AQSh Ukrainaga razvedka ma’lumotlari berishni to‘xtatdi – Bu urushga qanday ta’sir qiladi?

Razvedka

Surat manbasi, Getty Images

O'qilish vaqti: 10 daq

AQShning Ukrainani qo‘llab-quvvatlash istiqboli yanada shubha ostida qolmoqda. Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Mayk Uolts AQSh Ukraina bilan razvedka ma’lumotlari almashishni to‘xtatganini tasdiqladi.

"Biz bir qadam orqaga chekindik", dedi Uolts, razvedka ma’lumotlarini almashish to‘xtatagani haqida so‘ralganda.

U Tramp ma’muriyati "ushbu munosabatlarning barcha jihatlarini" vaqtincha to‘xtatib, qayta ko‘rib chiqayotganini qo‘shimcha qildi.

Keyinroq Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron kelasi hafta Parijda Yevropa armiyasi bosh qo‘mondonlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tishini e’lon qildi va Frantsiya AQSh yordamisiz harakat qilishga tayyor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

"Men AQSh yonimizda qolishiga ishongim keladi, lekin bunday bo‘lmasa, tayyor turishimiz kerak", dedi Makron televidenie orqali qilgan chiqishida.

Yevropa "yangi davr"ga kirganini aytgan Makron mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi.

U, shuningdek, Frantsiya Ukraina va boshqa davlatlar bilan birgalikda barqaror tinchlik rejasi tayyorlaganini ma’lum qildi.

AQSh 2022 yilda Rossiya bosqini boshlanganidan beri Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini almashib kelgan.

Getty Images
AQSHning razvedka ma’lumotlarini bermasligi Rossiyani Ukrainada yanada ko‘proq hududni egallash va muzokaralar stoliga o‘tirish o‘rniga, urushni davom ettirishga undashi mumkin.
Mil Malroy
MRB sobiq zobiti (Batafsil: bbc.com/uzbek)

Dushanba kuni esa AQSh Kievga harbiy yordamni to‘xtatgandi. Bu o‘tgan hafta Oval kabinetda AQSh prezidenti Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan asabiy uchrashuvdan so‘ng, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyga mamlakatni tark etish aytilganidan keyin sodir bo‘ldi.

Hozircha razvedka ma’lumotlarini almashish to‘liq yoki qisman to‘xtatilgani hamda bu qancha davom etishi noma’lum.

Chorshanba kuni MRB direktori Jon Retkliff Fox Business'ga bergan intervyusida Tramp "Zelenskiy tinchlik jarayoniga sodiqmi yoki yo‘qmi" degan savolga aniqlik kiritishni xohlaganini va "kelinglar, to‘xtatib turaylik, bu haqda o‘ylab ko‘rishi uchun imkoniyat beraylik", deb aytganini ma’lum qildi.

Uning aytishicha, javob zudlik bilan kelgan, Zelenskiy tinchlikka tayyor ekanini bildirgan.

Retkliff qo‘shimcha qilishicha, "harbiy front va razvedka sohasidagi tanaffus o‘z samarasini berdi va endi biz Ukraina bilan yelkama-elka ishlashni davom ettiramiz."

Uolts, shuningdek, AQSh va Ukraina o‘rtasida murakkab vaziyatning yumshayotganini va harbiy yordam hamda razvedka ma’lumotlari almashish bo‘yicha cheklov yaqin kelajakda olib tashlanishi ehtimolini bildirdi.

"Agar biz muzokaralarda bir to‘xtamga kelib, amaliy ishga o‘tsak va ishonchni oshirish uchun choralar ko‘rsak, u holda prezident bu vaqtinchalik cheklovni bekor qilishni jiddiy qarab chiqadi", dedi u Fox News'ga bergan intervyusida.

U, shuningdek, ukrainalik hamkasbi bilan "yaxshi muzokaralar" o‘tkazganini va yaqin kunlarda jiddiy qadamlar tashlanishini aytdi.

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt chorshanba kuni matbuot anjumanida harbiy yordam haqida gapirar ekan, AQSh uni faqat vaqtincha to‘xtatganini va moliyalashtirish masalasini qayta ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.

Ukraina Rossiya bosqini boshlanganidan beri uch yil davomida AQShdan keladigan harbiy yordamga qattiq suyangan va bu yordamning to‘xtatilishi urushga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Razvedka ma’lumotlarini almashishni to‘xtatish ham frontda jiddiy oqibatlarga olib kelishi ehtimoli bor.

Bu ma’lumotlar Ukrainaga strategik jihatdan Moskvaning keyingi harakatlarini tushunishda va taktik jihatdan, masalan, Rossiya qo‘shinlarining joylashuvi haqida ma’lumot berib, qurol yo‘naltirish va nishonga olishda yordam berayotgani aytilgan.

AQSh Mudofaa vazirining sobiq yordamchisi va harbiylashgan MRBning nafaqadagi zobiti Mik Malroy BBC'ga bergan intervyusida, AQSh razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga bermasligi "ularning o‘zini himoya qilish qobiliyatiga darhol ta’sir ko‘rsatadi", dedi.

"Bizning Yevropadagi ittifoqchilarimiz AQSh razvedkasi imkoniyatlarining o‘rnini bosa olmaydi", dedi u.

"Bu Rossiyani Ukrainada yanada ko‘proq hududni egallash va muzokaralar stoliga o‘tirish o‘rniga, urushni davom ettirishga undashi mumkin".

5 mart: Zelenskiy afsusda, Tramp maktub olganidan mamnun, Rossiya esa hujumni davom ettiryapti

"Bu normal emas" deyiladi demokratlardan biri ko‘tarib olgan yozuvda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, "Bu normal emas" deyiladi demokratlardan biri ko‘tarib olgan yozuvda.

AQSh Prezidenti Donald Tramp Kongressdagi nutqida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiydan maktub olganini aytdi va Zelenskiy tinchlik muzokaralariga tayyorligini izhor qilganini bildirdi. Trampga ko‘ra, Rossiya tomonidan ham tinchlikka tayyorlik haqida "kuchli ishoralar" kelib tushgan.

Tramp aslida avvalroq Zelenskiyning o‘zi X platformasida yozgan postini takrorladi. Ayni damda, u sal avvalroq Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha chiqqan Oq Uy bayonotini sharhlamadi.

Trampga ko‘ra, Zelenskiy Ukrainadagi qazilma boyliklar bo‘yicha kelishuvga ham Amerikaga "qulay har qanday vaqtda" imzolashga tayyorligini yozgan.

EPA-EFE/REX/Shutterstock
Бугун мен Зеленскийдан муҳим хат олдим. Унда Украина музокаралар устарига имконқадар тез ўтиришга тайёр экани ёзилган.
Доналд Трамп
АҚШ Президенти (bbc.com/uzbek)

Avvalroq Zelenskiy o‘z X postida Oval kabinetida Tramp bilan bo‘lib o‘tgan dahanaki jangini "taassufli" deb atagan, lekin uzr so‘ramagan.

Ukrainaning AQShdagi elchisi Oksana Markarovaning aytishicha, Zelenskiy Trampga alohida maktub yozmagan.

Tramp yana bir bor Ukrainadagi urush borasida haqiqatdan yiroq bo‘lgan gaplarini takrorladi.

"Bu dahshatli va shafqatsiz, hamda oxiri ko‘rinmaydigan mojaroda millionlab ukrainlar va rossiyaliklar bekorga o‘ldirildi yo yaralandi", - dedi Tramp va AQSh Ukrainaga Yevropadan ko‘p yordam berganini da’vo qildi.

Demokratlar Tramp nutqi vaqtida ko‘tarib olgan yozuvlarda "Bu yolg‘on!", "Medicaid (Tibbiy sug‘urta)ni asrang", "Xato", "Mask o‘g‘irlaydi" deb yozilgandi.

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Demokratlar Tramp nutqi vaqtida ko‘tarib olgan yozuvlarda "Bu yolg‘on!", "Medicaid (Tibbiy sug‘urta)ni asrang", "Xato", "Mask o‘g‘irlaydi" deb yozilgandi.

Ba’zi demokratlar Tramp Ukraina haqida gapirayotganida, zaldan chiqib ketishdi.

Uzunligi bo‘yicha rekord nutqida Tramp, shuningdek, inflyatsiya va byurokratiya ustidan g‘alaba qozonish, Grenlandiyani sotib olish va AQShda "Oltin gumbaz" nomli havo mudofaa tizimini yaratish haqida gapirdi. Respublikachilar uni qarsaklar bilan olqishladilar, demokratlar esa sukut, hamda "Yolg‘on" va "Qirol emas" deb yozilgan plakatchalar bilan.

Ukrainaga hujum davot etdi

Odessa ikkinchi kundirki Rossiya hujumiga uchrar ekan, muhim infratizilmalar shikast yedi va bir kishi halok bo‘ldi.

"Viloyatga yoppasiga qilingan zarbada bir kishi nobud bo‘lgani ma’lum. Keng ko‘lamli vayronagarchilik, xususiy uylarda yong‘in qayd qilindi, fuqarolik infratizilmasi shikast yedi", deya xabar tarqatdi Davlat favqulodda vaziyatlar xizmati.

Tungi hujumlarda ko‘plab xususiy uylar shikastlandi.

Surat manbasi, Украина фавқулодда вазиятлар хизмати

Surat tagso‘zi, Tungi hujumlarda ko‘plab xususiy uylar shikastlandi.

Odessa hokimi Gennadiya Truxanovga ko‘ra, 93 ta xususiy uy va bitta podstantsiya zarar ko‘rgan.

"Odamlar elektr, suv va gazsiz qolishdi, uchta shahar kotelniysi vaqtincha to‘xtab qoldi. Barcha xizmatlarning sa’y harakatlari bilan ertalabgacha ta’minot tiklandi", - dedi u.

Ukraina havo kuchlari xabar qilishicha, tunda Rossiya armiyasi Ukrainaga 181 "Shahed" dron hujumini qilgan, ulardan 115 tasi urib tushirilgan. Shuningdek, uchta "Iskander" ballistik raketalari va bitta S-300 raketasi ham otilgan.

Tungi hujumlarda Kiev, Odessa, Dnipropetrovsk va Xarkiv viloyatlari zarar ko‘rdi.

AQSh yordamisiz Yevropa o‘zini himoya qila oladimi?

Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy va AQSh Prezidenti Donald Tramp

Surat manbasi, Ukraine Presidential Press Service

Surat tagso‘zi, Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy "Yevropa armiyasi"ni barpo etishga chaqirdi

AQSh Mudofaa vaziri Pit Hegset birinchi xalqaro safarida Yevropa davlatlari Rossiya bosqiniga qarshi Ukraina mudofaasining "asosiy qismini" moliyalashi kerakligini aytdi – bu Yevropa uchun qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin?

Hegsetning gaplari Rossiya va AQSh delegatsiyalarining Saudiya Arabistonidagi muzokaralari manzarasida yangradi va Trampning Ukrainadagi urushni tugatish strategiyasi qanday bo‘lishiga ishora qilayapti.

Yevropaning o‘z xavfsizligi uchun mas’uliyatini oshirish g‘oyasini AQSh Vitse-prezidenti Jey Di Vens ham 14 fevral kuni Myunxen xavfsizlik konferentsiyasida qo‘llab-quvvatladi va Yevropa "o‘z mudofaasini ta’minlash uchun jiddiy harakat qilishi" kerak, dedi.

Aloqador mavzular

AQSh pozitsiyasining bu keskin o‘zgarishi Yevropa yetakchilarini tashvishga solib qo‘ydi va 17 fevral kuni Parijda mojaro hamda qit’a xavfsizligini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish o‘tkazildi.

Savol tug‘iladi: Yevropa xavfsizligi AQShga qay darajada bog‘liq va u o‘zini himoya qila oladimi?

AQSh nima uchun dastlab Yevropa bilan ittifoqqa qo‘shilgan edi?

NATOga a’zo mamlakatlar vakillari 1957 yildagi Parij sammitida Delegates sit at U-shaped table at the Nato conference at Paris in a black and white photo, with the symbol of a globe behind them. From left, Van Acker (Belgium), Dieffenbaker (Canada), Gaillard (France), Adenauer (Germany), Hansen (Denmark), Karamanlis (Greece), Jonasson (Iceland), Zoli (Italy), Spaak (NATO Secretary-General), Bech (Honorary Chairman), Hommel (Luxembourg), Luns (Netherlands), Gerhardsen (Norway), Cunha (Portugal), Menderes (Turkey), Harold MacMillan (Britain) and Dwight D Eisenhower (USA)

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, NATOga a’zo mamlakatlar vakillari 1957 yildagi Parij sammitida

NATO – Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti 1949 yilda sobiq Sovet Ittifoqining Yevropadagi ta’sirini cheklash maqsadida tashkil etilgan.

AQSh bu kengayish oldini olish uchun iqtisodiy va harbiy jihatdan kuchli Yevropani muhim deb hisoblagan va Yevropa davlatlariga Ikkinchi Jahon urushida yetkazilgan vayronagarchilikdan so‘ng qayta tiklanishiga yordam berish maqsadida keng ko‘lamli yordam ko‘rsatgan.

Hozirda 32 a’zoni, shu jumladan, Sharqiy Yevropaning bir qancha davlatlarini o‘z ichiga olgan tashkilot a’zolari, ulardan biriga hujum qilinsa, qolganlari uni himoya qilishga yordam berishi kerakligi haqida kelishib olishgan.

Biroq hozir Yevropaning Ikkinchi Jahon urushidan keyingi xavfsizlik tizimi xavf ostida qoldi. AQSh hali ham NATOda bo‘lsa-da, Yevropa yetakchilari endi yordam olish uchun AQShga ishona olmayapti.

Yevropa davlatlari mudofaa byudjetiga qancha mablag‘ sarflaydi?

2023 yil 7 fevralida Varshava aeroportida o‘tkazilgan harbiy mashqlar payti "Patriot" havo mudofaa tizimini qo‘riqlab turgan harbiy soqchi

Surat manbasi, Reuters

Surat tagso‘zi, Polsha o‘z xavfsizligi byudjetiga eng katta mablag‘ sarflayotgan mamlakat

NATO hozirda a’zo davlatlardan milliy daromadning kamida 2 foizini mudofaaga sarflashni talab qilmoqda.

NATOning 2024-yilgi bashoratlariga ko‘ra, Polsha ketma-ket ikkinchi yil Yalpi Ichki mahsulotining (ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlarning umumiy qiymatining) 4,1 foizini ajratib, birinchi o‘rinni egalladi.

Estoniya 3,4 foiz bilan ikkinchi o‘rinda, AQSh esa 3,4 foiz bilan uchinchi o‘rinda turibdi, bu so‘nggi o‘n yillikdagi ko‘rsatkichlariga deyarli teng.

Buyuk Britaniya 2,3 foiz bilan ro‘yxatda to‘qqizinchi o‘rinni egalladi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi Buyuk Britaniya 2,5 foizga ko‘tarishga "to‘liq" sodiqligini va bir necha oy ichida bu maqsadga erishish yo‘lini belgilashini aytdi.

NATOning Yevropa va Kanadadagi a’zolari uchun o‘rtacha ko‘rsatkich 2,0 foiz baholanmoqda.

NATOning mudofaa investitsiyalari bo‘yicha sobiq yordamchi bosh kotibi Kamil Grand Bi-bi-si bilan suhbatda AQShning Yevropa davlatlaridan ko‘proq sarmoya kiritishni so‘rashi kutilmagan holat emasligini ta’kidladi.

"Yevropaliklar bir necha o‘n yillardan beri kam hissa qo‘shib kelayaptilar va endi buning oqibatlarini to‘layaptilar.

Bu AQShning asosli talabi – nega boy davlatlar ko‘proq sarmoya kiritishmayapti?"

"Yevropa armiyasi"ni tuzish mumkinmi?

Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer va Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy 2025 yil 16 yanvarida Kievdagi uchrashuvda

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer sulh kelishuvining bir qismi sifatida Ukrainaga xavfsizligini kafolatlashda yordamlashish uchun Britaniya qo‘shinlarini Ukraina zaminiga joylashtirishga tayyorligini aytdi

AQShning ehtimoliy yordamni to‘xtatishiga javoban Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy "Yevropa armiyasi"ni tuzishga chaqirdi.

"Ochig‘ini aytganda, endi Amerika xavfsizlik masalasida Yevropaga "yo‘q" deyishi mumkinligini istisno qila olmaymiz," dedi u 15 fevral kuni.

"Ko‘plab rahbarlar Yevropaning o‘z harbiy kuchlariga – Yevropa armiyasiga ehtiyoji borligi haqida gapirdi."

Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron uzoq vaqtdan beri AQShga qaramlikni kamaytirish uchun Yevropa Ittifoqining o‘z harbiy kuchlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlab keladi, ammo bu g‘oyani Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas darhol rad etdi.

Kent Universiteti siyosat va xalqaro munosabatlar professori Richard Uitman Bi-bi-siga aytishicha, NATO tarkibidagi Yevropa davlatlari Rossiyaga o‘xshash davlatlardan himoyalanish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lsa-da, ularning eng katta muammosi tashkiliy masalalar bo‘lishi mumkin.

"Ularning muammosi shundaki, bu tizimlarning barchasini o‘zaro bog‘lash va masofadan boshqarish hamda sun’iy yo‘ldosh tizimlari kabi yagona tizimga birlashtirish muammosi bor," deydi u.

Iqtibos

Surat manbasi, .

Sarrey Universiteti Britaniya va Yevropa markazi asoschisi, professor Ameliya Xedfildning fikricha, "Yevropa armiyasi"ning Rossiya kabi qudratli davlatdan o‘zini himoya qila olishi "mutlaqo mumkin emas".

"Aslida Yevropa, xususan NATO, juda yuqori darajadagi o‘zaro muvofiqlashuvga ega – bu juda yuqori malakali va ko‘p miqdordagi mashg‘ulotlar samarasi," deydi u turli harbiy kuchlarning birgalikda samarali ishlash qobiliyatiga ishora qilib.

"Siz ulardan uch yil chetda turgandan so‘ng, yonib turgan inqirozga birdan qo‘shilishlarini, tayyor turishlarini, texnik jihozlar, xodimlar hamda o‘zaro muvofiq ishlaydigan samarali xalqaro tinchlikparvar kuchga aylanishda hech qanday yetishmovchilik bo‘lmasligini talab qilyapsiz."

NATO tashkil topganidan beri uning harbiy operatsiyalariga Ittifoqchilarning Yevropa Oliy qo‘mondoni (SACEUR) rahbarlik qiladi va muvofiqlashtiradi. Bu lavozimni har doim AQSh ofitseri egallab kelgan, bu ularga urush davridagi operatsiyalarda katta tajriba bergan.

Professor Uitman ta’kidlashicha, Yevropadagi generallar bunday darajadagi tajribaga ega emas, bu esa "Yevropa armiyasi" imkoniyatlarida katta bo‘shliq qoldirishi mumkin.

Ukrainadagi yaqindagi mobilizatsiyadan keyin harbiy xizmatga chaqirilgan kishi piyoda qo‘shinlar safida o‘qotar quroldan otishni mashq qilmoqda.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Ukrainadagi yaqindagi mobilizatsiyadan keyin harbiy xizmatga chaqirilgan kishi piyoda qo‘shinlar safida o‘qotar quroldan otishni mashq qilmoqda.

AQSh qoldirgan siyosiy bo‘shliq masalasi ham mavjud.

"Qo‘shma Shtatlar faqat tayanch emas, balki kurashish uchun zarur barcha narsalarni ta’minlaydi. Bundan tashqari, u buni amalga oshirish uchun siyosiy vakolatga ham ega. Yevropada esa buni ochiqchasiga yoki jamoaviy tarzda amalga oshirish uchun taqqoslanadigan darajada siyosiy tuzilma yo‘q," deya qo‘shimcha qiladi u.

Bu hokimiyat uchun kurashga olib kelishi va Yevropaning mudofaa strategiyasini kim boshqarishi haqidagi savolni tug‘dirishi mumkin.

Professor Hedfildning fikricha, Frantsiya va Buyuk Britaniya Yevropaning eng yirik xavfsizlik va mudofaa hamkorlari sifatida bu imkoniyatdan foydalanib, yetakchilikni o‘z qo‘llariga olishi mumkin.

Biroq, ular mudofaa xarajatlarini mamlakatlar o‘rtasida qanday taqsimlash va eng katta yukni kim ko‘tarishi masalasini ham hal qilishlari kerak bo‘ladi.

Mutaxassislar ko‘targan yana bir masala – "vaqt".

Professor Uitmen shunday savol beradi: "Sun’iy yo‘ldoshlarni qanchalik tez yasab, uchira olasiz?"

"Bu kunlar, haftalar yoki oylar emas, biz yillar haqida gaplashishimiz kerak."

Bu esa "Yevropa armiyasi" Ukrainadagi inqiroz uchun qanchalik foydali bo‘lishi mumkinligi haqidagi savolni tug‘diradi.

"Men bu g‘oyaga ishonchim komil emas," deydi janob Grand Bi-bi-siga.

Uning aytishicha, Yevropaning eng katta muammolari uning "qo‘shin va uning jangovorligi" bo‘ladi. Bu nafaqat qo‘shinlar soni, balki ularning zudlik bilan jang qilishga qanchalik tayyorligi hamda havo-havo yonilg‘i quyish, dronlar va uzoq masofali raketalar kabi ilg‘or texnologiyalarni o‘z ichiga oladi.

Harvard Universitetining Belfer nomidagi fan va xalqaro aloqalar markazi maqolasida Grand va uning hamkasblari shunday yozadilar: "Transatlantik hamkorlikning ajralmas qismi sifatida kuchli Yevropa mudofaa qobiliyati bir kechada shakllanmaydi. Bu ko‘p yillik barqaror sa’y-harakatlar va majburiyatlarni talab etadi.

Yevropa erkinligi va dunyodagi mavqeini ta’minlash, global mavhumlik davrida Amerika yetakchiligini saqlab qolish uchun Yevropa ham, Amerika ham murakkab o‘zgarishlarni amalga oshirishi kerak."

Bu Yevropa kelajagi uchun nimani anglatadi?

Frantsiya Prezidenti Emmanuel Makron va Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen 2025 yil 17 fevral kuni Parijdagi Yelisey saroyida.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Parijda favqulodda sammit o‘tkazildi. Unda Ukraina va xavfsizlik strategiyasi muhokama qilindi

Yevropaning harbiy salohiyatidagi bo‘shliqlar sababli ko‘pchilik AQShning xavfsizlikni ta’minlashdan voz kechish tahdididan xavotirga tushmoqda.

"Yevropaliklarning Qo‘shma Shtatlarsiz harbiy jihatdan xavfsizligini tasavvur qilish qiyin," deydi professor Uitmen.

Janob Grandning ta’kidlashicha, Yevropa davlatlari barqaror, jamoaviy armiyaga erishish uchun o‘z xarajatlarini sezilarli darajada oshirishda davom etishlari kerak.

Ba’zilar esa Rossiya AQShning e’tiborini boshqa tomonga qaratish niyatini sinab ko‘rishidan jiddiy xavotirda.

Professor Hedfild shunday deydi: "Afsus bilan aytish kerakki, odamlar Ukraina parchalanib ketadi va biz uni qayta qurishimiz kerak bo‘ladi, degan fikrga o‘rganib qolishdi. Lekin ular Rossiyaning Shvetsiya, Polsha yoki hatto Buyuk Britaniyaga hujum qilishi mumkinligi haqida o‘ylashga o‘rganishmagan, bu esa butunlay boshqa darajadagi mojaro bo‘ladi."

AQShsiz NATO o‘zining qanday tashkilotligini tez aniqlashi kerak bo‘ladi.