Kreml "katta og‘a" dag‘dag‘asi o‘ziga zararligini anglayaptimi? Video

Surat manbasi, Reuters
Qirg‘izistondagi 24.kg veb-nashri yozishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bishkekdagi tantanali kutib olish marosimi payti faxriy qorovulga qirg‘iz tilida "Salom asker!" deb harbiylarni hayratda qoldirdi.
"Qorovul rotasi qo‘mondoni hisobotidan keyin Qirg‘iziston va Rossiya madhiyalari yangradi. Rahbarlar harbiy xizmatchilar safi yonidan o‘tdilar. Ana shu paytda Vladimir Putin qorovulga qirg‘iz tilida salom aytdi: "Salom asker", deb yozdi 24.kg
Prezident Putin 25 noyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov taklifiga binoan ikki kunlik davlat tashrifi bilan Bishkekka bordi.
Rossiya va Qirg‘iziston rasmiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi, Prezident Putin 27 noyabrdagi Bishkekdagi Kollektiv Xavfsizlik shartnomasi tashkilotining yig‘ilishida qatnashishini tasdiqladi.
Bishkek: Putin hech qilmagan ishini qildi - O‘zbekistonda ham e’tiborga tushdi - video
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Bishkekda Prezident Putin Qirg‘iziston rahbariyatining rus tiliga berayotgan e’tiborini olqishladi:
"Qirg‘iziston rahbariyatining respublikada rasmiy maqomga ega bo‘lgan rus tilini qo‘llab-quvvatlash masalalariga e’tiborini qadrlayman. 2023 yilda biz siz bilan birgalikda Qirg‘izistonda rus tilida ta’lim beriladigan to‘qqizta o‘rta maktab qurish bo‘yicha yirik qo‘shma loyihaga start berdik va ilk uchta maktabni 2027 yil 1 sentyabrgacha ochish rejalashtirilgan. «Chet eldagi rus o‘qituvchisi» dasturi doirasida respublikadagi 42 maktabda 157 nafar muallimimiz faoliyat yuritmoqda".
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov rus tiliga e’tibor sababiga to‘xtalib shunday dedi:
"Nafaqat Pushkin va Tolstoy tili, balki bizning buyuk yozuvchimiz Chingiz Aytmatovning ham tili bo‘lgan rus tiliga asrab-avaylab munosabat qilish saqlanib qolmoqda".
Bu Rossiya Prezidenti Putinning oxirgi kunlardagi boshqa tildagi ilk murojaati emas.

Surat manbasi, .
Prezident Putin yaqinda Moskvadagi kontsertdan keyin qozoq san’atkorlariga ham qozoq tilida murojaat qildi.
"RIA Novosti" axborot agentligining 12 noyabr kuni xabar berishicha, Putin Moskva Bolshoy teatrida o‘tkazilgan gala-kontsertda qozoq san’atkorlariga murojaat qilib, ularni «altin» deb atadi.
Xabarda aytilishicha, Putin muzokaralardan so‘ng Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart To‘qaev bilan birga teatrga kelgan.
"Tadbir boshlovchisini eshitganimda, mening qozoq tilim hali yaxshi emas, ammo bir so‘zni eshitdim: 'altin'. Bu aynan 'oltin' degani. Sizlar altinsiz», degan Putinning so‘zlaridan iqtibos keltirdi sayt.
To‘qaev 11-12 noyabr kunlari Moskvaga davlat tashrifi bilan bordi.
Ushbu tashrif Vashingtondagi AQSh-Markaziy Osiyo sammiti va To‘qaevning Prezident Donald Tramp bilan alohida muzokaralaridan bir necha kun o‘tib yuz berdi.
Prezident To‘qaevga alohida ehtirom ko‘rsatildi, jumladan uning samolyotiga Rossiya harbiy uchoqlari hamrohlik qildi.
Putinning ushbu chiqishlari Markaziy Osiyo tillariga hurmatini namoyon etish va mahalliy aholi ko‘nglini olishga qaratilgan amallar deb taxmin qilinmoqda.
11 noyabrda davlat telekanali «Rossiya 1»da efirga uzatilgan «Vecher s Vladimirom Solovyovim» (Vladimir Solovyov bilan kechki suhbat) televizion dasturida taniqli rus targ‘ibotchisi Kreml Qozog‘istonga «kichkina uka» sifatida munosabatda bo‘lishni to‘xtatishi kerak, dedi.
Shuningdek, rus diplomatlarini qozoq tili va tarixini o‘rganishga chaqirdi.
Bu bayonotlar Qozog‘istonda ko‘pchilikni hayratga soldi, chunki Solovyov Kremlning «imperialistik» qarashlarini targ‘ib qilishi, Markaziy Osiyo davlatining suverenitetini shubha ostiga olishi va Qozog‘istonni Rossiyaning ta’sir doirasi ostidagi mamlakat deb ko‘rsatishi bilan tanilgan.
Teleboshlovchining "keskin burilishi" Kremlning nihoyat Qozog‘istonni mustaqil o‘yinchi sifatida tan olayotganini ko‘rsatadi, deb xursand bo‘ldilar qozog‘istonlik bloger va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari.
Siyosiy sharhlovchilar fikricha, ushbu bayonotlar Kreml targ‘ibotidagi o‘zgarishni anglatadi, Qozog‘istonning Vashingtonga yaqinlashishga intilishi ortidan Rossiya uchun ahamiyati ortib borayapti.
18 noyabr. AQSh O‘zbekiston qidiruvga bergan shaxsni hibsga oldi, O‘zbekiston Afg‘onistonga energiya sotishda davom etadi, O‘zbekistonlik tadbirkor sanksiyalarga tushdi

Surat manbasi, Расмий
AQShda o‘zbekistonlik trak haydovchisi hibsga olindi. U O‘zbekistonda qidiruvga berilgan. O‘zbekistonlik tadbirkor Yevropa Ittifoqi sanksiyasi tushdi. O‘zbekiston kelasi yil ham Afg‘onistonga elektr energiyasi sotadi.
AQSh O‘zbekiston qidiruvga bergan shaxsni ushladi
AQSh Migratsiya va Bojxona xizmati o‘zbekistonlik Ahror Bozorovni hibsga olgan. Bozorov Amerikada trak haydayotgan vaqti ushlangan.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi Bozorov 9 noyabr kuni ushlanganini aytgan. Vazirlik Ahror Bozorov nimada ayblanib hibsga olingani haqida ma’lumot bermagan. Biroq Bozorovning 2022 yil O‘zbekistonda terroristik tashkilotga a’zolikda ayblanib qidiruvga berilganini ma’lum qilgan.
Rasmiy xabarda aytilishicha, Ahror Bozorov O‘zbekistonda "jihodga chaqiruvchi va jihod harakatlariga terroristlarni jalb qiluvchi materiallarni internetda tarqatish"da ayblanmoqda.
Xabarda aytilishicha, AQShga u 2023 yil fevralda noqonuniy yo‘l bilan kirgan va tijoriy yuk mashinasi haydovchisi sifatida ishlab yurgan.
Ichki xavfsizlik vazirligining ta’kidlashicha, Bayden ma’muriyati unga 2024 yil yanvarda ishlash huquqi bergan va Pensilvaniya shtatida CDL (tijoriy haydovchilik guvohnomasi) olgan.
O‘zbekiston 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi sotadi

Surat manbasi, Расмий
2026 yil uchun O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Muzokaralar Toshkentda O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Afg‘onistonning "DABS" kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida bo‘lib o‘tgan. Shartnomani O‘zbekiston tomonidan "O‘zenergosotish" kompaniyasi imzolagan.
Imzolangan shartnomadan tashqari, tomonlar avgust oyida ikki davlat energetika kompaniyalari o‘rtasida tuzilgan kelishuvlarni ham eslatib o‘tgan.
Loyihalar doirasida Afg‘onistonda yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstantsiyalar qurilishi jadallashtiriladi.
Jumladan, 500 kV quvvatga ega va 200 chaqirimlik Surxon–Puli-Xumri liniyasi va "Xo‘ja-Alvon" stantsiyasi kengaytiriladi. Arg‘anda stantsiyasining quvvati 800 MVA gacha oshiriladi. Nangargohda 220 kVlik "Shayx Mesri" stantsiyasi quriladi.
Rasmiy xabarlarda 2026 yil uchun qancha elektr eksport qilinishi ko‘rsatilmagan, ammo avvalgi kelishuvlarga ko‘ra, O‘zbekiston Afg‘onistonga 1 GVt quvvatgacha elektr energiyasi eksport qilish imkoniyatini yaratishni reja qilgan. Bu Surxon–Puli-Xumri liniyasi tugallangach yanada oshishi mumkin.
2019-yilda tuzilgan uzoq muddatli shartnomada yillik hajm 4,2 mlrd kVt-soat, keyinchalik 6 mlrd kVt-soatgacha yetkazilishi rejalashtirilgani aytilgan. Bu ko‘rsatkich 2026-yil uchun ham asosiy orientir bo‘lishi mumkin.
Oldingi yillarda O‘zbekistonning Afg‘onistonga elektr eksporti bo‘yicha narxlar o‘rtacha 5–6 sent/kVt-soat atrofida bo‘lgan, ammo yangi shartnoma bo‘yicha rasmiy raqamlar hozircha oshkor etilmagan.
YeI o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi

Surat manbasi, gazeta.uz
Yevropa Ittifoqi 23 oktyabr kuni qabul qilingan 19-sanksiyalar paketi doirasida o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovni ham ro‘yxatga kiritdi.
YeI e’lon qilgan ma’lumotnomada Mo‘minovning O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroliklariga egaligi qayd etilgan. Tadbirkorga nisbatan cheklovlar joriy etilishi Rossiyaning harbiy-sanoat kompleksini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘lanmoqda.
Bryusselning bayoniga ko‘ra, 1965 yilda tug‘ilgan Mo‘minov Farg‘onadagi Farg'ona Kimyo Zavodi — paxta sellyulozasi ishlab chiqaruvchi korxonani nazorat qiladi. YeIning ta’kidlashicha, zavodda tayyorlangan mahsulot Perm va Qozon porox zavodlariga yetkazib berilgan bo‘lishi mumkin. Bu materiallar Rossiya qurolli kuchlari uchun o‘q-dori ishlab chiqarishda foydalanilgani aytilmoqda.
Farg‘ona kimyo zavodi va Raw Materials Cellulose bir necha xalqaro tahlilchi guruhlar — «Vajnie istorii», Vlast.kz, OCCRP hamda BBC Rus xizmati o‘tkazgan qo‘shma tekshiruvlarda tilga olingan. Jurnalistik surishtiruvlarda bu korxonalar Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasini bevosita yoki vositachilar orqali yetkazib berishi ko‘rsatilgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2022 yilda Ukrainaga bosqin boshlanganidan beri bunday yetkazib berish hajmi bir necha barobar oshgan.
Gazeta.uz nashri material tayyorlangan vaqtgacha korxonadan izoh ololmaganini ma’lum qildi.
18 noyabr: O‘zbekiston: Iqtisodiyotda yaxshi xabar -O‘zbekiston YaIM hajmi 121,4 mlrd dollarga yetdi

Surat manbasi, Миллий статистика қўмитаси Матбуот хизмати
2025 yil 17 noyabrь kuni Toshkentdagi "Renessans" kino uyida Milliy statistika tizimidagi islohotlarga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Jahon banki, XVJ, BMTning UNFPA va FAO kabi xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ekspertlar ishtirok etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi Matbuot xizmatining rasmiy kanalida xabar qiladi.
Milliy statistika qo‘mitasi raisi Behzod Hamraev YaIMni qayta hisoblash natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, YaIM nominal hajmi 2024 yil yakunida 1 454,6 trln so‘mdan 1 535,4 trln so‘mga (+80,9 trln so‘m) yoki 5,6 % ga oshgan.
AQSh dollari hisobida YaIM 115,0 mlrd dollardan 121,4 mlrd dollarga yetgan.
Aholi jon boshiga YaIM 41,3 mln so‘mni tashkil etadi.
Davlat byudjeti ijrosi to‘liq qamrovi natijasida 36,4 trln so‘m yangi qo‘shilgan qiymat aniqlangan.
Toshkentda namlagich va havo tozalagichlarga talab 35% ga, niqoblarga esa ikki baravar oshdi
Toshkentda ekologik vaziyat yomonlashgani va isitish mavsumining boshlanishi bilan namlagich, havo tozalagich hamda niqoblarga talab sezilarli darajada oshdi. Uzum Market matbuot xizmati Spot.uz ga bergan ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi bir hafta ichida namlagich va havo tozalagichlarga bo‘lgan talab o‘tgan haftaga nisbatan 35% ga ko‘paygan, respirator va niqoblarga qiziqish esa deyarli ikki baravar oshgan.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonga havo tozalagichlar importi so‘nggi uch yilda 8 barobardan ko‘proq oshgan.
Narxlar o‘tgan yilga nisbatan biroz pasaygan bo‘lsa-da, import hajmi bir yildan kam vaqt ichida 13% ga oshgan.
Asosiy yetkazib beruvchilar qatorida Xitoy, Turkiya, Germaniya, Rossiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, Shveysariya, Litva, BAA va Ispaniya bor.
Oldinroq atmosfera ifloslanishini kamaytirish maqsadida Toshkentda 100 dan ortiq zararli xo‘jalik faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, dudburon qoidalarini buzgan 58 ta issiqxonaga ma’muriy jarima qo‘llangan.












