Tramp: Amerika "uchinchi dunyo mamlakatlaridan" muhojiratni "mutlaqo to‘x tatadi". O‘zbekistondan-chi?

Surat manbasi, Getty Images
AQSh prezidenti Donald Tramp "uchinchi dunyo mamlakatlaridan" muhojirlar qabul qilinishini "mutlaqo to‘xtatishi" haqida aytdi.
Janob Tramp o‘zining Truth Social sahifasida bu qaror ko‘plab amerikaliklarning «o‘zlari uchun erishgan yashash sharoitlariga zarar yetkazgan» muhojirot siyosatidan o‘nglanib olishi uchun imkon yaratishini yozgan. U bu rejaning tafsilotlarini yoki aynan qaysi mamlakatlar nazarda tutilishini ochiqlamadi.
AQSh prezidenti shuningdek, muhojirlarni "Amerikadagi ijtimoiiy izdan chiqish"da ayblab, mamlakat uchun foyda keltirmaydigan har qanday shaxsni chiqarib yuborishga va’da bergan.
Donald Tramp izhorotidan bir kun avval Vashingtonda Milliy gvardiyaning ikki askari gumon qilinishicha, kelib chiqishi afg‘onistonlik bo‘lgan shaxs tomonidan o‘qqa tutilib, ulardan biri olamdan o‘tgandi.
Avvalroq janob Tramp bu hodisa mamlakat xavfsizligiga jiddiy xavfni ochiqlaganini urg‘ulab, "har qanday mamlakatdan bu yerga tegishli bo‘lmagan har qanday shaxsni" chiqarib yuborish yo‘lida choralar ko‘rishini aytgandi.
26 noyabr kuni Amerikadan boshpana so‘ragan hamma afg‘onistonliklar arizalarini ko‘rib chiqish to‘xtatilgani e’lon qilingan. Bu "xavfsizlik va saralash" jarayonini qayta ko‘rib chiqish arafasida olingan qaror, deya ta’riflangan.
27 noyabr kuni esa AQSh Fuqaro va Migratsiya Xizmati 19 mamlakatdan bo‘lgan muhojirlarning grin kartalari qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qilgan.
Bu ro‘yxatda qaysi davlatlar borligi haqidagi Bi-Bi-Si savoliga javoban agentlik Oq Uy tomonidan o‘tgan iyun oyida chiqarilgan qarorga iqtibosan, Afg‘oniston, Kuba, Haiti, Eron, Somali va Venesuela kabi davlatlarni tilga olgan.
Arizalarni qayta ko‘rib chiqish qanday amalga oshirilishi haqida hozircha boshqa tafsilotlar yo‘q.
Bu yangi choralar Vashingtondagi otishmani amalga oshirganlikda gumon qilinayotgan shaxs 2021 yili Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqilishi ortidan ba’zi afg‘onistonliklarga taklif qilingan maxsus migratsion himoya dasturi doirasida kelganligi haqidagi xabarlar ortidan ko‘rilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, gumonlanuvchi Rahmonullo Lakanval Afg‘onistonda AQSh Markaziy Josuslik agentligi bilan hamkorlik qilgan.
Shuningdek, u bilan birga ishlagan sobiq harbiy zobitning Bi-Bi-Siga aytishicha, Kobul aeroportida evakuatsiya amaliyotlari mobaynida qo‘riqchilar safida bo‘lgan.
Bu choralarning AQShdagi o‘zbekistonliklarga ta’siri bo‘ladimi?
AQShdagi O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga! So‘nggi kunlarda Amerika Qo'shma Shtatlari bo'ylab federal migratsiya organlari tomonidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Tashqi Ishlar vaziri matbuot kotibi o‘z Telegram kanalida "AQShdagi O‘zbekiston fuqarolari diqqatiga", deya e’lon nashr qilgan.
Unda aytilishicha, "so‘nggi kunlarda Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab Federal migratsiya organlari tomonidan kuchaytirilgan reydlar o‘tkazilmoqda".
Vazirlik bayonotida ushbu reydlar mobaynida AQShda ishlayotgan haydovchilar guvohnomalarining haqiqiyligi, hujjatlarning muddati va qonuniyligi, ish huquqi va migratsion maqom, shuningdek "ingliz tilini bilish darajasiga" e’tibor qaratilayotgani aytiladi.
Tashqi Ishlar Vazirligi matbuot kotibi bu e’lon asosan AQShda haydovchilik bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonliklarga taalluqli ekanligini ta’kidlab, hujjatlarni tartibga keltirish va qonuniy maqomni tasdiqlovchi hujjatlarni o‘zlari bilan olib yurish kerakligini maslahat bergan.
Prezident Tramp tilga olgan "uchinchi dunyo mamlakatlari" va o‘tgan iyun oyida Oq Uy tomonidan chiqarilgan farmonda O‘zbekiston tilga olinmagan.
Ammo O‘zbekiston Tashqi Ishlar Vazirligi matbuot kotibining Telegram kanalidagi e’loni oxirgi kunlarda AQShda muhojirlarga nisbatan ko‘rilayotgan choralar bir ma’noda xavotir uyg‘otayotgani belgisi bo‘lishi mumkin.












