Rossiya – Ukraina: "Qilmishingga iqror bo‘lmasang, bolangni yetimxonaga yuboramiz"

Surat manbasi, Family Archive
- Author, Nina Nazarova
- Role, Bi-bi-si
- O'qilish vaqti: 10 daq
Natalya Filonova har bir ota-ona uchun dahshatli qo‘rquvni boshdan kechirdi. 2022 yil sentyabrь oyida 60 yoshli ayol Rossiyaning Uzoq Sharqidagi Buryatiya respublikasida harbiy safarbarlikka qarshi norozilik uchun hibsga olingan. O‘shanda Putin Ukrainaga qarshi urush uchun "qisman safarbarlik" e’lon qilgan edi. Keyinchalik Filonova "politsiya xodimlariga nisbatan zo‘ravonlik"da aybdor deb topildi va uning asrab olgan o‘g‘li bolalar uyiga jo‘natildi.
"Ular bizga noqonuniy miting uyushtirganimizni aytishdi. Lekin bu miting emas, ochiq mikrofon edi. Biz o‘z fikrimizni bildirish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalandik," deydi Filonova. U YouTube'dagi jonli efirda gapirayotgan paytda qo‘lga olinib, unga nisbatan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzilgan.
Hibsga olish vaqtida u qarshilik ko‘rsatgan. Keyingi sud majlisida to‘satdan sud binosida portlash xavfi haqida xabar berildi va Filonova himoyachisidan ajratilib, mashinaga tiqildi. U ozod bo‘lishga urinib, politsiyachini tirnab qo‘yibdi. Shunga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bu safar hibsga oluvchi xodimlar u repetitor bo‘lib ishlayotgan maktabga kelishdi.
Ayblov hujjatlarida aytilishicha, aynan shu paytda u politsiyachilardan birining barmog‘ini sindirgan emish.
Shu sababli, u "hayot yoki sog‘liqqa tahdid soladigan zo‘ravonlik"da ayblangan bo‘lib, bu jinoyat uchun 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
Pensionerning o‘zi aybsizligini ta’kidlaydi.
"Keksa ayolning to‘rt nafar politsiyachiga tan jarohati, ayniqsa, jiddiy jarohat yetkazishi jismonan imkonsiz. Bu kulgili, ochig‘i," deydi u.

Surat manbasi, Family archive
"Elektron braslet bilan bolamni qidirgani katta yo‘lga chiqdim"
Filonova Vovani bir yoshida o‘z tarbiyasiga olgan. Uning o‘zining voyaga yetgan farzandlari va nabiralari ham bor.
"Uning onasi vafot etgan – u mening do‘stim edi – shuning uchun bolani o‘z qaramog‘imga oldim," deydi u Vova haqida. Yigit hozir 19 yoshda. U Vovaning nogironligi borligini va o‘sishda orqada qolganligini yashirmaydi.
"U uch yoshida yura boshlagan, juda og‘ir kasallikka chalingan, ko‘plab ikkinchi darajali operatsiyalar bilan birga ikki marta ochiq yurak operatsiyasini o‘tkazishga majbur bo‘lgan," deydi u. Uning aytishicha, hokimiyat vakillari Vovaning muammosidan juda yaxshi xabardor edi.
Dastlab, u uy qamog‘iga olinganida, Filonova Vovani Buryatiya markazi Ulan-Udedan Zabaykale o‘lkasidagi qishloqda yashovchi eriga jo‘natdi. Bu bolaning xavfsizligi va xotirjamligi uchun edi. Tergov paytida zo‘ravonlik haqidagi ayblovlar asossizligini isbotlay olaman, deb umid qilgandi.
Bir necha hafta ichida Filonovaning eri yurak xurujiga uchrab, zudlik bilan kasalxonaga yotqizildi. Yolg‘iz qolgan Vova telefonga javob bermay qo‘ydi.
"Bola bilan aloqa uzildi. Nima qila olardim? U yo‘qolib qolganini aytish uchun prokuraturaga qo‘ng‘iroq qildim. Uni olib ketib, qishloqdan Ulan-Udega eltishlarini iltimos qildim. Ular esa «Avval eringizning yuragi chindan ham xuruj qilganini tekshiraylik!» deb masxara qilishdi," deb eslaydi u.

Surat manbasi, .
"Yordam berish o‘rniga, ular shunchaki g‘oyib bo‘lishdi, lekin menga biror nima qilishni taqiqlashdi. Xo‘sh, nima qilishim kerak edi? Elektron brasletni taqib, katta yo‘lga chiqdim va bolani izlash uchun Ulan-Udedan qishloqqacha besh soatlik yo‘lni bosib o‘tdim. Kechasi allamahalda yetib borib, uni qidirdim. Uni topdim, pechkani yoqib, o‘sha yerda tunab qoldik va ertalab yana Ulan-Udega qaytdik," deydi u.
U qaytib kelganida xodimlar uni kutib turishgan edi.
Filonova o‘g‘lini qutqarish uchun uy qamog‘i shartlarini buzganlikda ayblanib tergov izolyatoriga qamaldi. Ba’zi do‘stlari Vovaga yana qishloqqa qaytishiga va Filonovaning eri uning amalda asrab oluvchi otasi bo‘lishiga yordam berishdi.
Garchi Natalya Vovaning qonuniy vasiysi bo‘lsa-da, eri yillar davomida tez-tez yordam berib turgan va hech kim e’tiroz bildirmagan. Ammo 2023 yil yanvarь oyida huquq-tartibot idoralari xodimlari kutilmaganda Vova muntazam davolanayotgan shifoxonaga borishdi. Uni olib ketishdi va yetimxonaga joylashtirishdi.
O‘sha kungacha Vova asrab olgan ota-onasidan hech ajralmagan edi. Filonova uning yonida bo‘lish uchun Ulan-Udedagi maxsus ehtiyojli bolalar maktabiga o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashgan edi.
"Ular meni azoblash uchun yagona yo‘l bolam orqali ekanligini bilishardi, – deydi Filonova. – Tergovchi menga ochiq aytdi: agar qo‘l qo‘yib, qilgan qilmishingga iqror bo‘lmasang, bolang yetimxonaga ketadi."

Surat manbasi, Family archive
"Har qanday to‘siqqa qaramay" gazetasi
Natalya Filonova 16 yil davomida bolalar bog‘chasida tarbiyachi bo‘lib ishlagan, ammo Gorbachyovning qayta qurish va oshkoralik davrida faol va jurnalist bo‘lishga qaror qilgan.
"Mamlakat qulashni boshlagan paytda, ichimda hamma narsa to‘satdan ag‘dar-to‘ntar bo‘lib ketdi. Qo‘limdan kelganini qilishga shoshildim. Umidim shunday ediki, agar jim turmasak, ommaviy qatag‘onlarga yo‘l qo‘ymasdan, kelajakdan umid qilishimiz mumkin bo‘lardi," deydi u.
U mahalliy gazeta uchun birinchi maqolasini 1991 yilda, SSSR parchalangan yili yozgan. Biroq ko‘p o‘tmay, sovet uslubidagi nazoratlar yana ommaviy axborot vositalariga kirib kela boshladi.
"2003 yilda shahar hokimi tahririyat a’zolarini to‘plab, bizga: «Agar biz bilan bir qayiqda qolishni istasangiz, uni chayqatishni xayolingizga ham keltirmang!» dedi". Filonova bunga e’tiroz bildirib, OAV qonunchiligi hurmat qilinishi, axborot siyosati shaffof bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Oxir-oqibat, u o‘z gazetasini nashr etishga qaror qildi. Uni "Har qanday to‘siqqa qaramay" deb atadi va tiraji 999 nusxa edi – bu davlat ro‘yxatidan o‘tmay ishlash mumkin bo‘lgan eng yuqori miqdor edi. U gazetasini moliyalashtirish uchun tun-kun ishladi, tungi qorovul, o‘t yoquvchi, farrosh bo‘lib ham ishladi.
Faol o‘z gazetasida ijtimoiy mavzularda maqolalar chop etardi – misol uchun u nogiron bolalar uyida ishlagan shifokorning maqolasini keltiradi. "U mening gazetamda bolalar uyi haqida maqola e’lon qildi: bolalarni bu tizimdan chiqarish o‘rniga, ular oddiy bolalarni, shunchaki pedagogik e’tiborsiz qolgan, ta’lim olmagan bolalarni nogiron sifatida rasmiylashtirishardi. Aslida shu yo‘l bilan, [ajratilgan pul mablag‘laridan] foydalanishardi," deydi u.
She’rlar ham chop etardi va bir kuni "Yagona Rossiya" haqida chastushkalar tanlovini e’lon qildi: "Bizning xalqimiz juda iste’dodli, turli chastushkalar yoza boshlashdi. Men bularning barchasini [mualliflarning] familiyalarini ko‘rsatmay nashr qildim."
"Menimcha, [gazeta nashr etish] hayotimning mazmuni edi, buni sog‘inch bilan eslayman, – deydi pensioner ayol. – Hokimiyat men bilan kurasha boshladi. Avvaliga seni payqashmaydi, keyin ustingdan kulishadi, so‘ngra shunchaki bostira boshlashadi, bu uzoq davom etadigan jarayon."
"O‘sha paytda bizni uch marta yoqib yuborishga urinishdi," deydi u o‘zining publitsistikasiga munosabat haqida bergan intervyusida. Yana bir marta uni bolasi bilan velosipedda ketayotganda mashina bilan urib yuborishga urinishgan.
1990-yillar o‘rtalarida Filonova Rossiya Kommunistik partiyasiga a’zo bo‘ldi, uch chaqiriqda tuman kengashi deputati bo‘ldi. "Meni norozilik namoyishlariga chiqib turganim uchun kompartiyadan chetlatishdi, Petrovsk-Zabaykalskdagi kommunistlar har doim mitinglarga chiqishdan qo‘rqishardi," deydi u "Xolod"ga. 2008 yilda "Birdamlik" harakatiga qo‘shildi.
Filonova "Har qanday to‘siqqa qarshi" gazetasini 2015 yilgacha nashr etdi, keyin Vova bilan Ulan-Udega ko‘chib o‘tish uchun uni yopdi – Buryatiya poytaxtidagi ta’lim va davolanish imkoniyatlari Petrovsk-Zabaykale o‘lkasidagi qishloqdan yaxshiroq edi. Eri qishloqda ularning kichik xo‘jaligini yuritish uchun qoldi.
"Kuzatishlarimga ko‘ra, o‘sha paytda Buryatiya men tug‘ilgan Zabaykale o‘lkasiga qaraganda bag‘rikengroq edi," deb eslaydi nafaqaxo‘r. U norozilik namoyishlariga chiqishda davom etdi. So‘nggi yillarda u Konstitutsiyaviy nollashtirishga qarshi yolg‘iz piketga chiqdi va Boris Nemtsov xotirasiga bag‘ishlangan, keyin esa 2021 yilda Aleksey Navalniyni qo‘llab-quvvatlash uchun aktsiyalarga chiqdi. "Bo‘ridan qo‘rqqan o‘rmonga kirmas, degan maqol bor. Konstitutsiyaga ko‘ra men ovoz berish huquqiga egaman. Fikrimni bildiriga haqliman. Nega menga buni taqiqlashlari kerak? Agar kurashmasak, umuman huquqimiz qolmaydi," deydi u intervyuda.

Surat manbasi, Sergey Tarasenko/baikal-daily
Deyarli har safar pensionerga miting o‘tkazish tartibini takroran buzgani uchun jarima solingan, 2021 yilda esa politsiya xodimi buyrug‘iga bo‘ysunmagani uchun ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
2022 yil aprel oyida Natalya Filonova avtobus haydovchisidan Z harfi yozilgan stikerni olib tashlashni so‘ragani uchun "armiyani obro‘sizlantirish" moddasi bo‘yicha 35 ming rubl miqdorida jarimaga tortilgan. Iltimosga javoban haydovchi barcha yo‘lovchilarni yo‘l o‘rtasida tushirib qo‘ydi, yo‘nalishni o‘zgartirdi va Filonovani avtobusda to‘g‘ri politsiya bo‘limiga olib bordi.
O‘shanda yo‘lovchilardan hech kim uni ovoz chiqarib qo‘llab-quvvatlamadi, ammo ular o‘z holatlari bilan qo‘llab-quvvatlayotganini his qildim, deb eslaydi u: "Mening bolamni ham tushirib qo‘yishdi. [Atrofdagilarning] sukut bilan qo‘llab-quvvatlashi shundan iborat ediki, avtobusda ketayotgan mutlaqo notanish odamlar uni uyiga olib borishdi. Bu shunday yashirin, sokin qo‘llab-quvvatlov edi."
2022 yilda politsiyachilarga hujum qilish bo‘yicha jinoyat ishi, Filonovaning aytishicha, ko‘plab qoidabuzarliklar bilan olib borilgan. Avvalo, uning jamoat himoyachisi – huquqshunos Nadejda Nizovkinani faolning oldiga qo‘yishmadi, uning advokat maqomiga ega emasligini (JPKga ko‘ra, sudda himoya qilish uchun bu shart emas) ro‘kach qilishgan, keyin esa Nizovkinani xuddi shu jinoyat ishi bo‘yicha guvohga aylantirishgan.
"Ona bolaga jim turmaslik, inson qadr-qimmatini himoya qilish kerakligini ko‘rsatdi"
2023 yil yanvarь oyida huquq-tartibot idoralari Vovani reabilitatsiyadan olib, Ulan-Udedan 300 kilometrdan ortiq va uning qishlog‘idan 500 kilometr uzoqlikka – Buryatiyaning Barguzin qishlog‘iga, "Zvezdniy" markaziga olib ketishdi.
"Bizning Rossiya tizimi bolalarni gavroshga aylantirishga moyil," deydi Filonova intervyuda (Gavrosh Viktor Gyugoning "Xo‘rlanganlar" romanidagi uysiz yetim qahramon – Bi-bi-si).
U o‘g‘li bilan bir marta telefonda gaplasha oldi. Qolgan vaqtda u xat yozardi. "Men uni qo‘llab-quvvatlashga va shu bilan birga, umuman olganda, hamma joyda odamlar borligiga, Vovani vaziyatga yengilroq qarashga undadim. Ehtimol, u buni oddiy nasihat sifatida qabul qilgandir," deydi faol va beixtiyor ko‘ziga yosh keladi.
2023 yil mart oyida Vova "Zvezdniy" direktoriga onasi bilan ko‘rishish uchun sudga olib borishni so‘radi. Yigit bu suhbatni uyali telefoniga yozib olgan ekan, keyinchalik audioni huquq himoyachisi Nadejda Nizovkina e’lon qildi.
"Onang nimani o‘ylagan? U biror ish qilishdan oldin o‘ziga emas, senga zarar yetkazishini tushunishi kerak edi-ku? <...> Nogiron bolasi bo‘lgani uchun qamashmaydi, deb o‘yladimi? Qamamasliklarini qayerdan biladi? Agar odam qonunni buzsa, qamashadi. Huquqiy davlat shuning uchun bor-da. Shamolga qarshi siyish – buni qanday tushunish kerak?" deydi suhbatdosh yozuvda.
Buryat jamoatchilik nazorat komissiyasi tarkibida bir jurnalist ham kelgan ekan. "U menga: qanaqa onasiz, bu nima bilan tugashini bilardingiz-ku, shunga qaramay maydonga chiqqansiz, – deydi Filonova. – Men unga javob berdim: noto‘g‘ri o‘ylayapsiz, aslida hokimiyatdan so‘rashingiz kerak, nega o‘z fikrini bildirgan odamdan bolasini tortib olishganini. Ona o‘z bolasini tashlab ketgani yo‘q, shunchaki bolasiga jim turmaslik, inson qadr-qimmatini himoya qilish kerakligini, oqim bo‘ylab emas, balki kurashish kerakligini ko‘rsatdi."
Filonova "Zvezdniy" direktori bilan o‘zi bog‘lanishga uringan. "Men hatto unga qo‘ng‘iroq qilishga, iltimos qilishga, shaxsan unga xat yozishga harakat qildim. Bu xatlarga u emas, tarbiyachilar javob berdi." Shundan so‘ng u Vovaning ahvoli qandayligini bilish uchun tarbiyachilar bilan yozishma olib bordi.
Faolning aytishicha, aynan tarbiyachilar va to‘garak rahbarlarini Vova yaxshi so‘zlar bilan eslaydi. "Shunday bo‘lsa-da, bolalar uyi xodimlariga minnatdorlik bildirmoqchiman. Ular o‘z ishlarini halol bajarishdi. Direktordan boshqa odamlarga e’tirozim yo‘q. Vova: oyi, men u yerga mehmonga borib, tarbiyachilarimni ko‘rmoqchiman, deyapti, – deydi Filonova. – Men, albatta, birga boramiz, nega bormas ekanmiz? Albatta boramiz, deyapman."
Vova Barguzinda bir yarim yil – 2024 yil iyunigacha, to‘qqiz sinfni tugatib, voyaga yetgunga qadar qoldi. "Keyin uni olib kelib, erimga topshirishdi," deya aniqlik kiritadi Filonova va o‘g‘lini oiladan ajratib olish mutlaqo o‘zboshimchalik bo‘lganini yana bir bor ta’kidlaydi.

Surat manbasi, baikal-journal.ru
"Qanday asosga ko‘ra siz bizni molga aylantiryapsizlar?"
2023 yil avgustida Filonova real muddatga – ikki yil-u o‘n oylik koloniyaga hukm qilindi.
Irkutsk viloyatining Bozoy shahridagi koloniyada u hokimiyat vakillariga hujum qilishga moyil va ekstremistik fikrlovchi shaxs sifatida darhol ikkita maxsus hisobga qo‘yildi.
"Nega meni ta’qib qilishdi? Ular nomaqbul harakat uchun jazolanmasliklarini bilganlari uchun menga shunday qilishyapti. Men buni tushunib turibman," deydi u.
Uni uch marta ShIZO (jazo izolyatori)ga joylashtirishgan. "Ular hamma narsani har qanday bahona bilan taqiqlay olishadi. Birga choy ichib, ob-havoni muhokama qilsangiz, farzandlaringiz haqida gaplashsangiz, teleko‘rsatuvlar, kitoblarni muhokama qilsangiz, bu qiziqishlar bo‘yicha birlashish, bu esa mumkin emas," deydi u.
"Qanday asosga ko‘ra siz bizni molga aylantiryapsiz, insoniy qadr-qimmatimizni toptayapsiz? – bir gal so‘radi Filonova qamoqxona boshlig‘idan. – Mana shuning uchun meni "nomaqbul so‘zlar aytdi" degan bahona bilan [ShIZOga jo‘natishdi]. Men bu oddiy adabiy so‘z-ku, deya e’tiroz bildirmoqchi bo‘ldim."
Ahvol absurd darajaga yetdi: Filonovaga, jumladan, Pushkin va Odoevskiy she’rlaridan parchalar o‘qigani uchun qamoqxona kutubxonasidan foydalanish taqiqlandi. "Men "Sibir konlari qa’rida" she’rini va Odoevskiyning javobini o‘qidim: "Ilhomli torlarning otash ovozi qulog‘imizga chalindi, qo‘llar qilichga uzandi, ammo faqat kishanni topdi," deydi u.
"Umumiy rejimda yarim yil chidadim, lekin meni izolyatsiya qilish bo‘yicha koloniya ma’muriyati oldiga qo‘yilgan maqsadni bajarish uchun rosa harakat qildi," deydi faol. Uni qattiq rejimda saqlash bo‘limiga o‘tkazishgan, keyinchalik kamera tipidagi xonaga, bir kishilik kameraga o‘tkazishgan – bu yanada og‘irroq jazo. Kameraga qamalganida, Filonova ochlik e’lon qildi. Qandli diabet bo‘lgani uchun qondagi qandi tushib ketdi va sog‘lig‘i keskin yomonlashdi.
2024 yil mart oyida Filonova Putinga afv so‘rab ariza yozishdan bosh tortdi. Bunday qilish qiyin bo‘lmadimi, degan savolga u "juda oson, juda oson" deb javob beradi. "Men bunday insonparvarlik harakatlariga ishonmasdim, – deb tushuntiradi u. – Buning ustiga bu maxfiy kelishuv: sen ozodlikka chiqasan va bizga hech qanday da’vong bo‘lmaydi. Mening esa ularga da’vom bor va bu da’volarimni qo‘limdan kelganicha davom ettiraman."
Ko‘plab siyosiy mahbuslar singari, Filonova ham xatlar unga ruhan yordam berganini aytadi – unga tanishu notanish odamlar yozgan. Xatlarni esa yarim yilgacha ushlab turish mumkin edi, deydi faol: "Men prokuratura orqali bu xatlarni menga qaytarishlarini talab qilganman."
"Yuriy Shevchukdan shaxsan xat olganimdan faxrlana olaman, – deydi u jilmayib. – Unda otkritka va DTTning barcha a’zolari imzosi bor edi. Men juda baxtiyor, mamnun edim. To‘rt-besh betlik his-hayajonli xat yozdim. Yetib borgan-bormaganini bilmayman, lekin barcha sarguzashtlarimni batafsil yozib yubordim".

Surat manbasi, Oilaviy arxiv fotosi
"Doim yonimda bo‘lgan boladan ayrilish oqibati qanday bo‘ladi? Buni hali to‘liq anglab yetganim yo‘q".
2025 yil 4 martda ozodlikka chiqqach, Filonova Petrovsk-Zabaykalsk tumanidagi qishlog‘iga – eri, Vova va qo‘shni yashovchi singlisi oldiga qaytib keldi.
Filonova koloniyada ekanida, u afv so‘rashdan bosh tortganidan ko‘p o‘tmay, qishloqdagi xo‘jaliklariga to‘rtinchi marta o‘t qo‘yilgan. "Men aslida xarobalarga qaytib keldim. Katta bolalarim devorni, yonib ketgan binolarning tomini tiklashdi, lekin hali juda ko‘p ish qolgan".
Vova uch marta onasisiz tug‘ilgan kunini nishonladi.
"Albatta, uning bu voqealarga o‘z munosabati bor. U [mening ozod bo‘lganimdan] juda xursand edi, kelishimni va hammasi izga tushishini kutayotgan edi," deydi u yigitchaning bularni qanday boshdan kechirgani haqida.
"Doimo yonimda bo‘lgan boladan ayrilishning oqibati qanday bo‘ladi? Men buni hali to‘liq anglab yetganim yo‘q. Xulq-atvori, so‘zlarida ko‘ryapman [oqibatlarini], lekin bola mehribon, yaxshi," deya qo‘shimcha qiladi u.
O‘tgan uch yil ichida Barguzindagi "Zvezdniy" bolalar uyidan chiqqan 22 nafar yigit Ukrainadagi urushga jo‘nab ketdi.
Beshta o‘smir halok bo‘ldi. Ulardan biri atigi o‘n to‘qqiz yoshda edi.
"Mana shu o‘n to‘qqiz yoshli Fyodorni mening Vovkam o‘sha yerda ko‘rgan ekan, – deydi u suhbatda. – Men unga suratni ko‘rsatib so‘radim:
– Bu odam kim ekanini eslaysanmi?
– Ha, oyi, esimda, bu Fedya.
– Fedya endi yo‘q.
U yig‘lab yubordi".












