Geteroseksual degan narsani odamlar nega va qanday o‘ylab topdilar?

Ayol va erkak

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Brendon Ambrosino
    • Role, BBC Future
  • O'qilish vaqti: 9 daq

BBC Future tahlilchisi yozishicha, "gomoseksual" va "geteroseksual" degan tushunchalar ijtimoiy tushunchalardir va kelajakda bu kabi atamalarga ehtiyoj bo‘lmasligi mumkin.

Yuz yil avvalgi geteroseksuallik tushunchasi bugungi talqindan ancha farq qilgan.

Bu atama borasida tasavvurlarimizdagi o‘zgarishlar gender moyilliklarini aniqlashga oid zamonaviy izlanishlar haqida ham ko‘p narsalarni aytib beradi.

Aloqador mavzular

1901-yilgi Dorland tibbiyot lug‘atida geteroseksuallik "qarama-qarshi jinsga nisbatan g‘ayritabiiy yoki buzuq intilish" deb ta’riflangan. Oradan yigirma yil o‘tib, 1923 yilda Merriam-Webster lug‘ati bu ma’noni biroz toraytiradi: "qarama-qarshi jinsdagi shaxsga nisbatan kasallik darajasidagi jinsiy ehtiros."

Faqat 1934 yilgacha geteroseksuallik biz bugun tushunadigan shaklda – "qarama-qarshi jinsdagi shaxsga jinsiy istakning namoyon bo‘lishi; normal jinsiy yo‘nalish" sifatida ta’riflana boshlagan.

"Har safar bu haqda gapirsam, odamlar menga ishonmaydi. «Bunday bo‘lishi mumkin emas!» deyishadi", deydi muallif. Chunki geteroseksuallik madaniyatimizda har doim bo‘lgan, degan tasavvur chuqur o‘rnashgan.

Bir necha yil oldin internetda ijtimoiy so‘rov aks etgan video tarqaldi, unda yo‘lovchilardan "Gomoseksuallik tug‘ma xususiyatmi?" deb so‘raladi. Javoblar turlicha bo‘ldi, lekin ko‘pchilik bu holat tug‘ma va tarbiya aralashmasi, deb hisoblashini bildirdi. So‘ng esa hal qiluvchi savol berildi: "Qachon geteroseksual bo‘lishga qaror qildingiz?"

Odamlar ushbu savol bilan o‘zlarining noxolis yondashuvlarini payqashdi va muxbirning nuqtai nazariga qo‘shilishdi: demak, gomoseksual yo‘nalish ham geteroseksuallik kabi tug‘ma bo‘lishi mumkin.

Tajribadan ko‘rinib turibdiki, ishtirokchilar ham, mualliflar ham istalgan jinsiy yo‘nalishni oddiy, izoh talab qilmaydigan holat deb qabul qildilar.

Keksa er va xotin

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Geteroseksual munosabatlar dunyoning o‘zidek qadimiy, ammo "geteroseksuallik" degan tushunchani yaqinda o‘ylab topganlar

Gomoseksual o‘zlikning ijtimoiy konstrukt sifatidagi tabiati haqida ko‘plab ilmiy va ommaviy asarlar yozilgan. Gomoseksualizm tushunchasi insoniyat tarixining ma’lum bosqichida madaniyatga kirib kelganini ko‘pchilik tan oladi.

Ammo geteroseksuallik tushunchasi ham xuddi shunday sun’iy paydo bo‘lganini ko‘pchilik bilmaydi yoki tan olmaydi. Bunga ko‘plab omillar, jumladan, diniy stereotiplar va gomofobik qarashlar sabab bo‘lgan.

Aslida, "geteroseksuallik" tushunchasining kelib chiqishi haqida nega hech o‘ylab ko‘rmaganmiz? Chunki bu hodisa biz uchun "tabiiy" sanaladi. U har doim mavjud bo‘lgan, "o‘z-o‘zidan" bor narsadek tuyuladi. Odamlar tabiiy deb hisoblagan narsani kamdan-kam shubha ostiga olishadi.

Ammo geteroseksuallik har doim mavjud bo‘lmagan. U madaniyatda doimiy saqlanib qoladi, deb hisoblash uchun hech qanday asos yo‘q.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Geteroseksuallik norma bo‘lmagan davrlar

Geteroseksuallik tushunchasining ijtimoiy konstrukt sifatidagi sun’iyligiga qarshi ko‘p hollarda avlod qoldirish haqidagi dalil keltiriladi. Axir, qarama-qarshi jinslar o‘rtasidagi jinsiy aloqa azaldan mavjud-ku? Aks holda, bugungi avlod qanday dunyoga kelgan bo‘lardi?

Ammo bu dalil geteroseksuallikni reproduktiv jinsiy aloqa bilan aynanlashtiradi. Bu esa noto‘g‘ri.

"Jinsiy aloqa tarixga ega emas, – deb yozadi Michigan shtati universiteti olimi, noan’anaviy jinsiy mayllar bo‘yicha tadqiqotchi Devid Halperin. – Chunki u organizmning biologik funktsiyasidir."

Seksuallik esa madaniyat mahsuli bo‘lib, tarixga ega. Boshqacha aytganda, seks barcha hayvon turlariga xos biologik holat. Ammo qanday jinsiy aktlar nomlanadi, qanday mayllar ajratiladi – bu madaniy va tarixiy hodisadir va albatta, u o‘rganilishi mumkin va kerak.

Jinsiy instinktlar hayvonot dunyosining ko‘p turlarida mavjud (va bu seksdir). Ammo bir paytda odamlar bu instinktlarni anglay boshladilar, ularni tushuntirishga va nomlashga urindilar (bu esa seksuallikdir). Biz "geteroseksual" deganda, aynan shuni – madaniy yondashuvni nazarda tutamiz.

Oskar Uayld

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Mashhur shoir va dramaturg Oskar Uayld axloqsiz munosabatlarda aybdor deb topilgan sud ishi gomoseksuallik tushunchasi keng yoyilishiga turtki bo‘lgan

"1868 yilga kelib, na geteroseksuallar, na gomoseksuallar bor edi, – deydi Geteroseksuallikning qisqa tarixi nomli tadqiqot muallifi Hanna Blank. – O‘sha davr odamlariga bir-birini jinsiy munosabatlar turi yoki xohishlariga qarab tavsiflash xayolga ham kelmasdi."

Albatta, ayrim jinsiy xatti-harakatlar taqiqlangan, nomaqbul deb topilgan. Ammo diqqat asosan insonning o‘ziga emas, balki harakatning o‘ziga qaratilgan edi.

Xo‘sh, nima o‘zgardi? Til.

1868 yilda venger jurnalisti Karl Mariya Kertbeni jinsiy tajribalarni tavsiflash uchun to‘rtta yangi atama taklif qiladi: geteroseksual, gomoseksual, va hozir unutilgan yana ikkitasi – "monoseksual" (masturbatsiya) va "geterogenital" (hayvonlar bilan aloqani bildiruvchi).

Shunga qaramay, "geteroseksual" so‘zi matbuotda ilk bor faqat 1880 yilda uchraydi. 1889 yilda esa bu so‘z Psychopathia Sexualis nomli jinsiy buzilishlar katalogiga kiritiladi.

Ushbu katalogning ingliz tilidagi tarjimasi AQShda 1993 yilgacha nashr etilmagan. Deyarli 500 sahifalik bu asarda "geteroseksual" so‘zi atigi 24 marta tilga olingan – va hatto indeksda ham qayd etilmagan.

Ehtimol, bu psixiatr Richard fon Kraft-Ebing o‘z risolasida "normal" jinsiy moyillikdan ko‘ra jinsiy og‘ishlarga ko‘proq e’tibor qaratgani bilan bog‘liqdir.

Shuni ta’kidlash kerakki, "normal" degan atama tarix davomida ko‘p hollarda noto‘g‘ri qo‘llangan. Masalan, bir paytlar quldorlik yoki Koinotning geotsentrik modeli ham butunlay "normal" deb hisoblangan.

vengr jurnalisti va jamoat arbobi Karl Mariya Kertbeni

Surat manbasi, Wikimedia Commons

Surat tagso‘zi, "Geteroseksual" terminini vengr jurnalisti va jamoat arbobi Karl Mariya Kertbeni o‘ylab topgan

Jinsiy aloqaning getero va gomoseksual shakllarga ajratilishidan ancha oldin G‘arb dunyosida bunday munosabatlarga boshqa mezon asosida yondashilgan: ular farzand ko‘rish bilan bog‘liqmi yoki yo‘q – mana shu savol asos bo‘lgan.

Masalan, Bibliyada masturbatsiya qoralanadi, xuddi shunday bir jins vakillari o‘rtasidagi munosabatlar ham tanqid qilinadi – bu urug‘ (ya’ni hayotbaxsh kuch)ni behuda sarflash deb qaralgan.

Garchi bu g‘oya katolik cherkovi va boshqa xristian yo‘nalishlari tomonidan faol ilgari surilgan bo‘lsa-da, u aslida yahudiy yoki xristian matnlaridan emas, balki stoiklar falsafasidan olingan.

Stoiklar fikricha, inson ichki osoyishtalikka erishish uchun o‘z his-tuyg‘ulari va istaklarini, shu jumladan jinsiy mayllarini jilovlashi lozim. Ular jinsiy aloqani faqat nasl qoldirish vositasi sifatida qabul qilishgan.

Aftidan, ilk nasroniy ilohiyotchilar aynan mana shu nikoh-reproduktiv munosabatlar g‘oyasini o‘zlashtirgan va Avliyo Avgustin davridan boshlab nasl qoldirish maqsadida qilinadigan jinsiy aloqa yagona "normal" harakat sifatida qarala boshlagan.

Richard fon Kraft-Ebing ham seksuallikka shu kabi yondashgan, ammo u nasl qoldirish instinkti anglanmagan shaklda bo‘ladi, deb hisoblagan.

Bu orqali u yangi me’yor – jinsiy qoniqish tushunchasi shakllanishi mumkin bo‘lgan maydonni ochadi.

Reproduktiv instinktdan erotik xohishga o‘tish – zamonaviy G‘arb tafakkurida seksuallik va jinsiy mayl haqidagi qarashlarni tubdan o‘zgartirgan inqilobiy burilishdir.

Rodenning "Bo‘sa" haykali tomoshasi

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Jinsiy mayl tushunchasini bola tug‘dirish funktsiyasidan ajratib qarashni faqat XX asr boshlaridan boshladilar(rasmda haykaltarosh Rodenning "Bo‘sa" haykali)

Bugungi kunda geteroseksuallik tushunchasi haqida o‘ylaganimizda, ko‘pchilikda quyidagicha stsenariy ko‘z oldiga keladi:

Billi qizlarga nisbatan qiziqishini bolaligidanoq sezadi. Bir kuni u erotik istagini Syuziga qaratadi, ular uchrasha boshlashadi, bir-birini sevib qolishadi va jinsiy munosabat orqali o‘z istaklarini ro‘yobga chiqarishadi. Ular uzoq va baxtli umr kechiradilar.

Ammo Kraft-Ebingning tadqiqotlari bo‘lmaganida, bu stsenariy hech qachon "normal" deb hisoblanmasligi mumkin edi.

Jinsiy instinktni erotik istak boshqarishini anglash – seksuallik haqidagi tasavvurlarda inqilob yasadi va aynan shu jarayon geteroseksuallikning 1923 yildagi "patologiya" maqomidan 1934 yildagi "me’yor" maqomiga o‘tishiga zamin yaratdi.

Katta shaharda seks

G‘oyalar va so‘zlar ko‘pincha o‘z zamonasining mahsulidir. Hanna Blank ta’kidlaganidek, geteroseksuallik tushunchasi o‘rta sinfning shakllanishi bilan birga rivojlandi.

XIX asr oxirida Yevropa va Shimoliy Amerikadagi shaharlarda aholining keskin o‘sishi kuzatildi. Megapolislarga ko‘chib kelgan odamlar bilan birga "jinsiy buzuqliklar" ham kengaya boshladi, deb hisoblangan – masalan, fohishabozlik, bir jinslilar orasidagi munosabatlar va hokazo.

Hamma bir-birini taniydigan qishloq va kichik jamoalarda bunday hatti-harakatlarni kuzatib borish osonroq edi. Mish-mishlar kuchli nazorat vositasi bo‘lib xizmat qilardi.

Ammo shaharlardagi noma’lumlik muhitida "axloqsiz" jinsiy hatti-harakatlar ko‘paygani haqida xavotirlar ortdi.

Dinning jamiyat hayotidagi avvalgi kuchi zaiflashgani sabab, yangi nazorat vositasi zarur bo‘ldi.

Tez o‘sib borayotgan o‘rta sinf endi normal jinsiylikdan (ya’ni geteroseksuallikdan) og‘ishlarni diniy ma’noda "gunoh" deb qaramay qo‘ydi.

Shunday qilib, "axloqiy tanazzul" degan tushuncha paydo bo‘ldi.

19 asrdagi London

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Katta shaharlardagi anonimlik "axloqsiz" jinsiy xulq-atvor urchishiga olib keldi

O‘sha paytda bu – inson sha’niga beriladigan eng salbiy baholardan biri edi. "Tanazzul" – ijtimoiy darvinizm g‘oyasining aksi sifatida talqin qilina boshladi.

Agar nasl qoldirishga yo‘naltirilgan jinsiy aloqa turlar evolyutsiyasi va yashab qolishining asosi bo‘lsa, undan og‘ish jamiyatga xavf tug‘diruvchi omilga aylantirildi.

Yaxshiyamki, o‘sha davr olimlari fikricha, bunday og‘ishlar erta aniqlansa, tuzatish mumkin edi.

Kraft-Ebing nazarida "jinsiy og‘ish" bir necha bosqichda shakllanar, birinchi bosqichda esa u davolanishi mumkin bo‘lardi.

Kraft-Ebing asarlari bilan asosan mutaxassislar tanish edi, ammo seksuallik haqida keng jamoatchilikka birinchi bo‘lib ma’lumot bergan shaxs – Zigmund Freyd bo‘ldi.

Avstriyalik psixoanalitikning qat’iy ishonishicha, geteroseksuallar tug‘ilmaydi – ular shakllanadi.

Freyd uchun geteroseksuallik – bolalikda bosib o‘tilgan barcha rivojlanish bosqichlarining natijasi edi.

Uning fikricha, geteroseksual "normallik"ga yo‘l intsest istagidir (ya’ni bolaning qarama-qarshi jinsdagi ota-onasiga moyilligi) va bu raqibni (ya’ni o‘z otasi yoki onasini) "yo‘q qilish" istagi orqali kechadi.

Freydning tasavvurida geteroseksuallik shakllanishi og‘riqli va tashvishli jarayon edi.

Issledovaniya Alfreda Kinsi (v sentre) podtverdili suщestvovanie kategoriy gomoseksualnogo i geteroseksualnogo povedeniya

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Alfred Kinsi(markazda) o‘tkazgan tadqiqotlar gomoseksual va geteroseksual xulq-atvor kategoriyalari mavjudligini isbotladi

Biroq Edip kompleksi nazariyasi jamiyatga ma’qul keldi. Jamiyat unga o‘ziga mos, ilmiy asosli "norma" tushunchasini taqdim etdi va bu g‘oyani mamnuniyat bilan qabul qildi.

1948 yilda amerikalik seksolog Alfred Kinsi o‘zining "Erkakning jinsiy xulq-atvori" nomli tadqiqotida erkak seksualligini noldan (faqat geteroseksual) oltigacha (faqat gomoseksual) bo‘lgan shkala asosida tasniflab berdi.

Ko‘p yillik kuzatuvlar va so‘rovlar asosida u "erkaklarning aksariyati hayotida kamida bir marta gomoseksual tajribaga ega bo‘lgan", degan xulosaga keldi.

Kinsi ilk bor gomo- va geteroseksuallik toifalari o‘rtasidagi chegaralar noaniq bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, baribir bu ikki qutbli tuzilmani – inson seksualligining ikki yo‘nalishga bo‘linishini qat’iy tasdiqlagan edi.

Geteroseksuallik kelajagi

Bu ikki qutbli yondashuv bugungi kungacha saqlanib qolgan. 1984 yilda nashr etilgan "Gomoseksuallikni biologik o‘rganish" kitobi muallifi Uendell Rikkets shunday yozgan edi:

"Nima uchun biz geteroseksuallar va gomoseksuallarni farqlashimiz kerakligini hech kim aniq bilmaydi. Aftidan, bunday farq borligiga ishonchimiz komil bo‘lgani uchun u mavjud deb hisoblaymiz."

Bu bo‘linish tabiatning abadiy, o‘zgarmas haqiqatidek tuyulishi mumkin. Ammo aslida bu – insoniyat seks biz uchun nimani anglatishini anglay boshlaganidan keyin vujudga kelgan tushunchalardir. Bu – ijtimoiy konstrukt.

Har qanday frantsuz faylasufi yoki Lego to‘plamiga ega bola aytib berishi mumkin: biror narsa qurilgan bo‘lsa, uni qayta qurish ham mumkin.

Agar o‘tmishda geteroseksuallik tushunchasi bo‘lmagan bo‘lsa, demak, kelajakda ham uning mavjudligi shart emas.

Pisatel Djeyms Bolduin

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Yozuvchi Jeyms Bolduin odamlarni "geylar" va "geteroseksuallar"ga ajratishdan voz kechgan. Bunday "ajratish asossiz" degan.

Yaqinda "Gey bo‘lmaganlar" tadqiqoti muallifi Jeyn Uorddan olingan bir iqtibos meni chuqur o‘ylantirdi. Seksuallik va jinsiy moyillikning kelajagiga bag‘ishlangan maqolam uchun intervyu bergan paytda u mendan shunday deb so‘radi:

"Nega odamlar ovqat ta’mini his etish qobiliyatini o‘stirgani kabi, o‘zlarining jinsiy istaklarini ham o‘stira olishi mumkinligi haqida o‘ylamaydilar?"

Jinsiy mayllarning moslashuvchan va o‘zgaruvchan bo‘lishi g‘oyasi ba’zilar uchun xavotirli tuyulishi mumkin, ammo zamonaviy ilmiy tadqiqotlar jinsiy moyillik tug‘ma degan nazariyani tobora rad etmoqda.

Ilm-fan hali gomoseksual xulq-atvor sabablarini to‘liq aniqlay olgani yo‘q, biroq bir narsa aniq: hech qanday "gomoseksual gen" mavjud emas.

Shaxsan men jinsiy istaklar boshqa barcha istaklarimiz kabi – butun hayot davomida shakllanib, o‘zgarib boradi, deb hisoblayman. Bu o‘zgarishlar yangi shaxsiyatlarning paydo bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin.

Agar shunday bo‘lsa, Jeyn Uordning jinsiy istaklarni rivojlantirish mumkinligi haqidagi g‘oyasi juda mantiqli ko‘rinadi. Ammo u savolni ochiq qoldiradi:

Nega biz o‘z seksualligimiz ustidan nazorat o‘rnatish g‘oyasidan bunchalik noqulaylik his qilamiz? Nega gomoseksuallik va geteroseksuallikni tabiatning abadiy, o‘zgarmas haqiqatlari deb qabul qilishga intilamiz?

Bir paytlar geteroseksuallik g‘oyasi zarur edi – odamlar kim ekanliklarini, nima uchun shunday ekanliklarini anglashlari va o‘z shaxsiyatlarini himoya qilishlari uchun.

Ammo vaqt o‘tishi bilan bu tushuncha sekin-asta bizning istaklarimiz, sevgimiz va tashvishlarimizni ifodalash imkoniyatlarimizni cheklovchi yorliqqa aylandi.

Ehtimol, shuning uchun ham yaqinda o‘tkazilgan bir so‘rovda 18–24 yosh oralig‘idagi britaniyaliklarning yarmidan ko‘pi o‘zlarini 100 foiz geteroseksual deb hisoblamasliklarini bildirgan.

Bu ularning doimiy ravishda biseksual yoki gomoseksual aloqalarda bo‘lishlarini anglatmaydi. Aksincha, ular shunchaki XX asr odamlari kabi "geteroseksuallik" degan tushunchaga ehtiyoj seza olmayapti.

Odamning biologik tabiatida nima "tug‘ma" va nima "tarbiya" ekanligini muhokama qilishdan nima naf? Axir biz insoniyat sifatida qadrlaydigan ko‘p narsa – tibbiyot, san’at – butunlay "notabiiy".

Ayni paytda biz kasallik, o‘lim kabi juda tabiiy hodisalarni yomon ko‘ramiz. Demak, biz "tabiiylik"ni qanday tushunish haqida o‘zimiz qaror qilamiz. Ya’ni, tabiat mezoni – inson ongidir.

Aslida tabiat bizdan mustaqil ravishda "qaerdadir" mavjud emas. Biz uni har doim ichki pozitsiyadan, ya’ni sub’ektiv tarzda anglaymiz.

Yer tarixining hozirgi bosqichigacha inson zoti faqat qarama-qarshi jins vakillari o‘rtasidagi ko‘payish orqali yashab kelgan. 100 yil avval bu haqiqat jamiyatda alohida qadrlangan: odamlar o‘z turini saqlab qolish haqida qayg‘urgan, shuning uchun ana shunday munosabatlarni rag‘batlantirgan.

Ammo dunyo keskin o‘zgarayapti. Implantatsiyadan oldingi genetik tashxis va sun’iy urug‘lantirish (EKU) kabi yordamchi reproduktiv texnologiyalar tobora rivojlanib, takomillashmoqda.

EKU yordamida tug‘ilgan ilk inson o‘tgan yili 34 yoshga to‘ldi. 2013 yilda 63 mingdan ortiq bola aynan EKU orqali homiladorlik yo‘li bilan dunyoga kelgan.

Bugunga kelib, ushbu texnologiyalar yordamida dunyoda 5 milliondan ortiq bola tug‘ilgan. To‘g‘ri, bu global miqyosda hali kichik raqam, ammo har qanday texnologik yutuqning boshlang‘ich bosqichida statistik ko‘rsatkichlar uning asl ahamiyatini to‘liq ifodalay olmaydi.

Ijtimoiy jihatdan ham geteroseksuallik ilgarigi markaziy mavqeini yo‘qotmoqda. Agar ilgari gomoseksual munosabatlar janjal va shov-shuvlarga sabab bo‘lib kelgan bo‘lsa, bugun e’tibor ko‘proq an’anaviy yo‘nalishdagi siyosatchilar yoki mashhurlar ishtirokidagi romantik mojarolarga qaratilmoqda.

Ommaviy madaniyat muvaffaqiyatsiz sevgi hikoyalari va nikohlar haqidagi voqealarga to‘la. Ajrim darajasining yuqoriligi va munosabatlardagi beqarorlik esa shuni ko‘rsatadiki, geteroseksual juftliklar ham gomoseksual juftliklar kabi (hatto ehtimol, undan ham ko‘proq) murakkabliklarga duch kelmoqda.

Geteroseksuallik va gomoseksuallik o‘rtasidagi chegara tobora xiralashmoqda. Kinsi bundan deyarli bir asr oldin bu bo‘linish insoniyat tomonidan yaratilgan, ya’ni ijtimoiy konstrukt ekanini aytgan edi. Bugun bu tushunchaning o‘zi ancha eskirib ulgurgan.

Albatta, insoniyat yo‘q bo‘lib ketmaguncha, erkak va ayol o‘rtasidagi jinsiy munosabatlar mavjud bo‘lib qolaveradi. Biroq geteroseksuallik – ijtimoiy yorliq, hayot tarzi yoki shaxsiy o‘zlik sifatida undan ancha ilgari tarix sahnasidan tushib ketishi mumkin.