Tramp AQShga viza berishni qisman cheklaganlar qatorida Markaziy Osiyo davlati ham bor

chegara

Surat manbasi, Reuters

    • Author, Viktoriya Born
    • Role, BBC News
  • O'qilish vaqti: 4 daq

Donald Tramp AQShga viza olishni butkul va qisman cheklovchi farmonga imzo chekdi. Turkmaniston ilk marotaba viza olish qisman cheklangan davlatlar qatoriga kirdi.

Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp milliy xavfsizlik tahdid asosida 12 mamlakat fuqarolarining AQShga kirishini taqiqlovchi hujjatni imzoladi.

Bundan tashqari, yana 7 mamlakat fuqarolariga nisbatan qisman cheklovlari joriy etiladi.

Aloqador mavzular:

AQSh prezidenti ta’kidlashicha, agar "moddiy yaxshilanishlar" amalga oshirilsa, ro‘yxat o‘zgartirilishi mumkin va dunyo bo‘ylab yangi tahdidlar paydo bo‘lsa, yana mamlakatlar qo‘shilishi ehtimoli bor.

Bu Trampning muayyan mamlakatlarga sayohatni taqiqlovchi ikkinchi taqiqidir. U bunga o‘xshash farmonni 2017 yilda, prezidentlikning ilk muddatida ham imzolagan edi.

Qaysi mamlakatlar ta’sirlanadi?

Trampning AQShga kirishini taqiqlovchi hujjatida 12 mamlakat fuqarolarining bor:

  • Afg‘oniston
  • Myanma
  • Chad
  • Kongo-Brazzavil
  • Ekvatorial Gvineya
  • Eritreya
  • Gaiti
  • Eron
  • Liviya
  • Somali
  • Sudan
  • Yaman

Quyidagi 7 mamlakat fuqarolari esa qisman sayohat cheklovlariga duch keladi:

  • Burundi
  • Kuba
  • Laos
  • Serra-Leone
  • Togo
  • Turkmaniston
  • Venesuela

Bu taqiq dunyo bo‘ylab butun AQSh aeroportlarida notinchlik yuzaga kelganiga o‘xshash holatning oldini olish maqsadida dushanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:01 da kuchga kiradi. Hujjatning amal qilish muddati qachon tugashi ko‘rsatilmagan. U doimiy ko‘rib chiqish asosida amal qiladi.

Taqiq Nima uchun e’lon qilindi?

Oq uy buni "oqilona cheklovlar" deb atab, "AQSh fuqarolarini xavfli chet ellik shaxslardan himoya qilish" maqsadida amalga oshirilganini aytdi.

Tramp o‘zining Truth Social saytida joylashtirgan videoda Kolorado shtatidagi Boulder shahrida sodir bo‘lgan so‘nggi terrorchilik hujumi aybdorlarni yetarlicha tekshirmaslik oqibatida kelib chiqqanini ta’kidladi.

Yakshanba kuni isroillik asirlar tarafdorlari yig‘ilishida bir kishi ikki yondirgich qurilma otgan va qo‘lbola olov purkagich qurolidan foydalangan. 12 kishi jarohat olgandi.

Hujumda gumon qilingan shaxs misrlik fuqaro ekanligi aytilgan, ammo Misr taqiqlangan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilmagan.

Trampning Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan aloqalari qalin, o‘tmishda AQSh prezidenti uni o‘zining "sevimli diktatori" deb atagandi.

Qanday istisnolar bor?

Taqiq ta’sir qiladigan mamlakatlar fuqarolarining ayrimlari quyidagi holatlarda AQShga kirishi mumkin:

  • Jahon chempionati yoki 2028 Olimpiadasi kabi yirik sport tadbirlarida ishtirok etadigan sportchilar
  • Eronda ta’qib qilinayotgan etnik va diniy ozchiliklarga berilgan immigrant vizalari egalari
  • Afg‘onistonlik maxsus immigrant vizasiga ega shaxslar
  • AQShning doimiy qonuniy rezidentlari
  • Ikki fuqarolikka ega bo‘lgan, lekin taqiqqa kirmagan mamlakat fuqarolari

Bundan tashqari, AQSh davlat kotibi alohida shaxslarga "milliy manfaatlar" asosida yakka holda istisno berish vakolatiga ega.

Taqiqqa munosabat qanday bo‘ldi?

Trampning navbatdagi farmoniga ham mamlakat ichida, ham xalqaro miqyosda tezda javob qaytarildi.

Somali rasmiylari AQSh bilan har qanday xavfsizlik masalalari yuzasidan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

Somalining AQShdagi elchisi Dahir Hasan Abdi bayonotida mamlakat "AQSh bilan uzoq muddatli munosabatlarni qadrlashini" aytdi.

Venesuela ichki ishlar vaziri Diosdado Kabello esa: "AQShda bo‘lish har qanday odam uchun katta xavf, faqat venesuelaliklar uchun emas", deb ogohlantirdi.

Demokratlar bu qarorni keskin tanqid qildi.

Vashington shtatidan demokrat kongress a’zosi Pramila Jayapal: "Bu taqiq, Trampning avvalgi musulmonlarga qarshi taqiqini yanada kengaytirgan holda, AQShni jahon miqyosida yanada yakkalab qo‘yadi", dedi.

Kongressmen Don Beyer esa Trampni "AQSh asoschilarining qadriyatlariga xiyonat qildi", deb aybladi.

Huquqni himoya qiluvchi tashkilotlar ham bu farmonni tanqid qildi.

AQShning Amnesty International tashkiloti buni "kamsituvchi, irqchilikka asoslangan va nohaq" deb atadi. Human Rights First esa buni "muhojirlarga qarshi yana bir jazolovchi chora" sifatida baholadi.

Oldingisidan nima farqi bor?

Tramp ilk bor 2017 yilda prezidentlik davrida sayohat taqiqini joriy etgan edi.

U vaqtdagi farmonda ham Eron, Liviya va Somali kabi mamlakatlar kiritilgan.

Tanqidchilar uni "musulmonlarga qarshi taqiq" deb atagan, chunki dastlab ro‘yxatdagi yetti davlat musulmon ko‘pchilikka ega edi. Bu qaror AQSh bo‘ylab zudlik bilan sudlarga tortiladi.

Oq uy siyosatni qayta ko‘rib chiqib, keyinchalik musulmon ko‘pchilikka ega bo‘lmagan ikki mamlakat – Shimoliy Koreya va Venesuelani ro‘yxatga qo‘shgan.

Oliy sud 2018 yilda bu taqiqni ma’qullagan edi.

Prezident Jo Bayden 2021 yilda bu taqiqni bekor qilgan va uni "millat vijdonidagi dog‘" deb atagan edi.

Turkmaniston qanday kirib qoldi?

samolyot

Surat manbasi, gazeta.uz

Yopiq davlat bo‘lmish Turkmanistonning ikkilamchi ro‘yxatga nima sababdan kirib qolgani ochiqlanmagan.

AQSh sayohat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston fuqarolari uchun sayyohlik vizasi rad etish darajasi yuqori.

2023 yil taxminan 60% turkmanistonlik viza ololmagan bo‘lsa, 2024 yilning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra bu ko‘rsatgich 58.80%ni tashkil qilgan.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzating:

Bu degani, har 100 arizadan taxminan 59 tasi rad etilmoqda.

O‘zbekiston fuqarolari uchun ham AQShga vizani rad qilish darajasi 2023 yil bilan solishtirganda ortgan va hujjat topshirganlarning 64.41 foizi rad javobini olgan.

Tramp ikkinchi bor Oq uy boshqaruviga kelgach, O‘zbekiston hujjatlarida muammosi bor va jinoyatda ayblangan shaxslarni O‘zbekistonga qaytarib olib kelish borasida faol hamkorlik qila boshladi.

AQSh hukumati 2024 yilning ilk 9 oyida 572 nafar O‘zbekiston fuqarosini vataniga deportatsiya qildi. Bu 2023 yilning shu davridagidan 6,5 barobar ko‘p.