Aslida 30 yoshda ham o‘smirmizmi yoki miyamiz rivojlanishining to‘rt fasli

Surat manbasi, Monty Rakusen/Getty
- Author, Jeyms Gallaher
- Role, Bi-bi-sining salomatlik va ilm-fan muxbiri
- O'qilish vaqti: 4 daq
Olimlar aniqlashicha, miya hayotda beshta bosqichni bosib o‘tadi, bunda asosiy burilish nuqtalari 9, 32, 66 va 83 yoshlarda kuzatiladi.
90 yoshgacha bo‘lgan taxminan 4000 kishining miya hujayralari o‘rtasidagi aloqalarni aniqlash uchun skanerlash o‘tkazildi.
Kembrij Universiteti tadqiqotchilari miyaning o‘ttiz yoshgacha o‘smirlik fazasida qolishini va keyin "cho‘qqiga" chiqishini aniqladilar.
Ularning ta’kidlashicha, bu o‘rganish natijalari ruhiy kasalliklar va dementsiya xavfi nima uchun hayot davomida o‘zgarib turishini tushunishga yordam berishi mumkin.
Miya yangi bilim va tajribaga javoban doim o‘zgaradi, ammo tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bu tug‘ilishdan to o‘limgacha bir tekis kechmaydi.
Bu borada quyidagi beshta miya fazasi mavjud:
• Bolalik davri – tug‘ilishdan to‘qqiz yoshgacha
• O‘smirlik davri – to‘qqiz yoshdan 32 yoshgacha
• Yetuklik davri – 32 yoshdan 66 yoshgacha
• Erta keksalik – 66 yoshdan 83 yoshgacha
• Kech keksalik – 83 yoshdan keyin
"Miya butun umr davomida qayta shakllanadi. U ichki aloqalarini kuchaytirib va zaiflashtirib turadi, bu esa bir tekis jarayon emas – miyaning qayta shakllanishida tebranishlar va turli bosqichlar mavjud," deydi tadqiqotning yetakchi muallifi, doktor Aleksa Mousli Bi-bi-si bilan suhbatda.
Ba’zi odamlar bu bosqichlarga boshqalarga qaraganda ertaroq yoki kechroq yetib boradi, ammo tadqiqotchilar ta’kidlashicha, bu bosqichlarning ma’lumotlarda qanchalik aniq ajralib turgani e’tiborga loyiq. Bu jarayonlar Nature Communications jurnalida chop etilgan tadqiqotdagi ko‘p sonli miya skanerlari tufayli endi aniqlandi.
Miyaning beshta fazasi
Bolalik – birinchi davrda miya hajmi tez o‘sib boradi, ammo hayotning boshida hosil bo‘lgan sinapslar deb ataladigan miya hujayralari o‘rtasidagi ortiqcha aloqalar siyraklashadi.
Bu bosqichda miya samaradorligi pasayadi. Bu xuddi A nuqtadan B nuqtaga to‘g‘ri yo‘l bilan borishga emas, parkda xohlagan tomoniga aylanib yurgan bolaga o‘xshaydi.
O‘smirlik davri – to‘qqiz yoshdan boshlab miyadagi aloqalar tezlikda samaradorlik davriga o‘tadi. "Bu juda katta o‘zgarish," deydi doktor Mousli, miya fazalari o‘rtasidagi eng chuqur o‘zgarishni tasvirlab.
Bu, shuningdek, ruhiy kasalliklar boshlanish xavfi eng yuqori bo‘lgan davr hisoblanadi.
Tabiiyki, o‘smirlik balog‘at yoshi bilan boshlanadi, ammo tadqiqot bu davr bizning taxminimizdan ancha kechroq tugashini ko‘rsatgan. Ilgari bu faqat o‘smirlik yillari bilan cheklangan deb hisoblangan, keyinchalik neyrobiologiya bu davr 20 yoshlardan 30 yoshlargacha davom etishini ko‘rsatdi, endi esa erta 30 yoshlargacha cho‘zilishi aniqlandi.
Bu faza miyaning neyronlar tarmog‘i eng samarali ishlaydigan yagona davr hisoblanadi. Doktor Mouslining aytishicha, bu miya faoliyatining ko‘plab ko‘rsatkichlarini tasdiqlaydi, ya’ni miya o‘ttiz yoshlar boshida eng yuqori cho‘qqiga chiqadi, ammo uning to‘qqiz yoshdan 32 yoshgacha bir xil fazada qolishi "juda qiziq", deydi u.
Yetuklik davri – Keyingi davr miya uchun barqarorlik davri bo‘lib, u o‘zining eng uzun bosqichiga kiradi va o‘ttiz yilcha davom etadi.
Bu vaqt ichida o‘zgarish oldingi davrlarga qaraganda sekinroq kechadi, ammo bu yerda biz miya samaradorligining yaxshilanishi teskarisiga aylanishini ko‘ramiz.
Doktor Mousli buni ko‘pchiligimiz kuzatgan yoki boshdan kechirgan "aql va shaxsiyat barqarorlashuvi" bilan bog‘liq deb ta’kidlaydi.
Erta keksalik – 66 yoshda boshlanadi, ammo bu keskin va to‘satdan pasayish emas. Buning o‘rniga miyadagi aloqalar tizimida o‘zgarishlar kuzatiladi.
Miya bir butun organ sifatida muvofiqlashish o‘rniga, tobora alohida-alohida, lekin o‘zaro chambarchas bog‘liq hududlarga bo‘linadi – xuddi guruh a’zolari o‘zining yakkaxon loyihalarini boshlayotgandek.
Garchi tadqiqot sog‘lom miyaga qaratilgan bo‘lsa-da, bu miya salomatligiga ta’sir qiluvchi dementsiya va yuqori qon bosimi namoyon bo‘la boshlaydigan yosh hisoblanadi.
Kech keksalik – 83 yoshda oxirgi bosqichga o‘tamiz. Boshqa guruhlarga qaraganda ma’lumotlar kamroq, chunki skanerlash uchun sog‘lom miyalarni topish qiyin bo‘ldi. Miyadagi o‘zgarishlar erta keksalikka o‘xshash, lekin yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi.
Doktor Mouslining aytishicha, uni hayratga solgan narsa shuki, bu turli bosqichlar balog‘at yoshi, keyinchalik paydo bo‘ladigan sog‘liq muammolari va hatto 30 yoshlar boshidagi ota-onalik kabi muhim ijtimoiy o‘zgarishlarga qanchalik mos kelgani bo‘ldi.
"Juda ajoyib tadqiqot"

Surat manbasi, .
Tadqiqotda erkaklar va ayollar alohida o‘rganilmagan, ammo menopauzaning ta’siri kabi savollar tug‘ilishi mumkin.
Kembrij Universitetining neyroinformatika professori va tadqiqot jamoasi a’zosi Dunkan Astl shunday deydi: "Ko‘plab neyrorivojlanish, ruhiy salomatlik va nevrologik holatlar miyaning qanday tuzilganiga bog‘liq. Haqiqatan ham, miya tuzilishidagi farqlar diqqat, til, xotira va turli xil xatti-harakatlar bilan bog‘liq qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi."
Tadqiqot ustida ishlamagan Edinburg Universiteti bosh miya fanlari kashfiyot markazi direktori, professor Tara Spires-Jons shunday deydi: "Bu miyamizning butun umr davomida qanchalik o‘zgarishini ko‘rsatadigan juda ajoyib tadqiqot."
U natijalar miyaning qarishi haqidagi tushunchamizga "yaxshi mos kelishini" aytdi, ammo "hamma ham bir xil yoshda bu tarmoq o‘zgarishlarini boshdan kechirmasligi" mumkinligini ta’kidladi.












