Rossiya Qozog‘iston va Qirg‘iziston qilgan ishni qildi, O‘zbekiston, Markaziy Osiyo hozircha jim

Vladimir Putin

Surat manbasi, GAVRIIL GRIGOROV/Pool/AFP

Surat tagso‘zi, Voqealarning so‘nggi rivoji Ukraina urushi va Rossiya xuddi shu urush bois hali-hanuz G‘arbning ko‘plab iqtisodiy, moliyaviy sanksiyalari ostida qolayotgan va har tomonlama xalqaro ihotada qolmaslik uchun aynan Global Janubga yanada kuchliroq yuz burayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.
O'qilish vaqti: 12 daq

Rossiya yana nimani ko‘zlayapti va nimadan xavotirda?

Aloqador mavzular:

Kutilgan va kutilmagan qaror

Rossiya Oliy sudi o‘z qarorini e’lon qildi.

Sud Afg‘oniston Tolibon harakatini "terrorchi tashkilotlar" ro‘xatidan chiqardi.

Rossiyada tashkilot faoliyatiga qo‘yilgan uzoq yillik taqiqni bekor qildi.

Sud Rossiya Prokuraturasining yaqinda kiritgan da’vosini qondirdi.

Qarorning zudlik bilan kuchga kirishi aytildi.

Jarayonning o‘zi esa yopiq eshiklar ortida bo‘lib o‘tdi.

Rossiya postsovet makonida Qozog‘iston va Qirg‘izistondan keyin bu kabi qarorga kelgan uchinchi davlat bo‘ldi.

Yangilik kecha, 17 aprel kuni qisqa soatlarning ichidayoq G‘arbning qator nufuzli nashrlarida ham sarlavhalarga chiqdi.

Rossiya Oliy sudining qarori ham Tolibon muvaqqat hukumati halicha dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan bir vaziyatda yangradi.

Tolibon hukumati voizi bu yangilikni ham xush qarshilashlarini aytgan, bu - ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga yordam berishini bildirgan.

Afg‘oniston Tolibon harakatining faoliyati Rossiyada 2003 yilda rasman taqiqlangan va harakat "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatiga kiritilgandi.

Infografika

Afg‘oniston Tolibon harakati

Afg‘oniston Tolibon harakati mintaqadagi eng yirik jangari guruh sanalgan.

Harakat safidagi jangarilar va tarafdorlarining soni jami 200 mingdan ortishi aytilgan.

Qudratga qaytishidan qisqa vaqt o‘tmay, o‘zining mintaqada eng yirik Armiyaga ega bo‘lish istagini oshkora bayon qilishga ham ulgurgan.

Tolibon o‘z vaqtida O‘zbekiston Islomiy harakatining ham yaqin ittifoqchisi, deb ko‘rilgan, harakat bay’at keltirgan va yaqin ittifoqchisiga aylangan mintaqadagi ilk jangari guruh.

Rossiyaning Afg‘oniston Tolibon harakati bilan bog‘liq so‘nggi qaroriga oid yangilikka hozircha O‘zbekiston ilova aksariyati Afg‘onistonga chegaradosh Markaziy Osiyo davlatlari poytaxtlarining rasmiy munosabati ko‘zga tashlanmaydi.

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘tgan yili Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zlarining "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatidan chiqarishga qaror qilishgan, bu kabi qarorga kelgan dunyodagi ilk davlatlarga aylanishgan, mintaqa qolib, jahonda ham yaxshigina shov-shuvga sabab bo‘lishgan.

Har ikki davlat ham o‘zlarining qarorlari sababini Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan hamkorliklari va muloqotlarini kuchaytirish istagi bilan izohlashgan, uni bugungi kunning rad etib bo‘lmaydigan zarurati va haqiqati talqinida taqdim etishgan.

Rossiya o‘shanda bu ikki mintaqa davlatining mazkur qarorini bee’tibor qoldirmagan, munosabati esa, ijobiy bo‘lgan, bunga "tushunish" bilan yondashishini aytgan.

Ularning qarori bilan bog‘liq ustma-ust yangilik manzarasida harakatning O‘zbekistonda "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatida turish-turmasligi savoli ochiq qolgan.

Ammo xalqaro koalitsiya kuchlarining Afg‘onistonni butkul tark etishi va G‘arb tomonidan dastaklangan afg‘on hukumatining qulashi bilan kechgan so‘nggi bir necha yil davomida O‘zbekiston Afg‘oniston Tolibon harakati va uning muvaqqat hukumati bilan eng faol muloqotda bo‘lgan Markaziy Osiyo davlati ekani bilan e’tibor topgan.

O‘zbekiston orada dunyoning Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga o‘zining yuqori martabali hay’atining yuborgan birinchi davlatiga ham aylangan.

Rasmiy Toshkent o‘zining bu kabi peshqadamlik mavqei sababini eng avvalo xavfsizlik omili bilan izohlagan.

Iqtisodiy hamkorlik va mintaqaviy integratsiya ham ayni fonda ular urug‘ berib kelayotgan ikki muhim nuqta ekani ko‘rilgan.

Ayrim tahlilchilar hukumatiga nisbatan rasmiy Dushanbe so‘nggi paytlarda o‘zining ters mavqeini biroz yumshatganini aytishlariga qaramay, harakat hali-hanuz Tojikistonning mamlakatda faoliyati rasman taqiqlangan "terrorchi tashkilotlar" ro‘yxatida.

Ammo hukumatlarining Tolibon harakati va uning hukumati bilan bog‘liq so‘nggi qarorlariga aksariyat mintaqa aholisining fikri bir xil emas, aynan "terrorchi" talqinida qizg‘in bahsu munozaralarga sabab bo‘lib kelayotgan mavzulardan biri.

Afg‘oniston muhim tranzit yo‘lida joylashgan, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lash, O‘zbekiston kabi dengizga yo‘li ikki karra yopiq mintaqa davlatlarini jahon suv yo‘llariga olib chiqish potentsialiga ega.

Lekin yaqin-yaqingacha uzoq yillik urushlar ichida bo‘lgan, O‘zbeklarniki va Tojiklarniki ilova turli jangari guruhlar boshpana topgan, jang qilgan va jon saqlab kelayotgan davlat.

Ayrim yetakchi G‘arb nashrlarining yozishlaricha, Rossiyaning so‘nggi qarori tarixan Tolibonga chuqur shubha bilan qaragan Tojikiston kabi Markaziy Osiyo davlatlarida xavotir uyg‘otishi mumkin.

Bu kabi nashrlarga ko‘ra, ayrim mintaqa davlatlari hukumatlari zarurat tufayli bugungi Kobul bilan aloqa o‘rnatgan bo‘lishsa-da, Tolibon ilhomlantirgan radikallashuv, o‘zaro chegaralari xavfsizligi va transchegaraviy jangarilari borasidagi qo‘rquvlar hamon saqlanib qolmoqda.

Ko‘pmillatli Afg‘onistonda etnik o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq va turkmanlar ham yashab kelishadi.

Rossiya tomoni izohi

Moskvadagi uchrashuv

Surat manbasi, ANADOLU

Surat tagso‘zi, Rossiya tomoni o‘zining so‘nggi istak va rejalari fonida Tolibonni Afg‘onistondagi "yagona va real hokimiyat" sifatida tilga olgan.

Agar, ayrim tahlillarga tayanilsa, Rossiya Afg‘onistondagisi bo‘ladimi yoki Yaqin Sharqdagisi – yirik xavfsizlik tahdidi qarshisida qolgan va shu bois ham, Tolibon bilan hamkorlik qilishni zarur, deb hisoblaydi.

Bunga Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotining mazmuni ham dalolat qiladi.

"Rossiya Afg‘oniston bilan barcha sohalarda, jumladan, giyohvandlik va terrorizmga qarshi kurashda o‘zaro manfaatli aloqalarni o‘rnatishni maqsad qilgan", — deyiladi vazirlik bayonotida.

Unda qo‘shimcha qilinishicha, Moskva IShIDning Xuroson qanotiga qarshi olib borayotgan kurashi uchun ham Afg‘onistondan minnatdor.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, Moskva Afg‘onistonning kelajakdagi energetika va infratuzilma loyihalarida strategik pozitsiyasidan foydalangan holda Kobul bilan savdo, biznes va sarmoyaviy aloqalarni mustahkamlashni ham maqsad qilgan.

O‘tgan yili Rossiya o‘zining bu yaqin tarixidagi eng qonli hujumlardan biriga sahna bo‘lgan.

Mart oyida bir guruh qurolli shaxslar Moskva tashqarisidagi kontsert zalida 140 dan ortiq kishini o‘ldirishgan.

Hujumga mas’uliyatni Yaqin Sharqdagi IShID guruhi o‘zining zimmasiga olgan, ammo AQSh rasmiylari bu guruhning Afg‘onistondagi Xuroson qanoti ishi ekaniga oid josuslik ma’lumotlariga ega ekanliklarini aytib chiqqandi.

Ayrim tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya tomoni Tolibonni boshqa jangari guruhlarga qaraganda yaxshiroq yoki hatto xavfsizlik masalasida potentsial hamkor sifatida ham ko‘rishi mumkin.

Boshqa tomondan, voqealarning so‘nggi rivoji Ukraina urushi va Rossiya xuddi shu urush bois hali-hanuz G‘arbning ko‘plab iqtisodiy, moliyaviy sanksiyalari ostida qolayotgan va har tomonlama xalqaro ihotada qolmaslik uchun aynan Global Janubga yanada kuchliroq yuz burayotgan bir paytga ham to‘g‘ri kelgan.

Ammo Rossiyaning so‘nggi qarori mamlakatning o‘zida ham bir xilda qarshi olinmagan.

Ayrim mahalliy afg‘onshunos siyosiy tahlilchilar buning mamlakatga foydasi haqida o‘zlarining jiddiy shubhada ekanliklarini aytishgan.

Ayni fikrda bo‘lgan tahlilchilarga ko‘ra, so‘nggi qaror hozir ham Moskvaning ko‘magiga umid qilayotgan aksiltolibon qarshilik harakatini cho‘chitishi va o‘zlaridan uzoqlashtirishi mumkin.

Ularning aytishlaricha, Afg‘oniston "baribir tinchimaydi, vaziyat izdan chiqqan paytda esa, Rossiyaning baribir aralashishiga to‘g‘ri keladi, shu bois ham voqealarning bu kabi rivojiga avvaldan hozirlik ko‘rishi va mintaqadagi manfaatlarini himoya qilish uchun tayana olishlari mumkin bo‘lgan do‘st izlashlari kerak".

"Moskva Afg‘onistondagi Tolibon hukumatini rasman tan olishda ham birinchilardan bo‘lmaydi".

Bu kabi tahlilchilarning fikrlaricha, Tolibon bu kabi ramziy qarorlardan sirtdan so‘zsiz mamnundek ko‘rinadi, biroq jahon hamjamiyati, shu jumladan, Rossiyadan ko‘proq narsa xohlaydi.

"Birinchisi muntazam tashqi moliyalashtirish bo‘lsa, ikkinchisi o‘z hukumatlarining siyosiy tan olinishi"

Mamlakatni qurol kuchi bilan egallab, inklyuziv hukumat tuzish bo‘ladimi yoki boshqa, Tolibon muvaqqat hukumati xalqaro hamjamiyatning asosiy shartlarini bejavob qoldirarkan, Afg‘onistonning chetdagi milliardlab dollarlik aktivlari muzlatilgan, berib kelinayotgan yirik miqdordagi yillik moliyaviy ko‘maklar ham kesib qo‘yilgan.

Afg‘onistondagi insonparvarlik bilan bog‘liq vaziyatning izdan chiqishi, millionlab aholisining ochlikka yuz tutishi va iqtisodining qulashiga oid xavotirlar harakat qudratga qaytgan so‘nggi uch yildan ortiqroq vaqt ichida hamon tinmagan.

Qo‘shnilaridagi ijtimoiy, iqtisodiy tanazzul va buning oqibatida yuzaga kelajak katta miqdordagi qochqinlar oqimi ehtimoli ham mintaqa davlatlari qolib, Rossiya uchun ham xavfsizligi bilan bog‘liq yana bir omilga aylanib ulgurgan.

Tolibon harakatining Afg‘onistondagi ilk tuzumi xalqaro hamjamiyat tomonidan rasman tan olinmagan, yaqin ittifoqchisi, deb ko‘rilgan "al-Qoida" tarmog‘i mas’ullikda ayblangan Nyu-York va Vashingtonga qarshi uyushtirilgan 2001 yil 11 sentyabr hujumlari ortidan AQSh boshchiligidagi xalqaro ittifoq tomonidan qulatilgan.

So‘nggi 20 yil ichida Rossiyaning turli mintaqalarida Tolibon bilan aloqada gumon qilingan shaxslarga nisbatan jinoiy ishlar ham ochilgan.

Aynan IShID va G‘arb boshchiligidagi koalitsiya kuchlarining Afg‘onistondagi uzoq yillik harbiy hozirligi bu ikki tomonni bir-biriga yaqinlashtirgan ikki asosiy omil o‘laroq o‘rtaga chiqqan.

Rossiya Markaziy Osiyoni hali-hanuz o‘zining "janubiy sarhadlari" sifatida ko‘rib keladi, chetdagi eng yirik harbiy bazasi ham Afg‘onistonga chegaradosh Tojikistonda joylashgan, barcha mintaqa davlatlarining eng yirik harbiy, harbiy-texnik hamkori, ittifoqchisi, strategik sherigi, ammo, aksariyat tahlilchilarning birdek e’tiroflaricha, Afg‘oniston tahdidini ularga o‘zining har tomonlama bosimini o‘tkazishda eng samarali ta’sir vositalaridan biriga aylantirishga ham muvaffaq bo‘lgan.

31 mart: Rossiyaga Tolibon, Tolibonga Rossiya nega kerak? Afg‘oniston, Markaziy Osiyo va geosiyosat

Tolibon liderlari

Surat manbasi, Reuters/Afghan Islamic Press collage

Surat tagso‘zi, Voqealarning kutilmagan so‘nggi rivoji Tolibonning muvaqqat hukumati hali dunyoning biror bir davlati tomonidan rasman tan olinmagan bir paytda kuzatilayotir.

Rossiya Bosh prokuraturasi 31 mart kuni bu xususda mamlakat Oliy sudiga murojaat qilgan, taqiqni bekor qilishini so‘ragandi.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘tgan yil oxirida Tolibonga qarshi joriy etilgan sanksiyalarni ham olib tashlashga chaqirgandi.

Voqealarning so‘nggi rivoji AQSh hay’atlarining Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga tashriflari faollashgan bir paytga ham to‘g‘ri kelmoqda.

Rossiya Bosh prokuraturasining Afg‘oniston Tolibon harakati bilan bog‘liq da’vosi bo‘yicha sud majlisi kecha, 17 aprel kuni bo‘lib o‘tgan.

Nima gap?

Moskvadagi uchrashuv

Surat manbasi, Getty Images

Rossiya dunyoning Afg‘onistonda qudratga qaytishidan avval ham, keyin ham Tolibon harakati bilan faol muloqotda bo‘lgan sanoqli davlatlaridan biri bo‘ladi.

Hozir Afg‘onistonda AQSh va NATO boshchiligidagi ittifoq kuchlarining biror bir harbiysi yo‘q, rasmiy Vashington Afg‘oniston Tolibon harakati bilan erishgan "tarixiy" bitim doirasida harakat hokimiyatni egallashidan qisqa vaqt o‘tmay, 2021 yilning 31 avgust kuni Afg‘onistonni tark etgan.

Rossiya xuddi o‘sha yili ham rasmiy taklif Tolibon yuqori martabali hay’atining amaliy tashrif bilan poytaxt Moskvaga ustma-ust ikki bor kelishiga erishgan.

20 oktyabrь kungi so‘nggisi esa, Tolibon Afg‘onistonda qudratga qaytgan va muvaqqat hukumati faoliyatda bo‘lgan bir manzarada amalga oshgan va u Moskva formati doirasidagi muzokaralarning navbatdagisi shaklida bo‘lib o‘tgan.

O‘shanda toliblar bilan Moskvada kechgan har ikki muzokaralar chog‘ida ham Markaziy Osiyoga qarshi tahdid va mintaqaning xavfsizligi - Rossiya tomoni kun tartibiga olib chiqqan eng muhim masalalardan biri bo‘lgan.

Tolibondan Markaziy Osiyo chegaralarini buzmaslik va afg‘on tuprog‘idan ularga qarshi hujumlarga yo‘l qo‘ymaslik kafolatini olgan ham rasmiy Moskva bo‘lib chiqqani ko‘rilgan.

Rossiya tomoni bu haqda rasman ma’lum qilarkan, Markaziy Osiyo davlatlarini "do‘stlarimiz va ittifoqchilarimiz", deb atagan.

Afg‘oniston tahdidi haqida so‘z yuritarkan, Rossiya Markaziy Osiyoni o‘zining janubiy sarhadlari sifatida tilga olayotgani o‘shanda ham tahlilchilar qolib, oddiy o‘zbekistonliklarning ham e’tiborlarini o‘ziga jalb etmay qolmagan.

Tolibonning Afg‘onistonda qudratga qaytishi manzarasida chegaralarini mustahkamlash va xavfsizliklarini ta’minlash borasida mintaqa davlatlariga eng ko‘p har tomonlama yordam va’dasini berayotgan va ayrimlariga allaqachon ko‘mak berishni boshlagan ham aynan Rossiyadir.

Bularning barchasi Markaziy Osiyo harbiylashuvining kuchayishi va buning natijasida mintaqada Rossiya ta’sirining yanada ortishiga olib kelishiga oid faraz, fikru mulohazalarni ham paydo qilgan.

AQSh va Nato boshchiligidagi ittifoq qo‘shinlarining Afg‘onistonni butkul tark etishi aynan Rossiya va Xitoyning faollashuvi fonida Markaziy va Janubiy Osiyo atrofida geosiyosiy tanglik yanada kuchayishiga oid jiddiy xavotirlar bo‘y ko‘rsatayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Rossiyaning Afg‘oniston masalasidagi faollashuvi rasmiy Moskva Afg‘oniston tahdidini yana Markaziy Osiyoga o‘z siyosiy bosimlarini kuchaytirishning salmoqli vositasiga aylantirishiga oid jiddiy xavotirlarga ham sabab bo‘lmay qolmagan.

O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Markaziy Osiyoning Afg‘onistonga chegaradosh uch davlati bo‘lishadi.

Kreml, yillarki, mintaqani o‘zini janubiy sarhadlari sifatida ko‘rib keladi va tilga oladi.

Voqealarning kutilmagan rivoji va Rossiya

Rossiya tomoni vakillari

Surat manbasi, rasmiy

Surat tagso‘zi, Rossiyaning ham Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar ro‘yxati"dan chiqarish harakatida ekani o‘tgan yil may oyida ma’lum bo‘lgan.

Qozog‘iston misolida bo‘lgani kabi Qirg‘izistonning ham Afg‘oniston Tolibon harakatini faoliyati taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish qarori o‘tgan yili Rossiyaning e’tiboridan chetda qolmagan.

O‘shanda prezident Putinning matbuot kotibi Afg‘oniston bilan qo‘shni ekani bois, mamlakati Qirg‘iziston nega bu kabi qarorga kelganligini "tushunishi"ni aytgan.

"Qirg‘iziston Afg‘onistonga juda yaqin, shu bois, bu mamlakatning amaldagi rahbarlari bilan aloqa o‘rnatish juda muhim", - deya bildirgandi Dmitriy Peskov.

Rossiyaning ham Afg‘oniston Tolibon harakatini o‘zining "terrorchi tashkilotlar ro‘yxati"dan chiqarish harakatida ekani o‘tgan yil may oyida ma’lum bo‘lgan.

Xabarlarda, hattoki, bu taklifning Rossiyadagi birvarakayiga ikki vazirlik - ham Tashqi ishlar va Adliya vazirliklar tomonidan allaqachon prezident Putinga kiritilgani aytilgan.

Orada Rossiya Xavfsizlik Kengashi raisi muovini Dmitriy Medvedev Tolibon bilan to‘laqonli munosabatlarga yaqin ekanliklarini ham ma’lum qilgan.

Voqealarning bu kabi kutilmagan rivoji, hatto, rossiyalik ayrim siyosatshunoslarning o‘zlari tomonidan Tolibon hukumatini tan olish yo‘lidagi birinchi qadam sifatida talqin qilingan.

Oradan hech qancha vaqt o‘tmay esa, ayni shu masala xususida Rossiya prezidentining shaxsan o‘zi rasman va oshkora so‘z yuritgan.

Putinning bu haqdagi gaplari poytaxt Toshkentda yangragan.

Rossiya prezidenti o‘tgan yilning 26-28 may kunlari O‘zbekistonda davlat tashrifi bilan bo‘lib qaytgan.

Xuddi shu tashrifi yakunlari bo‘yicha poytaxt Toshkentda bergan matbuot anjumani chog‘ida Tolibon masalasi ko‘tarilgan.

Putin o‘shanda Tolibonni tan olish borasidagi qarorning "birgalikda ishlab chiqilishi"ni aytgan.

Rossiya prezidenti bu xususda ko‘plab boshqalari qatori "Markaziy Osiyodagi hamkorlari, do‘stlarining ham fikrlari inobatga olinishi", ular bilan muloqotda ekanliklarini ta’kidlagan.

Rossiya tomoni o‘zining so‘nggi istak va rejalari fonida Tolibonni Afg‘onistondagi "yagona va real hokimiyat" sifatida tilga olgan.

"Mavjud reallikdan kelib chiqib, shunga mos ravishda munosabat qurishlari kerak"ligini Tashqi ishlar vaziridan tortib, prezidenti darajasida ustma-ust takrorlagan.

Rossiyadan olinayotgan ayni mazmundagi xabarlar o‘shanda Amerika Qo‘shma Shtatlarini ham bee’tibor qoldirmagan.

28 may kuni Oq uyning o‘sha paytdagi maslahatchisi mamlakati Tolibon hukumatini rasman tan olish rejasida emasligini bayon qilgan.

Jon Kirbi, "Agar, Rossiya bu ishni qilsa, boshqalarga yanglish ishora berajagi"ni aytgandi.

Shu yil boshida AQSh prezidenti sifatida ikkinchi bor o‘z vakolati ijrosiga kirishgan Respublikachi Donald Tramp Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonga oid o‘zining yangi siyosatini hozircha rasman e’lon qilmagan.

Ammo harakatning yana Afg‘onistonda qudratga qaytishiga yo‘l ochgan 2020 yilgi "tarixiy" bitimga erishgan birinchi AQSh prezidenti ham aynan Tramp bo‘lgan.

Istak va maqsad…

Tolibon hay’ati

Surat manbasi, rasmiy

Xuddi shu manzarada rasmiy Moskva Tolibon bilan Rossiya shamsiyasi ostidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida hamkorlik qilish istagida ekanini ham ma’lum qilgan.

Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti postsovet hududining o‘zida ham, chetda ham Kremlning eng yirik geosiyosiy loyihasi sifatida ko‘riladi, unga Qozog‘iston ham, Qirg‘izistan ham kiradi.

Rossiya tomoni hukumati tan olingan taqdirda, Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘onistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga to‘laqonli a’zoligini ham qo‘llab-quvvatlashi haqida ham so‘z yuritgan.

Saylangan va qonuniy hukumati boshqargan paytda esa, Afg‘oniston Rossiya va Xitoy shamsiyasi ostidagi mazkur tashkilot qoshida faqat kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lgan.

Shanxay Hamkorlik Tashkiloti esa, NATO - dunyodagi eng yirik harbiy alyansning mintaqadagisiga ham qiyos qilingan.

Ammo Rossiya Tolibonni o‘zining "terrorchi tashkilotlar ro‘yxati"dan chiqarib, tan olgudek bo‘lsa, buning qanday shartlar asosida amalga oshishi hozircha ma’lum emas.

Rasmiy Moskvaning ham Tolibonni terrorchi tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarish harakatida ekani va bu taklifning shaxsan Putinga yetkazilganiga oid xabar, boshqa tomondan, mas’uliyatini Yaqin Sharqdagi IShID guruhi o‘z zimmasiga olib chiqqan va Rossiyaning bu yaqin tarixidagi eng qonli hujumdan uncha ko‘p vaqt o‘tmay olingan.

Tolibon xalqaro harbiy doiralarda IShIDga qarshi kurash va G‘arb kuchlarining Afg‘onistondagi uzoq yillik hozirliklariga chek qo‘yishda Rossiyaning "yaqin ittifoqchisi" sifatida ko‘rilgan.

Ayrim mintaqaviy yetakchilarga ko‘ra, ayni shu ikki omil tarixan o‘zaro raqib bo‘lgan bu ikki tomonni bir-biriga yaqinlashtirgan.

Voqealarning Tolibon va Afg‘oniston bilan bog‘liq so‘nggi rivoji esa, Kavkazda mavqei zaiflashishi va so‘nggi Ukraina urushi sabab, G‘arbning ustma-ust sanksiyalari ostida xalqaro miqyosda tobora ihotalanib borayotgani manzarasida rasmiy Kreml mintaqada o‘zining geosiyosiy ambitsiyalarini yanada parvarishlash, ta’sirini kuchaytirish, ittifoqchilari bilan har tomonlama aloqalarini avvalgisidan-da mustahkamlash, aynan global janubga yuz burib, ular safini kengaytirish, ta’minot zanjirlari va tashqi bozorlarini turfalashtirish harakatida bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri ham kelgan.

Tolibon kuchayib borayotgan xuddi ana shu geosiyosiy tanglik manzarasida Afg‘oniston iqtisodini yaxshilash, mamlakatga ko‘proq sarmoya jalb qilish, o‘zining savdo-tujjoriy sheriklarini turfalashtirish orqali xalqaro ihotadan chiqish harakatida.

Bungacha har ikki tomonni Afg‘onistondagi G‘arb boshchiligidagi ittifoq kuchlari va xalqaro hisobotlarda saflarida MDH davlatlari orasidan eng ko‘p sondagi fuqarolari jang qilgani aytilgan IShIDga qarshi yagona mavqe’lari birlashtirib turgan.

Rossiya barcha Markaziy Osiyo davlatlarining birdek eng yirik harbiy va harbiy-texnik hamkori bo‘ladi.

Chetdagi eng yirik harbiy bazasi va nisbatan ko‘p harbiy inshootlari ham shu mintaqada joylashgan.

O‘zbekiston istisno qolgan aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari Rossiya shamsiyasi ostidagi harbiy blok - Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga ham a’zo.

Ammo aynan O‘zbekiston Tolibon va uning muvaqqat hukumati bilan ham faol hamda mustaqil muloqot olib borayotgan mintaqa davlatlaridan biri bo‘ladi.

Tolibon muvaqqat hukumatining yagona o‘zbek a’zosi boshchiligidagi yuqori martabali hay’atining bir MDHga davlatiga oliy darajadagi ilk tashrifining ham Rossiyadan oldin aynan O‘zbekistonga amalga oshgan.

Ham Kobul va ham Toshkentda kechayotgan muzokaralarda O‘zbekiston o‘z xavfsizligi masalasini toliblar bilan bevosita, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muhokama qilayotgani kuzatiladi.

Shunday ekan, bugun Rossiyaga Tolibon, Tolibonga Rossiya nega kerak? Ikkovlon o‘rtasidagi faollashayotgan hamkorlikning Markaziy Osiyoga ta’siri qanday bo‘ladi?

Bi-bi-si O‘zbek xizmati orada xuddi shunday savol bilan Toshkentdan yetakchi mintaqaviy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovga ham murojaat qilgandi:

Kamoliddin Rabbimov

Surat manbasi, facebook

Kamoliddin Rabbimov,

Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston

"Keyingi yigirma yil - 2001-21 yillar oralig‘ida Afg‘oniston - G‘arb geostrategiyasiga bog‘langan davlat bo‘lib keldi.

Ashraf G‘ani boshchiligidagi siyosiy tuzum yiqilishi ortidan, bu davlatning geosiyosiy orientirlari, geomafkurasi qayta ko‘rib chiqilmoqda.

Bugun Afg‘oniston uzra yangi munosabatlar, aloqalar shakllanmoqda.

Tolibon hukumati oldida turgan yirik vazifa - yangi Afg‘oniston hokimiyati sifatida xalqaro maydonda o‘zini tezroq legitimlashtirish, qonuniylashtirish hisoblanadi.

Bu borada Tolibon harakati Pokiston davlati, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va boshqa davlatlar bilan munosabatlarga ustuvorlik berish niyatida.

Dunyoning qudratli davlatlari, ular qanchalik o‘zaro raqobatda bo‘lishmasin, yangi siyosiy tizimlar, hukumatlar va davlatlarni tan olish yoki olmaslik borasida bir-birining fikrlariga jiddiy e’tibor berishadi.

G‘arb davlatlari biron bir yangi siyosiy tuzimni yoki hukumatni tan olmaslik yo‘lidan borsa, kollektiv G‘arb bu qadamini imkon qadar jiddiy tamoyillar, qadriyatlar bilan asoslashga harakat qiladi.

Shu sabab ham, qolgan davlatlar oldida yangi siyosiy tuzimlar yoki davlatlarni tan olish borasida siyosiy-ma’naviy va hatto huquqiy to‘siqlar paydo bo‘ladi.

Shunday holat joriy Tolibon hukumatiga ham tegishli.

Bugun Tolibon ma’muriyatini tan olish borasida xalqaro maydonda jiddiy siyosiy-ma’naviy to‘siqlar shakllangan.

Lekin Tolibon harakatining taktikasi shundan iboratki, kollektiv G‘arbga nisbatan geosiyosiy mustaqil yoki muqobil bo‘lgan davlatlar bilan aloqalarni kuchaytirish orqali o‘zlarining hokimiyatini tan olishga erishish niyatidan ketmoqda.

Toliblar nazarida mana shunday yirik davlatlardan biri - Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi.

O‘tgan yigirma yil davomida Tolibon harakati va Rossiya Federatsiyasi Afg‘onistondan G‘arb koalitsiyasini siqib chiqarish uchun ancha hamjihat siyosiy muvofiqlashtirish ishlarini olib borishdi.

Tolibon ham, Rossiya Federatsiyasi ham bir ovozdan "Afg‘onistondan AQSh boshchiligidagi Nato kuchlari chiqib ketishi kerak!" degan pozitsiyani takrorlab kelishdi va bunga erishishdi.

Толибон лидерлари
anadolu
Moskva Tolibonga ohista bosim o‘tkazishga moyil ekanligini, o‘zining norasmiy va rasmiy shartlarini tan oldirishga erishish niyatida ekanligini bildiradi...
Kamoliddin Rabbimov
Siyosiy tahlilchi, O‘zbekiston (batafsil: bbc.com/uzbek da).

Rossiya Federatsiyasining Afg‘oniston borasidagi pozitsiyasi ancha murakkab.

Bir tomondan, Moskva toliblar bilan yillar davomida qo‘lga kiritilgan ishonchli munosabatlarni saqlab qolish va rivojlantirish niyatida.

Afg‘oniston - yirik davlat. U muhim geografik nuqtada joylashgan.

Globallashgan dunyoda barcha hududlar, mintaqalar va davlatlarning ahamiyati faqat ortib boradi.

Global miqyosda AQSh, Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi raqobat yangi darajaga ko‘tarilmoqda.

Qolaversa, Pokiston, Eron Islom Respublikasi, Turkiya va Markaziy Osiyo davlatlarining geosiyosiy va geoiqtisodiy munosabatlari ham raqobat va chigallik bilan to‘yingan.

Mana shu fonda Afg‘oniston davlatining ahamiyati va maqomi o‘tgan asrdagi kabi bir yoqlama salbiy emas, balki bir qadar istiqbolli va ahamiyatli bo‘lishi aniq.

Rossiya Federatsiyasi Afg‘oniston borasida iqtisodiy va siyosiy faollikdagi birinchilikni Xitoy Xalq Respublikasiga berib qo‘yish niyatida emas.

Qolaversa, kollektiv G‘arb diplomatiyasi har doim o‘zining samaradorligini ko‘rsatgan.

Bu degani, o‘tgan yigirma yil davomida ikki tomonga bo‘linib, o‘zaro urushgan bo‘lsa-da, istiqbolda kollektiv G‘arb va toliblar o‘rtasida bosqichma-bosqich ijobiylashib boruvchi aloqalarni kutish mumkin.

Rossiya Federatsiyasi Tolibon siyosiy tizimi borasida ikki nuqtadan iborat pozitsiyaga ega.

Birinchi nuqtada Tolibon harakatini Afg‘oniston hududidagi tabiiy ittifoqchi, hamkor va tan olinadigan kuch sifatida e’tirof etadi.

Shuning bilan birga, Tolibon siyosiy tizimini tan olishga shoshilmasligini bildiradi.

Bu bilan Moskva Tolibonga ohista bosim o‘tkazishga moyil ekanligini, o‘zining norasmiy va rasmiy shartlarini tan oldirishga erishish niyatida ekanligini bildiradi.

Chunki, bir tomondan, Tolibon harakatini siyosiy tan olish, u bilan muttasil muloqotlar olib borish va Tolibon siyosiy tuzumini huquqiy jihatdan tan olmaslik o‘rtasida ma’lum huquqiy-siyosiy ziddiyat paydo bo‘ladi.

Rasmiy Moskva mana shu ziddiyatni Tolibonni o‘z manfaatlariga ko‘proq bo‘ysundirish istagida ishga solish niyati seziladi...".