Ruslar Ukraina bolalariga Rossiyani qanday sevdirishmoqda?

Zaporijjya viloyatining Yunarmia filiali

Surat manbasi, Запорижжя вилоятининг Юнармиа филиали

Surat tagso‘zi, Rossiyaning "Yunarmiya" yoshlar harbiy tashkiloti hozirda Ukrainaning bosib olingan hududlarida, jumladan, bu qizlar yashaydigan Zaporijjyada faoliyat yuritmoqda.
O'qilish vaqti: 4 daq

Rossiyani sevishni o‘rgatish Ukrainaning ishg‘ol qilingan hududlarida bolalar uchun juda erta boshlanadi.

Luganskdagi bir bog‘chada 70 dan ortiq bola qatorga tizilib, "Z" shaklidagi uzun qora va olovrang rus harbiy bannerini ushlab turishadi – bu ramz Rossiyaning Ukrainaga hujumini anglatadi.

Shaharning boshqa qismida esa yetti nafar qizaloq rus bayrog‘i oldida sakrab o‘ynab, ovoz kuchaytirgichdan kelayotgan "Men rusman" qo‘shig‘iga jo‘r bo‘lishadi. Qo‘shiq tugaganda ular barchalari birga baqirishadi: "Men rusman!"

Antratsit deb nomlangan ishg‘ol ostidagi shaharchada bog‘cha bolalari rus askarlari uchun handaq shamlari va ko‘rpalar tayyorlashdi.

Bu ishlar nafaqat Ukraina milliy o‘zligini o‘chirishga, balki yosh ukrainaliklarni o‘z mamlakatiga qarshi qilishga qaratilgan keng qamrovli kampaniyaning bir qismidir.

Buni bolalarga singdirish uchun o‘qituvchilar kerak. Ammo ko‘plab ukrainalik o‘qituvchilar qochib ketgani sababli, Moskva rossiyalik o‘qituvchilarni Ukrainaning ishg‘ol qilingan hududlariga ko‘chib o‘tishga ko‘ndirish uchun 2 million rubl (qariyb $25 000) miqdorida bir martalik to‘lov taklif qilmoqda.

Bolalar bilan ishlaydigan eng yirik va ta’sirli rus tashkilotlaridan biri – Yunarmiyadir (Yoshlar armiyasi). U Rossiya mudofaa vazirligi huzurida faoliyat yuritadi va sakkiz yoshdan boshlab bolalarni a’zolikka qabul qiladi. U butun Rossiya bo‘ylab ishlaydi va hozirda Ukrainaning ishg‘ol qilingan hududlarida ham bo‘limlari bor.

"Biz bolalarga harbiy xizmatda kerak bo‘ladigan asosiy ko‘nikmalarni beramiz," deydi Yunarmiyaning Ukraina janubi-sharqidagi Zaporojьe viloyatidagi bo‘limi rahbari Fidail Bikbulatov.

U avval Rossiyaning Bashqirdiston respublikasidagi "Yagona Rossiya" partiyasi qoshidagi "Yoshlar gvardiyasi"ni boshqargan.

Bolalar qurolli mshqda

Surat manbasi, Запорижжя вилоятининг Юнармиа филиали

Surat tagso‘zi, Yunarmiya ukrainalik bolalarning "miyasini yuvgani" va "militarizatsiya qilgani" uchun Buyuk Britaniya va Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalangan.

Yevropa Ittifoqi Yunarmiyani va shaxsan Bikbulatovni "ukrain bolalarini harbiylashtirish"da ayblab sanksiyaga kiritgan. Buyuk Britaniya ham Yunarmiya va uning rahbarlarini "ukrain bolalarini mafkuraviy qayta ishlash" kampaniyasi sababli sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgan.

Yunarmiya bu ishda yolg‘iz emas. Rossiya qo‘llab-quvvatlayotgan boshqa tashkilotlar ham ushbu hududlarda faoliyat yuritmoqda. Ular qatorida "Ilg‘orlar harakati" va Vladimir Putin buyrug‘i bilan tashkil etilgan "Jangchi" markazlari tarmog‘i bor – bu markazlar "yoshlar uchun harbiy va jismoniy tayyorgarlik, vatanparvarlik tarbiyasi"ni maqsad qilib olgan.

Bu tashkilotlar Sovet davridagi "Zarnitsa" deb atalgan harbiy musobaqalarni ham qayta joriy etmoqda. Bu o‘yinlarda ukrain bolalari "umumiy harbiy savodxonlik, Rossiya davlatchiligi va harbiy tarixi haqida bilimlar, otish ko‘nikmalari"ni namoyish etishga majbur qilinadi.

Bolalar ta’lim tizimi orqali o‘sib borgan sari ularga rus tilida dars o‘tiladi, Rossiya o‘quv dasturi va darsliklari asosida ta’lim beriladi. Bu darsliklar Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini asosli deb uqtiradi.

Shu darsliklardan biri Ukrainaga faqat G‘arb tomonidan Rossiyaga qarshi o‘ylab topilgan tuhmat sifatida qaraydi va agar Rossiya 2022 yili Ukrainaga bostirib kirmaganida, ehtimol butun insoniyat sivilizatsiyasi barham topgan bo‘lardi, deb yozadi.

Donetskdagi ishg‘ol etilgan maktabda o‘qigan Liza ismli qiz esa shunday deydi: "Bizni Rossiya va SSSR sharafiga o‘tkaziladigan tadbirlarda majburiy ishtirok ettirishardi.

Paradga tayyorgarlik paytida men, butun sinfimiz va butun tengdoshlarimiz har shanba-yakshanba kelib mashq qilishga majbur edik. Plakatlar ko‘tarishimiz kerak bo‘lardi. Bu mening tanlovim emasdi – "shunday qilmasang, diplom ololmaysan", deb aytilardi".

"Har bir dars boshida o‘qituvchi bizni o‘rnimizdan turishga, qo‘limizni ko‘ksimizga qo‘yib Rossiya madhiyasini tinglashga majbur qilardi. Uni yoddan bilishimiz talab etilardi".

Hozirda AQShda yashovchi Liza bu kechmishi haqida TikTok orqali so‘zlab bermoqda.

Qizil kilimli bolalar parada
EPA
Minglab ukrainalik bolalarni Rossiya bo‘ylab gastrol safarlariga olib ketishgan va ularning ko‘pchiligi qaytib kelmaydi.
Batafsil:
BBC.COM/UZBEK

Shuningdek, frontda xizmat qilayotgan rus askarlari ham maktablarga kelib, "jasorat darslari" deb ataladigan tadbirlarda ishtirok etishadi. Ular urushdagi "mardonavorliklari" haqida so‘zlab berishadi va ukrain armiyasini zo‘ravon, natsizmga moyil kuch sifatida tasvirlashadi.

Xerson viloyatidagi ishg‘ol qilingan hududda joylashgan "Yagona Rossiya" partiyasi rasmiysi Pavel Tropkin aytishicha, "Bu darslar bolalar" Kreml "maxsus harbiy operatsiya" deb atayotgan urushning "maqsadini tushunib yetsinlar" deb o‘tkaziladi.

Maktabdan tashqarida ham ukrain bolalari Rossiya va "maxsus harbiy operatsiya"ni sharaflovchi ko‘rgazmalarga olib boriladi.

Zaporojьe viloyatidagi Melitopol shahrida joylashgan bir markaz "Rossiya – mening tarixim" va "Maxsus harbiy operatsiya qahramonlari" deb nomlangan ko‘rgazmalarni o‘tkazmoqda.

Bu safarlar shunchaki tamosha emas.

Kreml shuningdek, ukrain bolalarini Rossiyaga ekskursiyaga olib borish orqali ularda rossiyaparvar kayfiyatni shakllantirish maqsadida keng qamrovli kampaniyani boshlagan.

Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimovaning ta’kidlashicha, faqat "4+85" deb nomlangan bitta dastur doirasidayoq Ukrainaning bosib olingan hududlaridan 20 mingdan ortiq bola Rossiyaga olib ketilgan. Mazkur dasturni amalga oshirayotgan Rossiya hukumatining kontsert agentligi – "Roskontsert" ma’lum qilishicha, loyiha maqsadi "yangi avlodni yagona rossiyalik jamiyatga integratsiya qilish"dir.

Biroq Rossiyaning "integratsiya" kampaniyasi faqat g‘oya uqtirish (indoktrinatsiya) bilan cheklanmaydi.

Keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri o‘tgan uch yil mobaynida Rossiyaga olib ketilgan minglab ukrain bolalariga o‘z vatanlariga qaytish imkoni berilmayapti.

Ukraina hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, 19 000 nafardan ziyod ukrain bolasi majburan Rossiyaga deportatsiya qilingan. Britaniya hukumati esa taxminan 6 000 ukrain bolasi Rossiya hududidagi "qayta tarbiyalash lagerlari"ga joylashtirilganini hisoblab chiqdi.

Xalqaro gumanitar huquq bunday harakatlarni taqiqlaydi. Masalan, To‘rtinchi Jeneva konventsiyasiga muvofiq, ishg‘olchi davlat bolalarni "o‘ziga bo‘ysunuvchi tashkilotlar yoki tuzilmalarga" jalb qilishi mumkin emas, shuningdek, ishg‘ol qilingan hududlarda mahalliy aholini o‘z qurolli yoki yordamchi kuchlariga ixtiyoriy qo‘shilishga undaydigan "bosim yoki targ‘ibot" o‘tkazishi taqiqlanadi.

2023 yili Xalqaro jinoyat sudi Prezident Putinga nisbatan, jumladan, bolalarni noqonuniy deportatsiya qilgani uchun ham hibsga olish orderi chiqardi. Putin va uning ma’muriyati bu ayblovlarni rad etmoqda.

Rossiya Ukrainaga qarshi urush olib borish orqali faqat yerga da’vo qilmayapti – u yerda yashayotgan insonlarga, ular qay darajada yosh bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z muhrini bosishga urinayotir.