Markaziy Osiyoda saylov: Endi prezident kuchayadimi? (Video)

Surat manbasi, rasmiy
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 7 daq
Qirg‘izistonda parlament saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi.
Endi Sadir Japarov yanada kuchayadimi, uning qayta saylanish imkoniyatlari ham ortadimi?
Agar, Markaziy saylov komissiyasi e’lon qilgan ma’lumotlarga tayanilsa, avvalgi chaqiriqdan 51 deputat Qirg‘iziston parlamentiga saylangan.
Bu esa, 90 kishidan iborat parlamentdagi ko‘pchilik o‘rinlarning Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovga moyil siyosatchilarga o‘tishini anglatadi.
Jokorgu Kenesh shu yilning sentyabr oyida o‘z-o‘zini tarqatish uchun ovoz bergan.
Buning ortidan 2026 yilning dekabr oyiga rejalangan parlament saylovi muddatidan avval chaqirilgan.
Parlament vakillari o‘z qarorlari sababini, aks holda, parlament saylovining 2027 yilga kutilayotgan prezident sayloviga juda yaqin bo‘lib qolishi bilan izohlashgan.
Yakshanba kungi saylov parlamentning kuchsizlanishi, mamlakatdagi energetika inqirozi va muxolifatga qarshi ta’qiblar fonida bo‘lib o‘tgan.
Bu yil hokimiyat ovoz berish tizimini o‘zgartirgan, partiyaviy ro‘yxatlarni majoritar tizimga almashtirgan.
Har bir saylov okrugining faqat uchtadan deputat saylashi ko‘zda tutilgandi.
Qirg‘izistonlik siyosatshunoslarga ko‘ra, mamlakatda parlament hozirda faqat nominal ahamiyatga ega.
Ularning aytishlaricha, Japarov hokimiyat tepasiga kelganidan beri amalga oshirilgan o‘zgarishlar tufayli hokimiyat prezident ma’muriyati va uning o‘z qo‘li ostida to‘plangan.
Ekspertlar fikricha, hokimiyatning asl maqsadi – prezidentning qonun chiqaruvchi hokimiyat ustidan nazoratini kuchaytirish va Sadir Japarovning ikkinchi muddatga qayta saylanishi arafasida raqobatchilaridan xalos bo‘lishdir.
Tahlilchilar hali saylov arafasida prezidentga moyil nomzodlarning imkoniyati katta ekanini aytishgandi.
Ular mamlakatda kuzatilayotgan yuqori darajadagi inflyatsiya va elektr energiyasi taqchilligiga qaramay, Qirg‘iziston iqtisodining Markaziy Osiyoda eng tez sur’atda o‘sib borayotgani bu nomzodlarga qo‘l kelishi mumkinligini taxmin etishgandi.
Olti millionli Qirg‘izistonda o‘zbeklar ham yashashadi, ularning soni rasman bir milliondan ortishi aytiladi.
Qirg‘iziston Markaziy Osiyoning o‘z mustaqilliklarini e’lon qilishlari ortidan eng ko‘p inqiloblar va qudrat almashinuviga sahna bo‘lgan yagona davlati bo‘ladi.
Mustaqilligi tarixida etnik o‘zbeklar va qirg‘izlar o‘rtasidagi eng qonli milliy nizolardan birini ham boshidan kechirgan.
Sadir Japarov parlament saylovi arafasida, ya’ni shu oy boshida Qirg‘izistonda endi davlat to‘ntarishi bo‘lmasligi, ya’ni takrorlanmasligini aytgan.
Qirg‘iziston prezidenti o‘z bayonoti sababini "bunga imkon bermasliklari, davlatning endi kuchli ekani, xalq kimni qo‘llab-quvvatlash kerakligi va hokimiyat tepasida kimlar bo‘lishi lozimligini yaxshi bilishi" bilan izohlagandi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Natija va sabablar

Surat manbasi, kyrgyzstan presidency/handout
Iqtisodchilar fikricha, Qirg‘iziston iqtisodining gullab-yashnab borayotganiga Ukraina urushi ham sabab bo‘lgan.
Qirg‘iziston Rossiya bilan bojxona ittifoqiga kiradi.
Ularga ko‘ra, shu bois, hozir sanksiyalar ostidagi Rossiyaga yo‘naltirilgan import uchun asosiy yuk tashish markaziga aylangan.
Iqtisodning nega bunchalik jonlanib borayotganiga ham asosan xuddi shu narsa sabab bo‘lgan.
Yakshanba kungi parlament saylovi arafasida Japarov Rossiya bilan aloqalarini ham mustahkamlagan, kuni-kecha Putin Qirg‘izistonga davlat tashrifi bilan kelib, ketgan.
Rossiya prezidentining suratlari bilan bezangan poytaxt Bishkek esa, Rossiya shamsiyasi ostidagi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining yig‘iniga ham mezbonlik qilgan.
Qirg‘iziston Tojikiston bilan birga Rossiyaning harbiy bazasi joylashgan ikkita Markaziy Osiyo davlatidan bittasi ham bo‘ladi.
Qirg‘izistonda yana Rossiyaning qator harbiy inshootlari ham bor.
Rossiya, bundan tashqari, Qirg‘izistonning yuz minglab fuqarosi uchun ham, yillarki, eng yirik mehnat bozori.
Jokorgu Kenesh esa reglamentni buzganlik, "siyosiy" qonun loyihalarini shosha-pisha qabul qilganlikda bir emas, bir necha bor tanqidlarga tutilgan.
Qirg‘iziston Konstitutsiyasi, davlat bayrog‘iga o‘zgatirishlar kiritish va senzuraning kuchayishiga qaratilgan qator qonunlarning qabul qilinishi shular misolida tilga olinadi.
Qirg‘iziston so‘nggi yillarda jurnalistlar, faollar va muxolifat siyosatchilarining ta’qibi tufayli xalqaro reytinglarda "demokratik erkin" davlat maqomini yo‘qotgan.
Uch yil ichida mamlakat Jahon matbuot erkinligi indeksida 72 pog‘onaga tushib ketgan va hozirda 180 ta davlat orasida 144-o‘rinni egallab turibdi.
Aysыmbat Tokoeva
BBC

Surat manbasi, Getty Images
Qirg‘izistonda 30 noyabr kuni navbatdan tashqari parlament saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu saylov sentyabrda parlament o‘zini tarqatish haqida ovoz berganidan so‘ng belgilandi. Saylovlar mamlakatda parlament roli susayib borayotgan, energiya inqirozi va muxolifat ta’qibi kuchaygan bir manzarada o‘tmoqda.
Parlamentning o‘zini tarqatish qaroriga rasmiy sabab — deputatlar prezident sayloviga xalaqit bermaslikni istaganidir. Chunki parlament saylovlari avval rejalashtirilgan 2026 yil dekabrda o‘tkazilganda, prezident saylovlari undan bir oy keyin bo‘lishi kerak edi.
Mutaxassislar fikricha, amaldagi hukumatning asosiy maqsadi — prezident Sadir Japarovning qonun chiqaruvchi hokimiyat ustidan nazoratini mustahkamlash va Japarovning ikkinchi muddatga saylanishi oldidan raqobatchilardan qutilishdir.
Qirg‘izistonda parlament hozir nominal ahamiyatga ega, deydi mahalliy siyosatshunoslar. Japarov hokimiyatga kelganidan keyin amalga oshirilgan islohotlar natijasida hokimiyat prezident apparati va prezidentning qo‘l ostida jamlandi.
Siyosatshunos Emilbek Jo‘ro‘evning aytishicha:
"Parlament ancha zaif bo‘g‘in — ehtimol 90 yillar yoki 2000 yillarning boshiga nisbatan ham zaifroq. Chunki hozirgi vaziyatda haqiqiy siyosiy kuch prezident va kuch ishlatar tuzilmalar qo‘lida. Saylovga borayotganlarning ko‘pchiligi kim saylanishidan qat’iy nazar, bu parlament mamlakat taqdiriga doir muhim qarorlarga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmasligini yaxshi tushunadi".
Shu bilan birga, Jo‘ro‘evga ko‘ra, bu saylovlar baribir qiziq, chunki ovoz berish yangi tizim asosida o‘tmoqda va ko‘p okruglarda g‘oliblarni oldindan aytish qiyin.
Bu yil vazirliklar saylov tizimini o‘zgartirdi — partiyaviy ro‘yxatlar o‘rniga majoritar tizim joriy qilindi. Unga ko‘ra har bir saylov okrugidan uchta deputat saylanishi kerak.
Shuningdek, saylov qonuni gender kvotasini ham talab qiladi — har bir okrugda bir xil jinsdan ikki nafardan ortiq deputat bo‘lmasligi kerak. Bu siyosatga ayollarni jalb qilish maqsadida kiritilgan.
Hukumat saylov tizimini o‘zgartirish zaruratini "siyosiy korruptsiyaga" qarshi kurashish va "amaldagi tizim kamchiliklarini bartaraf etish" bilan izohlaydi.
Biroq tanqidchilarning ta’kidlashicha, yangi tizim aksincha korruptsiyani kuchaytirishi va oddiy fuqarolarning saylovda nomzod bo‘lish huquqini cheklashi mumkin.
Tuzatishlardan biri saylov garov pulining oshirilishiga taalluqli. Mustaqil nomzodlar uchun garov uch baravarga — 300 ming somga (3,4 ming dollardan ortiq), siyosiy partiyalar uchun esa to‘qqiz baravarga — 9 mln somga (102 ming dollardan ortiq) ko‘tarildi.
Parlament roli susayishi

Surat manbasi, kenesh.kg
Islohotlar natijasida deputatlik o‘rinlari soni 120 tadan 90 taga qisqartirildi. Parlament vakolatlari ancha qisqartirildi— deputatlar hukumatga nisbatan ishonchsizlik bildira olmaydi. Prezident impichmenti tartibi ham qiyinlashtirildi.
Siyosatshunos Nargiza Muratalieva fikricha:
"Parlament bora-bora tashqarida qabul qilingan qarorlarni tasdiqlash uchun kerak bo‘lgan rasmiy institutga aylanib bormoqda".
Parlament bir necha marta reglamentni buzgani va "siyosiy" qonunlarni bir nechta o‘qishda shoshilinch qabul qilgani uchun tanqid qilindi. Shu yo‘sinda konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi, mamlakat bayrog‘i o‘zgartirildi va senzurani kuchaytirishga qaratilgan qonunlar qabul qilindi.
Prezident Japarov talabi bilan parlament "feyk" xabarlarga qarshi kurash qonunini ko‘rib chiqdi. Natijada qonun jurnalistlarga qarshi qo‘llanildi — 2023 yilda mustaqil "Kloop" nashri saytlari "haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumot tarqatgani" aybi bilan to‘sildi. Bu yil esa nashrning ta’sischisi "ekstremist" deb topildi va "Kloop" mamlakatda taqiqlandi.
Muxolifat vakillarining hibsga olinishi
So‘nggi yillarda Qirg‘iziston xalqaro reytinglarda "demokratik erkin" davlat maqomini yo‘qotdi. Bu jurnalistlar, faollar va muxolifat siyosatchilarini ta’qib qilish bilan bog‘liq.
Uch yilda mamlakat Jahon matbuot erkinligi indeksda 72 pog‘onaga pasaydi va hozir 180 davlat orasida 144-o‘rinda.
Parlament saylovlariga bir hafta qolganda bir qator muxolifatchilar va sobiq prezident Almazbek Atambaevning yaqinlari qo‘lga olindi.
Hibsga olinganlar orasida — "Sotsial-demokratlar" muxolifat partiyasi a’zolari Temirlan Sultanbekov va Ermek Ermatov, shuningdek partiya yetakchisi, sobiq prezidentning o‘g‘li Qadirbek Atambaev bor.

Surat manbasi, SOCIAL MEDIA
Tergov versiyasiga ko‘ra, Sultanbekov tarafdorlari bilan birga parlament saylovlaridan keyin ommaviy tartibsizliklar tashkillashtirmoqchi bo‘lgan, uning uyidan "katta mablag‘ va qurol" topilgan.
Siyosatchining onasi, deputatlikka nomzod Qiyal To‘qto‘rbaeva esa uy tintuvida hech qanday qurol yoki IIV xabar qilgan narsalar topilmaganini aytadi.
Sultanbekov hibsdan yozgan maktubida shunday deydi:
"Hukumat bizlarni bosish istagida to‘xtay olmayapti. Ayblov xulosasida yozilishicha, men inflyatsiyaga qarshi chiqqanman, energiya inqirozi va mayning haqida gapirganman, xorijliklar tomonidan ko‘chmas mulk sotib olinishi muammosini ko‘targanman. Bu haqda gapirish mumkin emasmi? Saylovda xalq muammolarini aytmaslik kerakmi?"
Sultanbekov bilan birga ommaviy tartibsizliklarda ayblanib yana 10 kishi qo‘lga olindi. Bu modda Qirg‘izistonda ko‘pincha jurnalistlar va faollarga qarshi ishlatiladi.
Temirov Live YouTube loyihasi jurnalistlari ikkisi mana shu modda bilan 5 va 6 yilga qamalgan. "Kloop"ning ikki sobiq operatori ham shunga o‘xshash ayb bilan 5 yilga hukm qilingan, keyin aybni tan olgani uchun 3 yil shartli jazoga almashtirilgan.
Mamlakatda energiya inqirozi
Parlament ancha zaif bo‘g‘in — ehtimol 90 yillar yoki 2000 yillarning boshiga nisbatan ham zaifroq. Chunki hozir haqiqiy siyosiy kuch prezident va kuch tuzilmalari qo'lida.
Parlament saylovlari energiya inqirozi avj olgan bir paytda o‘tmoqda. Qish mavsumi boshlanishi bilan elektr ta’minotida jiddiy kamchilik sezildi, yoqilg‘i narxi esa 8 foizga oshdi.
Energiya inqirozining asosiy sabablari — GESlarda quvvat yetishmasligi. Hukumatga ko‘ra, mustaqillikdan beri aholi soni ko‘paydi, tarmoqlardagi yuklanish oshdi, lekin mamlakatda yetarli miqdorda yangi yirik GESlar barpo etilmadi.
Elektr tanqisligi Toktogul suv omborida suv miqdorining keskin kamayishi bilan yanada og‘irlashdi. Suvning kamayishi iqlim o‘zgarishi va muzliklarning eriyotgani bilan bog‘liq.
Energetika vaziri Taalaybek Ibraev suv sathini "kritik darajada past" deb atadi — omborda o‘tgan yilga nisbatan qariyb 2 mlrd kub metr kam suv bor. Vazir elektr energiyasini tejashga chaqirdi va "axoli chaqiriqqa quloq tutsa", qish mavsumi uzilishlarsiz o‘tishini va’da qildi.
Hukumat barcha davlat muassasalariga soat 18:00 dan 06:00 gacha elektr ta’minotini o‘chirishni buyurdi. Mayning fermalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatildi.
Saylovga qiziqish pasayishi
Parlament saylovlari saylovlarga bo‘lgan qiziqish pasayib borayotgan bir sharoitda o‘tmoqda.
2020 yil kuzida o‘tgan parlament saylovida ishtirok etganlar soni 56 foizdan ortiq bo‘lgan. Keyingi saylovda bu ko‘rsatkich 34 foizga tushib ketdi.
Hukumat muammoni tan oladi. Uni hal qilish maqsadida masofaviy elektron ovoz berish joriy etildi. Ayrim deputatlar "asosli sababsiz saylovda qatnashmagan fuqarolarni jarimaga tortish" taklifini ham ilgari surgan.
Parlament saylovlari oldidan prezident Japarov fuqarolarni mas’uliyatga chaqirdi, mamlakatdagi ilgarigi ommaviy noroziliklar va siyosiy beqarorlikni eslatdi. Davlat rahbarining aytishicha, o‘sha noroziliklar "ovoz sotib olish va xalq fikrini inkor etish" kabi adolatsiz saylovlar natijasi bo‘lgan.
Qirg‘izistonda hokimiyat 2005, 2010 va 2020 yillarda uch marotaba inqilob yoki davlat to‘ntarishi natijasida almashgan. Japarovning o‘zi ham 2020 yil oktyabrdagi noroziliklar paytida hokimiyatga kelgan — o‘sha paytdagi huquqbuzarlik ayblovi bilan qamoqda vaqti tarafdorlari uni ozod qilgan. Japarov o‘ziga nisbatan jinoiy ishni siyosiy buyurtma degan.












