O‘zbekiston: Parlament sayloviga yaxshi tayyorgarlik ko‘rildi, ammo odamlarga haqiqiy tanlov berilmadi - EXHT. Video

Saylov qutisi

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, 28 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, saylovda ishtirok 74,7 foizni tashkil etgan – ro‘yxatga olingan qariyb 20 million saylovchining 15 million biroz ko‘prog‘i ovoz bergan.
O'qilish vaqti: 6 daq

27 oktyabr kuni o‘tgan deputatlar saylovining dastlabki rasmiy natijalari va xalqaro kuzatuvchilarning ilk xulosalari e’lon qilindi.

Yakshanba kuni o‘tgan Parlament saylovini kuzatib borgan to‘rt xalqaro tashkilotning eng nufuzlisi – Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti saylovga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, ovoz berish erkinlikni cheklaydigan siyosiy muhit sharoitida o‘tganini bildirgan.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

Dastlabki natijalar

Ovoz berish jarayoni

Surat manbasi, gazeta.uz

Surat tagso‘zi, MSK mamlakat tarixida ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tgan saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘rin olganini bildirgan.

28 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan dastlabki natijalarga ko‘ra, saylovda ishtirok 74,7 foizni tashkil etgan – ro‘yxatga olingan qariyb 20 million saylovchining 15 million biroz ko‘prog‘i ovoz bergan.

MSK mamlakat tarixida ilk bor aralash saylov tizimi asosida o‘tgan saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida eng ko‘p o‘rin olganini bildirgan.

Ekopartiya esa, dastlabki natijalarning umumiy holati bo‘yicha Parlament quyi palatasida eng kam o‘rin olgan siyosiy partiyaga aylangan.

MSK ovoz berish jarayonida saylovga doir qonunchilik talablari qo‘pol ravishda buzilganligi holatlari haqida xabar va ma’lumotlar tushmaganini ma’lum qilgan.

EXHTning dastlabki xulosalari

Ovoz berish varaqalari

Surat manbasi, .

Surat tagso‘zi, EXHT beshta siyosiy partiyaning barchasi qonun asosida erkin va teng sharoitlarda saylovoldi kampaniyalarini olib borishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, ular o‘z saylovoldi kampaniyalari davomida hukmron partiya yoki bir-birining siyosatiga jiddiy e’tirozlar bildirmaganini ta’kidlagan.

Parlament saylovining ertasiga – 28 oktyabr kuni EXHT 18 sahifadan iborat dastlabki xulosalarni e’lon qilgan.

Ushbu xulosada parlament sayloviga texnik jihatdan yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, xalqaro standartlarga javob berishga oid jiddiy muammo-kamchiliklar saqlanib qolayotgani borasida so‘z boradi.

Tashkilot saylovga tayyorgarlik ko‘rish va ovoz berish davrida kuzatilgan siyosiy muhit erkinlikni cheklaydigan darajada qolgani, fuqarolarga chinakam tanlov imkoniyatini bermaganini ta’kidlagan.

“Saylov tizimi bosqichma-bosqich rivojlanib, saylovlarga texnik jihatdan puxta tayyorgarlik ko‘rilgan bo‘lsa-da, siyosiy partiyalarni ro‘yxatga olish, saylanish huquqi, saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirishning shaffofligi, saylovning fuqarolar tomonidan kuzatilishi va saylov uchastkasi natijalarini e’lon qilish kabi sohalarda demokratik saylovlarning xalqaro standartlariga javob berish bilan bog‘liq jiddiy muammolar saqlanib qolmoqda”, deyiladi ushbu hujjatda.

Shuningdek, EXHT uyushmalar va tinch yig‘ilishlar erkinligi hamda so‘z erkinligi borasidagi asosiy huquqlar qonun hujjatlarida ham, amaliyotda ham nomutanosib ravishda cheklanganligicha qolayotganini bildirgan.

“Ro‘yxatga olingan barcha beshta partiya hukumat yuritayotgan siyosatni qo‘llab-quvvatlaydigan bir manzarada saylovchilarga haqiqiy muqobillar berilmadi. Bu fuqarolar ovozi chindan yangrashi yo‘lida yanada dinamik va raboqatli siyosiy muhitni shakllantirishga zarurat borligini yana bir bor ko‘rsatdi”, degan EXHT Parlament Assembleyasi delegatsiyasi rahbari Sargis Handayan.

EXHT beshta siyosiy partiyaning barchasi qonun asosida erkin va teng sharoitlarda saylovoldi kampaniyalarini olib borishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa-da, ular o‘z saylovoldi kampaniyalari davomida hukmron partiya yoki bir-birining siyosatiga jiddiy e’tirozlar bildirmaganini ta’kidlagan.

Shuningdek, tashkilot matbuotda saylovlarni yoritish so‘z erkinligi cheklovlari bilan olib borilgani, oqibatda saylovchilar turli nuqtai nazarlardan foydalanishlarining deyarli imkoni bo‘lmaganini qayd etgan.

“Saylov kuni tinch va tartibli o‘tdi, biroq ko‘plab qonunbuzarliklar, xizmat mavqeini suiiste’mol qilish holatlari, protsessual va texnik nosozliklar jarayonga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Ovoz berish, ovozlarni sanab chiqish va natijalarni jadvallarga umumlashtirish jarayonida muhim kafolatlar ko‘pincha e’tibordan chetda qolib, jarayonning halol bo‘lganligi va shaffofligiga putur etkazgan”, deyiladi dastlabki xulosada.

Tashkilot, shuningdek, ovoz berish kunida ham jiddiy qoidabuzarliklarni qayd etganini ma’lum qilgan.

EXHT o‘zi kuzatgan 1053 ta saylov uchastkasining 12 foizida kechgan ovoz berish jarayonini salbiy baholagan va bu holatni jiddiy muammo, deya atagan.

“Xalqaro saylovlarni kuzatish missiyasi (XSKM) kuzatuvchilari, ayniqsa, saylovchilarning ovoz berish huquqini tekshirish va bir necha marta ovoz berishning oldini olishga qaratilgan xavfsizlik choralarining etarli darajada amalga oshirilmagani bo‘yicha tez-tez kuzatilgan jiddiy protsessual qoidabuzarliklar haqida xabar berdilar. Saylov kuni davomida XSKM kuzatuvchilari ovoz berishda qatnashgan saylovchilar soni va rasman e’lon qilingan saylovchilarning dastlabki ma’lumotlari o‘rtasidagi tafovutni qayd etdilar”, deyiladi dastlabki xulosada.

EXHT ovozlarni sanash jarayonida ham jiddiy muammolar kuzatilganini qo‘shimcha qilgan.

“XSKM kuzatuvchilari 15 holatda cheklovlarga duch kelishdi, 16 holatda esa ular ovozlarni sanab chiqish jarayonlarini etarli darajada kuzata olmadilar, bu ovozlarni sanash jarayonining shaffofligiga putur etkazdi. Umuman olganda, ovozlarni sanash jarayoni YXHTning 1990-yilgi Kopengagen hujjati 7.4-bandiga muvofiq, saylov byulletenlari to‘g‘ri sanalganligi yuzasidan jiddiy xavotir uyg‘otdi”.

EXHT xotin-qizlarning nomzodlar orasidagi va saylov boshqaruvidagi vakilligi miqdori oshganini saylovda kuzatilgan kam sonli ijobiy hollardan biri bo‘lganini qayd etdi.

EXHTning dastlabki xulosasi e’lon qilinishidan bir necha soat avval Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jaev saylov uchastkalarida ayrim kamchiliklar kuzatilgani, ammo ular ovoz berish natijalariga ta’sir qilmasligi haqida gapirgan.

Infografika

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, EXHTning rasman ma’lum qilishicha, tashkilot yuborgan missiyaning asosiy vazifasi saylov bo‘yicha mavjud qonunchilikni diqqat bilan o‘rganish, nomzodlarni ro‘yxatga olishdan tortib to saylovoldi kampaniyalari olib borilishi va, tabiiyki, saylov kunidagi ovoz berish, ovozlarni sanash, natijalarni hisoblashga qadar bo‘lgan jarayonlarni kuzatishdan iborat bo‘lgan.

EXHT missiyasi

O‘zbekistondagi parlament saylovini kuzatib borish uchun Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT) 14 nafar xalqaro ekspertdan tashkil topgan asosiy missiyani yuborgan.

Shuningdek, oktyabr boshida O‘zbekistonga tashkilot bilan hamkorlik qiluvchi 15 davlatdan yana 26 nafar uzoq muddatli kuzatuvchi etib kelgan.

27 oktyabrdan avvalroq EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha ofisi yana jami 300 nafar qisqa muddatli kuzatuvchidan iborat ikki kishilik guruhlarga O‘zbekiston bo‘ylab saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayonini kuzatib borish vazifasini yuklagan.

EXHTning rasman ma’lum qilishicha, tashkilot yuborgan missiyaning asosiy vazifasi saylov bo‘yicha mavjud qonunchilikni diqqat bilan o‘rganish, nomzodlarni ro‘yxatga olishdan tortib to saylovoldi kampaniyalari olib borilishi va, tabiiyki, saylov kunidagi ovoz berish, ovozlarni sanash, natijalarni hisoblashga qadar bo‘lgan jarayonlarni kuzatishdan iborat bo‘lgan.

Yana kimlar kuzatdi?

Social media
gettyimages
Bu saylovga xalqparvar emas, mansabparvar deputatlar tayinlangan, saylov shunchaki spektakl, rol o‘ynaladi...
O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilaridan biri
Batafsil: bbc.com/uzbek da

Umuman olganda, 27 oktyabrda o‘tgan saylovni jami 850 nafardan ortiq xorijiy va xalqaro kuzatuvchilar kuzatib borgan.

Rasman ma’lum qilinishicha, jami to‘rt tashkilot O‘zbekistonga o‘z kuzatuvchilarini yuborgan: Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH), Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT), Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) va Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (EXHT).

MDH kuzatuvchilar missiyasiga boshchilik qilgan va, bir vaqtning o‘zida, tashkilot bosh kotibi lavozimini egallab turgan Sergey Lebedev O‘zbekistonda saylovlar “har safar yanada uyushqoqlik va yaxshi tayyorgarlik bilan o‘tayotgani”ni tilga olgan.

“Missiya saylov shaffof, raqobat muhitida, ochiq va erkin o‘tdi, degan xulosaga keldi. Saylov O‘zbekiston Respublikasi Kontitutsiyasi va saylov to‘g‘risidagi mavjud qonunchiligiga to‘liq muvofiq tarzda o‘tkazildi”, degan Lebedev 28 oktyabr kuni Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida.

Lebedev, shuningdek, ovoz berish kuni odamlar “siyosiy etuklikni namoyon eta boshlaganini kuzatgan”ini tilga olgan.

“Agar avvalgi saylovlarda populistlarga ishonch bildirilgan bo‘lsa, hozir odamlar nomzodlarga diqqat bilan baho bermoqda. Hozirgi nomzodlar tarjimai hollariga qarasangiz, ular ta’lim olgan, katta hayotiy tajribaga ega insonlar ekanini ko‘rishimiz mumkin”, qo‘shimcha qilgan Lebedev.

O‘zbekistonliklar nima kutmoqda?

Ovoz berish jarayoni

Surat manbasi, .

Surat tagso‘zi, 27 oktyabr kuni tarmoqda qoldirilgan postlar foydalanuvchilarning asosiy qismi saylovda qatnashgani haqida xabar bergan, saylov uchastkalaridan olingan tasvirlarni ulashgan.

O‘zbekistonliklar parlament saylovi mavzusini ijtimoiy tarmoqda faol muhokama qilgani u qadar ko‘zga tashlanmagan.

27 oktyabr kuni tarmoqda qoldirilgan postlar foydalanuvchilarning asosiy qismi saylovda qatnashgani haqida xabar bergan, saylov uchastkalaridan olingan tasvirlarni ulashgan.

O‘zbekistonlar saylovga oid tarmoq orqali izhor etgan oz sonli fikrlarning aksar qismi umidsizlik va ishonchsizlik ruhida ekani ko‘ringan.

“Saylovoldi tashviqot xalqimizning umidlarini ko‘taradi, ammo saylovdan keyin so‘ndiradi-da. Chunki 2019 yilga saylangan iymon, insofli, xalqparvar deputatlar bor edi. Lekin bosim, tuhmatlar bardoshini sindirdi. Rasuljon, Doniyorjon, Jahongir, Feruza muddatdan oldin ketishga majburlandi. Bu saylovga xalqparvar emas, mansabparvar deputatlar tayinlangan, saylov shunchaki spektakl, rol o‘ynaladi”, yozgan foydalanuvchilardan biri.

Qoldirilgan fikrlarning ko‘pida saylovga borishdan naf yo‘q ekani, deputatlarning “bari avvaldan saylab bo‘lingani” borasidagi mulohazalar ilgari surilgan.

“Bu yilgi saylovlar tartibiga xalqdan so‘ramasdan ahmoqona o‘zgartirishlar kiritishdi. Xalq o‘zi xohlamagan, tanimagan va oldindan hukumat va hokimliklar tanlagan nomzodlarga ovoz beradimi? Saylovchilar ahmoqmi? Qo‘g‘irchoq partiyalar, soxta va savodsiz, kar va gung deputatlar bilan mamlakat jarga qulamoqda. Otarchi artistlar, jismonan baquvvat, ammo, aqli va savodi haminqadar sportchilar, vaziru vuzarolar deputatlikka saylovgacha "saylanib" bo‘lishgan-ku!”, yozgan foydalanuvchilardan yana biri.