Emin Agalarov nega Ozarbayjondagi ilk kazinoni musulmon qadamjolar yonida qurmoqchi?

Surat manbasi, Getty Images, Seabreeze.az, TASS, BBC
- Author, Magerram Zeynalov
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 7 daq
Ozarbayjonning ilk kazinosi mamlakatdagi eng konservativ musulmon qishlog‘i yonida quriladi. Nardaran ko‘p yillar davomida hukumat bilan kelishmay kelgan; mana endi bir paytlar bo‘ysunmagan qishloq yonida ozarbayjon-rossiyalik tadbirkor Emin Agalarovga tegishli kurort qurilmoqda.
Kaspiy dengizidagi ko‘rfazdagi sun’iy yarim orolda – hovuz, bog‘lar va qirg‘oqqa tomon uzangan asfalt yo‘llar, yaltirab oq kruiz kemasi turibdi.
Kelajakdagi 11 qavatli Caspian Dream Liner apart-mehmonxonasi loyihasini uning mualliflari "me’moriy durdona" deb atamoqda, undagi eng kichik, hali qurilmagan kvartiralar narxi esa yarim million dollardan boshlanadi.
Aynan shu yerda Ozarbayjondagi yagona – Yevropadagi eng yirik kazino qurilishi rejalashtirilgan.
Hashamatli majmua Sea Breeze kurortining bir qismiga aylanadi, unda aholi yashaydigan taunxauslar va villalar, kontsert zallari va qimmatbaho restoranlar joylashadi. Bu yerda badavlat ozarbayjonliklar va Rossiyadan kelganlar yashaydi ("Bizda shunday deyishadi: kambag‘al ruslar Tbilisi va Yerevanga, boylar esa Sea Breeze'ga boradi," deydi Bi-bi-si suhbatdoshlaridan biri).
Boku va mamlakatning asosiy xalqaro aeroportidan Sea Breeze'ni 30 kilometrdan kamroq masofa va Nardaran qishlog‘i ajratib turadi.
18 yil davomida hashamatli kurort qurilayotgan bu kambag‘al, konservativ va dindor qishloqning markaziy hokimiyat bilan uzoq, murakkab va ba’zan qonli kurash tarixi bor.
Eng an’anador qishloq
Nardaran arzon ohaktoshdan qurilgan uylari, bokucha eski shahar atrofi qishloqlariga xos ishsizlik va qashshoqlik darajasi, Bokudan dengizga olib boradigan markaziy yo‘ldan tashqari buzilgan yo‘llari bilan oddiy ozarbayjon qishlog‘iga o‘xshaydi.
Kommunal xarajatlarni tejash uchun oqshomlari chiroq yoqilmaydi, qishda uylarni isitishmaydi, do‘konlardan nasiyaga xarid qilinadi.
Nardaranliklar asosan nafaqa va boshqa joylardan topilgan ish haqi hisobiga kun kechiradi, o‘z tomorqalaridan ovqatlanadi. O‘rtacha maoshlar Bokuga qaraganda deyarli ikki baravar past.
1990-yillarda Nardaran Rossiyaga sotish uchun gullar va pomidor yetishtirish bilan mashhur edi. Ammo o‘shandan beri ularni bu biznesdan yirik kompaniyalar siqib chiqardi.
Qishloqning o‘ziga xos jihati – nardaranliklarning o‘zi. Bu yerda eng dindor konservativ odamlar yashaydi – so‘rov natijalariga ko‘ra, musulmonlarning atigi 20 foizi masjidga borishni majburiy deb hisoblaydigan bir mamlakat uchun noyob holat.

Surat manbasi, Getty Images
"Nardaran Ozarbayjon uchun o‘ziga xos hodisa, u musulmonlar uchun diniy markaz, – deb tushuntiradi tarixchi, "Ozarbayjonda islom" kitobi muallifi Orif Yunusov. – U yerda butun Ozarbayjondan ziyoratchilar keladigan afsonaviy bir nechta eski masjid bor."
SSSR parchalanganidan so‘ng darhol Nardaranda Ozarbayjon Islom partiyasi tashkil etildi – Yunusovning aytishicha, dunyoviy hokimiyatning asosiy diniy muqobili edi. "Hamma bu aslida Nardaran partiyasi ekanligini tushunardi," deya qo‘shimcha qiladi tarixchi.
Nardaranliklar eronparast qarashlarini yashirmaydi – ikki mamlakatni shia islomi birlashtiradi va bu partiya Eron teokratiyasini muvaffaqiyat tarixi sifatida qabul qilardi. Tehron bilan ziddiyatli munosabatlarga ega bo‘lgan Boku uchun bu boshog‘riq edi.
1995 yilda Adliya vazirligi partiyani ro‘yxatdan o‘chirib tashladi va uning rahbarlari Eron josuslari deb e’lon qilinib, qamoqqa olina boshladi. Shundan so‘ng, nardaranliklar bir necha bor saylovlarni boykot qildi, kommunal to‘lovlarni to‘lamadi va Bokudan tayinlangan amaldorlar hokimiyatini tan olmadi.
Nardaranning diniy markazi O‘rta asrlarga oid Hoji Baxshi masjidi edi – u yerda mahalliy faollar yig‘ilib, hokimiyatni tanqid qilishgan, Amerika va Isroil bayroqlarini yoqishgan.

Surat manbasi, VANO SHLAMOV/AFP via Getty Images
2000-yillar boshida, Haydar Aliev hukmronligi davrida, hokimiyat o‘n ming kishilik bu qishloqni nazorat ostiga olishga harakat qildi, 2002 yilda u yerda to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi, kamida bir kishi halok bo‘ldi.
2015 yilda hukumat Nardaran qishlog‘ida terakt rejalashtirilganini da’vo qilib, maxsus operatsiya o‘tkazdi. Aholi esa tinch yig‘ilishda ishtirok etganliklarini aytishdi.
Natijada yetti kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab kishilar hibsga olindi va uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilindi. Qo‘lga olishdagi ko‘plab qonunbuzarliklar tufayli mahalliy huquq himoyachilari ularni siyosiy mahkumlar deb atadi, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi esa ulardan uchtasining huquqlari buzilganligini tan oldi.
Nardaran bo‘ysundirildi. Mahalliy aholining aytishicha, hozirgi hokimiyat Bokuga sodiq, qishloqning bir necha joyida esa o‘tkinchilarni va avtomobillarni tintuv qiladigan politsiya postlari mavjud.
Ijtimoiy tarmoqlarda odamlar sababini tushuntirmasdan bosh masjidga kiritilmagani haqidagi hikoyalar uchraydi. Mahalliy aholi aytishicha, ularga faqat yaqin atrofdagi qabristonga borish uchun ruxsat beriladi, u ham tintuv va hujjatlar tekshiruvidan so‘ng.
Biz hokimiyat va Kavkaz musulmonlari boshqarmasiga izoh so‘rab murojaat qildik, ammo javob ololmadik. 2015 yilda Diniy tuzilmalar bilan ishlash davlat qo‘mitasi Nardaran masjidlarining yopilishini ularning davlat ro‘yxatidan o‘tmaganligi bilan izohlagan edi.

Surat manbasi, Getty Images
Mahalliy aholi aytishicha, Nardaranda bir necha kishi to‘plansa, darhol politsiya e’tiborini tortadi. Suhbatdoshlarimiz so‘zlariga ko‘ra, an’anaviy to‘planish joyi bo‘lgan barcha choyxonalar 10 yil oldin yopilgan.
"Yig‘ilishga ruxsat yo‘q, hatto to‘ylarga ham ruxsat olish kerak, – deydi asli nardaranlik, norozilik namoyishlari ishtirokchisi, Islom partiyasi a’zosi, hozirda Germaniyada siyosiy muhojir bo‘lgan Alamdar Bunyodov. – Yaqinda qarindoshlarimizda to‘y bo‘ldi, lekin odamlarga to‘planishga ruxsat berishmayapti, politsiya bo‘limiga borish kerak. Boshliq ruxsat bersa – to‘y qilasan, bermasa – yo‘q." Uning aytishicha, ba’zilar qo‘shni Mashtaga qishlog‘ida to‘y qilmoqda.
Biroq Nardaranda sohildan kelayotgan kontsert ovozlari eshitilib turadi. Tez orada u yerda kazino paydo bo‘ladi – hozircha mamlakatda birinchi va yagona shunday muassasa.
Ozarbayjonda kazino faoliyatini 1998 yildayoq hozirgi prezidentning otasi Haydar Aliev taqiqlagan edi.
Farmonda aytilishicha, kazino "milliy axloqqa zid", "yosh avlod tarbiyasi va axloqiy rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi", "iqtisodiyotga zarar keltiradi" va "noqonuniy yo‘l bilan olingan daromadlarni legallashtiradi".
Ammo 2025 yil yozi boshida parlament kazinolarni yana legallashtirdi – sharti bunday muassasa sun’iy orolda joylashgan bo‘lishi kerak.
Parlament a’zolari uning soliq tushumlarini oshirishi, turizmni rivojlantirishi va yangi ish o‘rinlari yaratishini aytishdi.
Haqiqatan ham, hozircha yagona sun’iy orol ozarbayjon-rossiyalik tadbirkor Emin Agalarovga tegishli Sea Breeze hududida joylashgan.
"Agalarov qonuni"
Emin o‘z biznes faoliyatini otasi Araz Agalarovning kompaniyasida boshlagan – u savdo va ko‘ngilochar markazlar, shuningdek, elita ko‘chmas mulkiga egalik qiluvchi Crocus Group xoldingi egasi bo‘lgan rossiyalik milliarder.
Oila Emin to‘rt yoshida Bokudan Moskvaga ko‘chib o‘tgan, u G‘arbda ta’lim olgan.
Rossiyaga qaytgach, u dastlab otasining kompaniyasida tijorat direktori, keyin esa vitse-prezident bo‘ldi. Shu bilan birga, EMIN sahna nomi ostida musiqiy faoliyatini rivojlantirib, nafaqat Rossiya va Ozarbayjonda, balki Yevropada ham muvaffaqiyatlarga erishdi.

Surat manbasi, Getty Images
2023 yilda u Crocus Group'dan chiqib, aksariyat loyihalari Ozarbayjonda joylashgan Agalarov Development kompaniyasi bilan shug‘ullana boshladi.
U yerda 45 yoshli Agalarov qo‘shiqchilikdan ko‘ra ko‘proq prezidentning qizi Leyla Alievaga uylangani bilan mashhur. Ular 10 yil oldin ajrashgan bo‘lsa-da, an’anaviy Ozarbayjon jamiyati uchun u hamon prezident oilasining bir qismi hisoblanadi.
Ozarbayjonda kazino qurishga ruxsat beruvchi yangi qonunni muxolifat "Agalarov qonuni" deb atadi, chunki unda Ilhom Alievning shaxsiy qo‘llovini ko‘rdilar.
Hukumatga yaqin matbuot Emin Agalarovni yoqlab, loyiha xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirishini, ozarbayjonliklarning o‘zlari esa gruzin kazinolarida pul yo‘qotishni to‘xtatib, buni o‘z vatanlarida qilishlarini tushuntira boshladi.
Agalarovning kompaniyasi bunda nafaqat butun mamlakat iqtisodiyotiga, balki mahalliy aholiga ham naf keltirishni mo‘ljallamoqda. Bi-bi-si so‘roviga javoban, Agalarov Development ular uchun "eng yaqin hududlar, jumladan, Nardaran aholisi uchun imkoniyatlar yaratish printsipial jihatdan muhim" ekanligini ta’kidladi.
"Nardaran mavzusini yopish kerakmi?"

Surat manbasi, .
"Muhimi, bizga tegishmasin, shovqin ko‘tarmasin, qoidalarimizga rioya qilishsin, – deydi nardaranlik keksa Amrulla (uning iltimosiga ko‘ra ismini o‘zgartirdik). U sayyohlarning qishloqda kalta ishton kiyib yurmasligi va do‘konlarda spirtli ichimliklar sotilmasligi yetarliligini qo‘shimcha qildi, qirg‘oqbo‘yi qismini esa u endi Nardaran deb hisoblamasligini aytdi.
Amrulla diniy bayramlar paytida kurortdagi sho‘x ovozlar qulog‘iga chalinishidan g‘azablanishini aytadi, biroq ijobiy tomonlarini ham tan oladi – uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi mahalliy yoshlar "bekor yurmasdan" Sea Breeze qurilishida ishlamoqda.
Agalarov Development Bi-bi-siga ma’lum qilishicha, Sea Breeze hududida hozirda 7500 dan ortiq kishi ishlaydi va yaqin bir necha yil ichida bu sonni ikki baravar oshirish rejalangan.
"Bunda ularning 15-20 foizini mahalliy aholi vakillari tashkil etadi. Bu Nardaran uchun aholining taxminan 10 foiziga teng", deya baholaydi kompaniya.

Surat manbasi, Getty Images
Shunga qaramay, Ozarbayjonda ba’zilar qimor o‘yinlarini taqiqlovchi musulmon urf-odatlari alohida e’zozlanadigan joyda kazino qurilishidan g‘azablanmoqdalar.
"Kazino qurmoqchi ekanliklarini eshitganimda, buni shunday tushundim – ular Nardaran mavzusini yopmoqchi, – deydi nardaranlik muhojir Alamdar Bunyodov. – Chunki e’tiqod markazida kazino ochish – nardaranliklarni ham, umuman ozarbayjonliklarni ham xafa qilishning bir usuli; kazino va diskotekalarning ovozini azon tovushlari bilan aralashtirib yuborish".
"Nardaranda buzuq joylar ochish uchun odam buzuq hazil tuyg‘usiga ega bo‘lish kerak, – deydi tarixchi Orif Yunusov. – Yarim orol katta, boshqa joyni tanlash mumkin edi, lekin bir paytlar senga bo‘ysunmagan aholi punkti yonida kazino qurish ko‘proq ruhiy bosimga o‘xshaydi".
Diniy tashkilotlar bilan ishlash davlat qo‘mitasi va Kavkaz musulmonlari boshqarmasi Bi-bi-si savollariga javob bermadi.
Agalarov Development Ozarbayjon "dunyoviy davlat bo‘lib, uning asosiy ijtimoiy maqsadlaridan biri fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish ekanligini" ta’kidladi.
"Biz mintaqaning diniy va madaniy an’analarini hurmat qilamiz va loyiha jamiyat manfaatlari bilan uyg‘unlikda amalga oshirilishiga ishonamiz," deya bayonot berdi kompaniya.
Kosmosdan olingan suratlarda Caspian Dream Liner joylashadigan dengizga cho‘zilgan tepalik – sun’iy orol ko‘rinib turibdi.
Agar suratlarni vaqt bo‘yicha ortga qaytarsak, Sea Breeze dastlab qirg‘oq qismini egallab, yillar davomida Nardaran ichkarisiga kirib borgani va mahalliy aholi bog‘lariga yetib borgani ko‘rinadi.
Yer uchastkalari tortib olinib, buzishga topshirildi. 2021 yilda Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi mahalliy hokimiyat qarorini g‘ayriqonuniy deb topdi va 18 nafar nardaranlikka 234 ming yevro miqdorida tovon puli to‘lashni buyurdi.
"Mening bog‘im ham o‘sha yerda, Sea Breeze'ga juda yaqin edi va men ham qarindoshlarim singari uni yo‘qotdim, – deydi Alamdar Bunyodov. – Ko‘pchilik shu bog‘lar bilan tirikchilik qilardi."
* Bi-bi-si dizayn bo‘limi kollaji uchun Mixail Tereщenko/TASS, Getty- Images va Seabreeze.az fotolaridan foydalanildi












