintaqani Rossiyadan uzoqlashtirishga qaratilgan keng qamrovli harakatning bir qismi sifatida baholashgandi.

Kreml Rossiyaga davlat tashrifi arafasida Qozog‘iston prezidentining Vashingtonda ekan, Tramp bilan nimalarni gaplashganiga qanchalik qiziqqanliklarini ham yashirmagan, Toqaev aytib bersa, buni bilib qo‘yishga qarshi emasliklarini bildirgan.

Rossiya prezidentining Toshkentga sim qoqqani, O‘zbekiston prezidenti bilan ham telefon orqali muloqot qilgani rasman xabar berilgan, unda ham yana strategik sheriklik va ittifoqchilik masalasi gaplashilgan mavzulardan biri bo‘lgani anglashilgandi.

Aynan Mirziyoyev va Toqaev so‘nggi yillarda geosiyosiy tanglik kuchayib borayotgani va buning mintaqaga ta’siridan o‘z xavotirlarini rasman va oshkora bildirib kelayotgan ikki Markaziy Osiyo davlati prezidentlari ham bo‘lishadi.

Trampning telefon qo‘ng‘irog‘i va ikki yetakchi Markaziy Osiyo davlati yetakchilari bilan bog‘liq postida izhor qilgan niyatiga rasmiy Moskvaning munosabati hozircha imkonsiz.

O‘zbekiston prezidenti kecha, 26 dekabr kuni O‘zbekiston parlamenti va xalqiga murojaatida yana "jahonda murakkab geosiyosiy va iqtisodiy muammolar avj olib borayotgani"ga to‘xtalgan.

"Bunday murakkab vaziyatda barcha davlatlar bilan teng huquqli va konstruktiv munosabatlarni yanada mustahkamlash, mutanosib ochiq tashqi siyosat olib borishga qaratilgan faoliyatlarini davom ettirishlari"ni bayon qilgan.

Yirik yigirmalikning Janubiy Afrikadagi sammiti chog‘ida olingan surat.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yirik yigirmalikka 1999 yilda asos solingan, u Xitoy ilova dunyoning eng yirik 19 iqtisodi va Yevropa Ittifoqini ham o‘z ichiga oladi. Xitoy va Yevropa Ittifoqi ham Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyoda o‘z mavqe’larini kuchaytirishga intilayotgan tomonlar bo‘lishadi.

Boshqa tomondan, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari matbuot xizmatlarining Donald Trampning telefon qo‘ng‘irog‘iga oid xabarlarida ham AQSh prezidentining bu ikki davlat rahbarini yirik yigirmalikka taklif qilish niyati o‘zining ifodasini topmagan - halicha na-da tasdiqlangan va na-da rad etilgan.

Tramp nega bunday niyatda ekani sababi ham ma’lum emas, ammo uning postiga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari bilan telefon muloqotida o‘zaro savdo va hamkorliklarini kuchaytirishdan tashqari, bugungi mojarolarga tinch yo‘l bilan barham berishning muhimligiga ham e’tibor qaratishgan.

So‘z Ukraina urushi haqida ham borganligini esa, Qozog‘iston prezidentining matbuot xizmati o‘zining rasmiy xabarida tasdiqlagan.

O‘zbekiston prezidenti o‘zining Vashingtonga so‘nggi safari chog‘ida Ukraina urushini faqat Donald Tram to‘xtata olishiga umid bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, telefon muloqoti chog‘ida "Qozog‘iston rahbari hududiy masala ustuvor o‘rin tutayotgan Ukraina mojarosini hal qilishning murakkabligi"ni ta’kidlagan.

Shu bois, "Qozog‘iston barcha manfaatdor tomonlarni sabr-toqat, moslashuvchanlik va professionallik ko‘rsatishga hamda tinchlik formulasini izlashni davom ettirishga chaqirgan".

Qozog‘iston prezidenti esa, Tramp bilan so‘nggi telefon muloqoti chog‘ida ham, agar lozim bo‘lsa, tinchlik muzokaralariga mezbonlik qilishga tayyor ekanliklarini ma’lum qilgan.

AQSh, kollektiv G‘arb Markaziy Osiyo davlatlarini Rossiyaning o‘z sanksiyalarini chetlab o‘tishiga imkon bermaslikka ham chaqirib kelishadi, buning oqibatlaridan ham ogohlantirisharkan, allaqachon ayrim shirkat, korxona, bank va fuqarolariga nisbatan jazo choralari qo‘llay boshlashgani ham ko‘riladi.

Neytral Turkmaniston barobarida qolgan barcha Markaziy Osiyo davlatlari ham Ukraina urushi borasida hozir ham "betaraf mavqe’da", na-da qoralashgan va na-da qo‘llashadi.

Yirik yigirmalikka 1999 yilda asos solingan, u Xitoy ilova dunyoning eng yirik 19 iqtisodi va Yevropa Ittifoqini ham o‘z ichiga oladi. Ammo unga Rossiya kirmaydi.

Xitoy va Yevropa Ittifoqi ham Ukraina urushi fonida Markaziy Osiyoda o‘z mavqe’larini har omonlama kuchaytirishga intilayotgan tomonlar bo‘lishadi.

Shu oy yirik yigirmalikka prezidentlik Amerika Qo‘shma Shtatlariga o‘tadi.

Yirik yigirmalikning bundan avvalgi sammitlarida 2008 yilgi moliyaviy inqiroz, Kovid-19 pandemiyasi, Eronning yadroviy dasturi va Suriyadagi fuqarolar urushi masalalari muhokama qilingan.

Ekspertlarga ko‘ra, dunyoda kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik guruhning kun tartibidagi masalalar yuzasidan bir yoqadan bosh chiqarishlarini tobora qiyinlashtirgan.

Mintaqaviy tahlilchilar nazdlarida esa, Trampning O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlarini bo‘lajak sammitga mehmon sifatida taklif qilish niyati Vashingtonning Markaziy Osiyoga qiziqishi kuchayib borayotganini anglatadi, mintaqa bilan o‘zaro munosabatlarini yanada mustahkamlash niyati, mintaqaning mojarolar yechimida tutgan o‘rni kuchayib borayotganiga dalolat qiladi.

"Mintaqaviy diplomatiyada muhim palla".

Donald Tramp o‘zining postida yana har ikki Markaziy Osiyo davlati bilan munosabatlari "ajoyib" ekanini ham ta’kidlagan.

Bu Markaziy Osiyo davlatlaridagi demokratik jarayonlar uchun qanday ahamiyatga ega bo‘lishi ham so‘nggi yangilik manzarasida ko‘pchilikni qiziqtirayotgan savollardan biri bo‘ladi.

Ostona yanada qattiq ketadimi?

Rossiya harbiylari

Surat manbasi, EPA

Xabarlarga ko‘ra, kechayotgan yilda Qozog‘istonda Rossiya uchun jang qilgan fuqarolarga nisbatan rekord sondagi jinoiy ishlar ochilgan.

Bu haqda Rossiyaning "Mediazona" nashri yozgan.

Nashr o‘z xabariga, "Qozog‘iston Ukrainaga jang qilish uchun ketgan o‘z fuqarolariga qarshi yuzlab jinoiy ish ochmoqda", degan sarlavha qo‘ygan.

Shunday derkan, Rossiyada "xorijiy agentlar" ro‘yxatida turuvchi nashr kechayotgan yildagi jami jinoiy ishlarning sonini 700 taga nisbat bergan.

"Mediazona"ning yozishicha, bunday hollarda sudlar ayblanuvining qaerda xizmat qilganiga ahamiyat berishmaydi.

"Ular Vagner jangchilariga ham, (Rossiya - tahr.) Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolaganlarga ham bir xil hukm chiqarishadi".

Nashrning yozishicha, Qozog‘iston Jinoyat Kodeksiga binoan, ularning barchasi urushda qatnashib, "jinoiy niyatlarini amalga oshirganlar".

"Mediazona" va BBC Rus xizmati hisob-kitoblariga ko‘ra, Ukraina urushida 200 ga yaqin Qozog‘iston fuqarosi yoki asli qozog‘istonlik halok bo‘lgan.".

Nashr, o‘z o‘rnida, "Xochu jitь" davlat loyihasiga tayanib, Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilayotgan yoki jang qilgan qozoq fuqarolarining soni 1200 nafar ekanligini ham tilga olib o‘tgan.

20 millionlik Qozog‘iston aholisining uch millionchasi etnik ruslardan iborat ekani aytiladi.

Boshqa Markaziy Osiyo mamlakatlarida rusiyzabon aholi besh foizdan ortiqni tashkil etmaydi.

Ukrainaning "Xochu jitь" davlat loyihasi kechayotgan yilda ham Rossiya o‘zbekistonliklarni urushga yollashda hanuz davom etayotganligini aytib keladi.

"Yashashni istayman" loyihasi 30 iyul kuni e’lon qilgan yangi raqamlarga tayanilsa, Rossiya shu yilning o‘zida 900 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosini urushga yollashga muvaffaq bo‘lgan.

Yollashda o‘zining oldingi usullaridan voz kechmagan.

Ukraina rasmiylariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari asirga tushganlar sonining ko‘pligi bo‘yicha ham birinchi o‘rinni egallayapti.

Shu yil aprel oyida Ukraina Mudofaa vazirligi va Razvedka boshqarmasi qoshidagi "Xochu jitь" loyihasi Rossiya harbiylari safida jang qilayotgan yoki qilgan 1110 nafar O‘zbekiston fuqarosining ro‘yxatini e’lon qilgan.

Bungacha loyiha Rossiya armiyasi saflarida jang qilayotgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Belarus fuqarolarining ro‘yxatini chop qilgan.

Rossiya tomonda jang qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari hozircha ushbu ro‘yxatlar ichida eng ko‘pi bo‘lib turibdi.

Rossiya safida Ukrainaga qarshi jang qilgan fuqarolarini qanchalik qattiq yoki yengil jazolayotgani aksariyat Markaziy Osiyo davlatlarida jamoatchilikning muhokamasiga sabab mavzulardan biri ekani ko‘riladi.

Ozarbayjon "qattiq hayrat"dami?

Ozarbayjonning halokatga uchragan yo‘lovchi uchog‘i

Surat manbasi, Reuters

Xabarlarga ko‘ra, Rossiya AZAL yo‘lovchi uchog‘ining halokati bo‘yicha tergov ishini to‘xtatgan.

Bu haqda so‘nggi ikki kun ichida Ozarbayjonniki barobarida Rossiya o‘zining ham qator nashrlari xabar berishgan.

Ularda aytilishicha, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri bu haqda 26 dekabr kungi brifing chog‘ida, uchoq halokatining bir yillik sanasidan kun o‘tib ma’lum qilgan.

"Bu qaror Ozarbayjon tomonida tashvish va o‘ta jiddiy savollarni tug‘dirgan".

2024 yilgi xuddi shu halokat Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy darz yetkazgan, faqat shu yil oktyabr oyiga kelibgina ikki davlat yetakchilari ilk bor yuzma-yuz uchrashishgani ommaviy axborot vositalarida, ta’bir joiz, katta gap bo‘lgandi.

Tojikiston poytaxti Dushanbeda kechgan uchrashuv chog‘ida Putin birinchi marta Ozarbayjon talab qilib kelayotgan narsani tan olgan, u yo‘lovchi uchog‘ining urib tushirilishiga Rossiyaning aloqadorligini e’tirof etgan va yana bir bor uzr so‘ragan.

Ozarbayjon prezidenti o‘shanda tekshiruv jarayonini shaxsan o‘z nazoratiga olgani uchun Putinga minnatdorlik ham bildirgandi.

"Minval Politika"ning yozishicha, Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbarining mazkur uchoq halokati bo‘yicha jinoiy tergovni to‘xtatish haqidagi xati Bokuda "jiddiy hayrat"ga sabab bo‘lganligini aytgan.

Nashrga ko‘ra, vazir Ozarbayjon tomoni ushbu maktub bo‘yicha o‘zining mufassal va printsipial pozitsiyasini taqdim etganini bildirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, "Boku bu jarayonning Rossiya prezidentining Dushanbeda bergan bayonotlari va ikki davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarga muvofiq yakunlanishini kutmoqda".

Ammo Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-saytida hozircha bu haqdagi xabar ko‘zga tashlanmaydi.

Bokudan-Grozniyga uchayotgan uchoq 2024 yilning 25 dekabrida Qozog‘istonning Oqtov shahri yaqiniga qulab tushgan, halokat natijasida 3 ekipaj a’zosi ilova 38 kishi qurbon bo‘lgan, 29 nafari qutqarib qolingani xabar berilgan.

Boku uchoq halokatidan keyin Moskvadan unga javobgarlikni tan olish, aybdorlarni jazolash va qurbonlar oilalariga tovon puli to‘lashni talab qilgan.

Ozarbayjon orada AZAL samolyoti halokati yuzasidan Rossiyaga qarshi xalqaro sudga murojaat qilish niyatini ham izhor etgan, lozim hujjatlarni hozirlayotganliklarini ham bildirgan.

Joriy yilning 25 dekabrida, aviahalokatning bir yilligi munosabati bilan Qozog‘iston Transport vazirligi olib borilayotgan tekshiruv ishlari yuzasidan o‘zining oraliq hisobotni e’lon qilgan.

Samolyotning shikastlanishiga jangovar kallakning zarba beruvchi elementlari sabab bo‘lgani, ammo ularning mansubligini aniqlab bo‘lmaganini ma’lum qilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, hodisani o‘rganayotgan komissiya aviahalokat sabablari va ta’sir etuvchi omillarni aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.

Ish Ozarbayjon, Rossiya va Braziliyaning vakolatli vakillari, shuningdek, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti kuzatuvchisi ishtirokida olib borilmoqda.

Ozarbayjon prezidentining MDH davlatlari liderlarining Sankt-Peterburgdagi sammitiga bormaganligi shu kunlarda postsovet makonida yana ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortgan voqe’likka aylangan, sarlavhalarga chiqqan, sababi turli tahlillarga zamin yaratgani ham ko‘rilgan.

Prezident ma’muriyati Ilhom Alievning bormasligini, uning tig‘iz ish jadvali bilan izohlagan.

Kreml Alievning ishtirok etmasligiga tushunish bilan yondashuvini ma’lum qilgandi.

24 dekabr kuni Rossiya prezidentining matbuot xizmati Putin Ozarbayjon rahbarini tug‘ilgan kuni bilan qutlab, sim qoqqani haqida rasman xabar bergan.

Xabarda, "ikkovlonning Rossiya-Ozarbayjon ittifoqchilik munosabatlarini har tomonlama mustahkamlash tarafdori ekanliklarini yana bir bor tasdiqlashgani", ham aytilgan, suhbatga Ozarbayjonning birinchi xonimi va vitse-prezidenti Mehribon qo‘shilgani ham qistirib o‘tilgandi.

Rossiya AZAL yo‘lovchi uchog‘ining halokati bo‘yicha tergov ishini to‘xtatganiga oid bo‘y ko‘rsatayotgan ko‘plab xabarlarga rasmiy Moskvaning munosabati ham halicha ko‘zga tashlanmaydi.

So‘nggi xabarlar allaqachon Ozarbayjon va Rossiya munosabatlari uchun endi nimani anglatishiga oid turli talqin va tahlillarga ham sabab bo‘lib ulgurgan.

Xuddi shu aviahalokat Rossiya bilan munosabatlariga jiddiy putur yetkazgan bir manzarada Ozarbayjon Armaniston bilan aynan Tramp vositachiligida Qorabog‘ bo‘yicha tinchlik bitimini imzolagan.

Yaqin-yaqingacha Rossiyaning ta’siri ostida, deb bilingan Shimoliy Kavkazdagi uzoq yillik mojaro barham topib, Trampning kuchli qo‘llovi bilan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham befarq bo‘lmagan strategik jihatdan muhim Zangezur yo‘lagi g‘oyasi kun tartibiga qaytgan.

Bu bitimda Zangezur yo‘lagi qurilishi ekslyuziv huquqi AQShga tegishli ekani qayd etildi va "Tramp marshruti" degan nom oldi.

Ushbu yo‘lak milliardlab dollar daromad keltirishi mukinligi, Yevropaga borayotgan yuk vaqtini 12-15 soat qisqartirishi, Turkiyani Markaziy Osiyo yanada jips bog‘lashi mumkinligi aytiladi.