O‘zbekiston: Prezident administratsiyasi rahbari lavozimi qayta tashkil qilindi, unga rahbar etib prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva tayinlandi

Saida Mirziyoyeva

Surat manbasi, Саида Мирзиёева расмий Facebook саҳифасидан

Surat tagso‘zi, Saida Mirziyoyeva
O'qilish vaqti: 5 daq

O‘zbekistonda qudrat tizimida balki eng ta’sirli o‘rinlardan biriga Saida Mirziyoyevaning o‘z otasi tomonidan tayinlanishini tabiiyki hamma qarsak bilan xush qarshilayotgani yo‘q.

Ammo qarsaklar yo‘q emas, ayniqsa bu kabi qudratli mansabni ayol kishi egallayotgani O‘zbekiston internet tarmog‘idagi faol ayollar tomonidan olqishlanmoqda.

Tanqidchilar esa, bir nuqtada yakdil – O‘zbekistonda Prezident ma’muriyati rahbarligiga aynan prezident qizi tayinlangani mamlakatning azaliy ammo ijobiy bo‘lmagan an’analariga mos tushadi.

Zotan, qarindosh-urug‘chilik va tanish bilishchilik nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyo davlatlariga xos "qadriyatlardir".

Saida Mirziyoyevaning parvozi

O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari (Komil Allamjonov) o‘rinbosari o‘laroq 2019 yildan boshlab mamlakat siyosiy sahnasida bo‘y ko‘rsata boshladi.

Nisbatan qisqa bir davr ichida u asosiy e’tiborini asosan xotin-qizlar muammolariga qaratdi, ayniqsa oiladagi zo‘ravonliklar masalasini kun tartibiga olib chiqdi.

"Menimcha, zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga ayollargina emas, birinchi navbatda davlatning o‘zi qarshi ekaniga urg‘u berishimiz lozim. Oiladagi zo‘ravonlik - oilaning ichki ishi emas, bu muammo butun jamiyatga tegishli. Ayol o‘z dardi bilan yolg‘iz qolib ketmasligi kerak", deb aytgandi Saida o‘z chiqishlarining birida.

O‘zbekistonda maishiy va oilalardagi zo‘ravonlik masalasi hamon kun tartibidan tushgani yo‘q, ammo ayni masalaga prezident qizining e’tibor qaratgani ayni mavzuga ko‘proq e’tibor qaratilishiga turtki bo‘ldi.

Ilk tayinlovdan ko‘p o‘tmay u Prezident administratsiyada faoliyat boshlar ekan, ayrim faollar va kuzatuvchilar ilk bor "vorislik" masalasini ko‘tara boshlashdi.

Saidaning PR "yurishlari" jadallashdi, mamlakatdagi nufuzli internet nashrlardan sanalgan Kun.uz «Missiya» deb nomlangan qator roliklarni chiqardi.

Orada shaxsan O‘zbekiston prezidentining o‘zi tomonidan aksariyat tomonidan mamlakatdagi eng hassos mintaqalardan biri sifatida ko‘riluvchi Qoraqalpog‘istonni rivojlantirish bo‘yicha mas’ul etib tayinlandi.

Ungacha ma’lum muddat prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylik kengashi raisining muovini va prezident administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘’ba mudiri bo‘lib ham ishlagan.

Aprel oyi boshlarida Samarqand "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" birinchi sammitiga mezbonlik qildi, yig‘inning eng nufuzli mehmonlari bilan shaxsan, yuzma-yuz ko‘rishdi.

Prezident Mirziyoyevdan tashqari O‘zbekistondan eng ko‘zga ko‘ringan mezbon ham Saida Mirziyoyeva edi.

Oradan bir necha haftalar o‘tib u Moskvaga safar qildi.

Safar doirasida O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Rossiya Federal majlisi Federatsiya Kengashi raisi Valentina Matvienko va Rossiya hukumati raisi Mixail Mishustin bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Markaziy Osiyoda geosiyosiy tanglik kuchayib borayotgan bir manzarada O‘zbekistonga tashriflari faollashayotgan G‘arb, jumladan, AQSh vakillari boshchiligidagi hay’atlarni qabul qilgan, ular bilan ko‘rishgan ham u bo‘ldi.

Nihoyat, Saida Mirziyoyeva Prezident administratsiyasi rahbari lavozimiga tayinlandi.

Saida Mirziyoyeva rasmiy Facebook sahifasidan
Ayollarning qat’iyati va muvaffaqiyat sari ildam harakati oilani ham, jamiyatni ham, mamlakatni ham oldinga siljitadigan kuchdir.
Saida Mirziyoyeva

«Vorislik» mavzusi yana o‘rtaga chiqdi

Amerikadan taniqli jurnalist Jahongir Muhammad Saida Kremlda tasdiqdan o'tib keldi, desam, ba'zilar negativ ham evi bilan-da, deyishgandi. Kadrlar masalasi hali ham Kreml nazoratida. Endi ham ishonmasangiz, u prezident bo'lganda ishonib qolarsiz… deb yozdi.

Saida Mirziyoyeva O‘zbekistonda asosan rasmiy minbarlardan nutq so‘zlaydigan davlat rahbarining hozirgacha ko‘rilmagan insoniy qiyofasini, ta’bir joiz, keng ommaga ochish va namoyon etishga muvaffaq bo‘lgan inson ham sanaladi.

Uning o‘z maqomlarida ekan, turli xayriya loyihalariga boshchilik qilayotgani, O‘zbekiston tashqi imijini yaxshilashga qaratilgan tadbirlarga qo‘l urayotgani, o‘z oilasini yanada xalqqa yaqinlashtirish sa’y-harakatida ekani ko‘riladi.

Prezident otasi, mamlakat birinchi xonimi bo‘lgan onasi va qolgan oila a’zolarini ijtimoiy muloqot tarmoqlarida tavallud kunlari bilan tabriklagan, Hayit kunlarida yaqinlarining kundalik hayotdagi suratlari bilan bo‘lishib, O‘zbekiston ichkarisiyu tashqarisida ko‘pchilikning hayratlariga sabab bo‘lgan, dunyoning yangi O‘zbekistonga o‘zgacha ko‘z bilan qarashiga sabab bo‘layotgan shaxs ham aynan Saida Mirziyoyeva bo‘ladi.

Saida Mirziyoyeva o‘zining turli ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari - akkauntlarini ham anchayin faollik bilan yuritadi. Ta’bir joiz, bularning barchasi, hamda bunga qo‘shimcha o‘zi va idorasi qilayotgan ishlar borasida eng avvalo ayni shu akauntlari orqali ma’lumot berib boradi.

Jahongir Muhammad Facebook sahifasidan

Surat manbasi, Skrinshot/Facebook

Surat tagso‘zi, Jahongir Muhammad Facebook sahifasidan

Prezidentlar va ularning farzandlari

So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari bo‘ladimi yoki dunyo, prezident oilalarining mamlakat siyosiy hayotida qanchalik faollashib borayotgani tahlilchilarning alohida e’tiborlariga molik mavzulardan biriga aylangani ko‘riladi.

Turli ijtimoiy muloqot tarmoqlarida eng ko‘p bahsu munozaralarga sabab voqe’lik ekani kuzatiladi.

Kimdir buni boshqaruvdagi tizim tabiati, prezident otaning qudratiga yo‘yayotgan bo‘lsa, boshqasi bunga qobiliyati, salohiyati bo‘lsa, nega yo‘q, u ham o‘sha mamlakatning bir fuqarosi, qaddini ursin, omadini bersin, degan munosabatda ekani anglashiladi.

Yana birlarining prezidentlar farzandlari bilan bog‘liq voqealar rivojini "xayrlisi bo‘lsin", deya anchayin "xavotir" bilan kuzatib turganliklari ma’lum bo‘ladi.

Siyosiy tahlilchilar esa, o‘z tahlillarida hali-hanuz anchayin ehtiyotkor mavqe’da, ularga ko‘ra prezident otaning qizi bo‘ladimi, kuyovi yoki o‘g‘li, o‘z yaqinlarini ishga olishi huquqchilik nuqta nazridan manfaatlar to‘qnashuvi talqinida maqbul ish bo‘lmasligi mumkin.

Ammo tahlilchilar bahosi, tanqidchilar tanqidi va oddiy odamlarning qizg‘in aks-sadolariga qaramay, bu kabi tajriba hanuz amalda.

Deylik, xalqaro baholarda yaqin-yaqingacha dunyoning eng demokratik ikkita davlatidan bittasi sifatida ko‘riluvchi Amerika Qo‘shma Shtatlarida ham ilk vakolati chog‘ida prezident Donald Tramp qizi Ivankaning qanchalik siyosiy faolligi bahsu munozaralar markazida bo‘lib kelgan.

Markaziyo Osiyodagi "vorislar"

Rustam Emomali ham yillardir Tojikiston Prezidentining siyosiy vorisi sifatida ko‘rib kelinadi

Surat manbasi, Rasmiy

Surat tagso‘zi, Rustam Emomali ham yillardir Tojikiston Prezidentining siyosiy vorisi sifatida ko‘rib kelinadi
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov

Xuddi shu manzarada mintaqaviy tahlilchilar bunga o‘xshash holat aksariyat Markaziy Osiyo davlatlariga ham birdek xos ekaniga, yillarki, e’tibor qaratib kelishgan.

Faqat O‘zbekiston emas, qolgan aksariyat mintaqa davlatlarida ham prezidentlar farzandlarining bir yoki birvarakayiga bir nechta lavozimni egallab kelishgani yoki turishgani kuzatilgan va hamon kuzatiladi.

So‘nggi yillarda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning yolg‘iz o‘g‘li otasining o‘rnini egallagan bo‘lsa, qo‘shni Tojikiston rahbari ham to‘ng‘ich o‘g‘li uchun xuddi shunday narsani ko‘zlab yurgani ancha vaqtdan buyon tahlilchilar qolib, oddiy odamlar orasida ham aylanib yurgan gap bo‘ladi.

Boshqa tomondan, tahlilchilar diqqat-markazi va xulosasidagi bu kabi savollar halicha biror bir mintaqa davlati ommaviy-axborot vositalarida o‘zining tahliliy talqini, bahosini topmagan.

Oddiy aholi, oddiy odamlarning bu xususdagi fikr, mulohaza va munosabatlari ham aksariyat hollarda o‘zaro suhbatlar yoki ijtimoiy muloqot tarmoqlaridagi komentlardan nariga o‘tmagan.