Rossiya Markaziy Osiyoga harbiylarini tashlaydimi? Vaziyat O‘zbekiston uchun qanchalik xatarli?
- Author, BBC Yangiliklar bo‘limi
- O'qilish vaqti: 8 daq
Shu kunlarda mintaqadan bir-biriga zid xabarlar olindi. Markaziy Osiyo Afg‘onistondan ustma-ust hujumga uchradi.

Surat manbasi, BBC/EPA
Shu kunlarda mintaqadan bir-biriga zid xabarlar olindi. Markaziy Osiyo Afg‘onistondan ustma-ust hujumga uchradi.
Vaziyat

Voqealarning so‘nggi rivoji bir Markaziy Osiyo davlati misolida Tojikistonning Afg‘onistondan ustma-ust hujumga uchrashi manzarasida bo‘y ko‘rsatdi.
Tojikistonga qaratilgan hujumlar insoniy talafotlarga sabab bo‘ldi, besh nafar Xitoy fuqarosini o‘ldirib, yana shunchasini yaralagani aytildi.
Hujumlarga mas’uliyatni esa hali-hanuz hech kim o‘z zimmasiga olib chiqmadi.
Ketma-ket hujumlar ortidan ularning sababi ham noayon qoldi.
Bu kabi bir holat ayni mazmundagi xabarlar ahamiyatini yanada bo‘rttirdi, tashvish va xavotirlarni kuchaytirdi.
Afg‘oniston tahdidi va mintaqa barqarorligi Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari qarshisidagi uzoq yillik eng ustivor masala, muammolardan biri bo‘ladi.
Tojikistondan tashqari yana ikki Markaziy Osiyo davlati – O‘zbekiston va Turkmaniston ham Afg‘onistonga chegaradosh.
Aynan Tolibon Afg‘onistonga qudratga qaytishi ortidan O‘zbekiston va Tojikiston afg‘on tuprog‘idan raketa hujumiga uchragan.
O‘shanda bu hujumlarga mas’uliyatni hozir Afg‘onistonda eng jangari va halokatlisi ekani aytiluvchi IShIDning Xuroson qanoti o‘zining zimmasiga olib chiqqan.
Aynan Afg‘oniston ildizlari O‘zbekiston ilova Markaziy Osiyoga borib taqaluvchi turli jangari guruhlar ham so‘nggi ikki o‘n yillikdan ko‘proq vaqt davomida boshpana topib, jang qilib va omon qolgan a’zolari hanuz jon saqlab kelayotgan davlat sifatida ko‘riladi.
Afg‘onistondagi Tolibon hukumati AQSh bilan Dohada erishilgan "tinchlik bitimi" shartlariga qat’iy amal qilishi, biror bir jangari guruhning afg‘on tuprog‘idan turib uchinchi bir davlatga tahdid solishiga yo‘l qo‘ymasligini aytib keladi.
Ammo IShID guruhi Xuroson qanoti o‘zining ishi ekanini da’vo qilib chiqqan ikki Markaziy Osiyo davlatiga qaratilgan hujumlar Tolibon hukumatining xuddi shu va’dasi manzarasida kuzatilgan.
Shu kunlarda O‘zbekiston, to‘rt yil deganda, Termiz-Hayraton ko‘prigi orqali fuqarolar harakatini ham qayta tiklagani rasman xabar berilgan.
Tojikiston va Turkmanistonning Afg‘oniston bilan chegarasi O‘zbekistonnikiga qaraganda ancha uzun, himoyasi bu ikki davlat mustaqilligi bilan kechgan bir necha o‘n yil oralig‘ida chetda ham xavotirlarga sabab bo‘lib kelgan.
Voqealarning so‘nggi rivoji, boshqa tomondan, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tanglik hanuz yumshamagan, amalda bo‘lgan muvaqqat sulhga qaramay, ikki o‘rtada qurolli to‘qnashuvlar hali ham davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.
Afg‘onistondan Tojikistonga qaratilgan har ikki hujumda ham o‘z fuqarolari qurbon bo‘lgan Xitoy esa, Pokistonning uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lish barobarida Afg‘onistondagi Tolibon hukumatining ham eng yaqin iqtisodiy, diplomatik hamkorlaridan biri bo‘ladi.
Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlar va butun mintaqa xavfsizligiga tahdid yaratish uchun foydalanilmasligi kerak.
Aks-sadolar

Surat manbasi, Getty Images
Tojikiston, Xitoy va Tolibon hukumati ortidan bu hujumlarni shu kunlarda Rossiya va Xitoy hamshamsiyasi ostidagi Shanxay Hamkorlik Tashkiloti ham keskin qoralab chiqqan.
NATOning mintaqadagi muqobiliga qiyos beriluvchi mazkur tashkilot o‘zining bu xususdagi rasmiy bayonotida mazkur hujumlar ijrochilarini "jinoiy guruhlar"ga nisbat bergan.
Tolibon hukumati esa, Tojikistondagi Xitoy fuqarolariga qarshi qaratilgan hujumlar davlatlar o‘rtasida "ishonchsizlik" paydo qilishga intilayotgan "dushmanlar"ning ishi ekanini aytgan. Ammo bu bilan aynan kimni nazarda tutayotganligini ochiqlamagan.
Rasmiy Pekin esa hujum tashkilotchilari bu bilan Xitoy va Afg‘oniston munosabatlariga putur yetkazmoqchi bo‘lganliklarini aytgan.
Tojikiston tomonining rasmiy bayonotlaridan birida "qurolli terrorchi guruh", degan so‘z ham ishlatilgan, ammo biror bir alohida guruhdan nom tutilmagan.
Birinchi hujumda o‘qotar qurollar, granata o‘rnatilgan dron, ikkinchisida esa, yengil qurollardan foydalanilgani aytilgan, lekin bu qurollarning qaerda, kim tomonidan ishllab chiqarilgan tafsilotlari hanuz noma’lum, hujumchilar soni ham halicha ochiqlanmagan.
Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Afg‘oniston hududidan qo‘shni davlatlar va butun mintaqa xavfsizligiga tahdid yaratish uchun foydalanilmasligi kerakligini ta’kidlagan.
Chegaradagi vaziyat o‘tgan oy oxirida keskinlashgan, hujumlar shu yilning 26 va 30 noyabr kunlari uyushtirilgan, tomonlar buning ortidan ular yuzasidan tergov ishlari boshlanganini rasman xabar berishgan, ammo halicha dastlabki natijalarini matbuot bilan bo‘lishishmagan.
Rasmiy raddiya

Surat manbasi, Getty Images
3 dekabr kuni esa, Tojikiston tomoni Reuters axborot agentligining bir kun avvalgi xabariga rasman raddiya bilan chiqqan.
Rasmiy Dushanbe Afg‘oniston bilan davlat chegaralaridagi vaziyat "barqaror" ekanini aytgan, agentlikning "uning qo‘shma himoyasiga go‘yoki rossiyalik harbiylarni jalb qilish uchun Rossiya va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti bilan muzokaralar olib borayotgani"ga oid xabarini rad etgan, "buning haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi"ni bayon qilgan.
Xuddi o‘sha kuni kechga borib, Reuters ushbu xabarini olib tashlaganini ma’lum qildi.
Agentlik yangilik chop etilishi ortidan keyingi tekshiruvlar dalillar yetarli emasligini ko‘rsatganini, uning o‘rniga o‘rin boshqa xabar chop etmasliklarini bildirdi.
Bu xabarni Reuters ortidan Rossiya va Afg‘onistondagilari ilova boshqa ommaviy axborot vositalari ham tarqatib bo‘lishgandi.
Tojikiston Tashqi ishlar vazirligining rasman bayon qilishicha, Afg‘oniston bilan "davlat chegarasidagi vaziyat barqaror va mamlakat vakolatli organlarining to‘liq nazorati ostida".
"Tojikiston davlat chegarasini risoladagidek mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni izchil amalga oshirmoqda".
Tojikiston Rossiya shamsiyasi ostidagi harbiy blok sanaluvchi Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasiga kiruvchi to‘rtta Markaziy Osiyo davlatidan bittasi bo‘ladi.
Bundan tashqari, Tojikiston dunyoning Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi joylashgan davlati ham sanaladi.
Rossiya joriy paytda dunyoning Markaziy Osiyoda o‘zining to‘laqonli harbiy bazalariga ega yagona davlati bo‘ladi.
Rossiyaning chetdagi eng yirik harbiy bazasi va katta sondagi harbiy inshootlari ham aynan mintaqada joylashgan.
Qirg‘izistondagi birlashgan Kant harbiy havo bazasi Rossiya Markaziy Osiyo harbiy okrugi barobarida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining Tezkor kuchlari tarkibiga ham kiradi.
Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a’zo davlatlar havo hududi xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etadi.
Turkmaniston " neytral" bo‘lsa, O‘zbekiston hozir o‘zining Tezkor madad kuchlariga ega Rossiya shamsiyasi ostida Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga kirmaydi.
Voqealarning bu kabi rivojiga rasmiy Moskvaning munosabati hozircha imkonsiz.
Afg‘onistonga chegaradosh Pokiston va Eron ham hujumlarni qoralagan, O‘zbekiston va Turkmaniston esa halicha bu xususda jim.
Ustma-ust hujumlar manzarasida har uch tomonning bir-birlari bilan muloqotda ekanliklari, tekshiruv ishlarini birga olib borish, o‘zaro chegarada xavfsizlik choralarini kuchaytirish kabi masalalarni muhokama etganliklariga oid xabarlar ham bo‘y ko‘rsatgan.
Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon orada vaziyat yuzasidan mamlakat xavfsizlik idoralari bilan yig‘ilish o‘tkazgan.
Emomali Rahmon Tojikiston bilan chegarada "Afg‘oniston fuqarolarining noqonuniy va provakatsion xatti-harakatlarini keskin qoralagan".
U mas’ul mutasaddilarga bunday holatlar takrorlanmasligi uchun samarali choralar ko‘rishni topshirgan.
Xitoy Tojikistonda ishlayotgan fuqarolariga chegara hududlarini zudlik bilan tark etishni tavsiya qilgan, Tojikistonni o‘zining shirkatlari va ularning xodimlarini himoya qilish uchun lozim bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga chaqirgan, rasmiy Dushanbe bunga jadallik bilan kirishishini aytib, javob bergani xabar qilingan.
Xitoy Tojikistonning ham eng yirik savdo-iqtisodiy sherigi, sarmoyachisi va kreditorlaridan biri bo‘ladi.
Tojikiston, bundan tashqari, Afg‘oniston barobarida Xitoyga ham chegaradosh yagona Markaziy Osiyo davlati bo‘ladi.
Tojikiston yaqin-yaqingacha Tolibon boshqaruvi ostidagi Afg‘oniston bilan munosabat qurishga shoshilmagan yagona mintaqa davlati bo‘lib kelgan, aloqalari "ters" ekanlikda tahlilchilar bahosiga tushgan, ikki qo‘shni o‘rtasidagi munosabatlarning faqat hozirga kelib anchayin iliy boshlagani kuzatiladi, xolos.
Shu oy boshida Afg‘onistondan Tolibon hukumati Xitoy fuqarolariga qaratilgan hujumlar bilan aloqadorlikda ikki kishini qo‘lga olganiga oid xabarlar ham olindi.
Ammo mazkur xabarlarda ularning kimliklari noayon qolgani ko‘rildi.
Xitoy ham Afg‘onistonga chegaradosh oltita mintaqa davlatidan bittasidir.
Rasmiy Pekin, ayniqsa, uzoq yillar davomida Afg‘onistondan boshpana topib kelgan va asosan uyg‘urlardan tashkil topgani aytiluvchi Sharqiy Turkiston islomiy harakatini o‘zining xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘rib kelgan hamda keladi.
Boshqa tomondan, Xitoyning kuchayib borayotgan iqtisodiy ekspansiyasiga mintaqa aholisi orasida ham munosabat bir xil emas, bu orada ayrim Markaziy Osiyo davlatlarida norozilik chiqishlarigacha sabab bo‘lgan.
Iddaolar

Surat manbasi, kremlin.ru
Tolibon qudratda bo‘lgan Afg‘onistonda vaziyat o‘zgarmoqda.
Bugungi afg‘on mojarosi yechimi, G‘arb ortda qoldirgan bo‘shliqni to‘ldirishga dunyoning birvarakayiga to‘rt yadroviy qudrati qiziqish bildirayotir.
So‘nggi yillarda Rossiya bo‘ladimi yoki qudratli Xitoy, Tolibon muvaqqat hukumatiga shu paytgacha ko‘rilmagan iqtisodiy imtiyoz va loyihalar bilan chiqayotganiga oid xabarlarning soni ortgan.
Rossiya tomoni orada Amerika Qo‘shma Shtatlari Markaziy Osiyodagi vaziyatni beqarorlashtirish niyatida, deyishgacha borgan.
Jumladan, 2023 yilda o‘sha paytda Rossiya Mudofaa vaziri bo‘lgan Sergey Shoygu Amerika buning uchun Afg‘onistondagi "noqonuniy qurolli guruhlar salohiyatidan foydalanmoqchi" ekanini ham da’vo qilgan.
U o‘shanda, "kelajakda ularning qo‘shni davlatlarga kirib borishi, xususan, terrorchilik harakatlari sodir etishi mumkin"ligini ham bashorat qilgan.
Ammo imkonli bo‘lgan xabarlarda, shunday derkan, Rossiya Mudofaa vazirining o‘z so‘zlariga biror bir isbot-dalil keltirgani-yo‘qligi noayon qolgandi.
AQSh Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan mintaqaning ikki mustaqil davlati - O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududida ilk bor joylashtirishga muvaffaq bo‘lgan harbiy havo bazalarini ular hukumatlarining talabi ostida bundan ham ancha avval yopishga majbur bo‘lgan.
Afg‘onistondan chiqib ketishi fonida harbiy bazalarini yana Markaziy Osiyoga qaytarish urinishlari hozirga qadar samara bermagan.
Rossiya Mudofaa vaziri esa o‘shanda, NATOni, "Shosha-pisha chiqib ketishi ortidan Afg‘onistonni qayta tiklashning ustida ishlashning o‘rniga, turli yo‘llar bilan Markaziy Osiyo mintaqasida o‘zining harbiy hozirligini tiklashga urinayotganlik"da ham ayblagan.
Sergey Shoygu, "buni KXShT makonida barqarorlikka bevosita tahdid", deb bilishlarini ham bayon qilgan.
Xuddi o‘sha yilning aprel oyida Rossiya Mudofaa vaziri Qo‘shma Shtatlar Markaziy Osiyo davlatlaridan o‘zining harbiy infratuzilmasini joylashtirishni so‘raganini aytib chiqqan.
Rossiya Mudofaa vaziri o‘shanda buni "Shanxay Hamkorlik Tashkiloti makonida barqarorlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid, deb hisoblashlari"ni aytgan.
Sergey Shoygu "AQShning Markaziy Osiyodagi hozirligini tiklashga urinishlari" fonida Rossiya o‘zining Tojikiston va Qirg‘izistondagi harbiy bazalari jangovar tayyorgarligini kuchaytirishini ma’lum qilgan.
Rossiya Mudofaa vaziri, "yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga javoban boshqa tezkor kuchlarning harbiy hozirligini ham oshirishlari"ni qo‘shimcha qilgan.
Ammo Sergey Shoygu, shunday derkan, bu aynan nimalarni ko‘zda tutishi tafsilotlarini ochiqlamagandi.
Buning ortidan o‘sha yilning may oyida Kremlda yangragan qo‘shma bayonotlaridan esa, Putin va Japarovning Qirg‘iziston hududidagi Rossiya harbiy ob’ektlarini rivojlantirishni muhim, deb hisoblashlari ma’lum bo‘lgan.
Ammo Rossiya Mudofaa vazirining ayni mazmundagi bayonot va da’volariga aksariyat mintaqa poytaxtlarining munosabati noayon qolgan.
Rossiya tomonining mintaqada harbiy hozirligini kuchaytirishga oid bayonotlari Ukraina urushi fonida yangragani bilan ko‘pchilik diqqat-e’tiborini o‘ziga tortmay qolmagan.
Markaziy Osiyo Rossiya, AQSh va Xitoy misolida dunyoning global geosiyosiy, geoiqtisodiy va yadroviy qudratlari manfaatlari to‘qnashgan mintaqalardan biri bo‘ladi.
Ular so‘nggi yillarda postsovet hududidagi Rossiya o‘zining siyosiy va geosiyosiy orbitasiga yanada kuchliroq tortish ilinjida bo‘lgan mamlakatlar sifatida ko‘rilishadi.
O‘zbekiston esa, harbiy bloklarga kirmaslikni o‘z tashqi siyosatining bosh strategik yo‘nalishi, deb e’lon qilgan.
Mudofaa doktrinasiga ko‘ra, O‘zbekistonning bu sohadagi siyosati harbiy-siyosiy bloklarda ishtirok etmaslik, harbiy-siyosiy blokka aylantirilganda har qanday davlatlararo tashkilotdan chiqish huquqini saqlab qolish tamoyillariga asoslangan.
O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan chegarasi, yillarki, eng kuchli qo‘riqlanuvchisi sirasiga kiritilgan, Qurolli kuchlari xalqaro reytinglarda eng jangovarlaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Bir tomondan G‘arbning asosiy raqiblari va dunyoning geosiyosiy, geoiqtisodiy, yadroviy qudratlari sirasiga kiruvchi Rossiya va Xitoy, boshqa tarafdan muhim tranzit yo‘li sanaluvchi, uzoq yillik urushlar ortidan hozir yana Tolibon harakati qo‘lida bo‘lgan beqaror Afg‘onistonga chegaradosh, katta sondagi arzon ishchi kuchi, tabiiy energiya zahiralari, turli noyob va qimmatbaho ma’danlarga boy Markaziy Osiyo esa, dunyoning geostrategik jihatdan muhim mintaqasi.
Rossiya, Xitoy va AQSh geosiyosiy raqobatda bo‘lgan, uchovlon o‘z ta’sirini kuchaytirish va manfaatlarini parvarishlash ilinjida bo‘lgan hudud.
Rossiyaning so‘nggi yillarda kuchayib borayotgan ogohlantirishlarini aksariyat tahlilchilar Markaziy Osiyoni o‘z ta’siri ostida saqlab qolish, O‘zbekistonni ham o‘zining shamsiyasi ostidagi harbiy blokka qaytarish uchun Kreml qo‘lidagi muhim bosim vositalaridan biri sifatida ko‘rib kelishadi.
Rossiya Ukraina bilan olib borayotgan urush fonida uch Markaziy Osiyo davlatiga chegaradosh Afg‘onistonda Tolibon hukumatini rasman tan olgan dunyoning birinchi davlatiga ham aylangan.
Urush o‘zining to‘rtinchi yiliga yaqinlashib qolgan, Trampning so‘nggi tinchlik rejasi hanuz muhokama ostida, AQSh prezidenti uni "bir kunda tugatish" va’dasini halicha bajara olmagan.
Rossiya urushga "qurol kuchi bilan chek qo‘yishga ham tayyor" ekanini aytib turibdi.








