Putin yordamchisi "SSSR hali ham mavjud" dedi: O‘zbekistonlik deputat va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bunga nima dedi? Video

Surat manbasi, Getty Images
Shu kunlarda Rossiyaning "Agenstvo" Telegram kanalida chop etilgan, Rossiya prezidenti yordamchisining "SSSR hali ham mavjud" degan fikri jamoatchilik orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu bayonotga javoban, BBCning ijtimoiy tarmoqlarda chop etgan videosi internet foydalanuvchilarining eng ko‘p e’tiborini tortgan videolardan biriga aylandi va turli xil fikr-mulohazalarni keltirib chiqardi. Ayniqsa, O‘zbekistonlik deputati va jamoatchilik ushbu bayonotga faol munosabat bildirdi.
Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.
Oxiri YouTube post
Deputat Alisher Qodirovning javobi
Qalban rus dunyosiga taalluqli bo‘lganlar, hududi yetarlicha ko‘p bo‘lgan Rossiyada xotirjam va baxtli yashashlari kerak
O‘zbekiston Oliy Majlisi deputati, "Milliy tiklanish" partiyasi yetakchisi Alisher Qodirov o‘zining Facebook sahifasida rossiyalik rasmiyning gaplariga keskin munosabat bildirdi. Uning ta’kidlashicha, "O‘zbek xalqi 1990 yilda qabul qilingan 1409-I sonli SSSR qonunining 2-moddasiga muvofiq, SSSRdan ajralib chiqishga qaror qilgan va kim istasa, istaganicha muhokama qilishi mumkin, bu qaror to‘g‘ri va o‘zgarmas!" Deputat, shuningdek, Rossiyaga o‘z ichki muammolarini hal qilishni maslahat berib, "Rossiya esa shamollaganlar va xayolparastlaridan tezroq qutilishi kerak. Bu dard gazak olib, tobora og‘ir oqibatlardan darak bermoqda," deya fikr bildirdi.
Qodirovning so‘zlariga ko‘ra, "Ukraina egoist, tarqoq va zaif G‘arbga tayanib xato qildi, lekin bir-biriga tayanayotgan Markaziy Osiyo, qolaversa, butun turkiy dunyoni hisobga olmaganlar xato qiladi." Uning fikricha, mintaqa xalqlari o‘zaro hamkorlikka tayanib, mustahkam poydevor qurishlari lozim. Shu bilan birga, deputat Rossiya Prezidentining fikrini qo‘llab-quvvatlab, "qalban rus dunyosiga taalluqli bo‘lganlar, hududi yetarlicha ko‘p bo‘lgan Rossiyada xotirjam va baxtli yashashlari kerak," deb yozgan. Bu bayonot, o‘z navbatida, o‘zbek jamiyatidagi turli nuqtai nazarlarni aks ettirgan holda, ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi aks-sado: xavotirlar, afsuslar va milliy g‘urur
Deputat Qodirovning postiga bildirilgan izohlar, Rossiya rasmiysining bayonoti va umumiy mintaqaviy vaziyatga nisbatan O‘zbekiston jamoatchiligining turli qarashlarini yaqqol ko‘rsatdi.
Mardon Aslonov ismli kuzatuvchi o‘z xavotirini quyidagicha ifodalagan: "Putin dobro bermasa, bunaqa tahlikali vaziyatda bunday fikr aytilmaydi. So‘z erkinligi hozir nazorat qilinayotgan Rossiyada hech qanday fikr tasodif bo‘lmaydi. Bu fikr albatta Putinni shaxsan tashabbusi sanaladi. Tarqoq va zaif bo‘lsa-da Yevropa siyosatchilari aytgan edi, agar Ukrainada ruslar g‘alaba qozonsa, navbat boshqa MDHga yetadi, deb. Mana shu kunlar yaqinlashmoqda."
Bu izoh Rossiyaning hozirgi siyosiy holatida bunday bayonotlarning oddiy tasodif emasligi va mintaqa davlatlari uchun potentsial xavflarni izoh etishga qaratilgan.
Boshqa bir foydalanuvchi, Sharofiddin Sharif, O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga urg‘u bergan: "Albatta bu fikrlar to‘g‘ri. O‘zbekiston birinchi navbatda Markaziy Osiyoga, so‘ngra Turkiy dunyoga tayanishi kerak. Hatto mamlakatimiz tashqi masalasida Markaziy Osiyo ustuvor ekanligi bir qator hujjatlarimizda keltirib o‘tilgan."
Sevara Jumaeva ismli kuzatuvchi esa xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi muhimligini ta’kidlab, Ukraina misoliga ishora qildi: "Haqiqatdan ham har bir xalq o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega! Ukraina ogohlantiruvchi misol – G‘arbga suyanish bilan mustahkam poydevor qurib bo‘lmaydi!"
BBC ning Facebook sahifasida video ostidagi izohlarda turli nuqtai nazarlar va xavotirlar yaqqol namoyon bo‘ldi:
Bilolhon Akram bu bayonotni shunchaki "oddiy DA'VO emas, bu URUSh ochish uchun BAXONA," deb baholadi va "Ukrainadan keyingisi, shu DA'VO bilan bo‘ladi, bu QOZOG‘ISTON bo‘lishi mumkin. TURON QURILMAS EKAN, TINChLIKKA KAFOLAT YO‘Q," deya jiddiy ogohlantirish berdi. Bunday fikrdan Rossiyaning imperialistik intilishlari borasidagi chuqur xavotirlarni kuzatish mumkin.
Bu esa ko‘pchilikning realistik va mustaqillikni qadrlaydigan qarashlarini ko‘rsatadi.
SNG davlatlari Hukumatlari o‘z xalqini moddiy va ma’naviy himoya qilishni xohlamasa, SSSR tizimiga qaytguvchilar soni ortib boraveradi
Biroq, iqtisodiy qiyinchiliklar fonida ayrimlar orasida boshqacha qarashlar ham mavjud. Akbar Mamazokirov "SNG davlatlari Hukumatlari o‘z xalqini moddiy va ma’naviy himoya qilishni xohlamasa, SSSR tizimiga qaytguvchilar soni ortib boraveradi," deya ijtimoiy-iqtisodiy muammolar mavzuni qayta ko‘tarishga turtki bo‘lishi mumkinligini bildirdi. Shu bilan birga, Ulug‘bek Ataev, o‘z nazdicha, "mustaqillik nomiga bo‘lib qolganiga" ishora qilib, "undan ham battar [ahvol]... negaki, Rossiyaga quldaymiz, har yil qanchadan qancha vatandoshlarimiz Rossiyaga, Qozog‘istonga ketib ishlashga majbur bo‘lishyapti," deya iqtisodiy mustaqillikning yetishmasligidan noliydi.
Bunga javoban ayrimlar Rossiyaning intilishlarini keskin qoralab, "shovinist Sho‘raviylar davlatini qo‘msabdimi?", qabilidagi savollarni ham qo‘yishgan.
Xuddi shu mavzu va komentlar manzarasida mustaqillikni himoya qilishga chaqiriqlar ham yangragan. Boburxon Xodjialimov agar shunday vaziyat yuzaga kelsa, "mustaqillikni qurol bilan himoya qilish kerak bo‘ladi," deb ta’kidlagan. Abdimalik Tashpulatov esa "Rossiyaga ishonch yo‘q. Rossiya strategiyasi SSSRni tiklash... O‘zbekiston Amerika harbiy bazasini qo‘yish lozim. Putinga ishonch yo‘q, urushga tayyorgarlik ko‘rish kerak," deya yanada keskinroq choralar ko‘rishni taklif qilgan.
Tulboy Saparboevning fikricha, "SSSR hali ham mavjud. Rossiya faqat undiriradi, mas’uliyat yo‘q, javob bermaydi, qaramlik mavjud," bu esa mustaqil davlatlarning Rossiyaga qaramligini va uning majburiyatlardan qochishini anglatadi.
Agabek Mamedovning so‘zlari ham e’tiborga molik: "To‘g‘ri xulosa, SSSR hali ham mavjud va bunga dalil 9 may kuni Putinning oldiga hammaning tashrifi... Nima shu bayramni hamma davlat o‘zi alohida Moskvaga bormasdan nishonlasa bo‘lmas ekanmi, Vatan urushida bitta ruslar ishtirok qilishganmi, bitta ruslar g‘alaba qilganmi, qani mantiq bunda?..". Bu izoh Rossiyaning o‘z ta’sirini saqlab qolish intilishlariga qarshi bo‘lgan keng tarqalgan norozilikni aks ettiradi.
Nihoyat, Hazratkul Hazratkul va Qadirbergan Sapaev ham o‘z komentlarida Rossiyaning eski Ittifoqdagi "katta og‘a" bo‘lish intilishlariga qarshi chiqishgan, Rossiya bilan munosabatlardagi iqtisodiy qiyinchiliklarga ishora qilganlar.












