Bu qiziq: O‘zini dori bilan davolovchi gorillalar haqida eshitganmisiz? Ularning bilimi bizga tibbiyotda yordam berishi mumkin

gorilla

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Markaziy va G‘arbiy Afrikada yovvoyi tabiatda yashab qolgan pasttekislik gorillalari soni 150 mingdan kamroq.
O'qilish vaqti: 2 daq

Olimlar ta’kidlashicha, gorillalarning o‘z-o‘zini qanday davolashini o‘rganish kelajakda yangi dori-darmonlar kashf etilishi kaliti bo‘lishi mumkin.

Gabondagi tadqiqotchilar yovvoyi gorillalar iste’mol qiladigan va mahalliy tabiblar foydalanadigan tropik o‘simliklarni o‘rganib, ulardan to‘rttasining shifobaxsh xususiyatga ega ekanligini aniqladi.

Laboratoriya tadqiqotlari o‘simliklar tarkibida ko‘p miqdorda antioksidantlar va mikroblarga qarshi moddalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Ulardan biri antibiotiklarga chidamli bakteriyalarga qarshi kurashda istiqbolli ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Aloqador mavzular:
gorilla

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, G‘arbiy pasttekislik gorillalari qalin o‘rmonlar yashaydi, ildizlar, bambuk kurtaklari va mevalar bilan oziqlanadi.

Odamsimon maymunlarning shifobaxsh xususiyatga ega o‘simliklarni tanlab, o‘z-o‘zini davolashi fanga ma’lum.

Yaqinda bir yarador orangutan jarohatlarini davolash uchun o‘simlikdan qanday foydalangani matbuot sarlavhalariga chiqdi.

So‘nggi tadqiqotda botaniklar Gabondagi Mukalaba-Dudu milliy bog‘ida g‘arbiy tekislik gorillalari iste’mol qiladigan o‘simliklarni qayd etishdi.

Ular mahalliy tabiblar bilan suhbatlarga asoslanib, foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan to‘rtta daraxtni tanladilar: fromajer daraxti (Ceiba pentandra), ulkan sariq tut (Myrianthus arboreus), Afrika tik daraxti (Milicia excelsa) va anjir daraxtlari (Ficus).

gabon

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Gabon Yer yuzidagi eng bioxilmaxil hududlardan. Uning zaminida hali o‘rganilmagan dorivor o‘simliklar bisyor.

An’anaviy tibbiyotda me’da kasalliklaridan tortib bepushtlikkacha bo‘lgan turli kasalliklarni davolash uchun qo‘llanadigan daraxt po‘stlog‘i tarkibida fenollardan tortib flavonoidlargacha bo‘lgan shifobaxsh ta’sirga ega kimyoviy moddalar mavjud edi.

To‘rttala o‘simlik ham ko‘p antibiotiklarga chidamli E.coli bakteriyasining kamida bitta shtammiga qarshi antibakterial faollik ko‘rsatdi.

Xususan, fromajer daraxti barcha tekshirilgan shtammlarga qarshi "ajoyib faollik" ko‘rsatdi, deb ta’kidlashmoqda olimlar.

"Bu gorillalarning o‘zlari uchun foydali o‘simliklarni iste’mol qilishga evolyutsion moslashganini ko‘rsatadi va, ayni paytda, Markaziy Afrika tropik o‘rmonlari haqidagi bilimlarimizdagi ulkan bo‘shliqni ham ko‘rsatadi," dedi Buyuk Britaniyaning Darem universitetidan antropolog, tadqiqot ustida gabonlik olimlar bilan hamkorlik qilgan doktor Joanna Setchell.

daraxt

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Gabondagi mahalliy tabiblar fromajer daraxtidan odamlarni davolashda foydalanadi.

Gabonda o‘rmon fillari, shimpanzelar va gorillalar yashaydigan, shuningdek, fanga noma’lum ko‘plab o‘simliklar o‘sadigan bepoyon o‘rganilmagan o‘rmonlar bor.

Brakonьerlik va kasalliklar yovvoyi tabiatda ko‘plab g‘arbiy tekislik gorillalarining yo‘q bo‘lib ketishiga olib keldi.

Ular Tabiatni Muhofaza qilish xalqaro ittifoqining Qizil ro‘yxatiga yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlar sifatida kiritilgan. Tadqiqot natijalari PLOS ONE jurnalida e’lon qilindi.