Angliya fermalariga kelayotgan migrantlarni qanday qiyin ahvolga solishmoqda?

Xuliya Kekano Kasimiro qo‘lida "Biz adolat istaymiz" yozuvini ushlab turipti

Surat manbasi, United Voices of the World

Surat tagso‘zi, Xuliya Kekano Kasimiro Angliya fermalarida migrant ishchilar uchun himoyani kuchaytirish maqsadidagi kampaniya boshlagan
    • Author, Malkolm Prior
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Bi-bi-si ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili Buyuk Britaniya fermer xo‘jaliklarida ekspluatatsiya, bezorilik, kam haq to‘lash va yomon turmush sharoitlaridan shikoyat qilgan xorijlik ishchilar soni sezilarli oshgan.

2024 yili 700 ga yaqin chet ellik mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchisi Ishchilarni qo‘llab-quvvatlash markaziga (WSC) murojaat qilganlar, o‘zlarini ishga olib kelgan fermerlar adolatsiz munosabatda bo‘lganidan shikoyat qilishgan.

2023 yili bu ko‘rsatkich 400 dan sal oshgan edi.

Sobiq meva teruvchilardan biri Bi-bi-siga muhojirlarni quldek muomaladadan himoya qilish uchun ko‘proq ish qilish kerakligini aytdi.

Aloqador mavzular

Buyuk Britaniya hukumati fermer xo‘jaliklarida zo‘ravonlik holatlari aniqlansa, "qat’iy choralar" ko‘rishini ta’kidlaydi.

Boliviyalik Xuliya Kekano Kasimiro Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchi vizasi bilan Xerefordshirdagi Xeygrouv(Haygrove) fermer xo‘jaligida gilos terish uchun kelgan.

Kasimiro kompaniyani adolatsiz ishdan bo‘shatish, kamsitish va ish haqini kam to‘lash bo‘yicha sudga bermoqda va endi mavsumiy fermer xo‘jaligi ishchilarini yaxshiroq himoya qilish uchun kampaniya boshlagan.

Qulupnay terayotgan inson qo‘li

Surat manbasi, PA Media

Surat tagso‘zi, Bu yil Britaniya hukumati mavsumiy ishchilar uchun 45 000 viza berishga qaror qilgan

Dastlabki qarorda Ichki ishlar vazirligi Kasimiro xonim zamonaviy qullik qurboni bo‘lishi mumkinligiga ishonish uchun yetarli asos borligini aniqladi.

U Bi-bi-si bilan suhbatda ishchilarni ekspluatatsiya qilishning haqiqiy ko‘lami "yashirin muammo" ekanligidan xavotirda ekanini aytdi: "Ko‘plab mavsumiy ishchilar huquqlari buzilayapti.

Ahvol juda jiddiy, chunki bizda hech qanday yordam yoki qo‘llab-quvvatlov imkoniyati yo‘q.

Agar Buyuk Britaniya hukumati bu yerda sodir bo‘layotgan voqealarni to‘xtatish uchun chora ko‘rmasa, zamonaviy qullik qurbonlari ko‘payaveradi."

Xeygrouv vakili Kasimiro xonimning noroziligiga parvoz chiptalarining nominal qiymati va ishchilarga chiptalar uchun berilgan summa o‘rtasidagi tafovut hamda favqulodda ob-havo sharoiti natijasida o‘tgan yil iyul oyida odatdagidan kam ishlangani sabab bo‘lganini aytdi.

Namoyishchilar Londonda Ichki ishlar vazirligi qarshisida norozilik namoyishi tashkil qildilar

Surat manbasi, United Voices of the World

Surat tagso‘zi, Kampaniyachilar mavsumiy ishchilar tartibini ko‘rib chiqishni talab qildilar

Kompaniya qo‘shimcha qilishicha, uning da’volari " noto‘g‘ri va chalg‘ituvchi" bo‘lib, "biznesimiz tarixida ilgari hech qachon bunday ayblovlar bo‘lmagan."

Ular Bi-bi-siga aytishicha, ularning faoliyati "bir qator uchinchi tomon organlar, jumladan, Gangmasterlar va mehnat huquqlari buzilishi bo‘yicha boshqarma, Ichki ishlar vazirligi, Britaniya chakana savdo konsortsiumi, Red Tractor/Assured Produce, LEAF, Tuproq assotsiatsiyasi va SEDEX tomonidan muntazam tekshiriladi."

Kompaniyaning ta’kidlashicha, Kasimiro xonim uyga bepul aviachipta bilan ketishdan oldin Xeyfordda 11 kun ishlagan va uning da’volari "qisqa muddatli, tezkor, noodatiy" ish yuzasidandir.

"Biz ishga qabul qilish va ish jarayonlarida adolat va tenglikni ta’minlashga katta e’tibor qaratamiz," deya qo‘shimcha qildi matbuot kotibi.

"Chuqur tashvishda"

Iqtibos

Surat manbasi, .

Kompaniya, shuningdek, 20 nafar indoneziyalik ishchi qanday yollangani bo‘yicha butun mamlakat bo‘ylab Gangmasterlar va mehnat huquqlari buzilishi bo‘yicha boshqarma tekshiruvi bilan hamkorlik qilayotganini aytdi.

O‘tgan yozda bu ishchilar xorijdagi rekruting agentliklari noqonuniy to‘lovlar undirganini da’vo qilishgan.

Xeygrouv so‘zchisi shunday dedi: "Indoneziyaliklardan ishchi yollash agentlari noqonuniy to‘lov undirgani haqidagi da’volar bizni chuqur tashvishga solmoqda, bu bizning siyosatimiz va tamoyillarimizga mutlaqo ziddir."

Uning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya noto‘g‘ri hatti-harakatlar haqidagi har qanday ayblovlarni "juda jiddiy" qabul qiladi va Gangmasterlar va mehnat huquqlari buzilishi bo‘yicha boshqarma surishtiruvlarida to‘liq hamkorlik qiladi."

Xeygrouv "adolatli ish amaliyoti va barcha ishchilarimizning farovonligi haqida qayg‘uradi," dedi u.

"Bebaho" ishchilar

Hukumatning mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilari dasturida bu yil bog‘dorchilik sanoati uchun 43 ming, parrandachilik xo‘jaliklari uchun 2 ming viza beriladi.

O‘tgan yil boshida Atrof-muhit, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi departamenti (Defra) tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada respondentlarning 91 foizi Buyuk Britaniya fermer xo‘jaliklarida ishlashdan mamnun ekanliklarini aytganlar.

Biroq ishchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha ishlaydigan WSC 2024 yil davomida dastur bo‘yicha shikoyatlar ko‘payganini aytdi.

Qirg‘izistonlik bir kishi Angliya va Shotlandiyada turli fermer xo‘jaliklarida uch yil ishlagan va WSCga yomon sharoitlarda yashaganini, kamsitilganini va adolatsiz ravishda ishdan bo‘shatilganini aytdi.

Kelajakdagi ish imkoniyatini yo‘qotmaslik uchun anonim qolishni istagan ishchi Bi-bi-siga tarjimon orqali sharoitlar yomonlashganini va fermer xo‘jaliklari ishchilar farovonligi yoki ish haqi haqida qayg‘urmasligini aytdi.

WSC ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yozning bir oyida uning xodimlari 158 nafar qishloq xo‘jaligi ishchisi ishini o‘rgangan, 101 kishini o‘z ichiga olgan 19 ta holatni huquqni muhofaza qilish organlariga yo‘llagan. Ishchilar asosan qozoq, qirg‘iz, tojik va o‘zbeklar bo‘lgan.

Xayriya tashkiloti mavsumiy qishloq xo‘jaligi ishchilari dasturini va ekspluatatsiya xavflarini qayta ko‘rib chiqishni talab qilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi vakili aytishicha, vazirlik xodimlari 318 ta fermaga borib, 2100 dan ortiq ishchi bilan suhbatlashgan. Ekspluatatsiya va yomon mehnat sharoitlarini bartaraf etish uchun har yili o‘zgarishlar kiritiladi.

"Zo‘ravonlik holatlari sodir bo‘layotgani yoki dastur shartlari bajarilmayotgani aniqlangan joylarda biz har doim qat’iy choralar ko‘ramiz," deya qo‘shimcha qildi u.

Milliy fermerlar uyushmasi ta’kidlashicha, chet ellik ishchilar Britaniya fermerlari uchun "bebaho" hisoblanadi. Fermerlar "ishchilarning farovonligiga juda jiddiy e’tibor qaratadi va ular uchun eng yaxshi sharoitlarni yaratish maqsadida o‘z faoliyatlarini doimiy takomillashtirib boradi".

Vakil qo‘shimcha qilishicha, ishchilarning aksariyati "Buyuk Britaniyadagi ishidan mamnun, shu bois ko‘pchilik mavsumdan-mavsumga aynan o‘sha fermer xo‘jaliklariga qaytib borayapti".