O‘zbekistonda xalq tabobati: Nazorat, savollar va muammolar - Video

Tabib bemor bilan

Surat manbasi, Олий Мажлис Қонунчилик Палатаси матбуот хизматидан

Surat tagso‘zi, Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi matbuot xizmatidan
O'qilish vaqti: 6 daq

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda o‘zini tabib deb atagan, turli shubhali usullar bilan odamlarni davolayotganlar soni ortib bormoqda.

Bu esa xalq tabobatining qonuniyligi, nazorati va samaradorligi haqida savollarni tug‘dirmoqda.

O‘zbekistonda xalq tabobati qanchalar tartibga solingan?

Tabiblar faoliyatiga kim javobgar?

Xalq tabobati va qonunchilik

O‘zbekistonda xalq tabobati ming yillardan buyon mavjud bo‘lsa-da, uni qonuniy nazorat ostiga olishga urinishlar nisbatan yaqinda boshlandi. 2018 yilda Prezident Mirziyoyevning qarori bilan xalq tabobati aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning qo‘shimcha usuli sifatida tan olindi. Ushbu qaror bilan tabiblar faoliyatini litsenziyalash bo‘yicha maxsus komissiya tashkil etildi. Biroq, "tabib" tushunchasining aniq ta’rifi va ularning malaka talablari hali ham to‘liq shakllanmagan.

2020-yilgi qaror va integratsiya

2020-yili O‘zbekiston prezidentning yana bir qarori chiqdi. Bu qarorda katta urg‘u integratsiyalash so‘ziga berilgan, ya’ni xalq tabobati turlarini zamonaviy meditsinaga qo‘shish, osonroq tushuntirilsa, shifokorlar nafaqat dorilar, balki giyohlar bilan ham davolashlarini ta’minlash.

Xuddi shu qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi va hududiy markazlar ham tuzilishi buyurilgan.

Tayyorgarlik, o‘quv mashg‘ulotlari, guvohnoma yo sertifikatlarni aynan mana shu Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi berishi kerak. Unday hujjatlari bo‘lmagan tabiblar esa jaaobgarlikka tortiladi.

2024- yil iyul oyida esa qonunlarga o‘zgartirish kiritilib, mazkur qonun bilan fuqarolarga tibbiy tashxis qo‘yish va ularni davolash xizmatlarini xalq tabobati sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatganlik, shuningdek xizmatlarni xalq tabobati yo‘nalishida ruxsat etilmagan usullarni qo‘llagan holda moddiy qimmatliklar olish yoki mulkiy naf olish evaziga ko‘rsatganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi internet sahifasidan

Surat manbasi, Соғлиқни сақлаш вазирлиги

Surat tagso‘zi, Sog‘liqni saqlash vazirligi internet sahifasidan

Ammo, misol uchun, mashhur qo‘qonlik Iqbol Solievga o‘xshagan tabiblar haqida xabarlar chiqishda davom etyapti. Ularning qanday huquqiy asosda ishlayotgani noma’lum, lekin O‘zbekiston Xalq tabobati assotsiatsiyasi saytida uning ismi tabiblar qatorida turibdi. Ammo, bu nodavlat uyushma uni tabib deya tan olishga haqlimi? Bu noaniq - bizning uyushmaga yozgan savollarimiz javobsiz qoldi.

O‘tkazib yuboring YouTube post
Google YouTube контентига рухсат бериш

Ayni maqolada Google YouTube tomonidan taqdim qilingan kontent mavjud. Biz bu kontent yuklanmasidan avval sizning roziligingizni so‘raymiz, chunki ular kuki va boshqa texnologiyalardan foydalangan bo‘lishi mumkin. Siz Google YouTube havolasida kukilarga doir va shaxsiy ma’lumotlarga oid qoidalar haqida avval o‘qib, keyin qabul qilishga rozi bo‘lishingiz mumkin. Ko‘rish uchun “qabul qilish va davom etish”ni tanlang.

Ogohlantirish: Bi-bi-si tashqi sahifalardagi kontent uchun mas’ul emas YouTube bu kontentda reklama bo‘lishi mumkin

Oxiri YouTube post

2020-yilgi prezident qarorida xalq tabobatini tartiblab, zamonaviy tibbiyotga qo‘shish buyurilgan. Bu amalga oshyaptimi? Bu haqida BBC samarqandlik shifokor Sunbula Oripova bilan suhbatlashdi.

Men tekshirilgan tabobatga ishonaman

Doctor speaking
BBC
Asosiy sabab, qishloqlardagi oddiy xalqning markazlardagi tibbiyotdan uzoqdaligi. Qishloqlardan turib shifokorga borishga vaqt va mablag‘ ketishidadir.
Sunbula Oripova
Shifokor

Sunbula Oripova: Men ilmiy asoslangan, fan tomonidan isbotlangan ma’lumotlarga tayanib faoliyat olib borganligim uchun, hamma tabiblar ham xalq tabobatini tamsil qiladi deb hisoblamayman. Hozirgi kunda ham xalq tabobatidan foydalansa bo‘ladi, qachonki foydasi ilmiy isbotlangan bo‘lsa. Zamonaviy tibbiyotda dorilar shifokorlar tomonidan bemorlarga ishlatilish bosqichiga yetib kelgunicha bir qator tekshiruvlardan o‘tadi. Samaradorligi, xavfsizligi aniqlanadi. Tabiblar qo‘llaydigan usullar esa tekshirilganiga shubham bor. Hozirgi kunda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan tabiblarga ishonmagan bo‘lar edim. Menimcha tabiblar ham tibbiyot oliygohlarida tahsil olishlari kerak. Bilimlari tekshirilib, sertifikat berilib, shundan keyin faoliyat yuritishlariga ruxsat berilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi.

Savol: Ish tajribangizda shifo uchun tabibga borib, aziyat chekib, keyin shifokorga kelganlar bo‘lganmi?

Sunbula Oripova: Mening uchastkamda tabibga boradiganlar hech uchramagan. Lekin ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p ko‘raman bundaylarni. Tabiblar o‘tlardan tayyorlagan aralashmalardan ahvoli yomonlashgan bemorlar hikoyalarini ko‘p kuzataman.

Qon bosimini tushirish uchun hijomadan ko‘p foydalanishganini eshitaman. Avvalgi zamonlarda hozirgi samarali dorilar bo‘lmagani sabab, bu usuldan foydalanilgan. Qon bosimi oshgan bir vaqtda qon chiqarish bilan tez yordam ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin. Lekin surunkali qon bosimi muammosi bo‘lgan bemor uchun 3-4 marta bu tabiiy muolajani olishning o‘zi yetarli emas. Bunday bemorlar uzoq vaqt davomida ma’lum bir dorilarni ichib yurishlari kerak. Xalqimiz esa bu muolajaga ishonib, tabibga murojaat qiladi. Gigiena xavfsizlik qoidalariga amal qilinmaydigan, tekshiruvdan o‘tmaydigan joylarda qildirilgan bu muolaja ketidan ba’zi kasalliklarni ham yuqtirib olayotganlari haqida faktlar ham bor.

Yana bir voqeani aytishim mumkin; jigari betob bir ayolga tabib oshqovoqning suvini siqib, kunda 3 mahal iste’mol qilishni buyurgan. Bu ayol 3 yil davomida shu muolajani davom ettirgan. Ahvoli juda og‘irlashgach, tekshiruvlar natijasida jigar sirrozi tashxisi qo‘yilgan. Dorivor o‘simliklarni ham 1 oydan 3 oygachagina ichish mumkin. Ortiqcha iste’mol qilingani ham yomon asoratlarga sabab bo‘ladi. Hamma tabiblar ham buni xalqqa keragidek tushuntirmaydi. Bu tabiiy-ku deb, o‘zicha ichib yuradiganlar ham ko‘p. Tavsiyam, har qanday tabiiy davo usullarini ham shifokor maslahati va nazorati ostida qo‘llang. O‘t haydovchi, siydik haydovchi dorivor o‘tlar bor misol uchun. Asosiysi bunday dorivor o‘simliklarni to‘g‘ri muddat davomida qabul qilish. Fikrimning xulosasi esa, xalq tabobati to‘g‘ri va nazorat ostida qo‘llanilganida ijobiy ta’sirga ega.

Savol: 2020 yilda tabobatni meditsinaga integratsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan ekan. Siz o‘z faoliyatingizda tabobatga ham murojaat qilasizmi?

Sunbula Oripova: Poliklinikalarda fitobarlar tashkil etilgan. Ana shu fitobarlarda tekshirilgan giyohlardan damlamalar tayyorlab qo‘yiladi. Be’morlar shifokor tavsiyasi bilan shu damlamalardan ichadi. Ibn Sino tabobati bo‘yicha tayyorlanib, tekshiruvlardan o‘tib qadoqlangan tabiiy dori vositalari ham mavjud. Ularning samaradorligi tekshirilgan. Biz murojaat qilishimiz mumkin bo‘lgan tabobat shulardir.

Savol: Odamlarning tabiblarga murojaat qilishining sababi, hozirgi kunda shifokorlar o‘ta ko‘p dori yozib berishi bo‘lishi mumkinmi?

Sunbula Oripova: Men bunday deb o‘ylamayman. Asosiy sabab, qishloqlardagi oddiy xalqning markazlardagi tibbiyotdan uzoqdaligi. Qishloqlardan turib shifokorga borishga vaqt va mablag‘ ketishidadir. Lekin ko‘p dori yozib beruvchi shifokorlar ham yo‘q emas. Hozirgi kunda esa, dori yozib berish tizimi ham tartibga solingan. Viloyatlarda sog‘liqni saqlash sug‘urta tizimiga o‘tayapti. Unga ko‘ra qanday kasalliklarni qanday davolash va qaysi dorilarni yozish belgilab beriladi. Masalan, ambulator sharoitda bir bemorga 3 dan ortiq kimyoviy dori yozish mumkin emas. Mabodo, kasallik undan ortig‘ini taqozo qilsa, boshqa shifokor bilan maslahatlashgan holdan yana dori yoziladi. Shunda ham, 5 ta kimyoviy doridan oshishi mumkin emas!

Yangi tizim bo‘yicha, endi bemorlar ham shu narsani kuzatish va talab qilish haqqiga ega.

Afsuski, xalqimizda noto‘g‘ri tushuncha bor; agar shifokor bemorga kam dori yozsa yoki osma ukol yozmasa, "yaxshi shifokor emas ekan", deyishadi. Shu tushunchani ham sekin-asta yo‘qotish kerak deb o‘ylayman.

Londondagi nutritsiolog
Taqdim
Faoliyat yuritish uchun nazoratdan o‘tgan diplom shart
Shahnoza Maqsudova
To‘g‘ri ovqatlanish va tabiiy yo‘llar bilan sog‘likni tiklovchi mutaxassis

Buyuk Britaniya tajribasi

Xo‘sh, boshqa mamlakatlarda ahvol qanday? Xalq tabobati butun dunyoda turli ko‘lamda tan olingan, ammo uning ustidan qonuniy nazorat bormi? BBC bu haqida Londonda ishlayotgan nutritsiolog Shahnoza Maqsudova bilan suhbatlashdi, undan u olgan ta’lim haqida so‘radi.

Shahnoza Maqsudova: Men ta’lim olgan bilim yurtida tabobat sohasida 3 yil o‘qiladi. Birinchi yili odam anatomiyasi, organizmining ishlashi, kasalliklari haqida o‘qitiladi. Chunki bularni bilmasdan turib, bemorlarga yordam berib bo‘lmaydi. Keyin giyohlar, vitaminlar, minerallar va eng asosiysi to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha tavsiyalar beramiz. Asosiy vazifamiz – ovqatlanish borasida odamlarning bilimini oshirish. Bizga murojaat qilganlarga juda ko‘p tushuntirish ishlari olib boramiz.

Savol: O‘qishni bitirib, faoliyat yuritishingiz uchun sizga qonun bo‘yicha qo‘yiladigan talablar bormi?

Shahnoza Maqsudova: Birinchi talab, tegishli nazorat qiluvchi tashkilotlardan ro‘yxatdan o‘tish. Keyin esa, bilimingizni oshirib borish. Yangi chiqqan tadqiqotlardan boxabar bo‘lish. Va albatta akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasasi diplomingiz bo‘lishi kerak.

Savol: Bemorlar bilan ishlash tartibingiz qanday? Sizga murojaat qilganlar shifokor ko‘rsatmalariga ham amal qilishi mumkinmi? Yoki faqat tabiiy yo‘l bilan davolanishi shartmi?

Shahnoza Maqsudova: Biz shifokorlar bilan hamkorlikda ishlashga harakat qilamiz. Bizning tavsiyalarimiz hech qachon shifokor dorilarining o‘rnini bosmaydi. Qolaversa, qonunan biz shifokorlar bergan tavsiyalar, dorilarni bekor qila olmaymiz. Shuningdek, biz beradigan giyoh va qo‘shimchalarning shifokor yozgan dorining ishlashiga xalaqit bermasligini, bir qatorda ishlatilganida bemorga zarar bermasligini tekshirishga majburmiz.

Savol: Shifokorlar sizning faoliyatingizga qanday qaraydi?

Shahnoza Maqsudova: Ba’zi shifokorlar bizning salomatlik uchun bergan tavsiyalarimizning samaradorligiga shubha bilan qarashadi. Lekin o‘z tajribamda, hali birga ishlashga qarshilik bildirgan shifokorga duch kelmadim.

Savol: Qanday kasallik bilan og‘rigan bemorlarni qabul qilib, qay tur bemorlarni qabul qila olmasligingiz borasida qonuniy cheklovlar bormi?

Shahnoza Maqsudova: Albatta! Bizda diqqat qaratish shart bo‘lgan simptomlar ro‘yxati mavjud. Jiddiy kasalliklarning belgilari bo‘lishi mumkin bo‘lgan hollarda darhol shifokorga murojaat qilishni buyuramiz. Hatto o‘zimiz bemorning oila shifokoriga xat yozamiz. Buyrak kasalliklari bo‘lganlarni qabulimizga olmaymiz.

Tibbiyot va tabobat: qarashlar to‘qnashuvi?

Demak, O‘zbekiston prezidenti qarorida xalq tabobati zamonaviy tibbiyotning o‘rniga emas, yonma-yon, birgalikda qo‘llansin deyiladi. Lekin, ba’zi hollarda tibbiyotni yomon ko‘rsatib, tabiblarni olqishlash harakatlari ham sezilyapti. Masalan, shunday bayonotlarga duch keldik: "Yaponiyada 16 yoshga yetmagan bolalarga antibiotik umuman berilmaydi, bergan shifokor jinoiy javobgarlikka tortiladi". Bu noto‘g‘ri ma’lumot, unday emas. Yana bir bayonot: "Xitoyda tibbiyot universitetlarida ilk uch yil faqat xalq tabobati o‘qitiladi, zamonaviy tibbiyot esa faqat 4-kursdan o‘qitila boshlaydi". Bu ham noto‘g‘ri ma’lumot. Tibbiyot universitetlarida zamonaviy tibbiyot o‘qitiladi, tabobat faqat qo‘shimcha kiritilgan. Tabiblar uyushmasi rahbari bir intervyusida tabiblar yoningizda o‘tirib ham buyrak yo yurak kasalliklaringizni aniqlay olishi, ularning bio-energiyasi haqida gapirgan. Bu kabi bayonotlarni ko‘p shifokorlar xavfli deb ko‘radi, ya’ni kasal odam bu gaplardan keyin doktorga emas, tabibga borishim afzal deb o‘ylashi mumkin.

Xalq tabobati albatta, juda muhim. Lekin, ayni damda ko‘pgina davlatlar uni qonun bilan nazorat qiladi, chunki inson salomatligi birinchi o‘rinda turadi. Bu jarayonlar O‘zbekistonda qanchalar izchil amalga oshishini kuzatishda davom etamiz.