Isroillik kelgindilar G‘arbiy Sohildagi falastinliklarni chiqarib yuborish kampaniyasini kuchaytirayaptilar

Jeremi Bouen (o‘ngda) va Meyr Simcha anjir daraxti tagidagi o‘tloqda o‘tirishipti

Surat manbasi, Oren Rosenfeld/BBC

    • Author, Jeremi Bouen
    • Role, Xalqaro muharrir, G‘arbiy Sohildagi Isroil bosib olgan yerlar
  • O'qilish vaqti: 9 daq

Meyr Simxa suhbatga rozi bo‘ldi-yu, ammo o‘zi uchun muhim bir paytda va xos bir joyda gaplashishni istadi. U millat, din va urush siyosat hamda yerga egalik masalalari bilan uzviy chirmashib ketgan zaminni, Hevron janubidagi yarim cho‘l hududdagi anjir daraxti soyasi va toza suvli buloq yonini tanladi.

Chang bosgan, yo‘ltanlamas kichik "Toyota"sidan u meva va sabzavotlardan tayyorlangan sharbat oldi.

– Xavotir olmang, qo‘shimcha shakari yo‘q, – dedi u, sharbatini yelim stakanlarga quyar ekan.

Simxa – G‘arbiy sohildagi Hevron janubida keng maydonlarni bosqichma-bosqich o‘zgartirib kelayotgan yahudiy kelgindilar guruhi yetakchisi.

U ikki yirik tekis toshni soyaga surib, o‘tirish uchun joy hozirladi. Biz buloqdan tomchilatib sug‘orilayotgan yashil chamanzorda o‘tirardik. Bu jazirama yoz issig‘ida ham yashilligini saqlab turgan kichik bir voha edi. Atrofdagi tik va qaqroq tog‘ etagidagi bu manzara, hech bo‘lmaganda, G‘arbiy Sohilda so‘nggi paytlarda noyob bo‘lib qolgan osudalik hissini uyg‘otardi.

Iordan daryosi bilan O‘rta yer dengizi orasidagi yerlar uchun arab-yahudiy kurashi bir asrdan ortiq vaqt avval boshlangan. O‘sha paytda Yevropa sionistlari Falastinda jamoalar qurish uchun yer sotib olgan edi. Bu tarix qator burilish nuqtalari bilan shakllandi.

So‘nggisi 2023 yil 7 oktyabrdagi Hamas hujumlari va Isroilning vayronkor javobi bo‘ldi.

So‘nggi 22 oy davomidagi urush oqibatlari va otashkesimgacha qancha vaqt qolishidan qat’i nazar, bu jarayon xuddi 1967 yilgi Yaqin Sharq urushi kabi yillarcha avlodlar taqdiriga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. O‘shanda Isroil G‘azoni Misrdan, Sharqiy Quddus va G‘arbiy Sohilni esa Iordaniyadan tortib olgan edi.

G‘azodagi vayronalik va qurbonlar ko‘lami esa G‘arbiy Sohilda tobora kuchayib borayotgan keskinlik va zo‘ravonlikni ko‘pincha yopib qo‘yadi.

2023 yil oktyabridan beri Isroilning G‘arbiy Sohildagi falastinliklarga bosimi keskin ortdi. Rasman bu xavfsizlik choralari sifatida asoslansa-da, vazirlar, Simxa kabi mahalliy yetakchilar va guvohlar so‘zlariga ko‘ra, bu kengroq dasturning bir qismi – yahudiy manzilgohlarini tezroq kengaytirish va mustaqil Falastin davlatini barpo etish umidini ham butkul yo‘q qilish.

Falastinliklar va inson huquqlari tashkilotlari Isroil xavfsizlik kuchlarini falastinliklarni ham himoya qilish majburiyatini bajarmayotgani yetmagandek, hatto yahudiy kelgindilar zo‘ravonligiga ko‘z yumish yoki unga qo‘shilishda ayblaydi.

Millatchilik kayfiyatidagi yahudiy kelgindilar zo‘ravonligi 2023 yil 7 oktyabrdan beri keskin ko‘paygan. BMTning gumanitar ishlar bo‘yicha idorasi ma’lumoticha, kuniga o‘rtacha to‘rtta shunday hujum qayd etiladi.

Xalqaro sud (ICJ) 1967 yilda bosib olingan Falastin hududlari ishg‘olini noqonuniy deb topgan. Isroil bu xulosani rad etib, bosib olingan hududlarda joylashishni taqiqlaydigan Jeneva konventsiyalari unga taalluqli emasligini aytadi – bu fikrni ko‘plab xalqaro huquqshunoslar va hatto ayrim yaqin ittifoqchilari ham inkor etadi.

Simxa falastinliklarga hujum qilgani haqidagi har qanday da’voni rad etdi, ammo tog‘ va vodiylarda chorva boqqan yoki zaytun tergan arab dehqonlarning aksari ketganidan mamnunligini yashirib o‘tirmadi.

U 7 oktyabr voqealari va shundan keyin Isroilning javob harakatlarini burilish nuqtasi sifatida ko‘radi:

"Menimcha, ko‘p narsa o‘zgardi. Biz yashaydigan yerdagi dushman umidini yo‘qotdi. U ketish arafasida ekanini anglay boshladi. Oxirgi bir yil – bir yarim yilda shu o‘zgardi.

Bugun bu cho‘lda bemalol yurish mumkin – hech kim tashlanib, o‘ldirishga urinmaydi. Hali ham bizga qarshi chiqish urinishlari bor, lekin dushman kelajagi yo‘qligini asta-sekin anglayapti.

Haqiqat shu: sizga va butun dunyoga savol – nima uchun falastinliklarga shuncha ahamiyat berayapsiz? Ular – shunchaki kichik bir millat.

Falastinliklar menga qiziq emas. Men o‘z xalqim haqida qayg‘uraman."

Simxaning aytishicha, u egallab olgan tevarakdagi qishloq va dalalarni tark etgan falastinliklar bu yerlar yahudiylarniki deb Xudo iroda qilganini anglab yetgan emish.

Joriy yil 24 iyul kuni BMT ekspertlari guruhi butunlay boshqa xulosaga keldi. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi e’lon qilgan bayonotda shunday deyiladi:

"Biz falastinliklarni o‘z yerlaridan mahrum etib, oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid solayotgan keng ko‘lamli qo‘rqitish, zo‘ravonlik, yerlarni tortib olish, tirikchilik manbalarini yo‘q qilish va natijada jamoalarni majburiy ko‘chirish holatlari haqidagi xabarlardan qattiq xavotirdamiz.

Ma’lum qilinayotgan bu zo‘ravonliklar, mulklarni yo‘q qilish, yer va resurslardan foydalanishni rad etish holatlari inson huquqlarini tizimli buzish namunasi bo‘lishi mumkin."

Iqtibos

Surat manbasi, .

Biz yonida suhbatlashgan buloqdan past tomonda Simxa suv havzasi qazimoqchi. G‘arbiy Sohilda yahudiy kelgindi qishloqlarini kengaytirayotgan ko‘pchilik kabi, uning ham kelajakka oid talay maqsadlari bor.

Men uni ilk bor 2023 yil 7 oktyabrda Hamas Isroil chegara mudofaasini yorib o‘tganidan ko‘p o‘tmay uchratganimda, u Yahudo cho‘lining O‘lik dengizga tomon pastga tushadigan tog‘ yonbag‘ridagi kichik karvonlar guruhida yashardi.

Shundan beri, Simxaning aytishicha, uning jamoasi uchta tog‘ cho‘qqisida taxminan 200 kishigacha kengaygan. U falastinliklarni zo‘ravonlik bilan ta’qib etishda nom chiqargan "Tepalik yoshlari" deb atalgan radikal harakat a’zosi.

G‘arbiy Sohildagi ko‘pchilik isroillik kelgindilar Simxadan farq qiladi. Ular bu yerga mafkuraviy yoki diniy sabablar bilan emas, uy-joy arzonligi tufayli ko‘chib kelgan.

Biroq hozir Simxaga o‘xshagan odamlar voqealar markazida turibdi – ularning yetakchilari hukumatda o‘tirib, harakatni boshqarayaptilar, oilali, yoshi katta va bolalari uchun suv havzasi qurish bilan birga, falastinliklar ustidan mutlaq g‘alaba qozonish va yerni abadiy yahudiylar mulkiga aylantirish haqida o‘ylashmoqda.

Simxa o‘zini baxtli odam sifatida ko‘rsatadi. Uningcha, G‘arbiy Sohilni falastinliklar emas, balki yahudiylarning yeriga aylantirish orqali "Xudo irodasini amalga oshirish" missiyasi yaxshi sur’atda ilgarilamoqda.

G‘arbiy Sohilda yahudiy kelgindilari falastinliklardan tortib olgan yerlarda 2025 yil may oyigacha tashkil etgan kelgindilarning 22 ta yangi yashash joyi

Surat manbasi, .

Isroilning uzoq muddatli loyihasi

Isroilning ishg‘ol qilingan yangi hududlarga yahudiy aholisini joylashtirish loyihasi 1967 yildagi urush g‘alabasidan bir necha kun o‘tib boshlangan. Deyarli 60 yil mobaynida turli hukumatlar va boy homiylar katta mablag‘ va kuch sarflab, G‘arbiy Sohilda (Sharqiy Quddusni ham qo‘shib) taxminan 700 ming yahudiyni joylashtirdi.

Men bu qishloq va shaharlarning o‘sishini loyihaning yarmi davomida kuzatib kelganman – ilk bor 1991 yilda Falastinning ishg‘ol etilgan hududlaridan reportaj tayyorlaganman. Bu vaqt mobaynida G‘arbiy Sohil manzarasi keskin o‘zgardi: yirik yahudiy kelgindi qishloqlar shaharchalarga aylandi, hudud esa Isroil qurgan yo‘llar va tunnellar tarmog‘i bilan bo‘laklarga bo‘linib ketdi. Bu yo‘llar faqat harakat uchun emas, balki yerga daxldorlikni mustahkamlash vositasi hamdir.

Tunda uzoq tepaliklardagi kelgindilar karvonlaridan taralayotgan nurlar ko‘rinadi. Yo‘l yoqalaridagi falastinlik dehqonlarga tegishli zaytun bog‘lari, bog‘-rog‘lar va uzumzorlar ko‘pincha tashlandiq, ayrimlarida Isroil vayron qilgan binolar xarobalari qolgan.

Isroilning aytishicha, yo‘l atrofidagi yerlarni nazorat qilish G‘arbiy Sohildagi yahudiylarga qarshi hujumlar oldini olish uchun zarur. Ammo ko‘p hollarda falastinlik dehqonlar o‘z yerlariga borish uchun harbiy ruxsatnoma olishiga to‘g‘ri keladi – ba’zan yiliga faqat bir marta.

Avvallari furgonlarda yoki eshak minib ketayotgan falastinlik dehqonlar ko‘p uchrardi. Hozir G‘arbiy Sohilning ko‘p qismlarida, ayniqsa, Shilo sharqida va Nablus yo‘lida, bu manzara yo‘qolib borayapti: tepaliklardagi kichik karvonlar va uylar yo‘llar orqali bog‘lanib, yirik turar-joy markazlariga aylanayapti.

Ishg‘olning ilk yillarida Isroil yetakchilari kelgindilar manzilgohlarini milliy xavfsizlik uchun zarur, deb ta’kidlashardi. Dushmanlar Iordan vodiysi ortida deb hisoblanar, frontni ilgarilash va yerni o‘zlashtirish sionistlar uchun muhim vazifa sanalgan – bu 1920–30 yillarda hozirgi Isroil hududida paydo bo‘lgan kibbutslar harakatiga o‘xshar edi.

Bu mojaroda yer eng qimmatli resurs hisoblanadi. 1967 yilda Isroil egallagan yerni falastinliklarga qaytarib tinchlikka erishish – 1990-yillarda umid uyg‘otgan, ammo zo‘ravonlik bilan yakunlangan Oslo tinchlik jarayonining bosh g‘oyasi edi.

1993 yilda Norvegiyadagi bir necha oylik maxfiy muzokaralardan so‘ng, dunyo Oq Uy maydonida Isroil bosh vaziri Ishaq Rabin va Falastin yetakchisi Yosir Arofatning qo‘l siqishiga guvoh bo‘ldi. Ular mojaroni tugatishi kutilgan deklaratsiyani imzolagandi: Isroil ishg‘ol qilingan yerlarni falastinliklarga qaytarishi, evaziga falastinliklar 1948 yilda yo‘qotgan hududlariga da’vodan voz kechishi kerak edi.

Yosir Arofat va Isroil Bosh vaziri Ishaq Rabin 1993 yil 13 sentyabrda Vashingtonda

Surat manbasi, Cynthia Johnson/Liaison

Ularning XX asr davomidagi mojarosining asosida turgan, ikkalasi ham da’vo qilayotgan yerni kim nazorat qilishi masalasi uni bo‘lib berish orqali hal qilinishi mumkin edi.

2000-yildagi Kemp-Devidda o‘tgan oxirgi, fojiali sammitdan so‘ng, 1993-yildagi umidlar o‘rniga falastinliklar qo‘zg‘olonining qonli zo‘ravonligi va Isroilning katta harbiy javobi keldi.

Tinchlik jarayoni muvaffaqiyatsizligi sabablaridan biri – muzokaralardan tashqarida ham boshqa kuchlar aralashgani bo‘ldi.

Hamas "butun Falastin musulmonlar mulki" degan e’tiqodidan voz kechmadi va tinchlik g‘oyasini yo‘qqa chiqarish uchun xudkushlik hujumlaridan foydalandi.

Isroildagi diniy sionistlar orasida esa 1967-yildagi g‘alaba yahudiy xalqini qutqaradigan ilohiy zot kelishiga bo‘lgan ishonchni kuchaytirdi. Bu yahudiy kelgindilar harakatiga turtki berdi.

1995-yil noyabrda, Herzliyada o‘sgan va dam olish kunlarini G‘arbiy Sohildagi kelgindilar manzilgohlarida o‘tkazgan bir yahudiy ekstremist Ishaq Rabinni o‘ldirdi. Isroil xavfsizlik xizmati Shin Bet tomonidan ilk so‘roqda u suv so‘radi – go‘yo "Xudo irodasiga qarshi halokatli yo‘l"dan yahudiy xalqini qutqarganini nishonlash uchun.

Diqqat. ogohlantirish: Ushbu qismdagi tasvirlarni ayrim o‘quvchilar ko‘nglini xira etuvchi deb topishi mumkin

Bugun bu g‘oya Simxa kabi kelgindilarni qattiq ilhomlantirayapti. Ular 1967-yildagi g‘alabani Xudo tomonidan berilgan mo‘’jiza va yahudiy xalqiga Iudeya hamda Samariyaning tog‘li markaziy hududlarini – dunyo "G‘arbiy sohil" deb ataydigan yerlarni asl ajdodiy mulk sifatida qaytarish deb bilishadi. Ayrimlar 7 oktyabrdan keyingi voqealarni ham mo‘’jizaning davomi deb hisoblaydi.

O‘tgan yozda Manzilgohlar va milliy missiyalar vaziri Orit Strok Simxa faoliyat yuritayotgan Al-Xalil(Hevron) tog‘laridagi noqonuniy manzilgohda tarafdorlariga shunday dedi:

"Menimcha, bu – mo‘’jiza davri. O‘zimni svetoforda yashil chiroq yoqilgan odamdek his qilaman."

Vazir bu gaplarni Xalqaro sud o‘z qarorini e’lon qilishidan bir necha kun oldin, hukumat yaqinda "qonuniylashtirgan" Al-Xalil(Hevron) tog‘laridagi manzilgohda aytdi.

Isroil qonunlari "qonuniy" manzilgohlarni "noqonuniy"lardan farqlaydi, ammo amalda hukumat harakatlari bu chegarani yo‘qqa chiqarmoqda. "Yosh manzilgohlar" deb qayta nomlangan manzilgohlar qonuniylashtirilib, davlat mablag‘lari yo‘naltirilayapti.

Police guard a digger extending the settlement of Carmel near Umm al-Khair, in the southern West Bank

Surat manbasi, Oren Rosenfeld/BBC

Surat tagso‘zi, G‘arbiy Sohildagi Ummul-Xayr yaqinida kelgindilar maskanini kengaytirayotgan buldozerni politsiyachilar qo‘riqlayapti

Joriy yil aprelda, Al-Xalil(Hevron) tog‘lari janubidagi shunday manzilgohda bo‘lib o‘tgan marosimda moliya vaziri Bezalel Smotrich kelgindilarga 19 ta yo‘ltanlamas avtomobil hadya qildi va ularni "ulkan yerlarni o‘zlashtirgani" uchun maqtadi.

Times of Israel muxbiriga ko‘ra, marosimda qatnashgan kelgindilardan biri Yinon Levi falastinliklarni yo‘ltanlamas bilan qo‘rqitayotgani videoga tushib qolgan edi. U falastinliklarni zo‘ravonlik bilan yerlaridan haydagani uchun Britaniya va Yevropa Ittifoqi sanksiyasiga tushgan shaxs, ammo Tramp ma’muriyati Bayden joriy qilgan bu kabi sanksiyalarni bekor qilgan.

Levi radikal kelgindilar elitasiga mansub: u mashhur ekstremist Noam Federmanning kuyovi. Federman Isroil, AQSh va Yevropa Ittifoqi terrorchi deb belgilagan Kax partiyasining sobiq yetakchisi.

Joriy yil 28 iyulda Yinon Levi G‘arbiy sohildagi Umm al-Xayr qishlog‘idagi mojaroda falastinlik faol va jurnalist Oda Hatalinni o‘ldirdi. Levi o‘zini himoya qilganini da’vo qildi va uch kundan so‘ng uy qamog‘idan so‘ng ozod etildi.

Biz Ummul-Xayrga borganimizda, Hatalinning jasadi hamon o‘ldirilgan joyida yotardi. Uning ukasi Xalilning aytishicha, marhum o‘ldirilgan paytda besh yoshli o‘g‘li Vatanni qo‘lida tutib, telefonda zo‘ravonlik manzarasini videoga olayotgan ekan.

A bloodstain remains at the spot where Odeh Hathaleen was killed in Umm al-Khair in the occupied West Bank

Surat manbasi, Oren Rosenfeld/BBC

7 oktyabrdan beri G‘arbiy Sohildagi kelgindilar harakati hukumatdagi murosasiz yahudiy millatchilar – milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben Gvir va Smotrich rahbarligida yanada tez sur’atda ilgarilamoqda.

Ben Gvir 18 yoshida radikal qarashlari tufayli armiyaga chaqirilmagan, ammo o‘zi xizmat qilishni istaganini aytadi.

Ikki vazir dunyoviy siyosatchilardan – Isroil so‘l qanotidan istefodagi general Yigal Allon va o‘ng qanotdan Ariel Sharondon tubdan farq qiladi.

Ular 1967-yildan keyingi dastlabki 20 yilda kelgindilik harakati ilg‘ori bo‘lishgan.

Allon va Sharon singari, ular ham xavfsizlik uchun kuch zarur, deb hisoblaydi.

Biroq Smotrich, Ben Gvir va ularning tarafdorlari uchun bu ishonch diniy e’tiqod bilan mustahkamlangan.

Netanyahuni qo‘llab-quvvatlab, uni hokimiyatda ushlab turish evaziga ular qo‘lga kiritgan ta’sir hanuzgacha dunyoviy isroilliklarni g‘azablantirmoqda.

Smotrichning isroillik muxoliflari u haqida gapirganda "messiyachi" atamasini haqorat sifatida ishlatadi.

Allon va Sharon ham shafqatsiz bo‘lishi mumkin edi. 1967-yilgi urushdan so‘ng Allon G‘arbiy Sohil va Iordan vodiysining katta qismlarini anneksiya qilish tarafdori bo‘lgan. Ammo ular o‘zini Xudoning irodasini bajaryapmiz, deb hisoblamagan.

Hamas o‘zining Isroil mavjudligiga qarshi zo‘ravonlik siyosatini din bilan oqlaydi. Yahudiy diniy sionistlar esa Xudoning irodasini bajarayotganiga ishonadilar.

Xudoning o‘ziga xayrixohligiga ishonish urushni muqarrar qilmaydi, ammo tinchlik uchun zarur bo‘lgan murosani qiyinlashtiradi.

"Kelgindilar harbiyga aylandi"

Biz Sinjel yonidagi yo‘l chorrahasida Yahuda Shoul bilan uchrashdik. U Isroilning ishg‘olga qarshi eng taniqli faollaridan biri.

Shoul harbiy xizmatda qariyb 60 yil davom etgan ishg‘olning qanday shafqatsiz ekanini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganidan so‘ng "Sukunatni buzish" nomli tashkilotga asos solgan.

U hozir tashkilotni boshqarmaydi, ammo uning tarafdorlarini ko‘p marta "xoin" deb atashgan.

7 oktyabrdagi hujumlardan so‘ng Isroil armiyasining G‘arbiy Sohildagi bosimi falastinliklarning kelgindilarga qarshi zo‘ravonligini kamaytirdi, ammo kelgindilarning falastinliklarga hujumlarini keskin oshirdi.

Shoulning aytishicha, kelgindilar bilan Isroil Mudofaa kuchlari (IMK) o‘rtasidagi chegara yo‘qolib bormoqda.

G‘azodagi urush Isroil tarixidagi eng davomli harbiy zaxira safarbarligini talab qildi. Zaxirachilar sonini ko‘paytirish uchun G‘arbiy Sohildagi brigadalar kelgindilardan tashkil topgan mahalliy mudofaa bo‘linmalarini tuzdi.

"Endi kelgindilar – harbiy, harbiylar – kelgindi. Ikki-uch yildan beri falastinlik chorvadorlarga hujum qilib, ularga tosh otib kelgan kelgindi hozir formadagi, miltiqli harbiy yoki ofitser sifatida shu hudud uchun mas’ulga aylandi.

Shunday qilib, u falastinlikka borib, '24 soat muhlat, ko‘ch-ko‘roningni yig‘ishtirgin-u, jo‘nab qol, aks holda otaman', deganida, falastinlik uni to‘xtatadigan hech kim yo‘qligini biladi."

Yahuda Shoul baland sim to‘r devor yonida

Surat manbasi, Oren Rosenfeld/BBC

Shoulning fikricha, Isroilda ikki yo‘l qolgan:

Biri – "hukumat chizgan yo‘nalish: ko‘chirish, haqorat qilish, o‘ldirish, falastinlik hayotini vayron qilish va oxirida aholini ommaviy ko‘chirish."

Ikkinchisi – "Falastin va Isroil ikki davlat bo‘lib yashaydi, har ikki xalqning huquq va qadr-qimmati ta’minlanadi."

U shunday deydi: "Bu ikki variantdan biri tanlanishi kerak."

Shoulning 7 oktyabrdan keyingi G‘azodagi urush haqidagi gaplari Isroilda kam eshitiladi, ammo falastinliklar orasida keng tarqalgan va Yevropadagi Isroil tanqidchilari orasida tobora ko‘proq eshitilmoqda.

"Menimcha, biz G‘azoda qirg‘inga guvoh bo‘lyapmiz... davlat va kelgindilarning G‘arbiy sohilning imkon qadar ko‘proq yerida falastinliklarni etnik tozalash bo‘yicha ulkan kampaniyaga ham guvoh bo‘lyapmiz."

"Albatta, agar bu yerda Netanyahu yoki uning tarafdorlari bo‘lganida, "bu bema’ni gaplar. Bu yahudiylarga qarshi terrorchilik va hujumlardan Isroilni himoya qilish', derdi. Siz bunga nima deysiz?" deb so‘rayman undan.

U shunday javob berdi:

"Menimcha, 7 oktyabr bizga agar haqiqatan ham isroilliklar va falastinliklar hayotini himoya qilmoqchi bo‘lsak, zo‘ravonlikning ildiz sabablarini: o‘nlab yillar davom etgan shafqatsiz harbiy ishg‘ol, falastinliklarni ko‘chirish va qariyb 100 yil davom etayotgan mojaroni hal qilish kerakligini o‘rgatdi.

Oxir-oqibat, yahudiylarning bu yerda o‘z taqdirini o‘zi belgilashi, xavfsizligi va barqarorligi falastinliklar uchun ham xuddi shunday huquq va tenglik ta’minlanishi bilan uzviy bog‘liq."