O‘smirlarning ruhiy olami: ota-onalar qachon va nimaga e’tibor berishi kerak?

Uyi derazasidan ko‘chaga qarayotgan o‘smir qiz

Surat manbasi, Getty Images

    • Author, Nik Triggl
    • Role, Health correspondent
  • O'qilish vaqti: 5 daq

Lyusi o‘zini har doim biroz tashvishda his qilgan, ammo ikki yil oldin u xavotir va vahima xurujlarini boshdan kechira boshlaganini aytadi.

"Men nima bo‘layotganini tushunmasdim, ota-onam ham, – deydi 15 yoshli qiz. – Bu qo‘rqinchli edi. Xurujlar kutilmaganda sodir bo‘lardi. Ahvol yomonlashib, ularni jamoat joylarida ham boshdan kechira boshladim."

Lyusi maktabga bormay qo‘ydi, ijtimoiy hayotdan uzoqlashdi.

Aloqador mavzular

O‘zining aytishicha, ota-onasiga uning qiynalib yurganini ko‘rish og‘ir bo‘lgan.

"Nima qilishni, qayerga borishni bilmasdik."

Olti oy davomida u o‘z tashvishlarini o‘zi yengishga harakat qildi, ammo oxir-oqibat oila kognitiv xulq-atvor terapiyasi deb ataladigan suhbat terapiyasi uchun pul to‘lashga qaror qildi.

Lyusining aytishicha, bu ahvolini sezilarli o‘zgartirdi. Unda hali ham vahima xurujlari bo‘lsa-da, ular ancha kamaygan, u yana maktabga qatnaydi, o‘zi yoqtirgan ishlar bilan shug‘ullanadi.

Lyusining hikoyasi noyob emas. Birlashgan Qirollik Milliy Sog‘liq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 8 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan har beshinchi bola va yosh insonda ruhiy salomatlik buzilishi ehtimoli mavjud.

Nega muammolar shunchalik keng tarqalgan?

O‘smirlik davrida insonlar uchun muammolar tobora ko‘payadi, chunki bu paytda yoshlar organizmidagi ulg‘ayish o‘zgarishlari, maktabni tugatish arafasidagi imtihonlar bosimlari, do‘stlik va munosabatlar qiyinchiliklariga duch keladilar.

London Qirollik kollejining bolalar va o‘smirlar psixiatriyasi bo‘yicha mutaxassisi, professor Andrea Danesening ta’kidlashicha, hissiy salomatlik muammolarini keltirib chiqaradigan biologik sabablar ham bor.

"O‘smirlarning miyasi bir tekisda rivojlanmaydi. His-tuyg‘ularni qayta ishlaydigan qism o‘z-o‘zini nazorat qilish va to‘g‘ri muhokama yuritish uchun mas’ul bo‘lgan qismga qaraganda ertaroq yetiladi. Bu shuni anglatadiki, yoshlar his-tuyg‘ularni boshqarish qobiliyati to‘liq rivojlantirmasdan oldin hodisalarni juda kuchli his qilishlari mumkin. Bu esa ota-onalar ko‘pincha guvohi bo‘ladigan ba’zi hissiy ko‘tarilish va tushishlarni tushunishga yordam beradi."

Uning aytishicha, eng cho‘qqisi o‘smirlik davri bo‘lib, unda hissiy reaktsiyalar gormonlar va uyqu rejimiga ta’sir qiluvchi ichki tana soatlari o‘zgarishi bilan yanada kuchayadi.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Qachon va qanday yordam berish kerak?

Xo‘sh, normal hissiy qiyinchiliklar nimalardan iborat – o‘smirlar va ularning ota-onalari qachon professional yordamga murojaat qilishi kerak?

Professor Danese ko‘pchilik buni baholashda qiynalishini aytadi. U quyidagilarni o‘smirlarning normal hissiy holati deb hisoblaydi:

• Vaqti-vaqti bilan asabiylashish va kayfiyat o‘zgarishi

• Ba’zan ijtimoiy hayotdan chekinish yoki yolg‘iz qolishni istash

• Ijtimoiy e’tirof yoki o‘qish natijalari haqida xavotirlanish

• O‘zligini anglashga va mustaqillikka intilish

• Nomutanosib tuyuladigan hissiy reaktsiyalar

Agar bular kundalik hayotga jiddiy xalaqit bermasa, ota-onalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashlarini his qilishlari kerak, deb hisoblaydi u.

O‘smirlar duch keladigan eng keng tarqalgan muammolar – tushkun kayfiyat va xavotir.

Tushkun kayfiyat uchun, professor Danese aytishicha, ovqatlanish, uxlash, faol bo‘lish va do‘stlar hamda oila bilan aloqada bo‘lish kabi sog‘lom kun tartibini saqlash, shuningdek, bolangizga yoqadigan sayohat yoki sport o‘yinlarini rejalashtirish muhim.

"Ularga paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan muammolarni aniqlash va yechimlarni sinab ko‘rishga yordam bering," deya qo‘shimcha qiladi u.

Xavotirni tinchlantirish usullari foydali, deydi u. Bular nafas olish mashqlari, atrofingizdagi muhitga, ko‘rish, his qilish va hidlash mumkin bo‘lgan narsalarga e’tibor qaratishdir.

"Keraksiz tasalli berishdan qochish kerak," deydi professor Danese. Buning o‘rniga, ota-ona tinchlantirish usullarini o‘rgatish bilan bir qatorda, xavotir uyg‘otadigan vaziyatlarni muhokama qilishlari va sinab ko‘rishlari kerak. "Xavotirlarni kamaytirish uchun ularni yozib qo‘yish yoki kuniga bir marta maxsus "xavotir vaqti"da gaplashish mumkin."

Chidamlilikni shakllantirish

Young Minds tashkilotining ota-onalar ishonch telefonini boshqaradigan Stivi Guldingning aytishicha, xavotir eng ko‘p uchraydigan muammo.

"Ko‘pchilik bolalarda xavotir xurujlari va hatto vahima xurujlari kuzatiladi. Bu ota-onalar uchun qiyin. Ular o‘zlariga ishonchni yo‘qotib, nima qilarini bilmay qolishi mumkin. Biz shu holatdagi ota-onalardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar qabul qilamiz. Farzandining qiynalayotganini ko‘rganida, bu ularni o‘zlaridan shubhalanishga olib kelishi va qayerga murojaat qilishni bilmay qolishlari mumkin."

"Ota-onalarga beradigan asosiy maslahatimiz – farzandlari bilan muloqot qilish. Ularga o‘zlarini bezovta qilayotgan narsalar haqida gapirishga imkon bering va agar ular siz bilan gaplashishni istamasa, kim bilan gaplashishni istaysan, deb so‘rang."

Gulding xonim, shuningdek, farzandingiz maktabi bilan gaplashishni tavsiya qiladi, chunki ular ham ba’zi narsalarni sezgan bo‘lishi mumkin.

Ammo u shunday qo‘shimcha qiladi: "Bolalarga imkon berish kerak – hammasini tezda tuzatishga urinish vasvasasidan qoching. Ular nima deyotganiga quloq tuting."

Boy with headphones on

Surat manbasi, Getty Images

Bolalar psixologi doktor Sandi Mann ham bunga qo‘shiladi va ota-onalarning farzandlari duch kelayotgan har qanday muammoni hal qilish istagi eng yaxshi yechim bo‘lmasligi mumkinligini ta’kidlaydi.

U buning o‘rniga ota-onalar farzandlarida chidamlilikni shakllantirish va o‘rgatishga yordam berishlari kerakligini aytadi.

U ota-onalarga quyidagilarni tavsiya qiladi:

• Muvaffaqiyatsizliklar har kimning boshiga tushishini, o‘z hayotingizda yuz bergan noxush voqealarni misol qilib tushuntiring

• Xatolarni qabul qiling

• Ularga o‘z baxtlari uchun asosan o‘zlari mas’ul ekanliklarini ta’kidlab, mustaqil qaror qabul qilishlariga imkon bering

• Ularning e’tiqodlarini, ayniqsa, oq-qora fikrlash va vaziyatni halokatli deb baholashga moyilliklarini tanqidiy ko‘rib chiqing

"Menimcha, ba’zida bolalar va yoshlarni yordam so‘rashga yoki dori ichishga undaganimizda, ularda o‘z muammolarini hal qila olmayotgandek taassurot uyg‘otishimiz mumkin."

Professional yordam zarurligi belgilari

Biroq doktor Mann va professor Danese ikkalasi ham ota-onalar zarur bo‘lganda professional yordam so‘rashdan cho‘chimasliklari kerakligini ta’kidlashadi.

"Bunda uyatli hech narsa yo‘q, – deydi doktor Mann. – Biz faqat qachon muammolarni o‘zimiz hal qilishga urinish va qachon yordam so‘rash kerakligini bilishimiz zarur."

Ular ota-onalarga qachon professionallardan yordam so‘rash kerakligi haqida tavsiya berishadi:

• O‘ziga zarar yetkazish va o‘z joniga qasd qilish haqida o‘ylasa

• Ovqatlanish yoki uyqu tartibi keskin o‘zgarsa

• Shaxsiyatida keskin o‘zgarish va umidsizlik sezilsa

• Xulqi maktabga borish yoki ijtimoiylashuv kabi kundalik faoliyatiga jiddiy xalaqit bersa

• Ilgari zavqlanadigan mashg‘ulotlardan uzoq vaqt voz kechsa

Qirollik psixiatrlar kollejining bolalar va o‘smirlar fakulteti dekani doktor Eleyn Lokxartning aytishicha, ota-onalar farzandlari bilan ruhiy salomatlik haqida bemalol suhbatlashishlari va boshqalardan ham yordam so‘rashlari kerak.

"Ko‘p bolalar qiyinchiliklarga duch kelishini bilamiz. Maktab yillari hayotingizning eng yaxshi davri degan fikr noto‘g‘ri."

"Maktablarning o‘zi ham yordam berishi mumkin – ba’zilarida maslahat va qo‘llab-quvvatlash xizmatlari mavjud," deydi doktor Lokxart.

"Ammo menimcha, ota-onalar farzandi yordam kutayotgan yoki terapiya olayotgan bo‘lsa ham, o‘z rollari ahamiyatini past baholashlari mumkin. Ota-onalar yechimning muhim qismidir."

Birlashgan Qirollikda mavjud ingliz tilidagi ko‘mak veb-saytlari quyidagilar: