O‘zbekiston iqtisodiy dayjesti: migrant maoshidan ko‘p pul uyiga yubormasin

Surat manbasi, BBC O'zbek
Rossiya GosDumasi deputatlari mehnat muhojirlarining bir oylik maoshidan ko‘p pulni vataniga yuborishni taqiqlashni taklif qildilar.
Bu haqda Rossiyaning davlat nazoratidagi TASS axborot agentligi xabar tarqatdi.
Agentlik ushbu taklif ilgari surilgan qonunchilik loyihasi bilan tanishib chiqqanini bildirdi.
GosDuma deputatlari Rossiya Markaziy Banki raisasi Elvira Tuxvatullinaga maktub yubordilar, bu maktubda migrantga rasman ro‘yxatga olingan maoshi miqdoridan ko‘p pulni o‘zining mamlakatiga yuborishni taqiqlash taklif qilinadi.
Rossiyalik deputatlar fikricha, hozir mamlakatda migrantlarning rasmiy daromadi miqdorini nazorat qilishning "samarali mexanizmi yo‘q", bu esa "noqonuniy daromadlarni legallashtirish, soliqdan qochish, kapitalni Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqariga olib chiqib ketishga sharoit yaratayapti", mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy xavfsizligiga ta’sir qilayapti.
Shu yil 30 maydan Rossiyada pul o‘tkazmalariga oid yangi tartib kuchga kirdi, bu tartibga binoan, cheklov kiritildi, bir martada 100 ming Rossiya rubli yoki 1300 AQSh dollaridan ziyod mablag‘ni bir joydan ikkinchi joyga yuborish taqiqlandi.
XVJ O‘zbekiston haqida: Asosiy mushkullik iqtisodni davlat jilovidan chiqarish

Surat manbasi, BBC O'zbek
O‘zbekiston iqtisodiy islohotlariga bag‘ishlangan yangi hisobot e’lon qilgan Xalqaro Valyuta jamg‘armasi rasmiy Toshkentning iqtisodiy liberalizatsiya harakatlarini olqishladi.
Hisobotda asosiy mushkullik iqtisodiyot ustidan davlat nazoratini chiqarish bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan xalqaro moliya tashkiloti O‘zbekiston Jahon Savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lib kirishi uchun amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlar ko‘p ekanini bildirdi.
XVJ 2016 yili Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan keyin mamlakat Yalpi Ichki Mahsuloti o‘rtacha 5,7 foiz o‘sib kelayotganini, ish bilan ta’minlash yilma-yil 3,6 % ortib kelayotganini urg‘ulaydi.
XVJ kelgusi yillarda ham O‘zbekiston iqtisodi o‘sishi 6 foizdan kam bo‘lmaydi deb bashorat qiladi.
"O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga o‘tishda salmoqli ilgari siljishga erishdi. Iqtisodiy islohotlarni hayotga tatbiq etish yuqori sarmoyalar, o‘sish va kambag‘allikni kamaytirishning ijobiy aylanma jarayonini boshlab berdi", deyiladi hisobotda.
"Izchil islohotlar hayotga tatbiq etilayotgani natijasida yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlar davom etayapti. 2017 yildan buyon amalga oshirilgan muhim islohotlar — valyuta kurslarini birlashtirish, valyuta cheklovlarini bekor qilish, savdo va ko‘plab tovar hamda xizmatlar narxlarini liberallashtirish — iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirdi va katta miqdorda kapital oqimini jalb qildi", deyiladi XVJ hisobotida.

Surat manbasi, .
O‘zbekiston hukumati iqtisodiyotni qayta qurish maqsadida qarz olishni ham davom ettirayapti. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragi yakunida mamlakatning umumiy qarzi 68.4 milliard dollarni tashkil etgan, shundan deyarli yarmi davlat qarzi hisoblanadi. O‘tgan to‘rt moliyaviy chorak mobaynida umumiy qarz 14.9 milliard dollarga oshgan, shundan 6.2 milliard dollari davlat qarzi, qolgani esa korporativ qarzlardir.
XVJ O‘zbek hukumatining islohotlarga yondashuvini olqishlagan holda, O‘zbekiston ham, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari singari, tashqi iqtisodiy o‘zgarishlar — "chuqurlashgan savdo siyosati shoklari, tovar narxlarining keskin o‘zgarishi va tashqi moliyalashtirishning tortilishi" kabi xavflar oldida ojiz qolishi mumkinligidan ogohlantiradi.
XVJ hisobotiga ko‘ra, iqtisodiy yutuqlarni mustahkamlash uchun Mirziyoyev ma’muriyati iqtisodiyotdagi nazorat darajasini ancha kamaytirishi lozim.
"Bu natijalarni saqlab qolish uchun hal etilishi lozim bo‘lgan muhim muammolar mavjud," — deyiladi hisobotda. "Bularga davlatning iqtisodiyotdagi katta ishtiroki (ko‘plab davlat korxonalari va tijorat banklari orqali), yo‘naltirilgan va imtiyozli kreditlashning saqlanib qolishi hamda boshqariladigan narxlarning mavjudligi kiradi. Bu omillar raqobatni cheklaydi va faol hamda diversifikatsiyalashgan xususiy sektor rivojiga to‘sqinlik qiladi".
"Boshqaruv va shaffoflikni yaxshilash uchun ham imkoniyatlar mavjud", deyiladi hisobotda.
Xususiy sektorni rivojlantirish hukumatning yaqin muddatdagi ustuvor vazifasi bo‘lishi kerak. Bu korporativ boshqaruvni yaxshilashni ham o‘z ichiga oladi. XVJ hisobotiga ko‘ra, bank tizimidagi qoidalar xalqaro standartlarga moslashtirilishi lozim. Shuningdek, mehnat bozori va pensiya tizimidagi islohotlar davlat xarajatlarining samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
"Oldinga qarab, asosiy vazifa — islohotlar sur’atini saqlab qolish va barqaror hamda inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlashdir. Hukumat buni narxlar va savdoni to‘liq liberallashtirish, iqtisodiyotda davlat rolini kamaytirish va bozor raqobatini rag‘batlantiruvchi, xususiy sektor rivojiga yo‘l ochuvchi biznes muhitini yaratish orqali amalga oshirishga bel bog‘lagan," — deyiladi XVJ hisobotida.
O‘zbek paxtasi xalqaro talablarga javob berishi ustidan nazorat yanada yaxshilanadi

Surat manbasi, Timur Karpov
Jahondagi to‘qimachilik sanoatiga bag‘ishlangan Textile World veb-nashri xabar qilishicha, Better Cotton paxta yetishtirishni nazorat qilish tashkiloti O‘zbek paxtasi dasturini yaxshilash bo‘yicha yangi ilgari siljishga erishganini e’lon qilgan.
Better Cotton jahondagi eng yirik tashabbus deb ko‘riladi.
Better Cottonning O‘zbekiston dasturi mustaqil fuqarolik guruhlari va xorijiy auditorlar yordamida litsenziyalangan klasterlarning ichki tekshiruvini yaxshilagan, yanada yaxshi mahalliy kuzatuv metodologiyasini joriy qilishga erishgan.
O‘zbekiston uzoq yillar paxta yetishtirishda majburiy mehnatdan foydalanishi tanqid qilib kelindi.
Buning oqibatida kiyim-kechak bilan shug‘ullanadigan dunyo mashhur brendlar o‘zlari foydalanayotgan paxta manbasi qayerdan ekani, bu paxtani yetishtirishda axloqiy me’yorlarga naqadar rioya etilganini yanada kuchli tekshira boshladilar va ayrim shirkatlar O‘zbekiston paxtasiga boykot e’lon qildilar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan keyin O‘zbek paxtasini yetishtirishda majburiy mehnatdan voz kechilganini xalqaro tashkilotlar e’tirof etdilar.
Ammo bugun ham fermerlar o‘zlariga nisbatan davlat amaldorlari bosimi uchrab turishidan shikoyat qiladilar.












